Mart dalalari (lot. Campus Martius) – franklar davlatida V asr oxirlaridan VII asr oʻrtalariga qadar barcha erkin franklarning mart oyida boʻlib oʻtadigan yigʻini. Unda davlatning harbiy qudrati, qirol boshqaruvi va boshqa masalalarni koʻrib chiqilgan. Uning asosiy koʻrinishi qadimgi germanlarning xalq yigʻinlaridagi tartiblarini saqlab qolgan. 755-yilda Pipin ushbu yigʻinni may oyiga koʻchiradi va shundan boshlab may dalalari (Campus Majus) nomini oldi. Buyuk Karl davriga kelganda yurishga toʻplanish va koʻrik uchun chaqirilgan, ba’zida qirol farmonlarini tastiqlash uchun chaqirilgan.
Masonlik (frans. “ozod gʻisht teruvchilar (kamenshik)”) – franko-masonlik – XVI asrda Angliyada paydo boʻlgan umumyevropa diniy-etik harakati. Ildizlari oʻrta asrlar davridagi gʻisht teruvchilarning maxfiy ittifoqlariga borib taqaladi va ulardan ma’noli marosimlarni va maxfiylikni meros olganlar. M. tashkiloti murakkab iyerarxik tuzilmaga ega boʻlgan.
Master (usta) (lot. magister – boshliq) – toʻliq huquqlarga ega, iqtisodiy jihatdan alohida boʻlgan hunarmand, sex a’zosi va shu bilan birga ustaxona egasi. Shogirdlar va halfalarga ega boʻlgan.
“Matematiklar Xuntasi” – oʻziga xos boʻlgan kichik Lissabon akademiyasi. Bu jamiyatda asosan matematiklar jamlanishgan boʻlib, ular Xristofor Kolumbning Hindistonga sayohat loyihasini rad etishgan.
Matrikula (lot. matricula – oshkora roʻyxat) – katolik cherkovida ibodatga keluvchilarning roʻyxati va ayrim vaqtlarda aholining roʻyxati sifatida ham tushunilgan.
Mavritan usuli – mavritan san’at uslubi. Shimoliy Afrika va Pireney yarim orolining janubiy qismida me’morchilik va badiiy san’at asarlaridagi uslub. XI-XV asrlarda gullab yashnagan. Unda vestgotlar, berberlar va Arab xalifaligi tarkibidagi boshqa xalqlarning badiiy an’analari birlashib ketgan.
Mavrlar– Shimoliy Afrikadagi berberlar. Antik davrda ularni mavrlar deb atashgan. Oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropaliklar tomonidan Pireney yarim orolidagi musulmonlarning (arablar bilan Shimoliy Afrikadan kelgan edilar) va Shimoliy Afrikaning gʻarbiy qismidagi arab va berberlarning atalishi.
Mayer – oʻrta asrlarda Germaniyada yirik diniy yoki dunyoviy yer egalari xizmatidagi mulozim, uning koʻchmas mulklarini boshqarishga mas’ul boʻlgan. M.lar bu yerlarda ijarachi-dehqonlarni ishlatgan. Keyinroq M. “ijarachi”, soʻnggi oʻrta asrlarda “arendator” yoki “mustaqil fermer” mazmuniga oʻzgargan.