Tadqiqotning ilmiy yangiligi. Mazkur magistrlik dissertatsion tadqiqotimizning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
1. O’rta Osiyo tosh asri jamoalari madaniyati tarixiy ildizlari yodgorliklar tadqiqotida qo’lga kiritilgan arxeologik ashyolar, manbalar va ma’lumotlarda isbotlanishi.
2. O’rta Osiyo tosh asri jamoalari madaniyati tarixiy ildizlari shu tarixiy davr rivoji ketma-ketligi bosqichlariga doir yodgorliklar tosh industriyasi xarakteri va tosh qurollarining evolyutsiyasida oydinlashuvi.
3. O’rta Osiyo tosh asri jamoalari madaniyati tarixiy ildizlarini uning rivoji ketma-ketligi bosqichlari doir yodgorliklar tadqiqotida qo’lga kiritilgan tosh qurollar, sopol buyumlar, zeb-ziynatlarga tayanilib, merosiylik, vorisiylik va innovatsiya tamoyillarida asoslash.
4.O’rta Osiyo tosh asri jamoalari madaniyati tarixiy ildizlari mahalliy ildizlar ekanligi, avtoxton xarakter kasb etishini ilmiy asoslash.
Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari
O’rta Osiyo hududi keyingi yillar maboyinida amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko’ra (Sel-ungur, “Farg’ona odami”) ilk paleolit davridanoq odamzod tomonidan o’zlashtirilganligi ma’lum bo’ldi. Demak, bundan taxminan 1 mln. 200 ming yil muqaddam o’zlashtirilgan O’rta Osiyo xududida tosh asrining keyingi barcha taraqqiyot bosqichlarida (paleolit, mezolit, neolit) odamzod uzluksiz yashashib, o’ziga xos madaniyat yaratilib kelingani arxeologik manbalarda o’z tasdig’ini topdi. Paleolit davri jamoalarining turmush tarzi oddiy, ya’ni ular hali tabiatga to’la qaram bo’lishgan. Ibtidoiy to’da, gala holatda kun kechirishgan. Mehnat qurollari ham o’ta sodda, mashg’ulotlari terib, termichlab ovqat topish bo’lgan. Lekin, odamlar asta-sekinlik bilan o’zlarini o’rab turgan atrof-muhit, tabiat bilan yaqin aloqada bo’laboshlashgan, mehnat jarayonida ixtiro va kashfiyot qilishgan. Mezolit, neolit davri ekologik sharoiti, iqlimiy muhiti nisbatan hozirgi zamonga yaqin bo’lgan. Shu sababli O’rta Osiyoning deyarli barcha sarhadlari odamzod tomonidan o’zlashtirilib, natijada o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lgan turli mezolit, neolit madaniyatlari shakllanadi. Mezolit davriga oid Obishir, Vaxsh, Oydabal, Machay, Markansuy kabi madaniyatlar aniqlanib tadqiq etilgan. O’rta Osiyo neolit davri bo’yicha quyidagi madaniyatlar tadqiq etilgan. O’rta Osiyoning janubiy-g’arbiy mintaqalarida Kopettog’ning quyoshga tushlov soy etaklarida ibtidoiy motiga dehqonchilikka asoslangan Joyitun madaniyati2, Amudaryo va Zarafshonning quyi havzalarida, Qizilqumda ovchi-baliqchi urug’ jamoalarining Kaltaminor madaniyati3, Hisor tog’ tizmalarining dara va yaylovlarida Hisor madaniyati4, Farg’ona vodiysida Markaziy Farg’ona madaniyati5, O’rta Zarafshon vohasida Sazog’on va Ustyurtda Ustyurt neolit jamoalari madaniyati tarkib topgan6. Ammo, ularning xo’jalik asosi, xronologik doirasi, etnomadaniy va etnografik qiyofasi, madaniy aloqalar, madaniyatlarning kelib chiqishi tarixiy ildizlari masalalari, Joyitun va Kaltaminor madaniyatlarini hisobga olmaganda, O’rta Osiyo neolitining o’ta bahsli muammolari bo’lib qolaverdi. O’rta Osiyo neolit davri jamoalari moddiy madaniyati tadqiqotida A.P.Okladnikov, Ya.G.Gulyamov, V.A.Ranov, V.M.Masson, A.V.Vinogradov, U.Islomov, V.I.Timofeev, G.F.Korobkova, M.R.Qosimov, T.Mirsoatov, E.Bijanov, M.Jo’raqulov, N.U.Xolmatov kabi olimlarning izlanishlari muhim hisoblanadi. Keyingi yillar maboynida arxeologik tadqiqotlar jarayonida qo’lga kiritilgan manbalar paleolit, mezolit, neolit davri jamoalari moddiy madaniyatining yangi qirralarini yoritish imkonini bermoqda. Ma’lumki, tosh asrining dastlabki bosqichi hisoblanuvchi paleolit (qadimgi tosh asri) davri tarixini yoritishda antropogenez jarayoni o’z mazmuniga ko’ra o’ta dolzarb ahamiyat kasb etadi. Farg’ona vodiysida Sel-ungur g’or makoni “Farg’ona odami” antropologik topilmasining qo’lga kiritilishi antropogenez jarayoni masalalarini yanada oydinlashtirib, O’rta Osiyo hududi odamzod tomonidan bundan taxminan 1 mln.200 ming yil muqaddam o’zlashtirilganini isbotlashga ilmiy asos berdi. Obirahmat g’or makonidan “Obirahmat odami” ning topilishi esa Vatanimiz sarhadlarida odamzod ajdodlari (neandertal, kramonyon) masalasida muhim kashfiyot bo’lib, bu boradagi bilimimizni yanada boyitishga xizmat qiladi. Tosh davri jamoalari madaniyatining tarixiy ildizlarini aniqlashtirishda etnik birikmalarning shakllanishi masalasi muhim omildir. Shu bois, etnogenetik jarayonlarni tosh asri qaysi taraqqiyot bosqichi rivoji bilan bog’lash muammosi ham muhim sanaladi. Bu masala echimini mutaxassislar arxeologik madaniyatlar mazmun mohiyatidan izlamoqdalar, ya’ni arxeologik madaniyatlar etnik farqlar demakdir. Tosh asri bosqichlari miqyosida arxeologik madaniyatlarni ajratish borasida ham soha tadqiqotchilari orasida yakdil fikr yo’q. Bir guruh olimlar (G.P.Grigorev, V.P.Lyubin, V.N.Gladilin) ilk paleolit davridanoq arxeologik madaniyatlar bo’lganligi haqida fikr yuritsa, ko’pchilik mutaxassislar (A.Ya.Bryusov, A.N.Ragochev, S.N.Zamyatnin, A.A.Formozov) mahalliy xarakterdagi madaniy farqlarni so’nggi paleolit davridan e’tiboran bo’lgan degan xulosani bildirgan. Arxeologik madaniyat bir-biriga o’xshash tosh industriyasiga, moddiy madaniyatga ega bo’lgan yodgorliklar guruhini aniq, ravshan hududiy chegarada jamlanishidir. A.A.Formozov so’nggi paleolit davrida arxeologik madaniyatlar to’la qonli ravishda shakllangan, keyingi taraqqiyot bosqichlarida - mezolit, neolitda tom ma’noda mustaqil etnik jamoa birlashmalaridir degan xulosani bildiradi. Shu bois etnik jarayon, «etnos» ning boshlanishini so’nggi paleolit davri bilan bog’lash maqsadga muvofiqdir. Mezolit, neolit davri etnik jamoalari «arxeologik madaniyatlar» ida yanada ravshanroq namoyon bo’lgan. Bu etnik jarayonlar mezolit, neolit jamoalari moddiy madaniyatida o’z aksini topganki, buni O’rta Osiyo miqyosida amalga oshirilgan tadqiqotlar misolida ham kuzatish mumkin. Bu haqda V.M.Masson, S.P.Tolstov, A.V.Vinogradov, U.Islomov, V.A.Ranov, M.Jo’raqulov kabi mutaxassislar tadqiqotlarida ma’lumotlar mavjud. Xususan, V.A.Ranov «neolit davri etnik jamoalar shakllangan davr Joyitun, Kaltaminor, Hisor madaniyatlari nafaqat tarixiy- madaniy jamoalar, balki etnik birlashmalar hisoblanadi» degan fikrni beradi.7. Shu o’rinda V.M.Masson tomonidan Joyitun, Kaltaminor, Hisor madaniyatlari xususidagi turli tuman etnik tarkiblar borasida bildirgan xulosalari ham ahamiyatlidir. Bunda mazkur madaniyatlar ajratilishga ilmiy asos bergan sopol idishlar va ular naqshlari ahamiyatiga e’tibor qaratilgan8. Neolit davri etnik jarayonlar etnomadaniyat hamda etnik guruhlar borasida A.V.Vinogradov tadqiqotlari ma’lumotlari alohida ahamiyat kasb etadi. Qon-qardosh qabilalarning ma’lum hududlarga tarqalib yashashi, vaqt o’tishi bilan mahalliy xarakterdagi madaniy variantlardan iborat kaltaminor etnomadaniy jamoalari neolit madaniyati shakllanishiga olib kelgan (Oqchadaryo, Lavlakan, Quyi Zarafshon). Bu tom ma’noda etnogenetik birlashmadir9. V.A.Ranov tomonidan hisor madaniyatining mahalliy madaniy variantlarga ajratilganligi (Tutqovul, Sayyod - «klassik hisor»; Kangurttut, Bulyoni-Payon, Qulob; Yavan vohasi) ham etnik birikmalarga misol bo’ladi10. Tadqiqotlarda neolit davriga kelib etnik jarayon jadal kechganligi va ular Joyitun, Kaltaminor, Hisor, Markaziy Farg’ona, Sazog’on kabi neolit jamoalari moddiy madaniyatida (madaniyatlarning mahalliy madaniy variantlarida ham) namoyon bo’lganligi aniqlangan va buni soha tadqiqotchilari e’tirof etishgan. O’rta Osiyo miqyosida yaqin yillargacha mezolit davri jamoalariga tegishli yodgorliklar bir zaylda o’rganilmagani fakti mavjud edi. Aniqrog’i, Ustyurt platosi, Quyi Amudaryo, Qizilqum hududi, Quyi va O’rta Zarafshon vohasi shunday sarhadlar jumlasiga kiradi. Lekin, E.Bijanov tomonidan Ustyurt platosida Aydabol, Oqtayloq kabi mezolit davri yodgorliklari guruhi tadqiq etildi. A.V.Vinogradov tomonidan Quyi Zarafshonning yana bir, nisbatan qadimiyroq bo’lgan o’zani-Chorbaqti vohasi aniqlanib, undan bir qator mezolit davri yodgorliklari topildi. Chorbaqti mezolit yodgorliklari materiallari N.U.Xolmatov tomonidan o’rganilib, ilmiy muamolaga kiritildi. Shuningdek, yaqin yillarda M.D.Djurakulov, N.U.Xolmatovlar O’rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog’ tizmasi shimoliy yon bag’rida bir qator mezolit-neolit davriga oid yodgorliklarni kashf etishib Jangal 1, Tepaqul 3,4,5, Lolab, Ochilg’or, Qorakamar), ular tadqiqotida qo’lga kiritilgan materiallar asosida hamda oldingi yillar tadqiqotida qo’lga kiritilgan materiallarga (Sazog’on 1 makoni) yangicha yondoshuvda tahlil asosida vohaning mezolit davri jamoalari madaniy bo’g’inini yoritib berishga erishishdi. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar O’rta Osiyo tosh davri madaniyatlari tarixiy ildizlari masalasini oydinlashtirishda muhim hisoblanadi. Tadqiqot mavzusi bo’yicha adabiyotlar sharhi (tahlili). O’rta Osiyo tosh davri jamolari moddiy madaniyati ilmiy adabiyotlarda yaxshi yoritilgan. Shuningdek, ibtidoiy davr paleoekologiyasi, iqlimiy sharoitlari, tosh davri jamoalari moddiy madaniyati borasida arxeologik qazilmalarda muhim ma’lumotlar to’planishiga erishilgan. Markaziy Osiyo hududi odamzod tomonidan o’zlatirilgani, antropogenez masalasining echimida U.Islomov tomonidan Selungur g’or makoni, M.Qosimov tomonidan Ko’lbuloq yodgorligi, V.A.Ranov tomonidan Quldara, Laxuti Qoratov 1,2 ilk paleolit yodgorliklari, Og’zi-kichik, Oqjar, Qopchig’ay, Qayraqqum, Xojikent, Shugnov yodgorliklari yaxshi o’rganilgan. Markaziy Osiyo paleolit davri jamolari Janubiy O’zbekiston Boysun tog’larida Teshiktosh g’or makoni, Zarafshonning o’rta oqimi, ya’ni Samarqand botig’ida bu davrga oid Qo’tirbuloq, Zirabuloq, Omonqo’ton, Takaliksoy, Go’rdara kabi yodgorliklar hamda Samarqand shahri va uning atrofidan muste davriga oid ayrim tosh qurollari to’plamlari orqali fanga ma’lum. V.A Ranov., S.A. Nesmeyanovlarning «Палеолит и стратиграфия антропогена Средней Азии» nomli asarida O’rta Osiyo miqyosida paleolit davri yodgorliklari va ularning joylashgan joyi geologik holati, stratigrafiyasi keltirilgan. U.I. Islamovning «Древнейшая пещерная палеолитическая стоянка Селунгур Ферганской долине» nomli maqolasida O’rta Osiyo bo’yicha eng qadimgi Sel-ungur qor makoni haqida ma’lumot keltirgan. U.I. Islamovning «Проблема происхождения человека в Средней Азии» nomli asarida O’rta Osiyoda sodir bo’lgan antropogenez jarayonini eng so’nggi antropologik manbalar, ya’ni «Farg’ona odami» topilmasiga tayanib yoritib bergan. Bu juda muhim, sababi shu vaqtlargacha O’rta Osiyo sarhadlari odamzod tomonidan Teshik-tosh neandertal bolasi manbasiga tayanilib o’rta paleolit davridan o’zlashtirilgan degan ilmiy talqin mavjud edi. “Farg’ona odami” topilmasi asosida endi bizning xududimiz odamzod tomonidan bundan 1mln. 200 ming yil muqaddam o’zlashtirilganligi ma’lum bo’ldi. V.A. Ranovning «Изучение памятников каменного века на Восточном Памире в 1958 г.» nomli hamda «Шугноу-многослойная палеолитическая стоянка в верховях р. Яхсу» nomli asarlarida Tojikiston hududi, xususan Sharqiy Pomir tosh asri yodgorliklari, Shugnov so’nggi paleolit yodgorligi to’g’risida ma’lumotlar keltirilib, Shugnov yodgorligi moddiy madaniyati keyingi mezolit davri jamoalari moddiy madaniyati shakllanishiga asos bo’lganligini isbotlab beradi. M. Fohtuguening “Kuturbulak Revisited A Middle Paleolithic Sitein Zeravshan River Volley Uzbekistan” nomli asarida Zarafshon vohasidagi Qo’turbuloq yodgorligi keyingi davr, ya’ni so’nggi paleolit jamoalari madaniyati rivojlanishiga asos bo’lganligi haqida ma’lumot beradi. N.X. Toshkenbaev va R.X. Sulaymanovlarning “Култура древнекаменного века долину Зарафшана” nomli asari, R.X. Levning «Древний палеолит в Аман-Кутане» nomli va «Новые памятники палеолита в Узбекистане» nomli, M.D.Djurakulovning “Samarqand makoni” nomli asarlarida Zarafshon vohasi paleolit davri yodgorliklari haqida qimmatli ma’lumotlar keltiriladi.V.M. Massonning «Джейтунская култура», «Поселение Джейтун (проблема становления производящей економики)» nomli asarlarida Janubiy-G’arbiy Turkmaniston hududi Kopettog’ yon bag’ri dehqonchilik xo’jaligiga asoslangan Joyitun neolit madaniyatining shakllanishi va rivojlanishi borasida ma’lumotlar keltiriladi. A.V. Vinogradovning «Древние охотники и рыболовы Среднеазиацкого междурече» nomli asarida Amudaryo Zarafshon daryosining quyi oqimlari, Qizilqum hududi Kaltaminor neolit jamoalari madaniyatining shakllanishi va rivoji, madaniyatning o’ziga xos xususiyatlari, yodgorliklari tadqiqoti natijalari, mahalliy madaniy variantlari (Oqchadaryo, Lavlakon, Quyi Zarafshon), madaniyat kelib chiqishi tarixiy ildizlari haqida ma’lumotlar keltiriladi.V.A. Ranovning «Гиссарская култура: распространение, хронология, економика», «Гиссарская култура – неолит горнх областей Средней Азии», «Неолит (гиссарская култура)», V.A.Ranov, T.G. Filimonovalarning «Изучение гиссарской културў и неолитические слои поселения Кангурттут (к проблеме финалного етапа гиссарской културы)» nomli asarlarida Markaziy va Janubiy Tojikiston hududi Hisor neolit jamoalari madaniyatining shakllanishi va rivoji, madaniyatning o’ziga xos xususiyatlari, yodgorliklari tadqiqoti natijalari, mahalliy madaniy variantlari, madaniyat kelib chiqishi tarixiy ildizlari haqida ma’lumotlar keltiriladi.U.I.Islamov, V.I. Timofeevlarning «Култура каменного века Централной Ферганы» nomli asarida Farg’ona vodiysi hududidaMarkaziy Farg’ona neolit jamoalari madaniyatining shakllanishi va rivoji, madaniyatning o’ziga xos xususiyatlari, yodgorliklari tadqiqoti natijalari, madaniyat kelib chiqishi tarixiy ildizlari haqida ma’lumotlar keltiriladi. E.B. Bijanovning «Неолитические памятники юго-восточного Устюрта», «Древняя и средневековая култура юго-восточного Устюрта»,«Каменный век Устюрта» nomli asarlarida Ustyurt hududida neolit jamoalari madaniyatining shakllanishi va rivoji, madaniyatning o’ziga xos xususiyatlari, yodgorliklari tadqiqoti natijalari, madaniyat kelib chiqishi tarixiy ildizlari haqida ma’lumotlar keltiriladi. M.D. Djurakulov, N.U. Xolmatovlarning «Мезолит и неолит Среднего Зарафшана», N.U.Xolmatovning «O’zbekiston neolit davri jamoalarining moddiy madaniyati” nomli asarlarda O’rta Zrafshon vohasi Qoratepa tog’ tizmasi shimoliy yon bag’ri Sazog’on neolit jamoalari madaniyati hamda O’zbekiston neolit jamolari madaniyatlari shakllanishi va rivoji, madaniyatlarning o’ziga xos xususiyatlari, yodgorliklari tadqiqoti natijalari, madaniyatlar kelib chiqishi tarixiy ildizlari haqida ma’lumotlar keltiriladi. Xullas, yuqorida keltirilgan ilmiy adabiyotlarda O’rta Osiyo tosh davri jamoalarining moddiy madaniyati, madaniyatlar tarixiy ildizlari borasida tadqiqotlarda qo’lga kiritilgan manba, ma’lumotlar bayoni, ular haqida xulosalar keltirilgan. Tadqiqotda qo’llanilgan metodikaning tavsifi. Tadqiqot O’rta Osiyo hududi miqyosida kishilik tarixi tosh asri jamoalari madaniyatlarining tarixiy ildizlari tarixini yoritishga bag’ishlangan. Bu borada arxeologik manbalar, ma’lumotlar bir tizimga keltirilgan. Tadqiqotda zamonaviy tadqiqot usullari, nazariyalar va yangicha yondoshuvlar qo’llanilgan. Arxeologik manbalar qiyosiy tahlili asosida xolisona tarix yaratiladi. Tadqiqotda tarixiylik, tizimlilik, xolislik, to’plangan arxeologik materiallarni fan yutuqlari asosida umumlashtirish va ularga qiyosiy tahlil tamoyillariga tayanib yondashish ko’zda tutilgan. Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. O’rta Osiyo hududi miqyosida kishilik tarixi tosh asri jamoalari moddiy madaniyati, inson va tabiat o’zaro aloqalari tarixi, inson tomonidan yaratilgan ixtiro va kashfiyotlarning ijtimoiy axamiyati va o’rni, etnos, etnik birikmalar, arxeologik madaniyatlar, jamoalar madaniy aloqalari, iqtisodiy xo’jalik asoslari, madaniyatlar tarixiy ildizlari borasida qimmatli arxeologik ashyoviy manbalar, ma’lumotlar qo’lga kiritilgan. Bu ashyoviy dalillar o’z mazmun- mohiyatiga ko’ra mazkur mintaqa tosh asri jamoalari moddiy madaniyatini o’rganishda o’ziga xos manba bo’lib hisoblanadi. Ular O’rta Osiyo xalqlari tarixi, Vatanimiz tarixini yozishda, ta’lim jarayonida ishlatiladi. Shuningdek, xalqimiz boy madaniy merosini targ’ibot-tashviqot qilishda muzey fondlarida foydalaniladi va ta’lim-tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy ishlarda keng qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |