Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
4-mashg‘ulot.
Matbuot yangiliklari. “Turk hoqonligi va uning ijtimoiy-siyosiy tuzumi” matni. Fe’lning aniq, o`zlik, majhul, birgalik hamda orttirma nisbatlari. Fe’lning xabar, buyruq-istak hamda shart mayli, ularning fe’l zamonlari bilan munosabati, nutqdagi ahamiyati. Hadisshunos olimlar haqida matn tuzish, hadislardan namunalar tarjima qilish.
|
Turk hoqonligi va uning ijtimoiy-siyosiy tuzumi
Oltoyda Turk hoqonligining paydo bo`lishi ashin urug`ining kuchayib, barcha turkiylarning bu urug` atrofida birlashishi bilan bo`gliqdir. Uning ijtimoiy-siyosiy tuzumini, huquq va odatlarini o`rganishda arxeologik qazilmalar materiallari, yozma manbalar, muqaddas diniy kitoblar, Uyg`ur, Xorazm va Sug`d yozuvlaridagi hujjatlar, shuningdek, bevosita turkiy manbalar: Kultegin, Tunyuquq, Bilga hoqon bitiktoshlari, O`rxun-Enasoy (turkiy-run) alifbosidagi bitiktoshlar manba bo`lib xizmat qilishi mumkin.
Jumladan, Kultegin bitiktoshida davlatning paydo bo`lishi haqida qiziq lavha bor: “Yuqorida ko`k osmon, pastda qora yer yaratilganda, ikkisining o`trtasida inson bolalari yaratilgan. Inson bolalari ustidan ota-bobom Bumin hoqon, Istami hoqon bo`lib o`rnashganlar. Ular taxtga o`rnashib, turk xalqining davlatini, rasm-rusumini tutib turganlar, rioya etib turganlar”. Eramizning 551-yilida turklar dastlab Jujan qabila birlashmalarini yengib, ularning hoqoni Bumin hoqon Mo`g`uliston va Oltoyda kuchli davlat tuzdilar. Bu davlat VI-VIII asrlarda Movarounnahr va Xorazmda, Sirdaryoning shimolida, Sharqiy Turkistonda va Orol dengizi atroflarida yashovchi turkiy qabilalar, jumladan, qarluqlar va ularga qardosh etnik guruhlarni birlashtirdi.
Kultegin bitiktoshida aytilishicha, Mug`on hoqon (553-557) va uning akasi Istami hoqon davrida ular Qashqadaryo va Surxondaryo chegarasidagi tor o`tish joyi Temir darvozagacha o`z xalqlarini yoygan. 560-yillarda Buxoroda eftalitlarning juda katta qo`shiniga zarba berib, ular hukmronligini uzil-kesil yemirib tashlagan. Bunda ular avval eftalitlarga soliq to`lab turgan sosoniylar Eroni bilan ittifoq tuzganlar.
Keyinchalik Eron chegaralariga chiqib g`arbda Qora dengizgacha yetdilar va Koreyadan Qora dengiz bo`ylarigacha tuzilgan juda katta saltanatga - Turk hoqonligiga asos soldilar. Deyarli butun Osiyo cho`llari va yuksak madaniyatli Turon yerlarini o`zida birlashtirgan qudratli yagona davlatning tashkil topishi, albatta o`sha davr siyosiy hayotida muhim o`rin egalladi. Ularning qo`shnisi bo`lgan Xitoy esa turklar vassaliga aylandi.
603-yilda hoqonlik ichki ziddiyatlar natijasida ikkiga - Sharqiy va G`arbiy hoqonlikka bo`linadi. O`rta Osiyo G`arbiy hoqonlik tarkibiga kiradi. VII asrning oxirlarida Xitoy bilan bo`lgan kurashlarda zaiflashgan Sharqiy hoqonlik o`rnida ikki Turk hoqonligi tashkil topadi va Qopag`on hoqon davrida esa Shimoliy Xitoy ustidan turklar hukmronligi qaytadan tiklanadi. Ayniqsa, shu davrdan boshlab Markaziy Osiyoni ko`pgina xalqlar, jumladan, Xitoy va vizantiyaliklar Turkiston deb atay boshlaganlar.
Markaziy Osiyoda turklarning kuchayib borishi Turon yerlariga necha yuzlab yillardan beri ko`z olaytirib yurgan sosoniylar Eronining noroziligiga sabab bo`ladi. Turklar esa Vizantiya bilan sosoniylar Eroniga qarshi bitim tuzadilar.
Bu vaqtda Markaziy Osiyoda deyarli mustaqil bo`lgan ko`pgina davlatlar va mulklar bor edi. Jumladan, Xorazm, Chag`aniyon, mustaqil davlatlar konfederatsiyasidan iborat bo`lgan Tohariston, Samarqand sug`di va boshqalar. Samarqand hukmdorining taxt unvoni chjaou bo`lib, ko`p olimlarning fikricha, bu turkiy unvon odatda kuchli davlat egalariga berilgan. Uning atrofida jami yetti mulk - Maymurg` bekligi, Ishtixon, Kushoniya, Buxoro vohasining sharqiy chegaralri va Nasaf (hozirgi Qarshi) bo`lgan.
Turk hoqonlari boshlang`ich davrlarda o`zlariga bo`ysungan joylardan faqat belgilangan miqdorda o`lpon (soliq) olib turish bilan qanoatlanib, mavjud davlatlarning ishlariga kam aralashganlar. Bunday ulkan davlat markazlashgan monarxiyadan iborat bo`lgan. Ayniqsa, arablar bosqini oldidan prof. B.Ahmedov ta’kidlaganidek, “15 ga yaqin yarim mustaqil mulkdan iborat bo`lgan”.
Har bir mulk va davlatning hamda shaharlarning o`z hukmdorlari bo`lib, ular turlicha nomda atalganlar. Jumladan, Xorazmda Xorazmshoh, Toharistonda Abg`u (Jabg`u), Chag`aniyonda chag`on xudot, Buxoroda buxorxudot (Chjaou deb ham atalgan), Samarqandda va Farg`onada ixshid, Keshda (Shahrisabz) ixrid, Toshkentda (Sharqiy turk hoqonligiga kirgan) xvabe (hokim), Usturshanada (O`ratepa) afshin deb yuritilgan.
Samarqandda podshoni ixshid deb atasa-da, Divastichning nomiga Rti Maroy - Oromiycha hokim degan ma’noni bildiruvchi so`z ham qo`shilgan. 618-yilda G`arbiy Turk hoqoni Tun Shohu islohot o`tkazib, mahalliy hukmdorlarni o`zining noiblari deb e’lon qiladi, ular ustidan nazorat qilish uchun oz vakillarini yuboradi. Bunday nazoratchilarni Toshkentda tudun deb ataganlar. S.P.Tolstov fikriga ko`ra u turk hoqonining urug`idan kelib chiqqan va bo`ysundirilgan joylardagi hokimlar faoliyatini nazorat qilish, o`lpon va soliqlarni yig`ishni tashkil qilish maqsadida tayinlangan noibdir.
Turk hoqonligining ijtimoiy tuzumida hukmron doiralarini o`troqlashib feodallashayotgan beklar, kelib chiqishi bo`yicha urug` boshliqlariga borib taqaladigan hamda xizmat qiluvchi tabaqa, tarxonlar tahkil qilgan. Davlat boshlig`i hoqonlikning vujudga kelishi yillarida, Tun jabg`u, Tangriqut, keyinchalik Hoqon (imperator) deb atalib, uning bosh kenti qadimgi Choch vohasining shimolidagi yashil dashtlarda joylashgan. 626-yilda uning urdusi (qarorgohiga) kelgan budda monaxi U yerda namunali darajada tartib va intizom bo`lganligini yozib qoldirgan. Mahalliy hokimlar esa yabg`u, jabg`u deb atalgan.
Shu joyda bir narsani ta’kidlash joizki, turk xalqlarining davlatchiligi ana shu hoqonlik (imperatorlik), beklik, otabeklik (knyazlik) shakllarida tashkil topdi. Bundan boshqa xalqlarning ham shunga o`xshash davlat tuzilmalari bor edi, albatta. Ammo turkiy xalqlarga xos bo`lgan yuqoridagi shakllar ularda ko`zga tashlanmaydi.
Panjakentdan topilgan Sug`d tangalarini tadqiq qilgan O.I.Simirnova Sug`dda podsholik qilgan sulolalarning vakillari turk qabilalaridan chiqqanligini tangalarga zarb etilgan “Jabg`u” so`zi asosida isbotlab bergan. Mahmud Koshg`ariyning ta’kidlashiga ko`ra, bu mansab, xondan ikki daraja past mansabdir. Ammo, yabg`u hoqonning o`rinbosari darajasida bolgan degan fikrlar ham bor. Bu lavozimga asosan xonning urug`laridan saylangan. Yabg`u mansabining katta-katta ma’muriy birliklarda uchrashiga qaraganda, u asosan viloyat hokimi vakolatiga to`g`ri kelgan, deyish mukin. Taxt vorisi tegin (ya’ni, shahzoda) deb yuritilgan. Shahzodalarga qondosh bo`lgan biror beklik yoki hokimlik qilgan kishiga shad unvoni berilgan. Turk hoqonlari maxsus marosim bilan saylanib qo`yilgan.
Sug`d mulkining arablar tomonidan bosib olinishi voqealarini bayon qilgan tarixchi At-Tabariy ham sug`d hokimlari va lashkarboshilarining turklar ekanligini yozib qoldirgan. Bu narsani sug`d hujjatlarida ham kuzatish mumkin. Masalan, 8-hujjatda Sug`d viloyatlaridan birining - Vaxsh podshosi va Panj (Panjakent) hukumdori 693-708-yillarda Chakin Chur Bilga bo`lganligini, 700-710-yillarda esa Sug`dda Tarxun (Xunlar xudosi) Sug`d podshosi bo`lgani va uning arablarga qarshi kurashgan Divashtichdan oldin o`tganligini bilib olish mumkin. Mazkur hujjatlarni o`rganish jarayonida Sug`d hukmdorlarining xuddi Xitoy hukmdorlariga o`xshab har biri o`z “Erasiga” ega bo`lganligi to`g`risidagi xulosaga kelindi. Bu hol, hech shubhaiz, turklarga o`z qo`shnilari Xitoydan o`tgan. Ular esa o`zlari bilan birga Sug`dga olib kelganlar. Bu hol Samarqand sug`dida turkiy xalqlarning qadimiy mavqeyiga yaqqol misol bo`la oladi.
Shu davrda turk hoqonligi va uning tarkibiga kirgan mulk va davlatlarning ijtimoiy tuzumi murakkab bo`lib, xalq quyidagi qatlamlar: boy zodagonlardan, savdogarlar, hunarmandlar, xizmat qiluvchi tabaqa amaldorlar va harbiylardan, dehqonlar va qullardan iborat bo`lgan. Yer egalari kishtichkarlar va kishovarzlarga bo`linib, dehqonlar kadivarlar deb atalgan. Hukmron sinf ozodlar deb atalib, bu davrda yirik feodal yer mulkining egasi bo`lgan dehqonlar ham ular tarkibiga kirgan. Harbiylar turkiycha chaqir deb atalgan. Hukmdorlar saroyida sug`d hujjatlariga ko`ra quyidaigi mansablar bo`lgan: harbiy ma’muriyat boshlig`i, Farg`onada tutug`, Sug`dda chapish deb yuritilgan , bu qadimgi Turk tilidagi chiyxon “lashkarboshi” mansabiga to`g`ri kelgan. Viloyat hokimlari sug`dcha xvabe deb yuritilgan. Podsho devonxonasining boshlig`i depirapat deb atalgan. Bundan tashqari gupat - “daromadlar noziri” moliya ishlari bilan shug`ullanuvchi mansab, oxvirpat podsho otxonasining noziri, boshlig`i(o`zbek tiliga oxur bo`lib kirgan); parvanak kirok - hujjatlar tuzuvchi mansabdor; paxtvanak (patxvane) jazoni ijo etuvchi jallod lavomizi bo`lganligini ko`rish mumkin.
Markaziy Osiyo xalqlari bu davrda bir necha dinga: zardushtiylik, xristianlik, moniylik va buddizmga e’tiqod qilganlar. Hujjatlarda diniy mansablar magupat - bosh qohin, vagipat - ibodatxona boshlig`i, xushufang - olti ibodatxona boshlig`i kabi nomlar uchraydi. Sug`dda “Qonuniy aktlarni sodir etadigan maxsus joy” - sud-notarial organlari mavjud bo`lgan.
(Muqimov Z. O`zbekiston davlati va huquqi tarixi. – S.: Zarafshon, 1998, 45-50-b.)
Do'stlaringiz bilan baham: |