Kommutatsiya (lot.commutatio – oʻzgarish, tanaffuz) – feodalga qaram dehqonlarning mahsulot va ishlab berish rentasining (majburiyat) pul rentasiga aylanishi. K. pul xoʻjaligi va shaharlarning rivojlanishi, tovar-pul munosabatlarining toʻgʻridan-toʻgʻri qishloqlarga kirib borishi natijasida paydo boʻldi. Oʻz yeridan katta foyda olishni istagan senor dehqonning shu vaqtgacha oʻtab kelgan majburiyatini pul tarzida amalga oshirishga oʻtkaza boshlagan, ilgari shaxsiy qaram dehqonlar tomonidan ishlanadigan domenlar ijaraga berilgan yoki kam yerli yo yersiz dehqonlar tomonidan ishlatilgan. K. jarayoni XII asr oxirida Angliyada boshlangan va XIII asr oxirida Gʻarbiy Yevropaning turli mamlakatlarida faol kechgan. Angliyada XIV-XV asrlarda K. toʻliq qaror topdi. Belgilanadigan pul toʻlovi senor (lord)ning oʻz xohishi bilan belgilangan. Uzoq vaqtlar davomida K. shartli xususiyatni namoyon etib kelgan, ya’ni lord dehqonlardan pul rentasidan tashqari barshina majburiyatini bajarishni ham talab qilib kelgan.
Komninlar – 1057-1185-(1059-1081-yillardagi tanaffuslar bilan birga) yillarda Vizantiyada hukmronlik qilgan sulola. Kichik Osiyodagi yirik yer egalariga mansub oiladan kelib chiqqan. K.ning asosiy tayanchini harbiy-feodal qatlamlar va gullab yashnayotgan provinsiya shaharlari tashkil etgan. K. davrida feodal jamiyatning asosiy institutlari shakllanishi yakunlangan. Mahalliy hunarmand va savdogarlarning manfaatlarini hisobga olmagan holda K. italyan savdogarlariga koʻplab imtiyozlarni taqdim etishgan. Vaqtlar oʻtishi bilan italyan savdogarlari nafaqat tashqi, balki ichki savdoda ham muhim nuqtalarni qoʻlga kiritishga erishdilar. Buning natijasida shaharlar inqirozi boshlangan. Dastlabki komnin sulolasi vakillari Aleksey I (1081-1118), Ioann II (1118-1143) va Manuil I (1143-1180) taniqli siyosat va davlat arboblari boʻlishgan. Ular, ayniqsa Aleksey I imperiyani chuqur inqirozdan olib chiqishga erishgan, isyonchi zodagonlarning chiqishlarini bostirgan. Vaqtinchalikka boʻlsada Kichik Osiyodagi sohilboʻyi hududlarini saljuqlardan tortib olishgan, 1 va 2-salib yurishlari ziddiyatlarini ustamonlik bilan qaytarishga muvaffaq boʻlgan. Bu paytga kelib Vizantiya yana xalqaro munosabatlar tizimida yetakchi rol oʻynovchi davlatga aylandi. XII asr oxirgi oʻn yilligida, Manuil I ning vorislari davrida tashqi vaziyat keskinlashib ketdi, mamlakat oʻz e’tiborini mudofaaga qaratishga majbur boʻldi. Uning ustiga davlatni ichki kurashlar qamrab oldi. Ana shunday vaziyatda 1183-yilda taxtga imperator Manuil I ning amaki ukasi Andronik I Komnin (1183-1185) keldi. Uning islohotlar yoʻli bilan mamlakatni inqirozdan chiqarish harakati muvaffaqiyat keltirmadi. 1185-yilda Andronik I gʻazablangan poytaxt aholisi tomonidan ushlab olindi va qiynoqqa solinib oʻldirildi. Taxtga Angellar keldi.