Asab tizimining gigiyenasi - Zamonaviy o’qitish jarayoni, o’quvchiga axborot berishning yangi shakl va usullarini qo’llamoqda, ya’ni bilim berishning samaradorligini oshirishiga qaratilgan texnika vositalari va yangi innovatsion texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Natijada o’quvchining darsdagi faoliyatini bir muncha faollashtirishga erishildi.
- Shuni ta’kidlash kerakki, hozirgi zamon sharoitida maktab o’quvchisiga maqbul o’quv yuklamasini belgilash muhim dolzarb vazifa hisoblanib, birinchidan, o’quv rejasida belgilangan bilimlarni o’quvchi tomonidan to’licha o’zlashtirishni ko’zda tutsa, ikkinchidan, o’quvchining o’z shaxsiy ehtiyoji uchun ham yetarli vaqt ajratiladi. Eng muhimi, o’quvchining jismoniy rivojlanishiga, ish faoliyatiga va salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarning oldi olinadi.
- O’quv yuklamasining pedagogik va gigiyenik jihatlarini o’rganish, toliqishning oldini olish yo’llarini izlab topish pedagogika fani va maktab o’qituvchilari oldida turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.
- Odam organizmining barcha to’qima va organlaridagi hayotiy jarayonlar, ularning ishi markaziy asab tizimi tomonidan boshqariladi.
Asab tizimining faoliyati ikki xil sababga ko’ra susayishi mumkin. Birinchidan, asab to’qimalaridagi tug’ma kamchiliklar, tug’ilgandan keyin har xil kasalliklar, shikastlanishlar oqibatida asab faoliyatining pasayishi; ikkinchidan, asabning funksional kasalliklari, ya’ni gigiyenik talablarga rioya qilmaslik natijasida tizimning zo’riqishidan nevroz, ya’ni asab kasalliklari paydo bo’lishidir.
Ko’pincha ota-onalar va o’qituvchilar o’quvchi xulqida va holatida aqliy charchash alomotlarini sezsalarda, e’tibor bermaydilar, chunki bu o’zgarishlar, vaqtinchalik bo’lib, tez o’tib ketadi deb o’ylashadi. Lekin bular bolada boshlanyotgan surunkali charchoqlikning birlamchi belgilari bo’lib, «astenik sindrom» deb ataladi va bu kasallik markaziy asab tizimi faoliyati buzilishining bir turi hisoblanadi. Kasallik belgilarning paydo bo’lishi va kechishi darajasiga qarab, astenik sindrom shartli ravishda bir necha bosqichga ajratiladi.
Birlamchi-giperstenik bosqichda serzardalik, o’ta ta’sirchanlik, o’zini tuta bilmaslik, besabrlik kabi belgilar paydo bo’ladi. Bolalar faol bo’lishadi, ammo ularning faoliyatida tartib bo’lmaydi. Ular tinimsiz bo’lib, biror ishni oxirigacha diqqat-e’tibor bilan bajara olmaydilar, ozgina muvaffaqiyatsizlik ular faoliyatini izdan chiqarib yuboradi. Ular qiynalib uyquga ketishadi, bezovta uxlashadi, ko’p tush ko’rishadi.
Shuni unutmaslik kerakki, aqliy mehnat bilan shug’ullanuvchilarda zo’riqish alomatlari boshqalarga nisbatan ko’proq uchraydi va bu harakat faolligi (gipodinamiya) kamaygan sharoitda yorqin namoyon bo’ladi. Bu holat emotsional zo’riqish bilan birga qo’shilib, ko’pincha yurak-qon tomir kasalliklariga, asab va endokrin tizimi faoliyatining, buzilishiga olib keladi. Bolalar va o’smirlarning shakllanayotgan yosh organizmi ayniqsa aqliy zo’riqish asoratlariga o’ta sezgir bo’ladilar.
Aqliy mehnat (o’qish, yozish, fikrlash, masala yechish, dars tinglash va tayyorlash va hokazolar) asosan ko’rish, eshitish, organlari va ularning bosh miya pustlog’idagi markazlarining asab hujayralarini bajaradigan ishidir.
Shunday ekan, o’quvchilar aqliy mehnat gigiyenasining zarur shartlarini: kun tartibiga rioya qilish, fizkultura va sport bilan shug’ullanish, o’quv va o’qishdan tashqari mashg’ulotlar uchun sharoit yaratish, bir faoliyatni ikkinchisi bilan almashtirib turish, spirtli ichimliklar ichmaslik, chekmaslik, zararli odatlarga berilmaslik va hokazolarni ongli ravishda bajarishga harakat qilishlari zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |