Karmeliylar – Falastindagi Karmel togʻidagi rohiblik jamoasida 1155-yilda kalabriyalik Bertold tomonidan asos solingan rohiblik ordeni. Yaqin Sharqda salib yurishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, taxminan 1240-yillarda Yevropaga koʻchib oʻtadi. 1247-yilda K. ordeni nizomi rasmiy ravishda papa Innokentiy IV tomonidan tasdiqlangan va ular qashshoqlik ordeni maqomini olgan. 1452-yildan orden tarkibida alohida ayollar ordeni tashkil etiladi. Oʻsha paytda papa Nikolay V ning qaroriga asosan oʻz nizomiga ega boʻlmagan va tarqoq holda boʻlgan qator ayollar rohiblik jamoalari K. ayollar ordeniga birlashtirildi. K. mutlaqo qashshoqlikda yashashga qasam ichishgan, lekin ular orasida (boshqa qashshoqlik ordenlarida boʻlgani singari) shu qasamga sodiq boʻlganlar va uni yengillashtirish tarafdorlari oʻrtasida kurash borgan.
Karolinglar – franklar davlatidagi qirollik (751-yildan) va imperatorlik (800-yildan) sulolasi. Merovinglar oʻrniga kelgan. X asrga kelganda hukmronlik qilgan. Bu nom sulolaning yirik vakili boʻlgan Buyuk Karl nomidan olingan. K. avval pipinlar nomi bilan atalgan va ushbu urugʻ ripuar (sharqiy) franklarda VI asr oxiri – VII asr boshlarida ta’siri kuchaygan xonadonlardan biri edi. Urugʻning vakili boʻlgan Pipin Landenskiy (Qari) Avstraziyaning qudratli mayordomi darajasigacha erishgan. Uning nevarasi Pipin Geristalskiy 687-yilda barcha raqiblarini magʻlub etib, butun franklar davlatining mayordomiga aylandi. Uning evarasi Karl Martel boʻlsa oʻzining qudrati evaziga sulolaning mavqeyini yanada mustahkamladi. Uning oʻgʻli Pipin Pakana 751-yilda sulolaviy toʻntarish qilib, pipinlarni hukmron sulola deb e’lon qildi va oʻzi ushbu sulolaning birinchi qiroliga aylandi. Sulola Karl Buyuk zamonida oʻz choʻqqisiga erishdi. 800-yilda davlat imperiya, oʻzi boʻlsa imperatorga aylandi. Uning oʻgʻli va vorisi Lyudovik Xudojoʻy 817-yilda oʻzida oliy hokimiyatni saqlagan holda imperiyani oʻgʻillariga taqsimlab berdi. Qator yangi taqsimlanish, oʻzaro urushlardan keyin imperiya 843-yilda Verden shartnomasi asosida rasmiy ravishda Lyudovik Xudojoʻy oʻgʻillari oʻrtasida uchga boʻlib yuborildi. Uning kichik oʻgʻli Karl Yaltiroqbosh Sheld, Maas, Rona daryolari gʻarbidagi yerlarni oldi, bu Gʻarbiy-Franklar davlati boʻlgʻusi Fransiya hududining katta qismini oʻzida birlashtirgan edi. Oʻrtancha oʻgʻil Lyudovik Nemis boʻlsa Reyndan sharqda va Alpdan shimoldagi yerlarda hukmronlik qiladigan boʻldi, bu yerda asosan german lahjalarida soʻzlashuvchi aholi istiqomat qilar edi. Bu qirollik Sharqiy-Franklar qirolligi, keyinroq Germaniya deb atala boshlandi. Imperatorlik tituli katta oʻgʻil Lotarda qoldirildi (keyinchalik imperatorlik tituli K.ning goh fransuz, goh german shahobchalariga oʻtib turgan).