Iordaniya Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi— Yaqin Sharqda, Osiyoning gʻarbiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 91,8 ming km2. Aholisi 6,259,932 kishi (2001). Poytaxti — Amman shahri. Maʼmuriy jihatdan 12 muhofaza (viloyat)ga, muhofazalar tumanlarga boʻlinadi.
Iordaniya — konstitutsiyali monarxiya. 1952-yil 8-yanvarda qabul qilingan konstitutsiya amal qiladi (keyingioʻzgarishlar bilan). Davlat boshligʻi — malik (podshoh) boʻlib (1999-yildan Abdulloh II bin Talol), u qonun chiqaruvchi va ijrochi hokimiyat sohasida katta huquqqa ega. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — podshoq va Millat majlisi (parlament); u senat va deputatlar palatasidan iborat. Senatni podshoh 4 yil muddatga tayinlaydi (senat tarkibining yarmisi har 2 yilda yangilanib turadi). Deputatlar palatasi toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 4 yilga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni podshoh oʻzi tayinlaydigan hukumat — Vazirlar Kengashi orqali amalga oshiradi.
Iordaniyaning aksar qismi sharqdan (500 m) gʻarbga tomon (1000—1500 m gacha) balandlashib boradigan yassi-togʻlikdan iborat. Janubidagi Ram togʻi — Iordaniyaning eng baland nuqtasi (1764 m). Mamlakatning gʻarbiy qismida meridian chizigʻiga parallel holda yoʻnalgan chuqur botiq voha — Hor (Alhor) va uning davomi Vodiy al-Arab joylashgan. Hor mintaqasida Iordan daryosi vodiysi va Oʻlik dengizi (suv yuzasi dengiz sathidan 395 m pastda) oʻrin olgan. Bu mintaqaning har ikki tomonida Suriyafalastin togʻlari qad rostlab turadi.
Iqlimi[tahrir]
Iqlimi — subtropik, quruq iqlim. Yanvarda oʻrtacha harorat 8—14 °C, iyulda esa 24—30 °C ga toʻgʻri keladi, Hor mintaqasi hamda Iordaniyaning choʻl qismida harorat 50 °C gacha koʻtariladi. Yillik oʻrtacha yogʻin miqsori mamlakatning gʻarbidagi togʻlarda 500—700 mm, sharqida va Hor botigʻida 100 mm ni tashkil etadi.
Hozirgi Iordaniya hududida dastlab xanaaneylarning somiy qabilalari yashagan. Mil. av. 1 ming yillikda bu hududning bir qismi Isroil va Yahudiya (Iudeya) podshohliklari tarkibida boʻlgan. Mil. av. 1ming yillik oxirida qad. arab davlati — Nabateya podshohligi vujudga keldi. Mil. 2-asrning 30-yillaridan Iordaniya Rim, 4-asrdan Vizantiya imperiyalari, 7-asrdan Arab xalifaligi qoʻl ostida boʻldi. Iordaniyada sekin-asta arab tili va islom dini tarqala boshladi. 11 — 15-asrlarda salibchilar,saljuqiylar, Misr mamluklari bostirib kirdi. 16-asrning boshidan 1918-yilgacha Iordaniya Usmonli turk imperiyasi tarkibida boʻldi. Mamlakat birinchi jahon urushidavrida arab qoʻzgʻolonchi vatanparvarlari tomonidan ozod qilindi. Soʻng hozirgi Suriya hududi bilan birga amir Faysal qoʻl ostiga oʻtdi (1918). 1920-yildan Iordaniya Britaniya mandatidagi Falastinga qoʻshildi. 1921-yil Iordan daryosining sharqiy qismida Hoshimiylar sulolasidan boʻlgan amir Abdulloh rahbarligida Transiordaniya amirligi tashkil topdi. Uning tashqi siyosati, qurolli kuchlari va iqtisodiyoti ustidan Angliya nazorati oʻrnatildi. Hoshimiylar hukmronligini mustahkamlaydigan konstitutsiya qabul qilindi. Ikkinchi jahon urushi davrida Transiordaniya Buyuk BritaniyaningYaqin Sharqdagi qarbiy tayanch maydoniga aylantirildi. 1946-yil 25-mayda Transiordaniya Iordaniya nomi bilan mustaqil davlat, amir Abdullox. esa uning podshohi deb eʼlon qilindi. 1948—49 yillardagi Arab-Isroil urushi natijasidaNablus, Bayt-Lahm, Quddusning sharqiy qismi Iordaniyaga qoʻshib olindi. 1967-yil iyunida Isroil Iordaniya urushi natijasida mamlakatning iqtisodiy jiqatdan eng rivojlangan qismi — 6,6 ming km2 hududini Isroil qoʻshinlari bosib oldi. Iordaniya — 1955-yildanBMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlari 1993-yil 13-fevralda oʻrnatilgan[6]. Milliy bayrami 25 may — Mustaqillik kuni (1946).