Kuchli qor bo`ronlari tez-tez yuz berib turadigan joylar. Baland-past va tog`lik yerlardan o`tgan yo`llarni qor bosish sharoiti, ko`p jihatdan trassaning tog` yonbag`rida joylashgan o`rniga, shu bilan birga yer bag`irlab esadigan qorli izg`irin shamol yo`nalishi va tezligiga, qiyalikdagi tuproq ko`tarmaga bog`liq. Qor bosmaslik shartiga ko`ra, shamolga qaragan tepa yonbag`rining yuqori qismi (4.14-rasm, a) qor bo`ronining tezlashish yoki shamol qorni olib ketadigan hududlari – shamolga old tarafi bilan joylashgan tog` yonbag`irlari, shamolga teskari o`zanlar, jarliklar va boshqa pastqam joy chegaralaridan eni bir necha yuz metr masofadagi yer uchastkalari eng maqbul bo`lib hisoblanadi.
4.14-rasm. Temir yo`l trassasini tog` yonbag`rida joylashtirish variantlari: a - shamolga qaragan qiyalik; b - shamolga teskari qiyalik
Shuning uchun temir yo`l trassasini iloji boricha shamolga ochiq bo`lgan yonbag`irlarda, tog` etagidan kamida 50-60 m bo`lgan masofada joylashtirish (2 va 3-vaziyat 4.14-rasm, a) talab etiladi. Bunday joylardagi tuproq ko`tarmani, odatda, qor uyumlari bosib qolmaydi.
Trassani ochiq shamol tomonidagi tog` etagida joylashtirish mumkin emas (1 vaziyat 4.14-rasm, a), chunki tinchlanish yoki girdoblanish hududida katta miqdorda qor yig`ilib qoladi. Bunday joylarda trassani yotqizishga to`g`ri kelsa, mos ravishda tuproq ko`tarma balandligini ko`tarish yoki tegishli muhofazalaydigan qurilmalar qurilishi kerak.
Trassani ochiq shamoldan pana bo`lgan yonbag`irliklarda (4.14-rasm, b) o`tkazish kerak emas, chunki bunday uchastkalarda qor qalin qatlam bo`lib yotadi. Bu kabi yonbag`irliklarda trassa yotqizish shart bo`lsa, u holda qordan himoyalash qurilmalari qurilishi oldindan ko`zda tutilishi shart. Agar trassalash shartlari yo`lni shamoldan pana bo`lgan tarafdagi tog` yonbag`ri qiyaliklarida turli balandlikda joylashtirish imkonini bersa, kuchsiz shamol hududlarida trassa yo`nalishini yonbag`ir qiyaligining o`rta va pastki qismida (1 va 2-vaziyat 4.14-rasm, b), kuchli shamollarda (tezlik 10 m/s dan katta) esa tog` yonbag`rining yuqori qismida (3-vaziyat, 4.14-rasm, b) joylashtirgan ma`qul.
Tog` yonbag`rida temir yo`l bo`ylama profili, qoidaga ko`ra, tuproq ko`tarmada loyihalashtirilishi kerak. Ko`tarma balandligi esa hisobiy qor qatlami qalinligidan katta bo`ladi. Tuproq ko`tarmaning, qor qatlami qalinligidan normalarda ko`zda tutilgan eng yuqori balandligi, tog`ning shamoldan pana tomonidagi yonbag`rida joylashgan trassani joylashtirishda, ustuvor qor bo`ronlari yo`nalishining normaldan yo`l o`qiga nisbatan ancha chetlashgan (45°-60°) hollarda, shuningdek nisbatan baland-past joylarda ko`p uchraydi.
Yarim o`yiqlar, kesiladigan o`yiqqa nisbatan afzal bo`ladi, chunki uni qor uyumidan tozalash ancha oson. Yo`l o`qi bilan hukmron shamol yo`nalishi orasida o`tkir burchak tashkil etgan o`yiqlarni qor uyumidan himoya qilish ko`ndalang shamoldagiga nisbatan ancha murakkab. Shuning uchun trassani ustuvor kuchli shamollar yo`nalishi bo`ylab o`yiqda joylashtirmaslik kerak bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |