Qadimgi turkiylarning huquqiy odatlari
Ma’lumki, ilmiy adabiyotlarda huquqiy odatlar va huquqiy bo`lmagan odatlar bir-biridan farqlanadi. Davlat tomonidan tan olinib, mustahkamlanib qo`yilgan va sanksiyasiga ega bo`lgan odatlargina yuridik odatlar hisoblanadi. Anglo-sakson huquqiy tizimi mamlakatlarida huquqiy odat hisoblanishi uchun sud organlari tomonidan ham sanksiyalangan bo`lishi talab qilinadi. Shuning uchun bo`lsa kerak, R.O.Xalfina odat huquqini - “Odatlarga asoslangan normalar tizimi” sifatida ta’riflaydi. Ammo turk-o`zbeklarda, aslida huquqiy va huquqiy bo`lmagan odatlar bir-biridan farqlanmagan. Shunga asosan yuridik lug`atlarda bu so`zga “Odat - bu musulmon xalqlarining odat huquq normalarining yig`indisi” deb ta’rif beriladi. Bizning fikrimizcha ham turkiylarda odat huquqi - bu ma’lum bir joyning yozib qo`yilmagan, og`izdan-og`izga, avloddan-avlodga o`tib kelgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan rasm-rusumlari va tartiblaridan kelib chiqadigan qoidalar yig`indisidan iboratdir. Tadqiqotchi S.I.Vorobyova urf-odatlarning o`ziga xos belgilari sifatida ulardagi tarixiy vorislik, takrorlanuvchanlik, nisbiy barqarorlik, ijtimoiy ongga singib ketish kabi belgilarni juda to`g`ri ko`rsatgan.
Turkiy xalqlarda odat huquqlari ilmiy yuridik adabiyotlarda qisman bo`lsa-da ishlab chiqilgan, ammo bajarilgan ishlarning ko`pchiligi jinoyat huquqiy odatlarini o`rganishga bag`ishlangan. Respublikamiz fanida ham bu manbaning sobiq sovetlar davridagi harakati qisman o`rganilgan sohadir. Qadimgi davrlar esa deyarli o`rganilmasdan kelinmoqda. Chunki, qadimgi davlatlarning yozma qonunchiligi bo`yicha bizga yetarli darajada ma’lumotlar ma’lum emas. Ammo hozirgi O`zbekiston doirasida zardushtiylik, budda, xristianlik, moniylik dinlari ko`p tarqalgan dinlar bo`lganligi uchun ularning muqaddas kitoblari ma’lum darajada huquq manbayi bo`lib xizmat qilgan, degan xulosa chiqarishga imkon beradi. Turkiy xalqlarda ko`proq odat huquqlari keng tarqalgan va bizgacha Xitoy manbalari orqali yetib kelgan. Arablar istilosigacha bo`lgan davrda G`arbiy Turk hoqonligi hamda Sug`d huquq manbalari va ularning asosiy belgilari bo`yicha Xitoy sulolalari tarixidan qisman ma’lumotlar keltirilsa-da, ammo ular aynan bir xil. “Txanshu”(Txan sulolasi tarixi)da Sug`d va uning bosh shahri Kan (Samarqand) haqida ko`proq ma’lumotlar uchraydi, ammo huquqi bo`yicha ma’lumotlar juda kam. Shu manbalarga tayangan holda ta’kidlash mumkinki, turklarning qadimgi ajdodlari bo`lgan xunnlarda yozma qonunchilik bo`lmagan, balki qonunlar og`zaki e’lon qilinib turilgan. Qonun (dao) deganda “ular tartib va obodonchilikni hamda davlat boshqaruvini” tushunishgan.
N.Y.Bichurinning asarlarida turklarning qadimgi ajdodlariga taalluqli odat huquqlari, oila va nikoh, ko`proq jinoyat huquqi bo`yicha ba’zi parchalar keltiriladi. Jumladan, ularda deyarli barcha davrlarda jangda o`lgan akaning xotiniga ukasining uylanish odati bo`lgan. Bu esa mazkur odat turkiy xalqlarning juda qadimgi davrlariga borib taqalishi uning asosiy sababi oilani saqlab qolish va davom ettirish ekanligini ko`ramiz. Xunnlarning davlatiga kirgan uxuanlarda esa, nikohga kirishdan 3 oy oldin bo`lajak kuyov kelin bilan topishishga harakat qilib, unga otlar, katta va kichik qoramollardan iborat to`y sovg`asini yuborgan. Shundan keyin u kelinning uyiga ko`chib o`tgan va uning uyidagi barcha qarindoshlariga har kuni ta’zim qilib turgan. Bir ikki yil shu tarzda yashagan. Undan keyin kuyov bilan kelin barcha mol-mulklari bilan kuyovning ota-onasinikiga jo`natib yuborilgan. Ana shu kelinga otlar, qoramollarni nikoh sovg`asi sifatida yuborish odati, keyinchalik, hatto turklarda musulmonchilik davrida ham chuqur ildiz otgan odat - qalin to`lash (qalliq uchun to`lov) shakllangan.
Motun hoqon haqidagi ma’lumotlarda ko`rsatilishicha, o`tkir qurolni qinidan chiqarganlik, fut (temirdan yasalgan og`ir qurol) bilan o`qtalganlik, odam o`ldirganlik va boshqa og`ir jinoyatlar uchun o`lim jazosi berilgan. Turk xalqlarida hozirgacha saqlanib qolgan “Qilichni qinidan chiqargan odam uchun uni qo`llashga doimo sabab topiladi” maqoliga ehtimol ana shu qonunlar asos bo`lgan bo`lishi mumkin. Nizoli ishlarni va tushgan shikoyatlarni hal etish, hukmlarni ijro etish og`zaki bo`lib, yozma shaklda maxsus ish yuritilmagan. Sudya etib esa dovyurak, kuchli, murakkab ishlarni hal etishga qodir bo`lgan kishilar tayinlangan. Sud jarayoni uch kundan oshiq davom etishi mumkin bo`lmagan. Dunxu qabilalarida (yoki Uxuanlarda ham) o`ziga xos jinoyat qonunlari mavjud edi. Jumladan, oqsoqollarning buyruqlariga bo`ysunmaslik uchun o`lim jazosi berilgan, ammo odam o`ldirish va o`g`rilik kabi jinoyatlarni sodir etish holatlarida aymoq (qishloq jamoasi) oqsoqollariga murojaat etmasdan zararni qoplash bilan hal etishga ruxsat berilgan. Odam o`ldirishda ayblangan kishi ot yoki qo`ylar bilan to`lash evaziga javobgarlikdan qutulishi mumkin bo`lgan. Bizning fikrimizcha, to XX asrning o`rtalarigacha chorvador turkiy xalqlarda mavjud bo`lib kelgan barimta ana shu qoidalardan kelib chiqqan bo`lishi mumkin. Qochoq va xoinlar, oqsoqollar tomonidan ta’qib qilinayotgan kishilarni hech kim o`tovlariga qo`yishlari mumkin bo`lmagan. Ular qum sahrolariga quvib yuborilgan, bu esa ko`pincha o`lim jazosi bilan barobar bo`lgan.
Shu o`rinda mavzudan biroz uzoqroq bo`lsa-da, ammo qadimgi xakaslarning davlati(manbalarda qirg`iz deb ham ko`rsatilgan) Gen Gunning G`arbiy Xunlarning davlati tarkibiga va Xakaslar turk-mo`g`ul qabilalaridan biri bo`lganligidan kelib chiqib, huquq tarixi uchun hech o`xshashi bo`lmagan ma’lumotlarni keltiramiz. Xitoylarning Txanshu sulolasi tarixi orqali bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko`ra, ularning qonunlari nihoyatda qattiq bo`lgan. Jumladan, “Elchilik topshiriqlarini bajarmaganligi, xonga aqlsiz (noto`g`ri) maslahat berganlik uchun, o`lim jazosi berilgan”. Agar o`g`rining otasi bo`lsa, o`g`lining tanasidan judo qilingan boshi uning bo`yniga osib qo`yilishi, otasi esa umrbod taqib yurishi lozim bo`lgan. Bunday jazoni biz huquq tarixida biror xalqda uchratmadik. Bu jazo nihoyatda qattiq va azobli, tahqirli jazo hisoblangan. Yuqoridagi ma’lumotlarning o`ziyoq quyidagi xulosalarni chiqarishga asos bo`ladi:
-
Qadimgi turkiy xalqlar davlatlarida yozma qonunchilik bo`lmasa-da, odat huquqlari juda rivojlangan. Chunki, qonun o`sha davrdayoq tartib va intizom ramzi sifatida qaralgan.
-
Oila va nikoh huquqi monogamiyaga asoslangan. Odat huquqlari bilan tartibga solingan nikoh tuzish shartlaridan biri qalliq uchun to`y sovg`asini berish bo`lib, keyinchalik ana shu odatlardan turkiy xalqlarda hozirgacha mavjud bo`lgan “qalin to`lash” odati shakllangan.
-
Jinoyat qonunchiligi o`zining qattiqligi, jamoa javobgarligi hamda barimta xavfli holatda bo`lganligi uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Jazo tizimida bu vaqtlarda, ibtidoiy jamoa tuzumining qoldiqlari uchraydi, masalan, qum sahrosiga quvib yuborish (ostrakizm) og`ir jazolardan hisoblangan.
-
O`ziga xoslik va odatlarning qadimgi mo`g`ul, tungus (manchjur), turk xalqlarida uchrashi, hatto ayrim joylarda hozirgi kunlarda ham u yoki bu darajada saqlanib qolganligi bu xalqlarning ildizlari bir, hozirgi turkiy xalqlar ularning vorislari ekanligini ko`rsatadi.
(Muqimov Z. O`zbekiston davlati va huquqi tarixi. – S.: Zarafshon, 1998,31-34-betlar).
Do'stlaringiz bilan baham: |