Obodritlar (bidrichlar, abodritlar) – polab slavyanlariga mansub boʻlgan oʻrta asr slavyan qabilalalari ittifoqi. VII-XII asrlarda O. rereglar qabilasi boshchiligida oʻziga xos konfederatsiyani namoyon etgan. Buyuk Karl davrida O. franklar tomonida lyutichlar va sakslarga qarshi yurishlarda ishtirok etgan.
Obrok – feodal yer rentasi shakllaridan biri. O. ikki xil boʻlgan. 1) Naturalli yoki mahsulotli, ya’ni bunda O. feodalga dehqon xoʻjaligida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (shu jumladan uy hunarmandchiligi mahsulotlari) bilan toʻlangan; 2) Pulli O. (chinsh).
Odal – Shvetsiya va Daniyada patriarxal oilaning yer mulki. Norvegiyada merosiy oilaviy yer.
Oksford proviziyalari – 1258-yil iyunda Oksfordda "quturgan" parlament deb ataluvchi parlament tomonidan qabul qilingan talabnoma. U 29 banddan iborat boʻlgan. Unda qirol va uning amaldorlari tomonidan markazda va chekka hududlarda yoʻl qoʻyilgan tartibsizlik va hokimiyatni su’istemol qilish hollari sanab koʻrsatildi, sohada islohotlar oʻtkazish qat’iy talab qilindi. Undan tashqari: qirollik yashaydigan qasrlarini qoʻriqlash Angliya qirolligi hududida tugʻilgan ishonchli fuqarolarga topshirilishi kerak; dengiz qirgʻoqlaridagi qirollikka tegishli qasrlar ham “koʻpgina xavflarning mavjudligini” hisobga olgan holda, asl kelib chiqishi ingliz boʻlgan qirolning ishonchli fuqarolari tomonidan qoʻriqlanishi lozim; baronlar kengashi roziligisiz hech kimga Angliya qirolligi hududidagi dengiz qirgʻoqlari va unga qoʻshni boʻlgan orollarda qasrlarni harbiy jihatdan mustahkamlashga ruxsat berilmasin, “aks holda bundan koʻp xavf tugʻilishi mumkin”; qirol oʻz homiyligida boʻlgan vafot etgan vassallarning qizlarini, “ingliz qirolligidan boʻlmagan kishiga erga bermasin” kabi talablar mavjud. Bu moddalarning (bandlarning) koʻpchiligi qirol oʻz qasrini yashash uchun berib qoʻygan va oʻz vassallarining boy merosxoʻr qizlariga uylantirib qoʻygan chet ellik avantyuristlarga qarshi qaratilgan edi. Qirolga topshirilgan arznoma qarab chiqilgach, baronlardan iborat 24 lar kengashi toʻliq tashkil etildi va u tezda islohotlarni oʻtkazishga kirishdi. Yangi siyosiy dastur ishlab chiqildi. Bu dasturning asosiy xususiyatlari: qirol huzurida "oʻn beshlar kengashi" deb atalgan doimiy kengash tuziladi va u qirolga "qirol va qirollikka tegishli barcha masalalar boʻyicha" toʻgʻri maslahatlar berib turadi va nimani tuzatish kerak deb hisoblasa, oʻsha narsani tuzatadi, boshqa lavozimdagilar ushbu kengash nazorati ostida boʻladi; 4 yilda bir marotaba, ma’lum muddatda davlatning umumiy holatini aniqlash uchun parlament chaqirilib turiladi. Parlament qirolning maxsus buyrugʻi bilan favqulodda holatlarda ham chaqirilishi mumkin. Parlament 27 a’zodan iborat boʻlib, Asosan, "15 kengashi" va yana 12 ta saylangan baronlardan iborat boʻladi va ular "umumiy ishni mamlakatning barcha jamoasi nomidan hal qiladilar". "15 kengashi" a’zolari va parlament majlisiga qatnashish kerak boʻlgan 12 kishidan iborat saylab qoʻyiluvchi baronlar oʻsha zahotiyoq 24 lar kengashi tomonidan saylanadi. Bu kengashga qirol nomidan cherkovda ham islohot oʻtkazish vazifasi yuklanadi. Bundan tashqari, har bir graflikda toʻrt ritsardan iborat maxsus guruh tashkil etildi. Uning vazifasi mahalliy ma’muriyat xodimlarining sheriflar, beyliflar va boshqa amaldorlarning kishilarga nisbatan nohaqliklari toʻgʻrisida arz-dodlarini qabul qilish va amaldorlarga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻab sayyor sud’yalarga oshirish edi; shu davrgacha butunlay chet elliklar qoʻlida boʻlib kelgan qirolning qasrlari kelib chiqishi asli ingliz boʻlganlar qoʻliga oʻtishi kerak edi. Ular esa, oʻz navbatida sadoqat bilan xizmat qilishga, bu qasrni faqatgina, qirol va uning merosxoʻrlariga qirollik kengashi buyrugʻiga koʻra topshirishga qasamyod qilishlari kerak edi, Yuqori darajadagi amaldorlar sherif va xazinada ishlaydigan amaldorlarning hokimiyati (vazifalari) qat’iy belgilab qoʻyiladi va qirollik kengashiga boʻysundiriladi. Ular tomonidan ta’magirlik qilishga mutlaqo chek qoʻyiladi; xazina palatasidagi yuqori lavozimli shaxslar obroʻli boʻlishi kerak va davlat daromadlari boshqalarning emas, faqat oʻshalarning qoʻliga kelib tushishi kerak.