M U S T A Q I L O` Z B E K I S T O N
O`zbekiston Respublikasi O‘rta Osiyoning markaziy qismida joylashganligini hammamiz bilamiz. U 447, 4 ming kv.km. maydondan iborat. O‘zbekistonning poytaxti Toshkent shahri bo‘lib, davlat tili o‘zbek tilidir. Dunyo xalqlari O‘zbekistonni 1991- yil 1-sentabrdan mustaqil davlat sifatida biladi. O‘zbekistonning o‘z bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, pul birligi, qurolli kuchlari bor. 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi va bu kun har yili mamlakatimizda ulug` bayram sifatida nishonlanib kelinyapti.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasini dunyoning qariyb barcha davlatlari tan oldi va ular bilan o‘zaro elchixonalar ochilib, mustahkam aloqalar o‘rnatilmoqda. O‘zbekistonning xalqaro obro‘yi kundan kunga ortib boryapti.
O‘zbekiston yoshlari yangi ochilayotgan universitetlar, institutlar, kollejlar, litseylarda ta’lim olayotirlar. Yoshlar bilim olish, malaka oshirish, tajriba almashish uchun chet ellarga borib kelmoqdalar.
Respublikamizda o‘zbeklar bilan bir qatorda qoraqalpoqlar, qozoqlar, turkmanlar, qirg‘izlar, tojiklar, tatarlar, uyg‘urlar, ruslar, koreyslar, yahudiylar kabi o‘nlab boshqa millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek yashaydi. O‘zbeklar ham yaqin qo`shni Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston davlatlaridan tashqari, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy, Suriya, Iordaniya, Eron, Iroq, Birlashgan Arab Amirligi, Misr, Germaniya, Gollandiya, Fransiya, Italiya, Angliya, AQSH, Hindiston, Pokiston, Yaponiya, Tayvan kabi mamlakatlarda yashaydilar.
O‘zbekiston qadimiy va boy tarixga ega. Har yili Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlardagi tarixiy obidalarni ko‘rish uchun ko‘plab chet ellik sayyohlar tashrif buyurishadi.
Bu yurtdan yetishib chiqqan va dunyo ilm-faniga ulkan hissa qo`shgan Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ismoil Buxoriy, Zamaxshariy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Rumiy, Xoja Samandar Termiziy kabi yuzlab qomusiy allomalarning ilmiy, ijodiy meroslari faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyo ilm maskanlarida o‘rganilyapti.
Respublikamizda 12 viloyat, bir suveren respublika, 130 ga yaqin shahar, minglab qo‘rg‘on va qishloqlar mavjud. Vatanimiz tuprog‘i bebaho konlarga boy, tabiati go‘zal, xalqi mehmondo‘st. Mamlakatimizda neft, gaz, ko‘mir, oltingugurt, ozokerit, osh tuzi, rux, qo‘rg‘oshin, mis, volfram, oltin va boshqa yer osti boyliklari qazib olinadigan konlar muntazam ishlab turibdi.
O‘zbekistonning asosiy ekini paxta va g‘alladir. Shuningdek, makkajo‘xori, meva, uzum, tamaki va poliz mahsulotlari ham ko‘plab yetishtiriladi. Keng yaylovlarda zotdor qo‘y va echkilar, qoramol, yilqi, tuya podalari boqiladi. Pillachilik va polizchilik ham rivojlangan sohalardir.
O‘zbekiston sanoati rivojlangan mamlakatga aylanmoqda. Elektr quvvati ishlab chiqarish, paxta tozalash, ip, ipak va jun gazlamalar tayyorlash, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, yog‘-moy kombinatlari, madaniy o‘g‘itlar ishlab chiqarish, turli xil traktorlar, mashinalar, samolyot, mebel, neftni qayta ishlash, ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarish korxonalari mavjud. O`zbekiston nafaqat o`tmishi, balki kelajagi ham buyuk mamlakatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |