Vayshiylar kastasi son jihatdan qisqarib, savdogarlar, sudxo`rlar va faqat boy hunarmadlargina qoldi.
Shudralar ekspluatatsiya qilinuvchi aholiga aylanib, feodal majburiyatlarni bajaradigan bo`lib qoldilar. Yer egaligiga kelganimizda esa uning shartli shakllari iqto (arablar davrida), jag`ir (Bobur davrida) deb atalib, feodallar zamindorlar deb yuritilgan. Jag`ir olgan feodal qo`shin saqlab uni qurollantirishga majbur bo`lgan. Zamindorlar esa faqat sultonga soliq to`laganlar, ular qo`shin saqlash majburiyatiga ega bo`lmaganlar. Feodallarning yerlarida jamoachi-dehqonlar ishlaganlar, ular yerlardan foydalanganliklari uchun hosilning uchdan bir qismidan tortib yarmigacha soliq sifatida to`laganlar.
Hindistonning davlat tuzumiga kelsak, eramizning IV asrlari boshlariga qadar Hindiston bir necha mustaqil davlatlardan iborat bo`lib, har bir davlat boshida o`zining mamlakatini to`la egallagan podsholar - maxaradjilar turgan. IV asrning boshlaridan shimoliy Hindiston, Gang va Hind daryolari havzasini birlashtirgan juda katta imperiya Guptlar davlati vujudga keladi. Bu boshida hindlar turgan oxirgi saltanat bo`lib, VI asrlargacha hukm suradi. Hindistonning siyosiy tarqoqligi hamda kuchli sinfiy kurash, uning O`rta Sharq feodal davlatlari qo`shinlari tomonidan bosib olinishini ancha yengillashtirdi.
Rivojlangan feodalizm davri Shimoliy Hindiston yerlarining musulmon hukmdorlari tomonidan birlashtirilishi bilan xarakterlanadi. 1175-yil G`azna hukmdori Muhammad Panjob yerlariga bostirib kiradi va hind knyazlarining qo`shinlarini tor-mor etib, Shimoliy Hindistonni o`z davlati sostaviga qo`shib oladi. 1206-yilda Muhammad G`uriyning vafotidan Shimoliy Hindiston noibi Qutbiddin Oybek hukmdorligida Dehli sultonligi vujudga keladi.
Bosqinchilar mahalliy feodallar safini to`ldirib, tezda mahalliy aholi bilan qorishib ketdilar.
Dehli sultonligi davrida Hindistonda musulmon dini yoyildi, aholining diniy e’tiqodiga qarab bo`linishi ro`y berdi.
XIV asrda Hindistonga Amir Temurning yurishi bilan u mayda bo`laklarga bo`linib ketdi. XVI asrning birinchi choragida o`sha vaqtda Afg`oniston hukmdori bo`lib turgan Bobur Mirzoning Hindistonga kirib kelishi bilan Dehli sultoligi yemirildi. Shundan keyin Dehlida Boburiylar sulolasiga asos solindi.
1526-yilda Boburning Dehlidagi afg`on sultoni ustidan g`alaba qozonishi bilan Hindistonda yangi davr, yangi saltanat - boburiylar imperiyasi boshlandi. Boburiylar saltanati ingliz, Gollandiya mustamlakachilari Hindistonni bosib olgunlariga qadar hukm surdi. Boburning avlodlari, ayniqsa, Akbarshoh davrida Hindiston markazlashib, barcha hind davlatlarini birlashtirdi. Dehli sultonligi davrida Hindistonning davlat tuzumi feodal yakka hokimligi shaklida bo`lib, davlat boshlig`i - sulton to`la ijtimoiy hokimiyatning egasi hisoblanib, uning bosh yordamchisi vazir bo`lgan. Mamlakat 23 viloyatga bo`linib, ular boshida sulton tomonidan tayinlangan valilar turgan. Boburiylar sulolasi davrida esa Hindiston mutlaq yakka hokimlik belgilarini o`zida ifodalagan davlat tuzumida edi.
Davlat boshlig`i imperator oily qonunchilik, sud, ijro, harbiy hokimiyatni amalga oshirgan. Imperator mamlakatni ministr (devon) orqali boshqargan: soliqlar va moliya masalalari devoni; mir-somon - ustaxonalar va omborlar boshlig`i; sadr-us-sudur - diniy va sud boshqaruvining boshlig`i. Saltanat 15 viloyatga bo`lingan bo`lib, ular boshida imperator tomonidan tayinlanadigan nozimloar turgan. Nozimlikning boshqaruv apparati xuddi markazdagidek tuzilishda tashkil qilingan.
Hindistonning bu davrdagi huquq manbalariga kelganimizda, uning yirik manabalaridan biri eski quldorchilik davridagi qonunlar bo`lib, ular qisman yangi mazmun bilan boyitib ishlatilgan. Hindiston mo`g`ullar, turklar, arablar tomonidan bosib olingandan keyin musulmon huquqi va uning asosiy manbayi Qur’on yoyildi. Musulmonlar va huquqiy munosabatda qatnashayotgan tomonlardan biri musulmon bo`lganda ishlar musulmon huquqi asosida, hindu, braxmanizm dinidagilarning ishlariga Manu qonunlari va boshqa qonunlar qo`llanilgan. Shuningdek, hindlarning oila-nikoh, vorislik bo`yicha kelib chiqadigan huquqiy munosabatlarida, albatta, hind huquqi qo`llanilgan.
Guptlar saltanati davrida feodal jinoyat huquqi davlat jinoyatlari, mulkka qarshi qaratilgan jinoyatlar, shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlarni bilgan. Jazoning asosiy turi jarima va turma qamog`i hisoblangan. Boburiylar davrida qatl etish jazosi faqat imperator tasdig`i bilan chiqarilishi o`rnatilgan. Ammo bunga qaramasdan u joylardagi sudlar tomonidan ham qo`llanilgan. Bu davrda tan jazolari ham keng yoyilgan. Sudlov jarayonida urug`doshlik tuzumining qoldiqlari saqlanib qolgan, suv, o`t, tarozi va zahar bilan ordaliya qilib, ko`rsatmaning to`g`ri- noto`g`ri ekanligi aniqlangan.
(Muqumov Z. Chet mamlakatlar davlat va huquqi tarixi. –Samarqand: SamDU nashri, 1992, 154-158-betlar)
Do'stlaringiz bilan baham: |