Mistotlar – Vizantiyada “Dehqonchilik qonuni” ga koʻra qishloq xoʻjalik ishchilari (asosan choʻponlar).
Mita – Amerika hindularning ishlab berish majburiyatlaridan biri. U ispanlar tomonidan joriy etilgan.
Mitra (yunon. mitra – boshga taqiladigan bogʻich) – katolikda oliy ruhoniylarining boshga kiyib yuradigan tillarang bosh kiyimi. Tantanali marosimlarda kiyilgan.
Mitropolit – pravoslav cherkovida patriarxdan keyin turuvchi diniy lavozim. Odatda biror bir davlatning bosh ruhoniysi hisoblangan.
Modiy – franklar davlatida 51,1 litrga teng boʻlgan suyuqlik ulchov birligi.
Mojnovladalar (polyak. qudratli) – oʻrta asrlarda Polshada katta ta’sirga ega boʻlgan yirik yer egalari qatlami. XII asrlarda shakllangan.
Mokosh – qadimda sharqiy slavyan qabilalarida yagona ayol xudo boʻlib, to xristianlik dini qabul qilingunga qadar yogʻingarchilik, suv va hosildorlik ilohasi sifatida qaralgan. Yigirish va toʻquvchilik, taqdir va hunarmandchilik, onalar va turmushga chiqmagan qizlar homiysi boʻlgan.
Monarx (yunon. monos – yakka va archos – hukmdor) – yakka boshqaruvga asoslangan davlat boshligʻi. Imperator, qirol, podsho, shoh va shu kabilar M. hisoblangan. M. hokimiyati nasldan naslga oʻtgan.
Monarxiya – yagona hukmdor tomonidan boshqariladigan davlat. Oʻrta asrlarda M.ning ilk feodal M., toifaviy M. va mutlaq M. kabi koʻrinishlari mavjud boʻlgan.
Monarxomax (yunon.) – monarxlar bilan kurashuvchilar demakdir.
Monastir (yunon.tanho) – rohiblar jamoasi uchun maxsus manzilgohlar. (batafsil monaxlikka qaralsin)
Monaxlik (rohiblik) ordenlari – Rim papasining roziligi va tan olishi bilan, alohida nizomiga ega boʻlgan katolik ruhoniylarining birlashmasi. Birinchi M.O. benediktchilar ordeni edi. Ordenning nizomi Benedikt Nursiyskiy tomonidan tuzilganligi uchun shunday atalgan. Benediktchilar ordeni boshqa ordenlarga nisbatan ilk oʻrta asrlarda kengroq yoyilgan. X-XI asrlarda Klyuniychilik harakati benediktchilarning islohotchilik oqimi sifatida shakllangan. XII asr 1-yarmi va XIII asrda bir qancha ordenlar tashkil topgan boʻlsada, ammo salib yurishlari davrida boshqa dindagilarga qarshi kurashish uchun ommaviy ravishda diniy-ritsarlik ordenlari tashkil etilgan. Tampliyerlar, ioanitlar, tevton ular orasida eng yiriklari edi. Shuningdek, rekonkista harakati davrida Pireney yarim orolida ham bir nechta diniy-ritsarlik ordenlari tashkil topgan. XIII asrda qashshoqlik ordenlari sifatida fransiskanlar va dominikanlar ordenlari tashkil topgan. Dominikanlar ordeni inkvizitsiya bilan shugʻullanishgan. Diniy-ritsarlik ordenlari erkaklar a’zoligiga asoslangan boʻlsada, ammo bir nechta ayollar ordenlari, jumladan briggit ayollari, klariss ayollari, dominikan ayollari va boshqa ordenlarni koʻrsatish mumkin. XIII asr boshlarida ordenlarning soni keskin ortib ketgan. 1215-yildagi Toʻrtinchi Lateran soborida amalda yangi ordenlar tashkil qilish taqiqlab qoʻyilgan. Keyinchalik yangi ordenlar tashkil qilish faqat Rim papalarining ruxsati bilan amalga oshirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |