~ K ~
Kabalyeros (suvoriy, ritsar) – rekonkistaning ilk bosqichlarida otliq askarlar, ular oʻz oti va quroli bilan safarbarlikka otlangan. Oʻrta davoryanlar tabaqasini tashkil etgan. Ispaniyada ritsarlarni anglatuvchi atama. Keyinchalik idalgo bilan bir xil ma’noni kasb etgan.
Kaboshchilar – Fransiyada Yuz yillik urush davrida aqliy zaif boʻlgan Karl VI davrida avj olib ketgan armanyaklar va burgundlar todasi oʻrtasida urush paytida, 1413-yilda Parijda koʻtarilgan qoʻzgʻalon qatnashchilari. 1413-yilda Parij universiteti va General shtatlar deputatlari islohot oʻtkazishni talab qiluvchi noroziliklaridan keyin 27-aprelda boshlandi. Qoʻzgʻalonchilar shahar ratushasidagi aslahaxonani egallab oldi, qirol saroyini qamal qildi. Qirollik amaldorlarini hibsga olishni, oʻzaro urushlarni toʻxtatishni, soliqlarni kamaytirishni talab qildi. Shahardagi qushxona (qassoblik sexlari) boshliqlari qoʻzgʻalonga rahbarlik qilgan. Ulardan armanyaklarga qarshi kurashda foydalanish uchun burgund gersogi Ioann Qoʻrqmas maxfiy ravishda yollagan edi. Qoʻzgʻalonchilarning asosiy kuchini qassoblar, teri oshlovchilar va moʻynadoʻzlar tashkil qilgan. Ular oʻzlarini yetakchisi boʻlgan qassob Kabosh (Kaboche – kalla) nomi bilan atadi. Uning haqiqiy ismi Simon Lekutelye boʻlgan. K. davlat apparatining yaxshilanishiga, ularning qoʻliga shahar boshqaruvini va Parijning harbiy mudofaasini berishga erishdi. K. qoʻzgʻalonidan badavlat kishilar foydalanib qoldi, ular K. ordonansini qabul qildirishga erishdi. Unda moliyaviy va sud sohalaridagi islohotlar nazarda tutilgan edi, ammo bu islohotlar qashshoq aholi qatlami manfaatiga xizmat qilmas edi. Tez orada qoʻzgʻalonning yanada kengayishidan qoʻrqqan davlatmand kishilar qoʻzgʻalonchilardan yuz oʻgirdi. 1413-yil 6-sentabrda qoʻzgʻalon bostirildi va K. ordonansi bekor qilindi.
Kafedra (lot.yunon. oʻrindiq, taxt) – 1) Xristianlik ibodatxonalarida yepiskopga moʻljallangan faxriy oʻrindiq. Yepiskop hokimiyati ramzini anglatgan. Rus tilida “K.” soʻzidan yeparxiya markaziy sobori – “kafedral” kelib chiqqan. Yevropa tillarida K. soʻzidan “sobor” soʻzi kelib chiqqan (ingl. – cathedral, nem. – kathedrale, isp. – catedral kabi). Rimdagi kursining lotincha atalishi boʻlgan “cathedra” nomidan kelib chiqqan. Bu kursi qadimgi yunonlardagi suyanchiqli klismos kursilariga oʻxshash boʻlib, avval ayollar uchun moʻljallangan. Keyinroq erkaklar, shu jumladan maktab oʻqituvchilari foydalanishgan; 2) Cherkovlar, sinagogalar kabi ibodatxonalarda ruhoniy va’z oʻqiydigan baland joy – tribuna; 3) Oliy ta’lim muassasalarida fakultetning ma’lum bir yoki bir-biriga yaqin bir qancha fanlardan ta’lim berishga ixtisoslashgan asosiy boʻlimi; 4) Maʼruzachi, notiq uchun moʻljallangan joy – minbar.
Kalam (lot.calamus – trubka, naycha) – ilk oʻrta asrlarda yozish uchun asbob: qamish poyasidan qiya, uchi oʻtkir tarzda kesish orqali tayyorlangan (eng yaxshi qamish Nil deltasi botqoqzorlarida oʻsgan). Uchi yaxshilab oʻtkirlangan K.lar (keyinchalik ular daraxt navdalaridan tayyorlana boshladi) pergament yoki papirus ustida bir xil qalinlikdagi chiziq qoldirgan. Antik davrlardagi xattotlar uchi turli qalinlikda tarashlangan K.lardan foydalangan, ular orqali turli shriftlarni yozishda foydalangan. Qiya yozuvlar uchun uchi oʻtkir K. ishlatilgan boʻlsa, yunon va lotin harflari uchun uchi qalinroq K.lar ishlatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |