II.2. O’rta Osiyo neolit davri jamoalari moddiy madaniyati: tadqiqot muammolari va istiqboli
O’rta Osiyo miqyosida Markaziy va Janubiy Tojikiston hududi neolit davri jamoalari moddiy madaniyatini o’rganishda istiqbolli o’lkalardan biri hisoblanadi. Neolit davri yodgorliklari asosan, tog’ oldi yirik soylar, daryolar vohalaridan topib o’rganilgan. Bu yodgorliklar tadqiqoti Bu yodgorliklar A.P.Okladnikov, V.A.Ranov, G.F.Korobkova, G.T.Filimonova, A.Yusupov kabi olimlar izlanishlari bilan bog’liq. Ayni kunlarda neolit yodgorliklari Hisor madaniyati va uning tarkibiy mahalliy madaniy variantlariga taalluqli hisoblanadi. Asosiy yodgorliklari Tutqovul, Soy Sayyod, Darayi Sho’r, Gaznyontepa, Kangurttut, Lyulikutal, Charmgaron, Uchqunkabilar hisoblanadi.90Bu yodgorliklar tadqiqotida neolit davri jamoalari moddiy madaniyatini yorituvchi muhim arxeologik ashyolar qo’lga kiritilgan. Jumladan, Tutkovul makoni Vaxsh daryosi vohasidagi Norak shahridan 12 km yuqoriroqda, Tutkovul qishlog’i yaqinida joylashgan bo’lib, u ko’p qatlamli makon va uning madaniy qatlamlaridan tosh qurollar va boshqa arxeologik buyumlar topilgan. Ayniqsa, xilma-xil tosh qirg’ichlar, qo’l boltalar – chopping va chopper qurollar, pichoqlar, qadama tosh – o’roq tig’lari kabi topilmalar kollektsiyada asosiy o’rinda turadi. Ammo makonda nayza va kamon o’qlarining topilmaganligi sirliligicha qolmoqda. Tutkovulning 3-qatlamidan topilgan ashyolar bu madaniyatning miloddan avalgi VII-IV ming yilliklarga doirligi isbotlangan. Bu yodgorlik Tojikistondagi neolit davri Hisor madaniyatining eng yirik va manbaga boy namunasidir. Tutkovulliklarning xo’jalik mashg’ulotlari asosan xonaki chorvachilik, o’troq oddiy dehqonchilik bo’lib, ovchilik ham turmushda o’z o’rnini hali yo’qotmagan. Makondan topilgan asl bug’u, qoramol, qo’y, echki, yovvoyi eshak kabi hayvon suyaklarining topilishi bundan dalolat beradi.Darayi Sho’r makoni bo’lib, Norak suv omborining yuqori qismida, Vaxsh daryosi sohilida joylashgan. U ungur tarzidagi makon bo’lib, uning madaniy qatlamlaridan chaqmoqtoshdan ishlangan 6500 dan ziyod buyumlar topilgan. Bu yirik kollektsiya tarkibida xilma-xil qurollar, jumladan, ishlov berilgan paraqalar, qirg’ichlar, trapetsiyalar, sigmentlar, o’roq randalar, qadama toshlar, qo’l boltalari – choppinglar serob taqdim qilingan. Bu topilmalarning sanasi miloddan avvalgi VI-IV ming yilliklarga taalluqlidir. Bu yodgorlikning eng quyi qatlamlaridan mezolit davriga mansub arxeologik ashyolarning topilishi bu g’or makonda urug’ jamoasining ko’p asrlar muqim va uzluksiz yashaganligini ko’rsatadi.Soy Sayyod makoni Vaxsh daryosining so’l sohilida, Nurek suv ombori havzasida joylashgan. Makon madaniy qatlamlaridan 30 mingga yaqin suyak, tosh buyumlar topilgan. Bu topilmalar tarkibida turli mehnat qurollari – suyakdan yasalgan so’zon, ignalar, chopper va choppinglar, turli qirg’ichlar, o’zaklari mavjud.. Yodgorlikdan qo’y, echki va qoramol suyaklarining bisyor topilishi bu jamoalarning asosiy tirikchiligi xonaki chorvachilik bo’lganligidan guvohlik beradi. Shuningdek, makondan tulki, yovvoyi ot, buqa va boshqa hayvonlari suyak qoldiqlarining topilishi bu jamoalar xo’jaligida hali ovchilik tirikchiligining ahamiyati katta ekanligini ko’rsatadi. Hisor neolit jamoalari Farg’ona vodiysi Markaziy Farg’ona madaniyati jamoalari, Zarafshon vohasi Sazog’on neolit jamoalari bilan yaqindan madaniy aloqada bo’lishgan.
O’rta Osiyo neolit davri jamolari moddiy madaniyati tadqiqotida Janubiy-G’arbiy Turkmaniston Kopettog’ning yon bag’irlaridan dehqonchilik xo’jaligi bilan shug’ullanuvchi Joytunneolit jamoalarining madaniyati muhim o’rin egallaydi. Janubiy Turkmaniston hududi Kopettog’ yon bag’rida tadqiq etilgan Joyitun jamoalari ilk dehqonchilik madaniyatining yaratuvchilari bo’lishgan (mil.avv. VII ming yillik oxiri – VI ming yilliklar boshlari – IV ming yillik). Tadqiqotlarda e’tirof etilishicha, bu mintaqa Yaqin Sharq dehqonchilik madaniyati tarqalgan hududning shimoli-sharqdagi eng chekka qismi bo’lgan. Joyitun madaniyati o’tgan asrning 50-yillaridan boshlab B.A.Kuftin, A.A.Marushenko, V.M.Masson, O.K.Berdiev kabi arxeologlar tomonidan o’rganildi. Ayniqsa, V.M.Masson o’z tadqiqotlarida joyitunliklar madaniyatini atroflicha yoritgan91. Mazkur hududda joyitunliklar madaniyatiga tegishli bo’lgan 20 ga yaqin makonlar tadqiq etilib, muhim arxeologik manbalar qo’lga kiritilgan. Joyitun jamoalari ijtimoiy tuzumi masalasida muhim manbalar qo’lga kiritilgan. Xususan, toshdan, loydan ayol qiyofasida yasalgan mayda haykalchalarning ko’plab topilishi mazkur jamoalarda matriarxal urug’chilik munosabatlarining gullab-yashnaganligini ko’rsatadi. Juft oilalar mavjud bo’lganligini uy-joylar ichki tuzilishlaridan bilib olamiz. Katta jamoaga qarashli xonalar mavjudligi esa umumjamoa ijtimoiy hayoti borasida ma’lumot beradi. Xullas, joyitunliklar o’z davrining ilg’or, rivojlangan madaniyatga ega bo’lgan jamoalari bo’lishganlar.
O’rta Osiyo miqyosida neolit davri jamoalari moddiy madaniyatini o’rganishda Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalari madaniyatining alohida o’rni bor. Bu madaniyat o’tgan asrning 30-yillari oxirida taniqli arxeolog S.P.Tolstov tomonidan kashf etilgan bo’lib, keyingi yillar davomida A.V.Vinogradov tomonidan atroflicha tadqiqot etilgan. Quyi Zarafshon vohasidagi kaltaminor jamoalari madaniyati esa O’. Islomov tomonidan o’rganildi. Mazkur tadqiqotlarning ko’rsatishicha, Kaltaminor jamoalari nafaqat Amudaryo etagi Oqchadaryo havzasida, balki qo’shni O’zboy, Zarafshon daryosi etaklarining qadimiy o’zanlari, Ustyurt, Qizilqumning ichki xududlari, Janubi-G’arbiy Qozog’iston, Sharqiy Kaspiy, Orol bo’yi Balxon hamda Mang’ishloq sarhadlariga tarqalishib yashashgan va o’zlariga xos madaniyat yaratishgan.92 Bunday keng hududlarda yashagan jamoalar madaniyati umumiy nom – Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalar madaniyati nomi bilan fanga kirgan. Bu madaniyat tarkibida bir nechta mahalliy xarakterga ega bo’lgan madaniy variantlar mavjud ekanligi tadqiqotlarda aniqlangan. Bular Oqchadaryo, Quyi Zarafshon, Lavlakan kabi mahalliy madaniy variantlar hisoblanadi93. Bu mahalliy madaniy variantlarning bir-biridan farqlari jamoalar tosh industriyasi xususiyatlari, qurollar shakli, yasalish uslubi, ishlov berilish texnologiyasi, sopol buyumlarning yasalishi, shakli, naqshlari, zebi-ziynat ashyolari kabi jihatlari bilan izohlanadi. Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalari shunchalik keng sarhadlarga tarqalib yashashganki, ularning makonlaridan topib o’rganilgan arxeologik ashyoviy dalillar tahlili, bir tomondan, ularning moddiy madaniyati, turmush tarzi, ijtimoiy hayoti, xo’jalik asoslari jihatidan birlashuvchi umumiy qon-qardosh jamoalar ekanligini ko’rsatsa, ikkinchi tomondan, hududiy kengligi turli iqlimiy, ekologik sharoit nuqtai-nazaridan mahalliy xususiyatga ega jamoalar madaniy majmuasi ekanligini ko’rsatadi. Shubhasiz, mazkur jamoalar birgalikda Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalar madaniyatini tashkil etadi. Ta’kidlash joizki, agar mil.avv IV ming yildayoq Turkmanistonning janubiy sarhadlarida Joyitun neolit jamoalari madaniyati negizida ilk metallchilik madaniyati (eneolit) shakllangan bo’lsa, Kaltaminor jamoalari yashayotgan pasttekislik (hozir dasht holatidagi) sarhadlarida esa mil.avv III ming yillik oxirigacha nafaqat to’laligicha jamoalar turmushida tosh qurollar tarkibi (albatta vaqt o’tishi bilan ko’rinishi, hajmi, ishlov berilishi uslubi o’zgargan holda) saqlanib qolgan, balki bu jamoalar turmushida o’zlashtirma xo’jalik – ovchilik, termachilik va baliqchilik sohalari to’laligicha hukmron bo’lib qolavergan 94. Hozirgi kunda qo’lga kiritilgan arxeologik manbalar kaltaminorliklar madaniyatining to’rt ming yil vaqt o’tishi davomida o’zgarish dinamikasini kuzatish imkonini beradi. Shu xususiyatlarga asoslangan holda kaltaminorliklar madaniyatining davrlashtirilishi va xronologiyasi ishlab chiqilgan.95 Hozirgi kunda Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalarining uchta mahalliy xarakterga ega bo’lgan madaniy variantlari- Oqchadaryo, Lavlakon va Quyi Zarafshon borligi aniqlangan. 1.Oqchadaryo havzasi madaniy varianti. Amudaryoning quyi oqimining qadimgi o’ng qirg’og’i - Oqchadaryo havzasi hisoblanib, havza sohillaridan Kaltaminor jamoalariga tegishli bo’lgan ko’plab makonlar kashf etilgan.96. Asosiy yodgorliklari Jonbos 4, Tolstov makoni, Qavat 7 kabilar hisoblanib, ular tadqiqotida ko’plab tosh buyumlar, sopol buyum parchalari, zeb-ziynatlar, uy joy qoldiqlari, qabrlar topilgan. Masalan, Tolstov makoni tosh industriyasi – mikrolitli, paraqali industriya bo’lib, o’z mazmun- mohiyatiga ko’ra Kaltaminor jamoalariga tegishlidir. Oqchadaryo havzasida so’nggi yillar mobaynida amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar natijalari Kaltaminor jamoalari madaniyati taraqqiyoti so’nggi bosqichlari moddiy madaniyati borasida ham qiziqarli manbalar to’plash imkonini berdi. Ba’zi sopollarning gardishida rangli gul naqshlari ham paydo bo’lgan. Tuxumsimon idishlar o’rniga tuvaksimon, tag qismi tekis holatdagi idishlar qo’llanila boshlangan. Shu tarzda bu bosqichda jamoalar o’ziga xos moddiy madaniyat yaratganlar. 2.Quyi Zarafshon mahalliy madaniy varianti O’rta Osiyo miqyosida neolit jamoalariga tegishli eng ko’p sonli makonlar Zarafshon daryosi quyi etagi qadimgi o’zanlari havzasidan topilgan bo’lib, ular etti yuzdan ortiq. Ammo ularning aksariyatida madaniy qatlam saqlanib qolmagan. Mazkur makonlar ilmiy talqini bu mintaqada neolit davri taraqqiyot bosqichlarining deyarli barchasiga oid jamoalar madaniyatini kuzatish imkonini beradi. Ularning o’rganilishi Zarafshon daryosining hozirgi kunda qurib qolgan qadimgi o’zanlari to’g’risida ham qimmatli ma’lumotlar beradi. Oyoqagitma, davomi esa Daryosoy deb nomlanadi va o’zan Amudaryoga quyilmasdan Quljuqtov tizmasi janubi-g’arbiy etagida o’ziga xos subaeral havzasini tashkil etib, o’z oqim harakatini to’xtatadi. Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, keyingi yillarda amalga oshirilgan paleogidrografik, paleogeografik, arxeologik tadqiqotlar natijasida Zarafshon daryosining quyi qismida uchta qadimgi o’zanlari tizimi harakatda bo’lganligi aniqlandi. Mohandaryo, Xo’jayli, Katta va Kichik Tuzkon atroflaridan topilgan makonlar moddiy madaniyati Kaltaminor jamoalariga tegishli ekanligi aniqlandi. Ularning aksariyatida madaniy qatlam saqlanmagan bo’lsa-da, Dorbazaqir 1, 2 makonlarida madaniy qatlamlar yaxshi saqlangan, ularga tegishli neolit jamoalari kunlik turmush tarzi, xo’jalik yumushlari, turarjoylari borasida qimmatli manbalar qo’lga kiritilgan. Ayniqsa, Dorbazaqir 1 makonida o’rganilgan uy-joy qoldiqlari o’z shakli, qurilishlari bilan Uchashi 131 kulbalariga o’xshash, faqatgina o’lchami, maydon sathlari kichikligi bilan farqlanadi. Makonlardan tosh buyumlar, sopol, suyakdan yasalgan qurollar, hayvon, parranda va baliq suyaklari qoldiqlari kollektsiyasi qo’lga kiritilgan.97Zarafshon daryosi qadimgi o’zanlaridan biri bo’lgan Chorbaqti vohasi – shimoliy va janubiy o’zanlar o’rtasida joylashgan bo’lib (Gazli shahridan 50-60 km. lar chamasi masofada), u erda 1984-1986 yillarda tadqiqotlar olib borildi. Bu o’zanning asl, tub qismi hozirgi kunda atrof yon qismlari tuproqlari denudatsion jarayonlar natijasida emirilib ketilganidan, er sathida bo’rtib chiqib qolgan holatda saqlanib turibdi. Chorbaqti vohasidan oltmishdan ortiq mezolit, neolit davri jamoalariga tegishli makonlar topib o’rganilgan.98 Moddiy madaniyati bilan O’rta Osiyo tog’ va tog’ yonbag’ri so’nggi paleolit-mezolit jamoalari madaniyatiga yaqin bo’lgan mezolit davri makonlarining kashf etilishi bu o’zanning nisbatan ertaroq o’zlashtirganligini ko’rsatdi99. 3.Lavlakon (Qizilqum ichki hududi)mahalliy madaniy varianti. Geografik jihatdan Janubi-G’arbiy Qizilqumning tarkibiy qismi bo’lgan Qoraqotin botiqligining sharqiy tomonida yigirmadan ko’proq sho’r suvli havzalar tizimi mavjud. Ularning eng kattasi Lavlakon hisoblanadi. Lavlakon namgarchiligi iqlim sharoitida (mil. avv. 6-4 ming yilliklar) ushbu suv havzalari atrofi qalin to’qayzorlar bilan qoplangan, o’simlik, hayvonot dunyosi va parrandalarga boy bo’lgan, ko’llarda baliqlar serob bo’lib, ibtidoiy odam yashashi uchun to’liq imkoniyat mavjud bo’lgan. Lavlakon ko’li qadimgi qirg’oqlari gir atrofi bo’ylab 300 dan ziyod neolit jamoalariga tegishli makonlar o’rganilgan. Bu makonlar arxeologik ashyoviy dalillar topilishi jihatidan turlichadir. Ularning moddiy-madaniyati mezolit davrining so’nggi bosqichlari va, asosan, neolit davri jamoalariga tegishlidir. Ko’pchilik makonlar maydon sathi jihatidan juda kichik, madaniy qatlami saqlanmagan, makon chegarasi doirasi bo’ylab er sathi ustki qismidan yig’ib olingan arxeologik manbalar miqdori ham juda kam sonlidir. O’rganilgan Lavlakon 26 kabi makon ham arxeologik manbalari miqdori va ilmiy qimmati bilan Quyi Zarafshon vohasi, Oqchadaryo havzasi, Mohandaryo makonlaridan deyarli qolishmaydi. Shu dalilning o’zi ham Lavlakon kabi ko’llar yon qirg’oqlarida mezolit davri so’nggi bosqichlari va neolit davrida doimiy aholi yashaydigan uzoq muddat faoliyat ko’rsatgan yirik makonlar bo’lganligi va bu joylarda ko’plab aholi yashab, ular o’ziga xos moddiy madaniyat yaratganliklarini bildiradi100.Lavlakon jamoalari turmushlarida ishlatilgan sopol idishlar o’z shakli yasalish usullari bilan Kaltaminor jamoalarinikiga aynan o’xshash. Faqatgina idishlar devorlari sirtiga berilgan naqshlar o’ziga xoslilik jihatlari bilan farqlanadi. Quyi Zarafshon, Oqchadaryo havzasi neolit jamoalari idishlaridan farqli o’laroq o’rta va so’nggi neolit bosqichlarida bu jamoalar idishlarida hukmron mavqeni chiziqli emas, balki arratishli ko’rinishdagi naqshlar egallaydi (chamasi 40%). Kaltaminor madaniyati sopol idishlari asosiy naqshi hisoblangan to’lqinsimon ko’rinishli naqshlar deyarli uchramaydi. Idishlarda Kaltaminor jamoalari madaniyati so’nggi bosqichlariga xos bo’lgan «tebranuvchi», «sakrovchi taraqsimon» ko’rinishidagi naqshlar umuman uchramaydi. Bu kabi xususiyatlar Lavlakon jamoalari moddiy madaniyatining o’ziga xosligini ko’rsatadi. kaltaminar tarixiy-madaniy jamoalar madaniyati - Oqchadaryo, Lavlakan hamda Quyi Zarafshon kabi mahalliy madaniy variantlar majmuasidan iborat.
Xullas, Kaltaminor tarixiy- madaniy jamoalari madaniyati o’rganilishida bir qator tayanch makonlar kashf etilib tadqiqotiga erishildiki, bu makonlardan qo’lga kiritilgan ashyolar, so’zsiz O’zbekiston neolit davri jamoalari madaniyati sahifalari, uning rivojlanish bosqichlari va xronologiyasini bilib olishga imkon berdi.
O’zbekiston neolit davri jamoalarining madaniyatini o’rganishda Ustyurt platosi miqyosida amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar jarayonida muhim arxeologik manbalar qo’lga kiritilgan 101. Hozirgi kunda Ustyurt platosi neolit davri jamoalarining madaniyati nisbatan mukammal o’rganilgan, bu jamoalar madaniyatining o’ziga xos xususiyatlari aniqlangan. Ustyurt platosining deyarli barcha tumanlarida neolit jamoalariga tegishli makonlar kashf etilgan bo’lib, ularning umumiy soni 150 taga yaqin. Bu makonlarning joylanish holatlari qadimgi yirik havzasimon cho’kmalar (hozirgi kunda qurib qolgan yirik suv havzalari – Churuk, Aydabal, Aktaylak, Istay kabi) va eski suv o’zanlari yon qirg’oqlari bilan bog’liqligi aniqlandi. Makonlarning aksariyati qisqa muddatli, mavsumiy xarakterga ega bo’lgan vaqtinchalik manzilgohlar bo’lib, ularda madaniy qatlam saqlanib qolmagan. Nisbatan yirik, uzoq muddat kishilar yashagan makonlar esa sanoqlidir (Aktaylak 1, 20, 25 va boshqalar).E.Bijanov neolit makonlari tosh industriyasi xarakteri, tosh qurollari tipologik tahlilidan kelib chiqib, neolit jamoalari moddiy madaniyatini quyidagi uchta taraqqiyot bosqichiga bo’ladi: 1. Ilk neolit – Oqtoyloq 1, Oqto’ba 2, Churuk 2, 3, 7, Jarinquduq 2, Aydabal 2, 4, 7, 10, 20, 23 kabi makonlardan iborat bo’lib, ularning moddiy madaniyati mil. avv. VI-V ming yilliklarga to’g’ri keladi. Bu bosqich jamoalari tosh industriyasida asimmetrik shakldagi trapetsiyalar, ponasimon qurollar turli, hajmdagi uchirmalardan yasalgan qirg’ichlar, keskich qurollar xarakterli bo’lib, ular o’z jihatlari bilan Jabal g’ori - V– madaniy qatlami qurollariga o’xshash; 2. O’rta (rivojlangan) neolit (mil.avv. V-IV ming yilliklar) – Kosbuloq- 5, 7; Churuk- 5, 6, 8, 9; Allam 3, Aydabal 3, 5, 8, 13, 19, 24, 26; Jarinquduq kabi makonlardan iborat bo’lib, ularning moddiy madaniyatida simmetrik trapetsiyalar, paraqadan yasalgan qirg’ichlar, ustki qiya holatdagi kesim qismiga ishlov berilgan paraqa qurollar, ikki taraflama ishlov berilgan o’q-yoy uchlari kabilar xarakterlidir. Ba’zi tosh qurollari o’z shakli-shamoyili va ishlov berilish usullari bo’yicha Kaltaminor jamoalari qurollariga o’xshash; 3. So’nggi neolitga (mil.avv. IV-III ming yilliklar) – Isatay- 3, Churuk -1, 4, Kaskajol, Oqtumsiq, Kugesem kabi makonlarni kiritish mumkin. Ularning tosh industriyasi paraqali mikrolitli industriya bo’lib, geometrik shakldagi qurollar esa uchramaydi, paraqadan yasalgan qirg’ichlar soni kamayib, aksincha, uchirmadan yasalgan qirg’ichlar soni ko’payadi. Ikki taraflama ishlov berilgan o’q-yoy paykonlari (bargsimon) esa ko’plab uchraydi.
Markaziy Farg’ona madaniyati. O’zbekiston miqyosida neolit jamoalari moddiy madaniyatini o’rganishda Farg’ona vodiysining ham alohida o’rni bor. Voha landshaft, iqlimiy sharoiti nuqtai nazaridan ham o’ziga xos mintaqa bo’lib, tog’, tog’ yon bag’ri va pasttekislik sarhadlaridan iboratdir. Tadqiqotlardan ma’lum bo’ldiki, Farg’ona vodiysida tosh davri taraqqiyoti so’nggi bosqichlari bo’lgan mezolit, neolit davrlarida ham odamzod uzluksiz ravishda yashab o’ziga xos moddiy madaniyat yaratganliklari ham aniqlangan102. Xususan, mezolit davri jamoalari tog’, tog’ yon bag’ri hududlarini, mezolit davri so’nggi bosqichi va neolit davri jamoalari esa vodiyning pasttekislik mintaqalarini o’zlashtirib yashaganlar. Albatta, vodiyning bu holatda odamzod tomonidan o’zlashtirilishi ham O’rta Osiyo miqyosida inson yashashi uchun qulay iqlimiy sharoit yuzaga kelganligidan dalolat beradi. Qadimda tog’ mintaqalari daralaridan oqib kelgan suvlar yirik daryolar, soylar hosil qilib, bu hodisa vodiyning markaziy tumanlarida o’ziga xos ko’l havzalarini bunyod etgan. Asrlar o’tishi bilan bu suv havzalari qurib qolgan yoki sho’rlab ketgan yirik botiqlar hosil qilgan. Shu nuqtai nazardan qaralganda, aksariyat neolit jamoalari avvallari mavjud ko’llar atrofida makon qurib yashaganlar (Uzunko’l, Sharko’l, Ashiko’l, Damko’l, Sariqsuv, Mingbuloq va h.k.)103. Markaziy Farg’ona neolit jamoalari moddiy-madaniyati asosiy tadqiqotchisi O’tkir Islomov o’z izlanishlarida mazkur jamoalar madaniyatining qo’shni Tojikiston hududi Hisor neolit jamoalari, O’rta Zarafshon vohasi sazog’on jamoalari madaniyatlari bilan ba’zi jihatlari xususida madaniy o’xshashliklari borligi haqida dalillar keltirgan104. Ta’kidlash joizki, o’z vaqtida tadqiqotchilar tomonidan Markaziy Farg’ona va Sazog’on madaniyati O’rta Osiyo tog’ mintaqasi umumneolit madaniyatlari tarkibiga kiruvchi, lekin ikkalasi ham o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lgan mustaqil madaniyatlar deb e’tirof etilgan edi105. O’rni kelganda aytish joizki, bu ikkala madaniyatning bir-biridan jo’g’rofik joylanishi jihatidan, oraliq masofa nuqtai nazaridan uzoq masofada joylashganiga qaramay, ularning o’zaro moddiy madaniyati o’xshashliklariga yordam bergan yana bir xususiyat borligini keltirish mumkin. Bu ularning bir tomondan tog’ mintaqasi, ikkinchi tomondan pasttekislik mintaqasi o’rtasidagi oraliq mintaqada (tog’ yon bag’irlari) joylashganligi va o’ziga xos bir xil ekologik sharoitga ega bo’lganligi bilan izohlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |