Monaxlik, rohiblik (yunon. monos – yolgʻiz) – aslida diniy hayotning bir koʻrinishi. Unga koʻra jamiyatdan uzilish, dinga berilish va uzlatga chekinishni anglatgan. Monaxlar uchta – donishmandlik, qashshoqlik va itoatkorlik an’anaviy qoidalariga amal qilishgan. Monaxlar alohida tashkil qilingan monastirlarda yashaganlar. M. xristian dinida antik davrdayoq Rim imperiyasining sharqiy provinsiyalarida – Misr, Suriya, Falastinda vujudga kelgan. Dastlab monaxlar darveshlik sifatida vujudga kelgan boʻlib, ular orasida Pavel Fiveyskiy va Antoniy (III asr) lar mashhur boʻlgan. Monax darveshlarning jamoalari bir joyda umumiy yashash joylarida yashaganlar va ularning birinchi umumiy yashash joyi – Muqaddas Paxomiy 323-yil Misrda paydo boʻlgan. Shu bilan birga birinchi monaxlar nizomi ham Misrda tuzilgan. Monaxlar dindorlar orasidan yetishib chiqqan va ular Iso paygʻambarning gʻoyalarini davom ettirishni maqsad qilishgan. Koʻplab tadqiqotchilarning fikricha, monaxlar cherkov va imperator hokimiyati oʻrtasidagi ziddiyat sababli vujudga kelgan. Birinchi monaxlar ma’lumotsiz boʻlib, asosan dehqonlar boʻlgan. Oʻzlarinig noodatiy yashash tarzlari sababli monaxlar xalq orasida mashhur boʻlib ketishgan. Monaxlarning xalq orasida ta’siri ortib borishi ularni ruhoniylar bilan raqobatga borishiga sabab boʻlgan. Yepiskoplar bir necha asr davomida monaxlarni oʻz nazoratlariga olish uchun harakat qilganlar. M. gʻoyasining haqiqiy targʻibotchisi Vasiliy Kesarskiy (IV asr) boʻlib, u monaxlar turmush tarzi tartiblarini ishlab chiqqan. Vasiliy Kesarskiy hayotlik davridayoq u ishlab chiqqan tartiblar amal qiladigan dastlabki monastirlar tashkil qilina boshlagan. Shu yerlarni shifoxona va gʻaribxonaga aylantirib, bolalar va qariyalarni ovqatlantirgan. Koʻplab monastirlar davlat va badavlat kishilardan hadyalar olish hisobiga oʻz yer maydonlariga ega boʻlishgan. Dehqonlar oʻz yerlarini katta yer egalari hisobiga oʻtib ketishlarini oldini olish uchun monastirlar hisobiga yerini topshirib, shu yerda mehnat qila boshlagan. Monaxlar qoidasiga koʻra ular oʻz mehnatlari hisobiga kun kechirishgan. Shu tariqa koʻplab monastirlar katta yerlarga egalik qilishgan. Gʻarbiy Yevropada sharqqa nisbatan monastirlar koʻproq boʻlgan. Monaxlar oʻrta asr Yevropa jamiyatidaga ta’siri kuchli qatlamga aylanishgan. Monastirlar esa fan va madaniyat oʻchogʻi hisoblangan. Monaxlar orasidan oʻrta asrlar davrining mashhur olimlari yetishib chiq-qan. Monaxlar qoʻlida katta siyosiy kuch jamlanib, ular inkvizitsiyani boshqarishgan va salib yurishlarini tashkil qilishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |