Leksikologiya. Tilshunoslikning so‘z va uning ma’nolarini o‘rganadigan bo‘limi leksikologiya deyiladi. Leksikologiya yunoncha lexikos – so‘z va logos – ta’limot so‘zlaridan olingan bo‘lib, so‘z haqidagi ta’limot demakdir. Bu termin tilshunoslik doirasida juda keng qo‘llaniluvchi terminlardan biri hisoblanadi.
Leksikologiya mavzusini o‘tishda maktab darsligida dastlab keltirilgan quyidagi ma’lumotga duch kelamiz.
Komiljon: - Bilasizlarmi, o‘zbek tili dunyidagi eng boy va go‘zal tillardan biridir. Tilimizdagi so‘zlar miqdori, ta’sirchanligi, ifodaviyligiga ko‘ra hayotimizda alohida o‘rin tutadi.
Donoxon: - Bu so‘zlar bizning xazinamiz, katta boyligimizdir. Kelinglar, “Tilimizning tillo sandig‘i” degan mavzuda suhbatlashaylik. Boshladik bo‘lmasa!
Mavzu boshlanishida bolalar tilida keltirilgan bu ma’lumotlar o‘quvchilarning diqqatini bir joyga jamlashga va mavzu haqida umumuy ma’lumot berishga juda katta yordam beradi. Bu metoddan foydalanish orqali o‘quvchilarning so‘z boyligi qay darajada ekanligi ham sinovdan o‘tkaziladi. Bunda o‘quvchilar o‘zlarining yodida bo‘lgan so‘zlarni aytishlari va bu so‘zlarning qanday tushunchani ifodalashi haqidagi fikrlarini o‘rtaga tashlaydilar.
Darslikda keltirilgan 253-mashqqa diqqatimizni qaratamiz. Bu mashq ham 5- sinf o‘quvchilarining yosh salohiyatiga mos ravishda tanlangan bo‘lib, mashq quyidagi shartlardan iborat.
253-mashq. Qavs ichidagi so‘zlardan mosini tanlab, maqollarni to‘g‘irlab yozing. O‘zbek tilining so‘z boyligi bo‘icha suhbatlashing.
1. (Qo‘li, mushti, bilagi) zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r – mingni. 2. Ilm – (miya, bosh, aql) chirog‘i. 3. Uchishga qanot kerak, o‘qishga (sabot, toqat, qanoat). 4. (Chiroy, go‘zallik, husn) – ilm-u ma’rifatda.
Ushbu mashq orqali o‘quvchilarning hozirjavobligi va so‘zlarni to‘g‘ri tanlay olish qoblyati ham sinovdan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, o‘quvchilar mashqni bajarish jarayonida xalq og‘zaki ijodi na’munalari bo‘lgan maqollarning hayotimizdagi, ma’naviyatimizdagi ahamiyati borasida ham bir qadar tushunchalarga ega bo‘ladilar. Mazkur mashqni bajarish jarayonida o‘quvchilarning ushbu maqollar haqida o‘zlarining mustaqil fikrlarini bildirishlari ham so‘raladi, bu esa ularning o‘z fikrini erkin ifoda eta olish hamda ularning og‘zaki nutqi rivojlanishiga ham yordam beradi. Shu o‘rinda o‘qituvchi o‘quvchilarning fikrlarini umumlashtirgan holda so‘zning qudrati haqida qo‘shimcha ma’lumot keltirib o‘tsa, yanada yaxshi bo‘ladi.
Har qanday darsning asosiy maqsadi o‘quvchilar diqqatini bir joyga jamlash va o‘tiladigan yangi mavzuning ahamiyatini tushuntirishdan iborat. Zamon shiddat bilan rivojlanayotgan globallashuv davrida yosh avlodga zamon talablariga to‘la javob beradigan usullardan foydalangan holda dars o‘tish talab etilmoqda. Shuning uchun ham ona tilidan dars jarayonini tashkil qilishda zamonaviy interfaol usullardan foydalangan holda mashg‘ulotlar olib borish o‘quvchilar tomonidan yangi mavzularni o‘zlashtirishlarida yaxshi samara beradi. Bunday darslarni tashkil qilishda o‘quvchilarning yoshi, qobiliyati va imkoniytlarini hisobga olgan holda to‘g‘ri usullarni tanlay olish, albatta, o‘qituvchining mahoratiga ham bog‘liq.
5-sinf ona tili darsligi leksikologiya bo‘limida so‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari mavzusi berilgan, unda so‘zlar shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra quyidagi turlarga ajratilgan: sinonim, omonim, antonim va paronim. Bu tilshunoslik terminlari boshqa tillardan olingan. Biz, dastlab, bu tilshunoslik terminlarining kelib chiqish manbalarini tilshunoslik terminlari lug‘atidan ko‘rib, tahlil qilamiz va undan keyin esa darslikdagi mazkur mavzuga doir mashq va topshiriqlarning qay darajada o‘quvchilarning mavzuni tushunishlarida yordam berishiga e’tibor qaratamiz.
Darsning boshlanishidayoq bu terminlarinig tilshunoslik sohasida juda keng qo‘llanilishi yuzasidan o‘quvchilarga ma’lum tushuncha berib o‘tilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Darslikning leksikologiya bo‘limi bo`yicha belgilangan mavzular asosida darsni tashkil qilishda bugungi kun talabiga to‘la javob beradigan, zamonaviy metodlardan unumli foydalanish yaxshi samara beradi. Misol uchun, “So‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari” mavzusi asosida darsni tashkil qilishda quyidagicha usullardan foydalanilsa, darsning samardorligi yanada oshadi, o‘quvchilarning diqqati bir joyga jamlanishiga erishiladi:
Mavzu: So‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari.
Dars boshida o‘quvchilarga so‘zlarning shakl ma’no munasabatiga turlari sanab o‘tiladi va ulaning bajargan vazifalari haqida ma’lumot beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |