Kompanonajlar (frans. – xalfa) – Fransiyadagi xalfalarning maxfiy ittifoqlari. XII-XIII asrlarda paydo boʻlgan, XIV-XVI asrlarda keng tarqalgan. Asosan ustalarga qarshi kurash olib borishgan.
Kompas (lot.compasso – oʻlchayman) – turgan joyni aniqlash uchun qoʻllaniladigan moslama. Gʻarbiy Yevropada XII asrgacha paydo boʻlgan. Probkaga biriktirilgan magnit strelka suvda erkin turuvchi idishga joylangan holatda boʻlgan. XIV asrda takomillashtirilgan magnit strelkani avval 16, keyin 32 boʻlmaga boʻlinuvchi qogʻozli doira ustiga joylashtirilgan. K.lar uzoq masofa-larga suzish imkoniyatini yanada oshirgan.
Kondotyer (ital.condotta – yollanma harbiy xizmat haqidagi shartnoma) – XIV-XVI asrlarda Italiyada shahar-kommunalari va hukmdorlar xizmatida boʻlgan asosan xorijliklardan tarkib topgan harbiy otryadlar (kompaniya) boshlig’i. Har bir otryad K. atrofida birlashgan, ular oʻz xohishiga koʻra otryadni yigʻib, tarqatib yuborgan, harbiy harakatlar uchun shartnomalar (kondotta) tuzgan, xizmati uchun pul olgan (italyancha soldo – toʻlov) va yollanma askarlarga (soldatlarga) pul toʻlagan. Shunday holatlar boʻlganki, ba’zan K. shaharlarda hokimiyatni qoʻlga kiritib Sinoriyaga asos solishgan.
Konfederatsiya (lot. ittifoq, birlashma) – oʻz mustaqilligini saqlab qolgan va ma’lum bir, asosan, tashqi siyosiy va harbiy maqsadlar yoʻlida birlashgan davlatlar ittifoqi. M: Shveytsariya ittifoqi (1291-1798).
Konkista (isp. bosib olmoq, egallamoq) – ispan va portugal konkistadorlari tomonidan Markaziy va Janubiy Amerikaning bosib olinishini anglatuvchi tushuncha. (XV asr oxiri XVI asrlar). Shundan “bosib olish” tushunchasini anglata boshlagan.
Konklav (lot.conclave – yopiq xona, qulflogʻliq) – Rim papasi oʻlimidan bir necha kun oʻtib yangi papani saylash uchun yigʻiladigan kardinallar kengashi (shuningdek bu kengash oʻtkaziladigan inshoot). Ushbu tartibni 1059-yilda Nikolay II oʻrnatgan boʻlib, unga koʻra papani 7 kardinal-yepiskoplardan iborat kollegiya saylagan (qolgan ruhoniylar tabaqalari va dunyoviy kishilar saylashdan mosuvo etilgan). Keyinroq saylovchi kollegiyalar kardinal–presviterlar va kardinal–dyakonlar hisobiga koʻpayib borgan. K.ni oʻtkazish tartibi boʻlsa 1274-yilda papa Grigoriy X tomonidan oʻrnatildi, unga koʻra kardinallar ustidan qulflangan xonada to yangi papani saylamaguncha saqlab turilgan. Bu bilan dunyoviy hukmdorlarning Rim papasi saylanishiining oldini olishga harakat qilishgan.
Konkordat (lot.yurakdan kelishuv) – biror-bir davlat hukumatining yoki boshligʻining ushbu davlatda katolik cherkovining huquqiy holati va uning Rim papasi bilan munosabatlari boʻyicha Rim papasi bilan kelishuvi yoki shartnomasi. Vorms (1122), Bolon (1516), Napoleon (1801) K. tarixda mashhur.
Konnetabl (lot.comes stabuli – otxona boshligʻi) – saroy xizmatchisi, franklar davlatida qirollik otxonasi boshligʻi. Kapetinglar davrida 5 ta oliy davlat lavozimidan biriga aylangan. Fransiyada XII asrdan qirolning harbiy maslahatchisiga va qirol ritsarlarining (qirol boʻlmagan vaqtida) boshligʻiga aylangan. XIV asr oxiriga kelganda yagona oliy bosh qoʻmondon va harbiylarni sud qiluvchi bosh tribunalga aylandi. 1627-yilda Rishelye tomonidan mazkur lavozim bekor qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |