La-Rosh-o-Muan qamali – 1202-1214-yillardagi Angliya va Fransiya oʻrtasidagi urush davrida, 1214-yil 19-iyun–2-iyulda roʻy bergan qamal. 1214-yilgi yurish paytida ingliz qroli Ioann Yersiz Puatega kelib u yerdan iyun oyida sharqdan Fransiyaga bostirib kirgan imperator Otton IV qoʻshinlari bilan bogʻlanish uchun shimolga yoʻl oldi. Shu yoʻnalishda u strategik muhim ahamiyatga ega boʻlgan L. qal’asini egallashni maqsad qiladi. Chunki qal’aga tayanib, fransuzlar ingliz armiyasining aloqalarini uzib, janubga chekinishining oldini olishlari mumkin edi. Qamal jarayonida 2-iyul kuni fransuz qoʻshini yetib kelgach, Ioann Yersizning ittifoqchisi boʻlgan Puate baronlari oʻz askarlari bilan fransuzlarga qarshi jang qilishni istamay, inglizlar qoʻshinini tark etadi. Qoʻshinning katta qismidan ajralgan ingliz qiroli qamalni toʻxtatib, Luaradan kechib, chekinishga majbur boʻladi.
La’nat (sharmandalik yoki masxara) ustuni – oʻrta asrlar Yevropasida tepa qismida jinoyatchining boshi va qoʻllari uchun tirqishlari boʻlgan odatda yogʻoch konstruktsiyaga ega ustun. Kichik jinoyatlar, shu jumladan hunarmandlarning sifatsiz mahsulot ishlab chiqarganligi, savdogarlarning qimmat narxlarda mahsulot sotishi kabilar uchun jismoniy va masxaralash jazosi boʻlib, mahalliy hokimiyat yoki shahar sudining hukmi bilan hukm qilinganlarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin edi. M: Angliyada biror joyda belgilangan narxdan ortiq sotsa shu jazoga tortilgan. L.U. bogʻlanish uchun xatto bir bora qimmatroq sotgani kifoya boʻlgan. Ayrim vaqtlarda qafaslar ham shu vazifani bajargan. M: Nonni belgilangan miqdordan kam vaznda pishirgan nonvoyni kun boʻyi qafasda London boʻylab aylantirib yurganligi ma’lum. 1832-yilda Fransiyada, 1837 yilda-Angliyada bekor qilingan.
Ledung (qad. norv.) – Skandinaviyada mudofaa va harbiy yurishlar uchun chaqiriladigan harbiy-dengiz lashkarlari. XII-XIII asrlarda bondlardan toʻplanadigan xalq lashkari oʻrnini risarlar qoʻshini egallay boshlasada, ammo ba’zan L. XIV asrda ham chaqirilib turilgan.
Legat (lot. legatus – elchi) – Rim papalarining belgilangan muddatga boshqa mamlakatlarga yuborgan elchilari yoki vakillari. L.lar rasman papalar tomonidan VI asrdan boshlab tayinlana boshlangan. Ular papa nunsiylaridan vazifalariga koʻra farq qilgan. Ular doimiy elchilar sifatida ma’lum bir vazifalarni papa nomidan va belgilangan ramkadan chiqmagan xolda amalga oshirgan.
Legistlar (lot. lex – qonun) – huquqshunoslar, qonunshunoslar boʻlib, asosan, qirollar huzurida unga maslahatchi yoki yordamchi vazifalarini bajargan. Ular dastlab Rim qonunlari an’analariga asoslanib, ularni qayta ishlab, qirollar uchun qonunlar tayyorlab berishgan. Asosan, Fransiyada qoʻllanilgan va XIII asrdan boshlab, shaharlardagi alohida ijtimoiy qatlam sifatida ham koʻrsatilib, ma’muriy boshqaruv, sud, davlat apparatida faoliyat olib borishgan. L.ning faoliyati Fransiyaning markazlashishida muhim oʻrin egallashgan.
Len – feod. Oʻrta asrlar Germaniyasida oliy hukmdor (syuzeren) tomonidan biror bir shasxga (vassalga) harbiy yoki ma’muriy majburiyatlarni bajarish sharti bilan berilgan yer-mulk (yoki daromadning boshqa manbasi). Dastlab L. ma’lum muddatga berilgan. XII asrdan u merosiylik xarakterini kasb etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |