Kanonizatsiya – katolik cherkovida (pravoslavda boʻlgani singari) muqaddaslar (avliyo) qatoriga kiritish. Ilk oʻrta asrlarda K.ning aniq tartibi boʻlmagan. Buyuk Karl kapitulyariylaridan birida (806) yepiskoplar ruxsat bermasdan turib yangi avliyolarga sigʻinish taqiqlangan. X-XI asrlarda K. jarayonida asosiy rolni yepiskoplar oʻynab kelgan. Dastlabki papalar K.si X asr oxirida papa Ioann XV tomonidan amalga oshirilib, avliyolar qatoriga yepiskop Ulrix Augsburgskiy kiritilgan edi. Keyinroq Rim papalari K. masalasida monopol huquqqa ega boʻlib olishdi. 1198-1268-yillarda papalar tomonidan 28, 1268-1431-yillar davomida 11 nafar shaxslar avliyolar safiga kiritilgan. Avliyolar darajasiga koʻtarilganning aksariyati cherkov iyerarxiyasida yuqori mansabda oʻtirgan kishilar (Kenterberi arxiyepiskopi Tomas Beket, yepiskop Tomas Kantelupskiy va boshqalar), rohiblik ordenlari asoschilari va abbatlar (Fransisk Assizskiy, Domi-nik Gusman, Bernar Klervoskiy, Kla-ra Assizskaya kabilar), monarxlar (Lyudovik IX, Eduard Xudojoʻy) boʻlgan.
Kanossa – Shimoliy Italiyada Parma yaqinidagi qal’a. Bu yerda 1077-yilda Rim papasi Grigoriy VII bilan german qiroli Genrix IVning uchrashuvi boʻlgan. Uch qator devor bilan mustahkamlangan qal’a oʻsha paytda papaning tarafdori boʻlgan Toskana markgrafinasi Matildaga tegishli boʻlgan. Shuning uchun papa Grigoriy VIIga ishonchli himoya boʻlib xizmat qilgan. Investitura kurashi davrida papa tomonidan cherkovdan chetlatilgan Genrix IV ushbu interdiktni bekor qildirishni soʻrab K.da boʻlib turgan Grigoriy VII qoshiga keladi. Qator yilnomachilar va Grigoriy VIIning ma’lumoticha, qirol qal’aning ichki devorlari oldida uch kun davomida yalang oyoq va yupun kiyimda (boshqa manbalarda issiq kiyingan va oyogʻida etigi bilan deb keltiriladi) turgan. Shundan soʻng papa qirolni oʻz huzuriga kirishiga ruxsat beradi. Papaning qoshida tiz choʻkkandan keyin uning cherkovdan chetlatilganligi bekor qilinadi. Tarixda bu “K.da tiz choʻkish” nomi bilan mashhur boʻldi. Ushbu qal’a Genrix IV bilan ziddiyatda yana bir marta foydalanildi. Markgrafina Matilda Genrix IVning gʻazabiga uchrab Veronada qamoqqa tashlangan rafiqasi Yevpraksiyaga (Kiyev knyazi Vsevolod Yaroslavichning qizi) ushbu qal’ada boshpana berdi. Papa Urban II Yevpraksiyaning koʻrsatmalaridan Genrix IVni axloqsizlikda ayblashda foydalandi.
Kansler (nem.) – oʻrta asrlar Gʻarbiy Yevropaning bir qator mamlakatlarida feodal davlat boshliqlarining saroylarida odatda kotiblik vazifasini bajaruvchi mansabdor shaxslar. U davlat farmonlarini (aktlarini) tahrir va e’lon qilish, ularga muhr qoʻyish va davlat arxivida saqlashga mas’ul boʻlgan. Odatda bu mansabga diniy shaxslar olingan, chunki davlat hujjatlari lotin tilida yozilgan. Keyinroq K. unvoni ayrim vazirlik mansablari yoki alohida oliy fuqarolik mansabdorlari tomonidan oʻzlashtirib olingan.
Kantakuzinlar – XI-XII asrlarda maydonga kelgan taniqli Vizantiya urugʻlaridan (xonadon) biri. Ular komninlar sulolasi tomonidan faol qoʻllab-quvvatlangan. XIV asrga kelganda katta ta’sirga ega boʻldi. Ular Frakiya va Peloponesda katta mulk sohiblari boʻlgan.