Zbek tili va adabiyoti o‘qitish metodikasi kafedrasi



Download 203.18 Kb.
bet2/4
Sana11.01.2017
Hajmi203.18 Kb.
1   2   3   4

O‘zbekiston sanoati rivojlangan mamlakatga aylanmoqda. Elektr quvvati ishlab chiqarish, paxta tozalash, ip, ipak va jun gazlamalar tayyorlash, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, yog‘-moy kombinatlari, madaniy o‘g‘itlar ishlab chiqarish, turli xil traktorlar, mashinalar, samolyot, mebel, neftni qayta ishlash, ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarish korxonalari mavjud. O`zbekiston nafaqat o`tmishi, balki kelajagi ham buyuk mamlakatdir.



Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
2-mashg‘ulot.


Matbuot yangiliklari. “Qadimgi sharq mamlakatlarida davlat va huquq” matni. Bo`g`in va urg`u, ularning turlari, ularning yozuv va talaffuzdagi ahamiyati. So`z tarkibi, o`zak, negiz, qo`shimcha va ularning turlari. So`zlarning tuzilishiga ko`ra turlari: sodda, qo`shma, juft, takror so`zlar. So`zlarni turkumlarga bo`lish tamoyillari. Mustaqil va yordamchi so`zlar turkumi. Alohida guruh so`zlar. Ularning nutqda qo`llanilishi. Gapda so`zlar tartibi. Ot, olmosh va otlashgan so`zlarning gap boshida, fe’l va kesim vazifasidagi so`zlarning gap oxirida kelishi. “Alp Er Tunga”, “To`maris”, “Shiroq”, “Spitamen” kabi mavzularda matnlar tuzish.


Qadimgi sharq mamlakatlarida davlat va huquq

Qadimgi zamonda yunon-rimliklar dunyosidan sharqda va janubi-sharqda joylashgan janubiy mamalakatlarning jamini qadimgi Sharq deb ataymiz. Bu taxminiy va shartli iboradir. Sharq bilan antik dunyo o`rtasidagi chegara doimiy chegara bo`lmagan. Ularga qarashli hududlar turli vaqtlarda qisman galma-gal bir-biriga o`tib turgan, shu sababli ularning geografik chegaralanishini har bir davr uchun turlicha ko`rsatishga to`g`ri keladi.

Sharq to`g`risida gapirar ekanmiz, Yevropa (ayniqsa ancha keyingi davrlarda) bilan bog`liq bo`lgan janubiy Osiyo hamda qisman Shimoliy Afrika mamlakatlari va xalqlarini, shuningdek Hindiston va Xitoyni nazarda tutamiz.

Sharq tushunchasi tarix fanida nafaqat geografik ma’noda, tarixiy-madaniy, sivilizatsiya jihatlari bilan ham ishlatiladi. Butun dunyo tarixida Sharqning tutgan o`rniga yetarli baho bermaslik also mumkin emas. Xuddi Sharqda ibtidoiy jamoa tuzumi birinchi bo`lib buzila boshlagan. Kishilik jamiyati rivojlanishidagi eng muhim ijtimoiy va siyosiy institutlar, davlat, huquq, jahon dini ilk bor aynan Sharqda vujudga kelgan. Eng qadimgi yozuv tizimlari ham dastlab Sharqda paydo bo`lgan.

Sharq va G`arb sivilizatsiya yo`lidan rivojlanishida bir-biridan jiddiy farq qiladi. Sharqda, xususiy mulkchilik hukmronlik qilgan G`arbdan farqli o`laroq, avvalo xususiy mulkchilik munosabatlari, bozorga asoslangan xususiy tovar ishlab chiqarish munosabatlari muhim o`rin egallamagan.

Sharqdagi asosiy mamlakatlar (Ikki daryo oralig`i, Misr, Hindiston, Xitoy), keyinchalik esa boshqa mamlakatlar ham o`zlarining geografik qulay joyda joylashganliklaridan juda barvaqt foydalana boshlaganlar. Dastavval Sharqda - hududning asosiy qismi katta-katta daryolar (Dajla, Frot, Nil, Hind, Gang, Xuanxe va boshqalalr) vodiylarida va faqat uzoq chekkadagina tog` tizmalari va yassi tog`liklar tashkil qilgan mamlakatlarda davlatchilikka o`tish ro`y bergan. Bu yerda tabiiy sharoitlar ijtimoiy-iqtisodiy siljishlarni ham, oqibat natijada siyosiy tashkilotlar va madaniyatni ham belgilab beradigan ishlab chiqaruvchi kuchlar taraqqiyotining umumiy borishini tezlashtirishga imkon bergan. Sharqda yerning unumdorligi va uni sug`orish imkoniyatlari, ekib o`stirish uchun yaroqli bo`lgan foydali o`simliklarning va qo`lga o`rgatish, keyinroq esa xonakilashtirish mumkin bo`lgan hayvonlarning mavjudligi g`oyat katta ahamiyatga ega bo`lgan. Ana shular natijasida Yevropa Sharqdan ancha orqada qolgan. Ammo keyinchalik Yunoniston-Rim dunyosi rivojlanishining notekisligi sababli va qisman qadimgi Sharq xalqlarining yutuqlardian foydalanib, juda ilgarilab ketgan.

Antik dunyo, garchi keyinchalik ba’zi jihatdan Sharqdan o`zib ketgan bo`lsa ham, Sharq antik dunyoga katta ta’sir ko`rsatgan. Shuning uchun ham butun dunyo davlati va huquqi tarixini o`rganishda dastlab Sharq mamlakatlari davlati va huquqi tarixini o`rganishdan boshlashimizga ajablanmaslik lozim.



Qadimgi Sharq va antik dunyo davlatlari o`ziga xos bir qancha xususiyatlarga ega. Mana shu xususiyatlarni ochish ularning mohiyatini to`g`ri va to`liq tushuniob olishga katta yordam beradi. Shu nuqtayi nazrdan Sharq va antik dunyo davlatlari o`rtasidagi farqlar ham ochiq-ravshan bo`lib qoladi. Sharq davlatlarining kelib chiqishi va rivojlanishidagi o`ziga xos xususiyatlar ayniqsa ularning ijtimoiy, siyosiy tuzumi va huquq tizimida yaqqol namoyon bo`ladi. Ana shular haqida to`xtalib o`tamiz.

  1. Qadimgi Sharq davlatlari insoniyat tarixidagi dastlabki va eng qadimgi davlatlar bo`lgan. Bu yerda eng qadimgi shahar-davlatlar jamoa-urug`chilik tashkilotlarining yemirilishi natijasida miloddan avvalgi IV-III asrlardayoq paydo bo`lgan. Ular mehnat taqsimotining kuchayishi, boshqaruvchilik funksiyalarining murakkablashuvi, shu bilan birga, bu funksiyalarni bajaruvchi shaxslarning ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan va jamoa tepasida turuvchi oqsuyaklar tabaqasiga aylanishi natijasida tashkil topgan. Sharqda davlat ayrim olimlar e’tirof etganidek, qullar va quldorlar sinfining paydo bo`lishi natijasida tashkil topmagan. Zero, bir guruh olimlarning fikriga ko`ra: a) qulchilik Sharqda to`g`ridan-tog`ri xo`jalik yuritishning asosi bo`lmagan; b) asosiy qishloq xo`jalik ishlab chiqarish hududlarida qulchilik hukmron mavqeni egallamagan; d) Sharq mamlakatlaridagi qulchilik uy qulchiligi bo`lib qolgan. Shuning uchun Sharqda quldorlik formatsiyasi bor deb bo`lmaydi. Bu ishlab chiqarishning Osiyocha usuli deb atalib, unga alohida ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya deb qaralmog`i lozim deyishgan. Shubhasiz, Osiyocha ishlab chiqarish usuli haqidagi masala murakkab va tortiashuvli masaladir, bu mavzudagi munozarani hali tugagan deb hisoblab bo`lmaydi. Lekin maxsus Osiyo formatsiyasi (ba’zan uni hatto mahalliy emas, balki universal formatsiya deb e’tirof qiladilar) bo`lmaganligi borgan sari ko`proq ma’lum bo`lib qolmoqda. Sharqda qulchilik munosabatlari antik dunyoga nisbatan ancha sust rivojlangan, davlat tashkil topgan vaqtda hali ibtidoiy jamoa tuzumining ko`pgina qoldiqlari chuqur saqlanib qolgan.

  2. Bizga ma’lumki, Sharq davlatlari odatda daryolar havzalarida, masalan, Misr Nil daryosi havzasida, Xitoy Xuanxe, Bobil Frot va Dajla, Hindiston Hind va Jamna daryolari havzalarida tashkil topgan. Bu davlatlar hududida dehqonchilik qilish esa botqoqlikni quritish, irrigatsiya inshootlarini qurish asosida olib borilgan. Bunday ishlarni ayrim qullarning mehnati bilan amalga oshirib bo`lmas edi, u jamoaviy menatni talab qilgan. Shuning uchun ham yerga nisbatan qadimgi davlatlarda bo`lgani kabi xususiy mulkchilik emas, balki jamoa mulkchiligi saqlanib qolgan. Sharqda yerlarning haqiqiy egasi davlat hisoblanib, ozod jamoachi dehqonlardan yer uchun maxsus soliq - renta solig`i olingan.

Sharqda jamoa ustida turuvchi boshqaruv qurilmalarining ajralib chiqishi natijasida xususan podsho-cherkov xo`jaligi ham tashkil topa boshlagan. U asosan jamoa yerlarini o`zlashtirib olish hisobiga tashkil etilgan. Podsho-cherkov yerlaridan ajratiladigan uchastkalarga faqat u yoki bu ishlarni bajaruvchi, podshoga yoki cherkovga xizmatda turuvchi kishilargina ega bo`lishi mumkin edi. Bunday yerlarda qullarning, turli darajadagi qaram kishilarning mehnatidan ancha barvaqt foydalanila boshlangan edi.

  1. Sharq quldorchiligi asosan patriarxal quldorcilik bo`lib, uncha rivojlanmagan, xuddi antik dunyo mamlakatlaridagi singari klassik shaklga ega bo`lmagan. Bu yerda qullar o`z oilalauriga, hatto ayrim mulklariga ega bo`lganlar, qullarning mehnatidan ko`proq uy yumushlari va xo`jaligida, saroydagi turli past lavozimlarda foydalanilgan. Qadimgi Hindistonda xo`jayinning qullarga nisbatan o`zboshimchaliklarini cheklashga qaratilgan davlat qonunchiligi bo`lgan. Masalan, qul bolalarni ota-onalarisiz sotish taqiqlangan; xo`jayin qul mehnatidan foydalanayotganida uning varnadagi holatini hisobga olishga majbur bo`lgan va hokazo. Misrda qul jinoyat sodir etsa, qamoqqa olingan va davlat organlari tomonidan jazolangan. Davlat qullarga ibodatxonalardan boshpana topishga ruxsat bergan hamda o`z xo`jayinlari shafqatsiz munosabatda bo`lsa shikoyat qilish huquqini bergan va hokazo.

  2. Sharq mamlakatlari ijtimoiy tuzumi o`zining tabaqalashganligi, darajalashganligi, ayirmaliligi, pog`onama-pog`onaliligi bilan ham ajralib turadi. Masalan, Bobilda hukmron tabaqalarning o`zi ham ikkiga (avilium va mushkenuga) bo`lingan yoki Hindistonda kastali (toifali) tuzum mavjud bo`lib, ozod aholining o`zi braxmanlar, kshatriylar, vayshiylar va shudralar deb ataluvchi toifalarga ajratilgan hamda ularning huquqiy holati turlicha belgilangan. Ko`p ukladli ishlab chiqarishga asoslangan xo`jalik hayotining tuzilishi qadimgi Sharq jamiyatilarining ijtimoiy tarkibi juda rang-barang, xilma-xil bo`lishini belgilagan. Ulardagi barcha aholi qatlamlarini jamiyatda tutgan o`rniga, shug`ullanadigan mashg`ulotiga, bir-biriga o`zaro bog`liqlik darajasiga va shu kabilarga qarab umuman quyidagicha 3 guruhga bo`lish mumkin: 1) ishlab chiqarish vositalaridan mahrum bo`lgan va qaramlik holatida turgan turli toifadagi shaxslar, jumladan qullar ham; 2) erkin mayda ishlab chiqaruvchilar - o`z mehnatlari evaziga yashovchi jamoachi-dehqonlar va hunarmandlar; 3) hukmron ijtimoiy tabaqa - saroy va xizmatchi zodagonlar, armiyaning qo`mondonlik tarkibi, dehqonchilik jamoalarining boy yuqori qismi va boshqalar.

Sharqda aholi turli guruhlari o`rtasida aniq ijtimoiy-sinfiy chegaralar bo`lmagan, masalan, erkin kishilar bilan qullar o`rtasida oraliqdagi mavqeda turuvchi turli toifadagi turli kishilar, yoki allaqanday erkinlikka o`tish bosqichida turuvchi kishilar ham bolgan. Masalan, Hindistonda - shudralar, Bobilda - mushkenular va hokazo.

  1. Qadimgi Sharq jamiyatlarining muhim xususiyatlaridan biri ularning an’anaviyligidadir. Sharq mamlakatlaridagi barqaror ko`pukladlilik, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy shakllarning va institutlarning, hukmron diniy mafkuraning tarixan meros bo`lib o`tishligi qadimgi sharq jamiyatlarining an’anaviylik xarakteriga ega bo`lganaligini ko`rsatadi. Buni uzoq vaqt hukm surgan qadimgi Hindiston va qadimgi Xitoy tarixi misolida yaqqol ko`rish mumkin. Ularning mustahkam va o`zgarmas g`oyaviy-diniy yo`l-yo`riqlar bilan muqaddaslashtirilgan ijtimoiy-siyosiy tuzumi va huquqiy tizimi fikrimizning dalilidir.

  2. Sharq mamlakatlari o`zining davlat tuzumi bo`yicha ham antik dunyo mamlakatlaridan farq qilgan. Qadimgi Sharq davlatlari tashkil topgan vaqtdan boshlaboq despotik shakldagi davlatlar bo`lgan. Bunga ko`ra, davlat boshlig`I - despot (podsho, fir’avn) hokimiyati cheklanmagan bo`lib, uning qo`lida ijtimoiy hokimiyatning hamma tarkibiy elementlari – oliy qonun chiqarish, ijro etuvchi, sud va harbiy hokimiyat to`plangan. Despotizmning o`ziga xos yana bir xususiyati shundaki, despot bir vaqtning o`zida ham davlat boshlig`i, ham din boshlig`i hisoblangan. Unga alohida unvon berilishi (Misrda, Bobilda) uni xudoning yerdagi noibi ekanligini bildirgan. Masalan, qadimgi Hindistonda davlat boshlig`i - podsho braxmanlar ta’limotiga ko`ra inson qiyofasidagi xudodir, olov va nur, quyosh va oy, jazo va ezgulik manbayidir. Xitoyda esa imperator “osmon o`g`li” (tyanszi) deb atalib, bu nom o`rta asrlarda ham saqlanib qolgan. Misrda esa VI sulola fir’avnlari ismlarining tartibiga quyosh xudosi Raning ismi ham qo`yilgan. Ular Ra(quyosh xudosi)ning o`g`li unvonini olganlar. Shumer davlatlarida patesi(podsho)lar o`zlarini xudoning yerdagi noibi emas, xudo deb e’lon qilib, to`rt mamlakat podshosi deb ataganlar.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sharq mamlakatlarining davlat apparatida saylanib qo`yiladigan organ bo`lmagan. Barcha mansablar yo podsho tomonidan tayinlash, yo meros qilib olish asosida vujudga kelgan. Antik dunyo mamlakatlarida esa davlat hokimiyatining ko`pgina saylanib qo`yiluvchi organlari mavjud bo`lgan.

  1. Sharq mamlakatlari o`zining huquq tizimi bo`yicha ham antik dunyo mamalakatlaridan farq qilgan. Avvalo shuni aytish kerakki, Sharq mamlakatari huquqi insoniyat tarixidagi dastlabki huquq tizimlaridandir. Shu bois unda ibtidoiy jamoa tuzumining qoldiqlari va sarqitlari ancha vaqtgacha chuqur saqlanib qolgan. Unda hali qasos olish odatining izlari saqlangan, jazo tizimida jamoaviy javobgarlik, ya’ni bir kishining jinoyati uchun oila a’zolarining, urug`doshlarning javobgarligi, jazo tayinlashda talioniya, ya’ni “ko`zga-ko`z, tishga-tish” tamoyili, sud yuritish ishlarida ordaliya - sinab ko`rish mavjud bo`lgan. Bundan tashqari, qadimgi Sharq qonunlarida huquq ma’lum tarmoqlar bo`yicha bo`linib ishlanmagan. Unda moddiy va protsessual me’yorlar qo`shilib ketgan. Antik davlatlarda esa buning aksini ko`rish mumkin. Ayniqsa, tovar-pul munosabatlari ancha rivojlangan sharoitda tashkil topgan Rim quldorlik davlatida fuqarolik, nikoh-oila jinoyat huquqlari makammal ishlab chiqildiki, Rim huquqi Rim davlatidan keyin ham uzoq yashab, boshqa ko`p davlatlar huquqiga juda katta ta’sir ko`rsatdi.

(Muhamedov H. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi. I qism. – T.: Adolat, 1999, 39-44-betlar).


Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
3-mashg‘ulot.


Matbuot yangiliklari. “Qadimgi turkiylarning huquqiy odatlari” matni. Fe’l, uning bo`lishli, bo`lishsiz, o`timli, o`timsiz hamda noaniq shakllari. O`tgan zamon, hozirgi zamon, kelasi zamon fe’llari va ularni hosil qiluvchi qo`shimchalar. Fe’l zamonlarining o`zaro munosabati. Fe’lning xoslangan shakllari: sifatdosh, ravishdosh va harakat nomi, ularni hosil qiluvchi qo`shimchalar. Ularning sintatktik vazifasi. Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, M.Koshg`ariylarning hayoti va ijodi haqida matnlar tuzish.


Qadimgi turkiylarning huquqiy odatlari

Ma’lumki, ilmiy adabiyotlarda huquqiy odatlar va huquqiy bo`lmagan odatlar bir-biridan farqlanadi. Davlat tomonidan tan olinib, mustahkamlanib qo`yilgan va sanksiyasiga ega bo`lgan odatlargina yuridik odatlar hisoblanadi. Anglo-sakson huquqiy tizimi mamlakatlarida huquqiy odat hisoblanishi uchun sud organlari tomonidan ham sanksiyalangan bo`lishi talab qilinadi. Shuning uchun bo`lsa kerak, R.O.Xalfina odat huquqini - “Odatlarga asoslangan normalar tizimi” sifatida ta’riflaydi. Ammo turk-o`zbeklarda, aslida huquqiy va huquqiy bo`lmagan odatlar bir-biridan farqlanmagan. Shunga asosan yuridik lug`atlarda bu so`zga “Odat - bu musulmon xalqlarining odat huquq normalarining yig`indisi” deb ta’rif beriladi. Bizning fikrimizcha ham turkiylarda odat huquqi - bu ma’lum bir joyning yozib qo`yilmagan, og`izdan-og`izga, avloddan-avlodga o`tib kelgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan rasm-rusumlari va tartiblaridan kelib chiqadigan qoidalar yig`indisidan iboratdir. Tadqiqotchi S.I.Vorobyova urf-odatlarning o`ziga xos belgilari sifatida ulardagi tarixiy vorislik, takrorlanuvchanlik, nisbiy barqarorlik, ijtimoiy ongga singib ketish kabi belgilarni juda to`g`ri ko`rsatgan.

Turkiy xalqlarda odat huquqlari ilmiy yuridik adabiyotlarda qisman bo`lsa-da ishlab chiqilgan, ammo bajarilgan ishlarning ko`pchiligi jinoyat huquqiy odatlarini o`rganishga bag`ishlangan. Respublikamiz fanida ham bu manbaning sobiq sovetlar davridagi harakati qisman o`rganilgan sohadir. Qadimgi davrlar esa deyarli o`rganilmasdan kelinmoqda. Chunki, qadimgi davlatlarning yozma qonunchiligi bo`yicha bizga yetarli darajada ma’lumotlar ma’lum emas. Ammo hozirgi O`zbekiston doirasida zardushtiylik, budda, xristianlik, moniylik dinlari ko`p tarqalgan dinlar bo`lganligi uchun ularning muqaddas kitoblari ma’lum darajada huquq manbayi bo`lib xizmat qilgan, degan xulosa chiqarishga imkon beradi. Turkiy xalqlarda ko`proq odat huquqlari keng tarqalgan va bizgacha Xitoy manbalari orqali yetib kelgan. Arablar istilosigacha bo`lgan davrda G`arbiy Turk hoqonligi hamda Sug`d huquq manbalari va ularning asosiy belgilari bo`yicha Xitoy sulolalari tarixidan qisman ma’lumotlar keltirilsa-da, ammo ular aynan bir xil. “Txanshu”(Txan sulolasi tarixi)da Sug`d va uning bosh shahri Kan (Samarqand) haqida ko`proq ma’lumotlar uchraydi, ammo huquqi bo`yicha ma’lumotlar juda kam. Shu manbalarga tayangan holda ta’kidlash mumkinki, turklarning qadimgi ajdodlari bo`lgan xunnlarda yozma qonunchilik bo`lmagan, balki qonunlar og`zaki e’lon qilinib turilgan. Qonun (dao) deganda “ular tartib va obodonchilikni hamda davlat boshqaruvini” tushunishgan.

N.Y.Bichurinning asarlarida turklarning qadimgi ajdodlariga taalluqli odat huquqlari, oila va nikoh, ko`proq jinoyat huquqi bo`yicha ba’zi parchalar keltiriladi. Jumladan, ularda deyarli barcha davrlarda jangda o`lgan akaning xotiniga ukasining uylanish odati bo`lgan. Bu esa mazkur odat turkiy xalqlarning juda qadimgi davrlariga borib taqalishi uning asosiy sababi oilani saqlab qolish va davom ettirish ekanligini ko`ramiz. Xunnlarning davlatiga kirgan uxuanlarda esa, nikohga kirishdan 3 oy oldin bo`lajak kuyov kelin bilan topishishga harakat qilib, unga otlar, katta va kichik qoramollardan iborat to`y sovg`asini yuborgan. Shundan keyin u kelinning uyiga ko`chib o`tgan va uning uyidagi barcha qarindoshlariga har kuni ta’zim qilib turgan. Bir ikki yil shu tarzda yashagan. Undan keyin kuyov bilan kelin barcha mol-mulklari bilan kuyovning ota-onasinikiga jo`natib yuborilgan. Ana shu kelinga otlar, qoramollarni nikoh sovg`asi sifatida yuborish odati, keyinchalik, hatto turklarda musulmonchilik davrida ham chuqur ildiz otgan odat - qalin to`lash (qalliq uchun to`lov) shakllangan.

Motun hoqon haqidagi ma’lumotlarda ko`rsatilishicha, o`tkir qurolni qinidan chiqarganlik, fut (temirdan yasalgan og`ir qurol) bilan o`qtalganlik, odam o`ldirganlik va boshqa og`ir jinoyatlar uchun o`lim jazosi berilgan. Turk xalqlarida hozirgacha saqlanib qolgan “Qilichni qinidan chiqargan odam uchun uni qo`llashga doimo sabab topiladi” maqoliga ehtimol ana shu qonunlar asos bo`lgan bo`lishi mumkin. Nizoli ishlarni va tushgan shikoyatlarni hal etish, hukmlarni ijro etish og`zaki bo`lib, yozma shaklda maxsus ish yuritilmagan. Sudya etib esa dovyurak, kuchli, murakkab ishlarni hal etishga qodir bo`lgan kishilar tayinlangan. Sud jarayoni uch kundan oshiq davom etishi mumkin bo`lmagan. Dunxu qabilalarida (yoki Uxuanlarda ham) o`ziga xos jinoyat qonunlari mavjud edi. Jumladan, oqsoqollarning buyruqlariga bo`ysunmaslik uchun o`lim jazosi berilgan, ammo odam o`ldirish va o`g`rilik kabi jinoyatlarni sodir etish holatlarida aymoq (qishloq jamoasi) oqsoqollariga murojaat etmasdan zararni qoplash bilan hal etishga ruxsat berilgan. Odam o`ldirishda ayblangan kishi ot yoki qo`ylar bilan to`lash evaziga javobgarlikdan qutulishi mumkin bo`lgan. Bizning fikrimizcha, to XX asrning o`rtalarigacha chorvador turkiy xalqlarda mavjud bo`lib kelgan barimta ana shu qoidalardan kelib chiqqan bo`lishi mumkin. Qochoq va xoinlar, oqsoqollar tomonidan ta’qib qilinayotgan kishilarni hech kim o`tovlariga qo`yishlari mumkin bo`lmagan. Ular qum sahrolariga quvib yuborilgan, bu esa ko`pincha o`lim jazosi bilan barobar bo`lgan.

Shu o`rinda mavzudan biroz uzoqroq bo`lsa-da, ammo qadimgi xakaslarning davlati(manbalarda qirg`iz deb ham ko`rsatilgan) Gen Gunning G`arbiy Xunlarning davlati tarkibiga va Xakaslar turk-mo`g`ul qabilalaridan biri bo`lganligidan kelib chiqib, huquq tarixi uchun hech o`xshashi bo`lmagan ma’lumotlarni keltiramiz. Xitoylarning Txanshu sulolasi tarixi orqali bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko`ra, ularning qonunlari nihoyatda qattiq bo`lgan. Jumladan, “Elchilik topshiriqlarini bajarmaganligi, xonga aqlsiz (noto`g`ri) maslahat berganlik uchun, o`lim jazosi berilgan”. Agar o`g`rining otasi bo`lsa, o`g`lining tanasidan judo qilingan boshi uning bo`yniga osib qo`yilishi, otasi esa umrbod taqib yurishi lozim bo`lgan. Bunday jazoni biz huquq tarixida biror xalqda uchratmadik. Bu jazo nihoyatda qattiq va azobli, tahqirli jazo hisoblangan. Yuqoridagi ma’lumotlarning o`ziyoq quyidagi xulosalarni chiqarishga asos bo`ladi:



  1. Qadimgi turkiy xalqlar davlatlarida yozma qonunchilik bo`lmasa-da, odat huquqlari juda rivojlangan. Chunki, qonun o`sha davrdayoq tartib va intizom ramzi sifatida qaralgan.

  2. Oila va nikoh huquqi monogamiyaga asoslangan. Odat huquqlari bilan tartibga solingan nikoh tuzish shartlaridan biri qalliq uchun to`y sovg`asini berish bo`lib, keyinchalik ana shu odatlardan turkiy xalqlarda hozirgacha mavjud bo`lgan “qalin to`lash” odati shakllangan.

  3. Jinoyat qonunchiligi o`zining qattiqligi, jamoa javobgarligi hamda barimta xavfli holatda bo`lganligi uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Jazo tizimida bu vaqtlarda, ibtidoiy jamoa tuzumining qoldiqlari uchraydi, masalan, qum sahrosiga quvib yuborish (ostrakizm) og`ir jazolardan hisoblangan.

  4. O`ziga xoslik va odatlarning qadimgi mo`g`ul, tungus (manchjur), turk xalqlarida uchrashi, hatto ayrim joylarda hozirgi kunlarda ham u yoki bu darajada saqlanib qolganligi bu xalqlarning ildizlari bir, hozirgi turkiy xalqlar ularning vorislari ekanligini ko`rsatadi.

(Muqimov Z. O`zbekiston davlati va huquqi tarixi. – S.: Zarafshon, 1998,31-34-betlar).

Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
4-mashg‘ulot.

Matbuot yangiliklari. “Turk hoqonligi va uning ijtimoiy-siyosiy tuzumi” matni. Fe’lning aniq, o`zlik, majhul, birgalik hamda orttirma nisbatlari. Fe’lning xabar, buyruq-istak hamda shart mayli, ularning fe’l zamonlari bilan munosabati, nutqdagi ahamiyati. Hadisshunos olimlar haqida matn tuzish, hadislardan namunalar tarjima qilish.


Turk hoqonligi va uning ijtimoiy-siyosiy tuzumi

Oltoyda Turk hoqonligining paydo bo`lishi ashin urug`ining kuchayib, barcha turkiylarning bu urug` atrofida birlashishi bilan bo`gliqdir. Uning ijtimoiy-siyosiy tuzumini, huquq va odatlarini o`rganishda arxeologik qazilmalar materiallari, yozma manbalar, muqaddas diniy kitoblar, Uyg`ur, Xorazm va Sug`d yozuvlaridagi hujjatlar, shuningdek, bevosita turkiy manbalar: Kultegin, Tunyuquq, Bilga hoqon bitiktoshlari, O`rxun-Enasoy (turkiy-run) alifbosidagi bitiktoshlar manba bo`lib xizmat qilishi mumkin.

Jumladan, Kultegin bitiktoshida davlatning paydo bo`lishi haqida qiziq lavha bor: “Yuqorida ko`k osmon, pastda qora yer yaratilganda, ikkisining o`trtasida inson bolalari yaratilgan. Inson bolalari ustidan ota-bobom Bumin hoqon, Istami hoqon bo`lib o`rnashganlar. Ular taxtga o`rnashib, turk xalqining davlatini, rasm-rusumini tutib turganlar, rioya etib turganlar”. Eramizning 551-yilida turklar dastlab Jujan qabila birlashmalarini yengib, ularning hoqoni Bumin hoqon Mo`g`uliston va Oltoyda kuchli davlat tuzdilar. Bu davlat VI-VIII asrlarda Movarounnahr va Xorazmda, Sirdaryoning shimolida, Sharqiy Turkistonda va Orol dengizi atroflarida yashovchi turkiy qabilalar, jumladan, qarluqlar va ularga qardosh etnik guruhlarni birlashtirdi.

Kultegin bitiktoshida aytilishicha, Mug`on hoqon (553-557) va uning akasi Istami hoqon davrida ular Qashqadaryo va Surxondaryo chegarasidagi tor o`tish joyi Temir darvozagacha o`z xalqlarini yoygan. 560-yillarda Buxoroda eftalitlarning juda katta qo`shiniga zarba berib, ular hukmronligini uzil-kesil yemirib tashlagan. Bunda ular avval eftalitlarga soliq to`lab turgan sosoniylar Eroni bilan ittifoq tuzganlar.

Keyinchalik Eron chegaralariga chiqib g`arbda Qora dengizgacha yetdilar va Koreyadan Qora dengiz bo`ylarigacha tuzilgan juda katta saltanatga - Turk hoqonligiga asos soldilar. Deyarli butun Osiyo cho`llari va yuksak madaniyatli Turon yerlarini o`zida birlashtirgan qudratli yagona davlatning tashkil topishi, albatta o`sha davr siyosiy hayotida muhim o`rin egalladi. Ularning qo`shnisi bo`lgan Xitoy esa turklar vassaliga aylandi.

603-yilda hoqonlik ichki ziddiyatlar natijasida ikkiga - Sharqiy va G`arbiy hoqonlikka bo`linadi. O`rta Osiyo G`arbiy hoqonlik tarkibiga kiradi. VII asrning oxirlarida Xitoy bilan bo`lgan kurashlarda zaiflashgan Sharqiy hoqonlik o`rnida ikki Turk hoqonligi tashkil topadi va Qopag`on hoqon davrida esa Shimoliy Xitoy ustidan turklar hukmronligi qaytadan tiklanadi. Ayniqsa, shu davrdan boshlab Markaziy Osiyoni ko`pgina xalqlar, jumladan, Xitoy va vizantiyaliklar Turkiston deb atay boshlaganlar.

Markaziy Osiyoda turklarning kuchayib borishi Turon yerlariga necha yuzlab yillardan beri ko`z olaytirib yurgan sosoniylar Eronining noroziligiga sabab bo`ladi. Turklar esa Vizantiya bilan sosoniylar Eroniga qarshi bitim tuzadilar.

Bu vaqtda Markaziy Osiyoda deyarli mustaqil bo`lgan ko`pgina davlatlar va mulklar bor edi. Jumladan, Xorazm, Chag`aniyon, mustaqil davlatlar konfederatsiyasidan iborat bo`lgan Tohariston, Samarqand sug`di va boshqalar. Samarqand hukmdorining taxt unvoni chjaou bo`lib, ko`p olimlarning fikricha, bu turkiy unvon odatda kuchli davlat egalariga berilgan. Uning atrofida jami yetti mulk - Maymurg` bekligi, Ishtixon, Kushoniya, Buxoro vohasining sharqiy chegaralri va Nasaf (hozirgi Qarshi) bo`lgan.

Turk hoqonlari boshlang`ich davrlarda o`zlariga bo`ysungan joylardan faqat belgilangan miqdorda o`lpon (soliq) olib turish bilan qanoatlanib, mavjud davlatlarning ishlariga kam aralashganlar. Bunday ulkan davlat markazlashgan monarxiyadan iborat bo`lgan. Ayniqsa, arablar bosqini oldidan prof. B.Ahmedov ta’kidlaganidek, “15 ga yaqin yarim mustaqil mulkdan iborat bo`lgan”.

Har bir mulk va davlatning hamda shaharlarning o`z hukmdorlari bo`lib, ular turlicha nomda atalganlar. Jumladan, Xorazmda Xorazmshoh, Toharistonda Abg`u (Jabg`u), Chag`aniyonda chag`on xudot, Buxoroda buxorxudot (Chjaou deb ham atalgan), Samarqandda va Farg`onada ixshid, Keshda (Shahrisabz) ixrid, Toshkentda (Sharqiy turk hoqonligiga kirgan) xvabe (hokim), Usturshanada (O`ratepa) afshin deb yuritilgan.

Samarqandda podshoni ixshid deb atasa-da, Divastichning nomiga Rti Maroy - Oromiycha hokim degan ma’noni bildiruvchi so`z ham qo`shilgan. 618-yilda G`arbiy Turk hoqoni Tun Shohu islohot o`tkazib, mahalliy hukmdorlarni o`zining noiblari deb e’lon qiladi, ular ustidan nazorat qilish uchun oz vakillarini yuboradi. Bunday nazoratchilarni Toshkentda tudun deb ataganlar. S.P.Tolstov fikriga ko`ra u turk hoqonining urug`idan kelib chiqqan va bo`ysundirilgan joylardagi hokimlar faoliyatini nazorat qilish, o`lpon va soliqlarni yig`ishni tashkil qilish maqsadida tayinlangan noibdir.

Turk hoqonligining ijtimoiy tuzumida hukmron doiralarini o`troqlashib feodallashayotgan beklar, kelib chiqishi bo`yicha urug` boshliqlariga borib taqaladigan hamda xizmat qiluvchi tabaqa, tarxonlar tahkil qilgan. Davlat boshlig`i hoqonlikning vujudga kelishi yillarida, Tun jabg`u, Tangriqut, keyinchalik Hoqon (imperator) deb atalib, uning bosh kenti qadimgi Choch vohasining shimolidagi yashil dashtlarda joylashgan. 626-yilda uning urdusi (qarorgohiga) kelgan budda monaxi U yerda namunali darajada tartib va intizom bo`lganligini yozib qoldirgan. Mahalliy hokimlar esa yabg`u, jabg`u deb atalgan.

Shu joyda bir narsani ta’kidlash joizki, turk xalqlarining davlatchiligi ana shu hoqonlik (imperatorlik), beklik, otabeklik (knyazlik) shakllarida tashkil topdi. Bundan boshqa xalqlarning ham shunga o`xshash davlat tuzilmalari bor edi, albatta. Ammo turkiy xalqlarga xos bo`lgan yuqoridagi shakllar ularda ko`zga tashlanmaydi.

Panjakentdan topilgan Sug`d tangalarini tadqiq qilgan O.I.Simirnova Sug`dda podsholik qilgan sulolalarning vakillari turk qabilalaridan chiqqanligini tangalarga zarb etilgan “Jabg`u” so`zi asosida isbotlab bergan. Mahmud Koshg`ariyning ta’kidlashiga ko`ra, bu mansab, xondan ikki daraja past mansabdir. Ammo, yabg`u hoqonning o`rinbosari darajasida bolgan degan fikrlar ham bor. Bu lavozimga asosan xonning urug`laridan saylangan. Yabg`u mansabining katta-katta ma’muriy birliklarda uchrashiga qaraganda, u asosan viloyat hokimi vakolatiga to`g`ri kelgan, deyish mukin. Taxt vorisi tegin (ya’ni, shahzoda) deb yuritilgan. Shahzodalarga qondosh bo`lgan biror beklik yoki hokimlik qilgan kishiga shad unvoni berilgan. Turk hoqonlari maxsus marosim bilan saylanib qo`yilgan.

Sug`d mulkining arablar tomonidan bosib olinishi voqealarini bayon qilgan tarixchi At-Tabariy ham sug`d hokimlari va lashkarboshilarining turklar ekanligini yozib qoldirgan. Bu narsani sug`d hujjatlarida ham kuzatish mumkin. Masalan, 8-hujjatda Sug`d viloyatlaridan birining - Vaxsh podshosi va Panj (Panjakent) hukumdori 693-708-yillarda Chakin Chur Bilga bo`lganligini, 700-710-yillarda esa Sug`dda Tarxun (Xunlar xudosi) Sug`d podshosi bo`lgani va uning arablarga qarshi kurashgan Divashtichdan oldin o`tganligini bilib olish mumkin. Mazkur hujjatlarni o`rganish jarayonida Sug`d hukmdorlarining xuddi Xitoy hukmdorlariga o`xshab har biri o`z “Erasiga” ega bo`lganligi to`g`risidagi xulosaga kelindi. Bu hol, hech shubhaiz, turklarga o`z qo`shnilari Xitoydan o`tgan. Ular esa o`zlari bilan birga Sug`dga olib kelganlar. Bu hol Samarqand sug`dida turkiy xalqlarning qadimiy mavqeyiga yaqqol misol bo`la oladi.

Shu davrda turk hoqonligi va uning tarkibiga kirgan mulk va davlatlarning ijtimoiy tuzumi murakkab bo`lib, xalq quyidagi qatlamlar: boy zodagonlardan, savdogarlar, hunarmandlar, xizmat qiluvchi tabaqa amaldorlar va harbiylardan, dehqonlar va qullardan iborat bo`lgan. Yer egalari kishtichkarlar va kishovarzlarga bo`linib, dehqonlar kadivarlar deb atalgan. Hukmron sinf ozodlar deb atalib, bu davrda yirik feodal yer mulkining egasi bo`lgan dehqonlar ham ular tarkibiga kirgan. Harbiylar turkiycha chaqir deb atalgan. Hukmdorlar saroyida sug`d hujjatlariga ko`ra quyidaigi mansablar bo`lgan: harbiy ma’muriyat boshlig`i, Farg`onada tutug`, Sug`dda chapish deb yuritilgan , bu qadimgi Turk tilidagi chiyxon “lashkarboshi” mansabiga to`g`ri kelgan. Viloyat hokimlari sug`dcha xvabe deb yuritilgan. Podsho devonxonasining boshlig`i depirapat deb atalgan. Bundan tashqari gupat - “daromadlar noziri” moliya ishlari bilan shug`ullanuvchi mansab, oxvirpat podsho otxonasining noziri, boshlig`i(o`zbek tiliga oxur bo`lib kirgan); parvanak kirok - hujjatlar tuzuvchi mansabdor; paxtvanak (patxvane) jazoni ijo etuvchi jallod lavomizi bo`lganligini ko`rish mumkin.

Markaziy Osiyo xalqlari bu davrda bir necha dinga: zardushtiylik, xristianlik, moniylik va buddizmga e’tiqod qilganlar. Hujjatlarda diniy mansablar magupat - bosh qohin, vagipat - ibodatxona boshlig`i, xushufang - olti ibodatxona boshlig`i kabi nomlar uchraydi. Sug`dda “Qonuniy aktlarni sodir etadigan maxsus joy” - sud-notarial organlari mavjud bo`lgan.

(Muqimov Z. O`zbekiston davlati va huquqi tarixi. – S.: Zarafshon, 1998, 45-50-b.)



Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
5-mashg‘ulot.


Matbuot yangiliklari. “Hindiston feodal davlati va huquqi” matni. So`zning lug`aviy va grammatik ma’nosi, so`zning o`z va ko`chma ma’nosi. Lug`t tarkibining boyish yo`llari. Shakldosh, ma’nodosh, zid ma’noli so`zlar. Talaffuzida o`xshash so`zlar va ularning nutqdagi o`rni. Gapning ifoda maqsadiga ko`ra turlari: darak, so`roq, buyruq va undov gaplar. Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Zahiriddin Muhammad Boburlarning hayoti, faoliyati haqida matnlar tuzish, ular asosida suhbatlashish.



Hindiston feodal davlati va huquqi

Yuridik adabiyotlarda ko`rsatilganidek, hind feodal davlati va huquqi tarixi uch davrga: a) hind feodal davlatining tashkil topishi (IV-X asrlar); b) Dehli sultonligi va Boburiylar imperiyasi davrida gullab yashnashi (X-XVI asrlar); d) hind feodal davlatining inqirozi va Angliya hukmronligining o`rnatilishiga bo`linadi.

Quldorchilik munosabatlarining yemirilishi va yangi ijtimoiy munosabatlarning paydo bo`lish arafasi IV-V asrlar Guptlar imperiyasining yemirilishi davridir. Garchi feodal Hindistonning davlarga bo`linishi masalasida yagona fikr bo`lmasa-da, N.N Straxov tomonidan davrlarga bo`linishi diqqatga sazovordir: a) ilk feodalizm (VI-X asrlar); b) rivojlangan feodalizm (X-XI asrlar); d) kechki feodalizm (XVI asrlardan keyingi davr).

Hindistonning feodalizm tuzumiga o`tishi quldorlik tuzumining qoldiqlari - varnalar sistemasi, qishloq jamoasining turg`unligi kabilar saqlanib qolishi bilan hamda feodalizmning juda sekin rivojlanishi bilan xarakterlanadi. Feodalizmga o`tish Hindistonning turli rayonlarida turlicha davrda bordi. Feodal mulkchiligi davlat mulkchiligi shaklida ham qaror topdi.

Feodalizm davriga o`tishi bilan Hindistonning ijtimoiy tuzumidagi varnalar o`z sotsial sostavini o`zgartirib, feodal tabaqalar (kastalar)ga aylandi. Braxmanlar o`zlarining ilgarigi ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini yo`qotgan bo`lsalar-da, lekin sud vakolati ularga taalluqli bo`lib qoldi. Hindistonni musulmonlar bosib olgach, ular huzurida maslahatchilar bo`lib qoldilar.

Kishtariylar kastasiga faqat dunyoviy feodallar kirib, ularning vakillaridan mamlakatni boshqaruvchi apparat, knyazlarning aksariy qismlari, soliq yig`uvchilar tashkil qilingan.

Vayshiylar kastasi son jihatdan qisqarib, savdogarlar, sudxo`rlar va faqat boy hunarmadlargina qoldi.

Shudralar ekspluatatsiya qilinuvchi aholiga aylanib, feodal majburiyatlarni bajaradigan bo`lib qoldilar. Yer egaligiga kelganimizda esa uning shartli shakllari iqto (arablar davrida), jag`ir (Bobur davrida) deb atalib, feodallar zamindorlar deb yuritilgan. Jag`ir olgan feodal qo`shin saqlab uni qurollantirishga majbur bo`lgan. Zamindorlar esa faqat sultonga soliq to`laganlar, ular qo`shin saqlash majburiyatiga ega bo`lmaganlar. Feodallarning yerlarida jamoachi-dehqonlar ishlaganlar, ular yerlardan foydalanganliklari uchun hosilning uchdan bir qismidan tortib yarmigacha soliq sifatida to`laganlar.

Hindistonning davlat tuzumiga kelsak, eramizning IV asrlari boshlariga qadar Hindiston bir necha mustaqil davlatlardan iborat bo`lib, har bir davlat boshida o`zining mamlakatini to`la egallagan podsholar - maxaradjilar turgan. IV asrning boshlaridan shimoliy Hindiston, Gang va Hind daryolari havzasini birlashtirgan juda katta imperiya Guptlar davlati vujudga keladi. Bu boshida hindlar turgan oxirgi saltanat bo`lib, VI asrlargacha hukm suradi. Hindistonning siyosiy tarqoqligi hamda kuchli sinfiy kurash, uning O`rta Sharq feodal davlatlari qo`shinlari tomonidan bosib olinishini ancha yengillashtirdi.

Rivojlangan feodalizm davri Shimoliy Hindiston yerlarining musulmon hukmdorlari tomonidan birlashtirilishi bilan xarakterlanadi. 1175-yil G`azna hukmdori Muhammad Panjob yerlariga bostirib kiradi va hind knyazlarining qo`shinlarini tor-mor etib, Shimoliy Hindistonni o`z davlati sostaviga qo`shib oladi. 1206-yilda Muhammad G`uriyning vafotidan Shimoliy Hindiston noibi Qutbiddin Oybek hukmdorligida Dehli sultonligi vujudga keladi.

Bosqinchilar mahalliy feodallar safini to`ldirib, tezda mahalliy aholi bilan qorishib ketdilar.

Dehli sultonligi davrida Hindistonda musulmon dini yoyildi, aholining diniy e’tiqodiga qarab bo`linishi ro`y berdi.

XIV asrda Hindistonga Amir Temurning yurishi bilan u mayda bo`laklarga bo`linib ketdi. XVI asrning birinchi choragida o`sha vaqtda Afg`oniston hukmdori bo`lib turgan Bobur Mirzoning Hindistonga kirib kelishi bilan Dehli sultoligi yemirildi. Shundan keyin Dehlida Boburiylar sulolasiga asos solindi.

1526-yilda Boburning Dehlidagi afg`on sultoni ustidan g`alaba qozonishi bilan Hindistonda yangi davr, yangi saltanat - boburiylar imperiyasi boshlandi. Boburiylar saltanati ingliz, Gollandiya mustamlakachilari Hindistonni bosib olgunlariga qadar hukm surdi. Boburning avlodlari, ayniqsa, Akbarshoh davrida Hindiston markazlashib, barcha hind davlatlarini birlashtirdi. Dehli sultonligi davrida Hindistonning davlat tuzumi feodal yakka hokimligi shaklida bo`lib, davlat boshlig`i - sulton to`la ijtimoiy hokimiyatning egasi hisoblanib, uning bosh yordamchisi vazir bo`lgan. Mamlakat 23 viloyatga bo`linib, ular boshida sulton tomonidan tayinlangan valilar turgan. Boburiylar sulolasi davrida esa Hindiston mutlaq yakka hokimlik belgilarini o`zida ifodalagan davlat tuzumida edi.

Davlat boshlig`i imperator oily qonunchilik, sud, ijro, harbiy hokimiyatni amalga oshirgan. Imperator mamlakatni ministr (devon) orqali boshqargan: soliqlar va moliya masalalari devoni; mir-somon - ustaxonalar va omborlar boshlig`i; sadr-us-sudur - diniy va sud boshqaruvining boshlig`i. Saltanat 15 viloyatga bo`lingan bo`lib, ular boshida imperator tomonidan tayinlanadigan nozimloar turgan. Nozimlikning boshqaruv apparati xuddi markazdagidek tuzilishda tashkil qilingan.

Hindistonning bu davrdagi huquq manbalariga kelganimizda, uning yirik manabalaridan biri eski quldorchilik davridagi qonunlar bo`lib, ular qisman yangi mazmun bilan boyitib ishlatilgan. Hindiston mo`g`ullar, turklar, arablar tomonidan bosib olingandan keyin musulmon huquqi va uning asosiy manbayi Qur’on yoyildi. Musulmonlar va huquqiy munosabatda qatnashayotgan tomonlardan biri musulmon bo`lganda ishlar musulmon huquqi asosida, hindu, braxmanizm dinidagilarning ishlariga Manu qonunlari va boshqa qonunlar qo`llanilgan. Shuningdek, hindlarning oila-nikoh, vorislik bo`yicha kelib chiqadigan huquqiy munosabatlarida, albatta, hind huquqi qo`llanilgan.

Guptlar saltanati davrida feodal jinoyat huquqi davlat jinoyatlari, mulkka qarshi qaratilgan jinoyatlar, shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlarni bilgan. Jazoning asosiy turi jarima va turma qamog`i hisoblangan. Boburiylar davrida qatl etish jazosi faqat imperator tasdig`i bilan chiqarilishi o`rnatilgan. Ammo bunga qaramasdan u joylardagi sudlar tomonidan ham qo`llanilgan. Bu davrda tan jazolari ham keng yoyilgan. Sudlov jarayonida urug`doshlik tuzumining qoldiqlari saqlanib qolgan, suv, o`t, tarozi va zahar bilan ordaliya qilib, ko`rsatmaning to`g`ri- noto`g`ri ekanligi aniqlangan.

(Muqumov Z. Chet mamlakatlar davlat va huquqi tarixi. –Samarqand: SamDU nashri, 1992, 154-158-betlar)



Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
6-mashg‘ulot.


Matbuot yangiliklari. “Yujjatlarni qalbakilashtirish usullari va ularni tekshirish vazifalari” matni. Ot, uning turdosh, atoqli, aniq, mavhum, yakka, jamlovchi turlari hamda ularning o`zaro munosabati. Otlarda ko`plik. Otlarda egalik. Yordamchi so`zlar turkumi. Alisher Navoiy, Kamoliddain Behzodlar hayoti va ijodi haqida matnlar tuzish.



Hujjatlarni qalbakilashtirish usullari va ularni

tekshirish vazifalari

Hujjatlarni sud-texnik ekspertizasi sud va tergov amaliyotida eng ko`p tarqalgan ekspirtizalarning biridir. Bu holat hujjatlarning ijtimoiy sohalarning barcha doiralarida alohida o`rin tutganini, xilma-xil va keng tarqalgan materiallardan tayyorlanganligi bilan izohlanad. Hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi (HSTE) oldiga qo`yilgan vazifalar va tadqiqot qilinuvchi obyektlarning xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bu ekspertizaning obyektlari: turli hujjatlardagi (pul-to`lov hujjatlari, qimmatbaho qog`ozlar, ashyoviy boyliklarning harakatini ifodalovchi hujjatlar, shaxsiy hujjatlar, ma’lumotnomalar va boshqalar) tadqiqot qilinuvchi rekvizitlar (matn, imzo, muhr va shtamp izlari, belgilar, rezolutsiyalar), ularni tayyorlashda qo`llanadigan texnik vositalar (yozuv mashinkasi, printer) va boshqalardir.

Pul to`lov hujjatlari naqd pul kirimi va to`lovi bo`yicha turli operatsiyalarni aks ettiradi. Bular: chek daftarchasi, kirim-chiqim orderlari, kassa daftarchasi, to`lov vedomostlari, turli kvitansiyalar, deponent kartochkalari.

Moddiy boyliklarning harakatini aks ettiruvchi hujjatlar - bular nakladnoylar, kirim-chiqim xarakteridagi barcha hujjatlar kompleksi.

Shaxsiy hujjatlarga insonning shaxsini, bilimini tasdiqlovchi va mehnat faoliyatiga xos bo`lgan hujjatlar kiradi. Ularga passport, xizmat guvohnomasi, ruxsatnoma, harbiy bilet, kasaba uyushmasi biletlari, haydovchilik guvohnomalari, diplomlar va hokazolar taalluqlidir. Mehnat faoliyatiga xos bo`lgan hujjatlar: mehnat daftarchalari, mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotnomalar, kasallik varaqalari, qabul qilish va ozod etish haqidagi buyruqlar, shaxsiy varaqlar va boshqalardir.

Tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni fuqarolar talabi bo`yicha berish mumkin bo`lgan barcha ma’lumotnomalar tashkil qiladi.

Boshqa hujjatlar turiga lotereya chiptalari, temir yo`l va havo yo`llarining pulli chiptalari, tomosha chiptalari, retseptlar kiradi.

Ekspertiza obyektlariga hujjatlardan tashqari yozuv ashyolari rekvizitlar va belgilarni bajarishda foydalaniladigan turli bo`yoq vositalari, qog`oz, yozuv qurollari, yelim va aynitish moddalari ham kiradi. HSTEning asosiy vazifalari quyidagilardir:



  1. Hujjatning tayyorlanish uslubini aniqlash.

  2. Hujjatning mazmunini o`zgartirish fakti va usulini aniqlash.

  3. Ko`rinmaydigan va xira ko`rinadigan yozuvlarni aniqlash.

  4. Hujjatlarning birlamchi ko`rinishini aniqlash.

  5. Hujjatlarni bajarishda qo`llanilgan uskunalar, vositalar, qurollar va materiallarni identifikatsiya qilish.

Hujjat materiallarining ekspertizasi hal qilishi lozim bo`lgan vazifalar hujjat materiallari tarkibini, ularning sinfini, turini, maskani, ishlab chiqargan zavodini aniqlash, u yoki bu hujjat materiallarining aniq hajmini identifikatsiyalashdan iborat.

Har bir asosiy vazifa ekspertizaning mos turini belgilovchi bir qator maxsus vazifalarni birlashtiradi. Sud-texnik ekspertizaning asosiy turlarini quyidagicha ajratish mumkin:

- birlamchi mazmuni o`zgartirilganligini (o`chirilish, qo`shimcha yozuvlar kiritish, qo`shimcha belgilar chizish, aynitish, yuvishni) aniqlovchi ekspertizalar;

- muhr va shtamp izlarining ekspertizasi;

- mashinkada yozilgan matnlarni tekshirish. Bunga boshqa matn bosish vositalari, jumladan EHM, ko`paytiruvchi moslamalarda tayyorlangan matnlar ham kiradi;

- hujjat blankalarini tekshirish;

- qalbakilashtirishdan asrovchi maxsus vositalar bilan himoyalangan hujjatlarni tekshirish;

- qayta yopishtirilgan fotosuratlarni aniqlash;

- hujjatlarning qismlari bo`yicha butunni tiklash;

- hujjatlarning montaj qilinganini, ya’ni bir necha turli qismlardan yasalganini aniqlash;

-imzolarni texnik vositalar yordamida qalbakilashtirilgaligini aniqlashtirish;

- kuygan hujjatlarni tekshirish;

- bostirib yozish oqibatida qolgan rangsiz chiziqlar bo`yicha matn mazmunini tiklash;

- rangi o`chib ketgan yozuvlarni tiklash;

- kesiluvchi chiziqlar bo`yicha ularning bajarilish ketma-ketligini aniqlash;

- yozuv materiallari, yopishtirish vositalari va qog`ozlarni tekshirish.

Hujjatlarni qalbakilashtirishning ikki turi mavjuddir: intellektual soxtalashtirish va o`zgartirish kiritish.

Birinchi turda hujjatning umumiy shakli to`g`ri b o`lib, undagi ma’lumot to`laligicha yoki qisman soxta bo`ladi, masalan, moddiy mablag`ni sarf qilish hujjatiga soxta ma’lumotni kiritish.

Ikkinchi turida esa hujjatlardagi birlamchi m’lumotlarni g`ayriqonuniy o`zgartirish bilan bog`liq (qo`shimcha, o`zgartish kiritish, o`chirish, buzish kabilar).

O`zgalar mulkini turli usullarda talon-taroj qilish jinoyatlarini tekshirishda ko`p hollarda soxta hujjatlar bilan ishlashga to`g`ri keladi. Ko`rinishidan to`g`ri va qonuniy rasmiylashtirilgan hujjatlardagi ma’lumotlarga jinoiy unsurlar o`zlarining foydasiga moslab, soxta ma’lumotlarni rasmiy hujjat blankalarida aks ettiradilar. Qoidaga asosan imzolar va muhrlar bilan tasdiqlab, unga haqiqiy, qonuniy tus beradilar.

Bunday jinoyatlarni tergov qilish jarayonida hujjatlar soxtaligini aniqlash uchun shubhali bo`lgan hujjatlardagi ma’lumotlarni tekshirib o`rganib, uning mazmuni boshqa nusxalardagi ma’lumotga to`g`ri kelishi, keyingi navbatdagi operatsiyalarni aks ettiruvchi hujjatlarga mos kelish-kelmasligini aniqlash bilan hal etiladi. Ba’zida intellektual soxtalashtirishning moddiy javobgar shaxslarning o`zi uchun yozib borgan ma’lumotlar (“yashirin buxgalteriya”)ni aks ettiruvchi yozuvlarni ko`zdan kechirish natijasida ham olish mumkin bo`ladi.

Hujjatlarga o`zgartirishlar kiritish yo`li bilan qalbakilashtirilgan hollarni tekshirishda quyidagi alomat belgilarga e’tibor berish lozim.



Hujjatning matnidagi ayrim yozuvlarni (harf, raqam belgisi, imzo)ni o`chirish natijasida qog`ozning ustki silliq qatlami zararlanadi, qog`oz tolalarining hurpayishi va rangi bir muncha o`zgarishi kuzatiladi, o`chirilgan joydagi birlamchi yozuvlarning ayrim chiziqlari saqlanib qoladi.

Hujjat matni maxsus blankada bajarilgan bo`lsa, unga qo`shimcha ravishda qog`ozning yuzasidagi kashtasi va bosmaxona chiziqlari zararlanadi, o`zgaradi.

Yozuvlarni yo`qotish maqsadida o`tkir asbob bilan qog`ozning ustki qatlamini kesib-qirqib o`chiradilar. Bunday hollarda qog`ozning orasidan yorug`lik tushirib kuzatilganda qog`ozning yupqalanganligi ko`rinadi, o`chirilgan avvalgi yozuvning botiq izlari bo`yicha uning mazmunini tiklash mumkin bo`ladi.

Hujjatning o`chirilgan yozuvlari o`rniga yangi, jinoiy maqsadga kerak bo`lgan matn yoki harf-raqamlarni yozgan qog`ozning ustki qatlami zaralangani sababli yozuv quroli bo`lgan qalam, pasta-siyoh moddalarining zarrachalari yoyilib, qog`ozning ichki qatlamiga singib ketadi. Undan tashqari birlamchi yozuv bo`yoqlari bilan, keyingi yangi yozuvdagi bo`yoqning rangida birmuncha farqni kuzatish mumkin bo`ladi.



Hujjat matniga qo`shimcha yozuv, raqam va boshqa o`zgartirishlar kiritish.

Qalbakilashtirishning bu turi hujjatning avvalgi matniga qo`shimcha yozuvlar kiritish orqali mazmuni va son-raqm belgilari o`zgartiriladi. Raqamlarning ayrim qismlariga qo`shimchalar kiritib uni ko`paytirish yoki kamaytirish maqsadiga erishiladi.

Qo`shimcha kiritilgan yozuvlar birlamchi matnning buzilishiga olib keladi, undagi birlamchi yozuvlardan joylashuvi va boshqa belgilari bo`yicha bir muncha farq qiladi. Xat belgilaridan tashqari yozuv vositasi bo`lgan bo`yoqning rangida ham (ba’zan oddiy ko`z bilan ko`rib bo`lmaydigan darajadagi) farqi bo`ladiki, matnni bosish vositasida masalan, yozuv mashinasida qo`shimcha so`z, raqam va boshqa yozuvlar kiritilganda ham yuqorida ko`rsatilgan belgi-alomatlar mavjud bo`ladi.

Yozuv mashinkasida bajarilgan matnlarga qo`shimcha yozuvlar kiritilganda harflarning joylashuvi, chiziqning oralig`i (intervali) bosmaxona bo`yog`ining tarkibidagi farqini va boshqa belgilarni kuzatish mumkin.



Hujjatdagi yozuvlarni rangsizlantirish, yuvish.

Hujjatning ayrim qismlaridagi yozuv yoki to`liq matn turli kimyoviy moddalar bilan rangsizlantiriladi, yuvib tashlanadi va zarur hollarda o`rniga kerakli bo`lgan yozuvlar kiritiladi. Bunda reaktiv moddaning ta’siri natijasida qog`ozning tarkibi birmuncha o`zgaradi, sariq dog`lar hosil bo`ladi, qog`ozning ustki silliq qatlami mo`rt holga kelib buklashda sinib, tolalari uzilib ketadi. Yo`qotilgan, rangsizlantirilgan yozuvlar o`rniga boshqa yangi matnni bajarishda yozuv vositasi (qalam, pasta, siyoh) bo`yog`i birmuncha yoyilib qog`ozning ichki qatlamiga tarqalib ketadi.

Bunday hujjatni ultrabinafsha nurlarda kuzatish bilan undagi o`zgarishlarni, avvalgi yozuvdan saqlanib qolgan bo`yoq qoldiqlari (dog`lari), kimyoviy moddaning ta’siri bo`lgan joylarni aniqlash mumkin. Bu holda qog`oz tarkibiga singib qolgan avvalgi yozuvlar qoldiq bo`yoq dog`larini turli nurlarda rangini kuchaytirib kuzatish va suratga olish bilan tiklanadi.

Hujjatlardagi fotosurat va markalarni o`zgartirish (avvalgi haqiqiysi o`rniga boshqasini yopishtirish).

Shaxsiy hujjatlarga yopishtiriladigan fotosuratlarning odatda o`ng yoki chap burchagi ustidan muhr aksi tushadi. Shu kabi yopishtirilgan marka ustidan ham shtamp va imzoning bir qismi aks etadi. Fotosurat, marka ko`chirilib, o`rniga qaytadan boshqalari yopishtirilganda muhr, shtamp qismining aksi qo`lda yasaladi (chiziladi) yoki boshqa muhr bilan tushiriladi. Bu holda muhrning umumiy tuzilishi, doira bo`yicha joylashgan yozuvlarning umumiy va xususiy belgilari mos kelmaydi. Fotosurat va markalarning orqa qismini kuzatish va tekshirish orqali oldingi va keyingi navbatda ishlatilgan yelimning turini aniqlash mumkin.



Imzolarni texnikaviy qalbakilashtirish.

Soxta hujjatlarga haqiqiy asl hujjatdagi imzolarni kopirka qog`oz yordamida yoki hujjatni yorug`likka tutish bilan imzoning soyasini soxta hujjatga tushirib so`ng ustidan yozish quroli bilan yurgizish yo`li bilan qalbakilashtirish holatlari mavjud. Bunday imzoda yozuv harakati tezligi bir muncha sustlashganligi, chiziqlarning yo`g`onlashganligi va tekisligi buzilganligi kuzatiladi. Hujjatni turli nurlarda ko`zdan kechirish natijasida soxta imzoning shtrixlarida qalam, ruchka harakatini to`xtatish alomatlari va kopirka qog`oz bo`yoqlari zarrachalarini aniqlash mumkin bo`ladi.



Muhr va shtamp akslarini tekshirish.

Qalbaki muhr va shtamplarning o`zi qo`lda yasalgan bo`ladi yoki aksining nusxasi qo`lda chiziladi. Odatda, yumaloq yasama muhr, shatmplarning standart shaklidan doirasi, to`rtburchak, uchburchak turlarining esa o`lchovlari farq qiladi. Harf shakllari, o`lchovi, o`zaro joylashuvi buzilishi kabi belgilar hosil bo`ladi. Doira va uchburchak shakli chizilganda ishlatiladigan asboblardan ham izlar qoladi. Masalan: sirkuldan qoladigan teshik, qalam va ruchkada chizilganda harakatning bir ikki joylarida to`xtash alomatlari kabilar.

Hujjatdagi haqiqiy muhr aksini bir oz namlab soxta hujjatning kerakli joyiga tushirish usuli ham uchrab turadi. Bu holda muhr aksidagi bo`yoq (pasta-mastika) chiziqlari yoyilib, rangi ancha susayadi, yozuvlari va muhrlari markazidagi rasm belgilari noaniq bo`lib tushasdi. Muhr-shtamplarning akslarini soxtalashtirishda ba’zida bir necha usullarni qo`llaydilar. Soxta hujjatdagi muhr, shtamp akslarini ko`zdan kechirish jarayonida uning qaysi muassasa, vazirlik, idora-korxonaga tegishli ekanligini aniqlash, asl nusxa namunalari bilan solishtirib ko`rish, uning ko`rinishining umumiy buzilishiga, harflarning joylashuviga, standart shakliga mos kelishiga e’tibor berish lozim.

Hujjatlarning qalbaki blankasini yasash.

Bu usul ko`p holarda shaxsiy hujjatlarni (oliy va o`rta ma’lumot haqidagi diplomlar, haydovchilik va shaxsiy guvohnamalar va b.) tayyorlashda, shuningdek pul va qimmat baho qog`ozlar (obligatsiya, lotereya, chek, veksel va b.)ni qalbakilashtirishda ishlatiladi. Jinoyatchilar blankalarni yasashda rassomlik, poligrafiya hunarlarini ishlatish bilan birga turli moslama va texnik jihozlarni qo`llaydilar. Soxta blankadagi bosmaxona yozuvlari umumstandart shaklidan, bo`yoqning tarkibi, rangi, bosmaxona harfi tuzilishi bo`yicha farq qiladi. Yasama blankalarni tayyorlashda qo`llanilgan material, bo`yoq, yelim tarkiblari ham guruh mansubligi jihatdan asl blankalardan farq qiladi.

Soxta pul va qimmatga ega qog`ozlarni yasashda quyidagi belgilar hosil bo`ladi: maxsus himoya vositasini, qo`g`ozning ichki va sirtqi qatlamidagi mikroskopik kashta va matnning yo`qligi, qog`ozning tarkibiga kiruvchi kimyoviy vositalarning boshqacha turi ishlatilishi va b.

Jinoyatchilar hujjatlarni soxtalashtirishda bir necha hujjatning qismlarini o`zaro montaj qilish usuli va hozirgi zamon texnik jihozlarini ishlatish bilan ham amalga oshiradilar.

Qalbakilashtirilgan hujjatlarning yuqorida ko`rsatilgan belgi, alomatlarini kuzatish va aniqlash uchun kriminalistik texnika nazariyasi ishlab chiqqan uslub va uslubiyatlarni egallamoq, shuningdek zamonaviy texnik vositalarni qo`llay bilmoq zarurdir.

(Alimova R., Otaxo`jayev S. Sud ekspertizasini tashkil qilish va o`tkazish masalalari. – T.: Yangi asr avlodi, 2001, 32-37-betlar)

Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
7-mashg‘ulot.


Matbuot yangiliklari. “Mustaqillik, Konstitutsiya va huquqiy qadriyatlar” matni. Bosh kelishik. Qaratqich, tushum, jo`nalish, o`rin-payt va chiqish kelishiklari, ularning qo`shimchalari. Kelishiklarning so`z birikmasi, gaplar tuzishdagi ahamiyati. Abdulla Qodiriy, Cho`lpon, Fitrat, Behbudiylar hayoti va ijodi haqida matnlar tuzish.



Mustaqillik, Konstitutsiya va huquqiy qadriyatlar

Mustaqillikka erishgan har bir xalq o`z taraqqiyot yo`lini izlaydi, yangi jamiyat va davlat bunyod etishda o`z andazasini ishlab chiqishga harakat qiladi. O`zbekiston o`zining istiqlol va taraqqiyot yo`lini tanlab oldi, ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o`tish rejasini ishlab chiqdi. Milliy xususiyatlar va an’analarni inobatga olgan fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o`tish, mustaqil davlat manfaatlari ustuvorligiga va teng huquqli hamkorlikka asoslangan tashqi siyosatning aniq prinsiplarini va yo`nalishlarini belgilab oldi.

Mustaqil O`zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi ayni shu ezgu maqsadlarning huquqiy kafolatidir. U mustaqil huquqiy yo`limizning va milliy huquqlarimiz tizimining tayanch poydevoridir. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek: ”Tabiiyki, har qanday davlatning yuzi, obro`-e’tibori uning Konstitutsiyasi hisoblanadi. Zotan, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnomadir. Shu ma’noda Asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Chunki uni ishlab chiqish va muhokama etishda butun xalq ishtirok etdi. Bir so`z bilan aytganda, Konstitutsiyamiz tom ma’noda xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsulidir”.

Konstitutsiyamizning Muqaddimasida O`zbekiston xalqining o`z istiqlol va taraqqiyot yo`lida qaysi siyosiy va huquqiy negiz hamda prinsiplarga tayanishi aniq ko`rsatib berilgan. Bu negiz va prinsiplar:



birinchidan, jahonning ma’rifiy rivojlangan mamlakatlari e’tirof etgan inson huquqlari va davlat suvereniteti g`oyalari va prinsiplariga sodiqlik;

ikkinchidan, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatni anglash;

uchinchidan, o`zbek milliy davlatchiligining boy tarixiy tajribasiga tayanish;

to`rtinchidan, demokratiya va ijtimoiy adolat ideallariga sadoqat;

beshinchidan, xalqaro huquqning butun jahonda e’tirof etilgan prinsip va normalarini tan olish;

oltinchidan, O`zbekiston fuqarolarining farovon hayot kechirishlarini ta’minlash;

yettinchidan, insonparvar demokratik huquqiy davlatni barpo etish;

sakkizinchidan, fuqarolar tinchligi va milliy hamjihatligini kafolatlash.

O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi chinakam demokratik konstitutsiyadir, u tarixda sinalgan umumbashariy huquqiy qadriyatlarni o`zida mujassam etgan.

O`zbekiston Respublikasi uchun mustaqillik yillari qad rostlash, o`zlikni anglash, istiqbol rejalarini belgilash hamda ulug`vor maqsadlarga erishishga yo`naltirilgan islohotlar pallasi bo`ldi. Sarhisob qilinadigan bo`lsa, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda e’tiborga molik yutuqlarni qo`lga kiritdik.

Xo`sh, mustaqillik bizga nima berdi, degan savolni o`rtaga qo`yaylik.

Birinchidan, Mustaqillik bizga tilimizni qaytardi. O`zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.

Ikkinchidan, Mustaqillik bizga dinimizni, e’tiqodimizni qaytardi. Vijdon va e’tiqod erkinligi konstitutsiyaviy asosga hamda qonuniy kafolotga ega bo`ldi. Hozir O`zbekistonda 15 ta diniy konfessiyaga mansub 1800 dan ziyod diniy tashkilotlar, shu jumladan 1496 ta islomiy diniy birlashma – masjid va diniy madrasalar faoliyat ko`rsatmoqda. Musulmonlar muntazam ravishda Muborak haj va Umra ibodatlariga borib kelmoqdalar.

Uchinchidan, Mustaqillik bizga tariximizni qaytardi. Bugungi kunda uch mung yillik milliy tariximizni qayta tiklayapmiz va xolisona o`rganyapmiz, tarixiy haqiqatni anglamoqdamiz.

To`rtinchidan, Mustaqillik bizga ma’naviyatimizni qaytardi. Istiqlol sharofati bilan sobiq sovet tuzumi davrida taqiqlab qo`yilgan boy milliy-tarixiy ma’naviy xazinamiz sarchashmalaridan bahramand bo`lmoqdamiz. Insoniyat sivilizatsiyasiga, dunyo ilm-fani va madaniyatiga benazir hissa qo`shgan bobokalonlarimiz – Imom al-Buxoriy, At-Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Ahmad al-Farg`oniy, Mirzo Ulug`bek, Zahiriddin Bobur va boshqa ko`plab ajdodlarimiz “yurtga qaytdilar”.

Ikkinchi chaqiriq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining to`qqizinchi sessiyasida I.A.Karimov fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish xususida nutq so`zlab, shunday dedi: “Mustaqillik biz uchun muqaddas qadriyatlar va milliy an’analarga tayangan holda va tarzda yashash, ana shu bebaho merosni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yanada boyitgan holda yetkazish demakdir”.

Beshinchidan, Mustaqilllik bizga insoniy huquqlarimizni, siyosiy erkinliklarimizni qaytardi. Endilikda O`zbekiston fuqarolari o`z davlatining egasi, yagona xalq tarzida davlat hokimiyatining birdan bir manbayi sifatida maydonga chiqmoqdalar. Fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va erkinliklari Konstitutsiya hamda qonunlarda mustahkamlab qo`yilgan. “Mustaqillik – bu huquq demakdir”, deb xitob qilganida Prezident Islom Karimov ming bora haq edi. Darhaqiqat, inson o`z huquqlarini anglash va ro`yobga chiqarish orqali erkin, mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Mustaqillik sharoitida qo`lga kiritilgan eng katta yutug`imiz shundaki, avvalo, xalqimizning milliy, tarixiy qadriyatlari tiklandi, shuningdek o`z tabiatimizni ifoda etuvchi yangi zamonaviy demokratik qadriyatlarimiz tizimi shakllanmoqda. Ma’lumki, har qanday jamiyatning mohiyati, mazmuni unda qaror topgan hamda xalqning turmushidan mustahkam o`rin olgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy va huquqiy qadriyatlar tizimi bilan belgilanadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov bu xususda quyidagi fikrlarni bildiradi: “Biron bir jamiyat imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay turib o`z istiqbolini tasavvur eta olmydi. Xalqning madaniy qadriyatlari, ma’naviy merosi ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli ma’naviy manba bo`lib xizmat qilgan. Uzoq davom etgan qattiq mafkuraviy tazyiqqa qaramay, O`zbekiston xalqi o`z tarixiy va madaniy qadriyatlarini hamda o`ziga xos an’analarini saqlab qolishga muvaffaq bo`ldi.

Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko`p asrlar davomida yaratib kelingan g`oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo`lib qoldi”.

Dunyoning eng oliy ne’mati, betakror xilqati insondir. Ana shu haqiqatdan kelib chiqib insonlaroning ijtimoiy turmushi uchun zarur va foydali bo`lgan, ularning rivojlanishi uchun xizmat qiladigan, sharoit yaratadigan barcha predmet hamda voqeliklar qadriyat sanaladi.

Jamiyat hayotida mavjud turli-tuman qadriyatlarni ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, diniy, milliy, ma’naviy mazmundagi qadriyatlarga ajratish mumkin. Bu o`rinda barcha qadriyatlar xususida mufassal to`xtalishni o`z oldimizga maqsad qilib qo`ymaymiz. Asosiy e’tiborni huquqiy qadriyatlar talqiniga, ayniqsa, mustaqillik yillarida ijtimoiy turmushimizdan joy olib ulgurgan huquqiy qadriyatlarga qaratamiz.

Xo`sh, huquqning ijtimoiy qadriyat sifatidagi xususiyatlari nimalarda ko`rinadi?



Birinchidan, huquq ta’sirchan vosita tarzidagi qadr-qimmatga ega. U kishilarning xatti-harakatiga uyushqoqlik, tashkiliylik, barqarorlik, o`zaro munosiblik baxsh eta oladi. Ayni vaqtda, ular ustidan nazorat o`rnata oladi. Shu tariqa huquq ijtimoiy munosabatlar tizimiga batartiblik hamda barqarorlik kiritadi, ularning muayyan ma’rifiylik darajasida bo`lishini ta’minlaydi. Huquq, shuningdek, jamiyatda davlat boshqaruvini amalga oshirishning qudratli vositasi hamdir.

Ikkinchidan, huquqning qadri shundaki, u ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilarining umumiy (muvofiqlashgan) irodasini ifodalab, individlar, butun jamiyat manfaatdor bo`lgan munosabatlarning rivojlanishiga ko`maklashadi.

Uchinchidan, huquq shaxsning jamiyatdagi erkinligini ifodalaydi, erkinlikning mezoni sifatida namoyon bo`ladi. Bunda huquqning ijobiy salohiyati va qimmati erkinlikni umuman e’tirof etishda emas, balki uning chegarasini, me’yorini qat’iy belgilab berishidadir. Kundalik hayotimizda huquq ijtimoiy erkinlikning, shaxs faolligining mujassam ifodasi, erkinlik va mas’uliyat o`zaro uyg`un ekanligi ramzi sifatida gavdalandi. Huquqning bunday vazifasi tufayli ijtimoiy munosabatlarning batartibligiga erishiladi, kishilar hayotidan noqulaylik, zo`ravonlik, o`zibilarmonlik, xo`jasizlik kabi illatlar istisno etiladi.

To`rtinchidan, huquqning qadr-qimmati uning adolat g`oyasini ifodalay olish imkoniyati bilan belgilanadi. Aslida “adolat” so`zi “haq”, “haqiqat”, “huquq” so`zlari bilan teran ma’nodosh hisoblanadi. Amaliyotda esa huquq adolatning me’yorlangan ifodasi, moddiy ne’matlarni adolatli taqsimlash mezoni bo`lib, barcha fuqarolarning – kelib chiqishi, mulkiy holati, ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar – qonun oldida tengligini mustahkamlaydi. Shu bois qonuniy hal etilgan har bir ish kishilar ongi va tasavvurida adolatli hal qilindi, deb e’tirof etiladi.

Demak, huquqning yuksak qadri, nufuzu uning insonparvarlik ruhi bilan sug`orilganligida, inson manfaatlariga bo`ysundirilganligidadir. Jamiki dunyoviy ne’matlar ichida eng ulug`i inson, “… barcha narsalar me’yori Insondir” (Protagor) degan hikmatlar huquqni baholashda asosiy mezon vazifasini o`taydi.



Beshinchidan, huquqning qadri yana shunda ko`rinadiki, u taraqqiyotning qudratli omili, jamiyatni ijtimoiy rivojlanishining tarixiy maromiga mos ravishda yangilashning manbayi sifatiga maydonga chiqadi. Huquqning bunday roli mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy yangilanishlar pallasida alohida ko`zga tashlanmoqda. Yurtimizda mustaqillik yillarida qabul qilingan qonunlar yangi, bozor iqtisodiyoti munosabatlarini, shuningdek demokratik tamoyil va qadriyatlarni qaror toptirishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.

(Odilqoriyev H. Konstitutsiya va fuqarolik jamiyati. – T.: Sharq, 2002, 42-49-betlar)

Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
8-mashg‘ulot.


Matbuot yangiliklari. “Oliy ta’limni isloh qilish omillari nimalardan iborat?” matni. Sifat va son so`z turkumi, ularning ma’no va tuzilishiga ko`ra turlari, otlashishi, gapdagi vazifasi. Abdulla Qahhor, Muso Oybeklarning hayoti va ijodi haqida matnlar tuzish.




Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa