Tog‘oldi tekislik voha joy tipining harakterli urochishalari. Kattaqo‘rg‘on voha landshafti tarkibidagi tog‘oldi tekislik joy tipining morfologik strukturasi ancha murakkabligi bilan farq qiladi. Uning murakkabligi joyning litologik tarkibi, yer usti tuzilishi, relefining nishabligi va parchalanganligi, tuproq qoplamining yuvilganlik va sho‘rlanish darajasi va boshqa omillarga bog‘liq. Bu yerdagi tanlangan uchastkalarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida quyidagi harakterli urochishalar tizimi ajratilgan: tog‘oldi to‘lqinsimon tekislikdagi sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqli vohalar, tog‘oldi qiya tekisligidagi sug‘o-riladigan o‘rtacha soz tipik bo‘z tuproqli vohalar, tog‘oldi tekisligi soylik-laridagi sug‘oriladigan o‘tloq-bo‘z tuproqli vohalar, allyuvial-prolyuvial tekisliklardagi sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqli vohalar, allyuvial-prolyuvial tekisliklardagi sug‘oriladigan kam sho‘rlangan o‘tloq tuproqli vohalar, yirik to‘lqinsimon lyossli tekislikdagi tipik bo‘z tuproqlarda rivojlangan turli xil o‘t o‘simlikli chala cho‘l, pastqam joylardagi kuchli sho‘rlangan o‘tloq tuproqlarda rivojlangan ajriq-qiyoq formatsiyali o‘tloqzorlar, prolyuvial tekislikdagi och tusli bo‘z tuproqlarda shakllangan efemer-efemeroid formatsiyali komplekslar va boshqalar (5-chizma).
Shuni ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiqki, biz Zarafshon botig‘i voha landshaftlarini tarkibida antropogen voha joy tiplarini va antropogen voha urochishalarini ajratishda tabiiy komponentlarning bir-birlari bilan bo‘lgan munosabatlarini majmuali tahlil qilish uslublaridan foydalandik.
2.4. Voha landshaftlarini kartalashtirish masalalari
Tabiatda ob’ektiv mavjud bo‘lgan tabiiy va antropogen voha landshaft komplekslarini dala sharoitida ajratish, chegaralash va kartalashtirish nafaqat hozirgi davrda, balki kelajakda ham dolzarb muammolardan biri bo‘lib qoladi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining katta qismi antropogen voha landshaftlari bilan band. Lekin voha landshaftlarini tadqiq etish, ularning morfologik strukturasini ajratish, tasniflash va kartalashtirish masalalari geografik adabiyotlarda kam yoritilgan.
Voha landshaftlari O‘zbekiston hududida keng tarqalgan antropogen geosistemalarning asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, ular respublika iqtisodiyotida, ayniqsa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishda 4,2 mln. gektar maydonni egallab yotgan agrolandshaftlar yetakchi rol o‘ynaydi. O‘zbekiston hududida voha landshaftlarining geografik tarqalishi daryo va soy vodiylari, tog‘oralig‘i botiqlari, tog‘oldi prolyuvial-allyuvial tekisliklar, tog‘ yonbag‘irlari, konussimon yoyilmalar va buloqlar bilan uzviy bog‘liq. Respublikamizda mavjud bo‘lgan barcha voha landshaftlari – Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari vodiylarida, Farg‘ona, Toshkent, Mirzacho‘l, Zarafshon, Surxondaryo va Qashqadaryo tog‘oralig‘i botiqlarida, yirik daryolarning deltalarida tarkib topgan.
Vohalar arid iqlimli o‘lkalarda vujudga kelgan antropogen landshaftlarning zonal turi hisoblanadi. Ular hududiy yondosh bo‘lgan cho‘l va chala cho‘l landshaftlaridan tabiiy komponentlarning tubdan o‘zgartirilganligi, inson tomonidan doimiy ravishda boshqarilish xususiyatlari bilan farq qiladi. Voha landshaftlarida geografik komponentlarning o‘zaro aloqadorligi ham tabiiy landshaftlardagiga nisbatan boshqacha sodir bo‘ladi.
Vohalar antropogen landshaftlarning boshqa turlaridan faqat tabiiy geografik xususiyatlari bilan emas, balki morfologik strukturasining murakkabligi, strukturali-dinamik rivojlanishi bilan ham farq qiladi. Bu borada respublikamiz hududlarida tarixiy davrlar mobaynida shakllangan voha landshaftlari va ularning tarkibiy qismini tashkil etuvchi agrolandshaftlarda kompleks tadqiqot ishlarini olib borish lozim. Voha landshaftlarini kompleks tadqiq qilish, ularning morfologik birliklarini ajratish va kartalashtirish masalasi hozirgi zamon landshaftshunoslik fanida alohida o‘rin tutadi, hamda ilmiy va amaliy jihatdan katta ahamiyat kasb etadi. Voha landshaftlarini tahlil qilish, ularning morfologik birliklarini ajratib, kartada tasvirlash va muhofaza qilish antropogen landshaftshunoslikning hozirgi dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Landshaft komplekslarini kartalashtirish tarixi landshaft to‘g‘risidagi ta’limotning vujudga kelishi va ilmiy landshaftshunoslikning rivojlanish tarixi bilan uzviy bog‘liq. Dala sharoitida landshaftlarni kartalashtirish masalalari bilan N.A.Gvozdeskiy, A.G.Isachenko, K.I.Gerenchuk, F.N.Milkov, G.P.Miller, M.A.Museibov va boshqalar shug‘ullanganlar. O‘rta Osiyo va O‘zbekiston hududlarida S.B.Bayguttiyev, N.A.Gvozdeskiy, I.P.Chalaya, V.M.Chupaxin, V.M.Chetirkin, L.N.Babushkin, N.A.Kogay, A.A.Abdulqosimov, S.A.Nishonov, T.V.Zvonkova, M.Qo‘ziboyev, A.Saidov, M.U.Umarov, Sh.E.Ergashov, A.A.Rafiqov, I.A.Hasanov, V.A.Popov, N.I.Sabitova va boshqalar hududlarning turli masshtabdagi landshaft kartalarini tuzishgan.
A.A.Abdulqosimov (1966, 1983) ishlarida Farg‘ona botig‘i voha landshaftlarini zonal va vertikal farqlanishi, ularning morfologik strukturasini tashkil etuvchi tipologik birliklarni ajratish, chegaralash, kartalashtirish va tasniflash ishlari ko‘proq uchraydi. Muallif dastlab Farg‘ona botig‘ining 1:500 000 masshtabli rangli landshaft tipologik kartasini tuzib, unda to‘qay, qayir usti terrasali cho‘l, eol qum-sho‘rxok cho‘l, adiroldi tekislik chala cho‘l, adir chala cho‘l va adir oralig‘i tekislik joy tiplarini tasvirlagan. Bundan tashqari muallif Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Farg‘ona, Andijon, Qo‘qon, Denov va Xorazm vohalarining yirik masshtabli sxematik landshaft tipologik kartalarini tuzgan (1-rasm).
O‘zbekiston landshaftlarini kartalashtirish borasida olib borilgan ishlarni tahlili shuni ko‘rsatadiki, ularning aksariyati tabiiy landshaftlarni kartalashtirishga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda voha landshaftlarini kartalashtirishga kam e’tibor berilgan. Vaholanki, O‘zbekistonning hozirgi landshaftlari tarkibida voha landshaftlari keng o‘rin olgan bo‘lib, ular yaratilgan geografik atlaslarda kam tasvirlangan. Shuning uchun vohalarni landshaft-tipologik kartalashtirish, jumladan har bir vohani va uning morfologik strukturasini tasvirlovchi kartalarni tuzish ilmiy va amaliy nuqtai nazardan katta ahamiyat kasb etadi.
O‘rta Osiyoning cho‘l va chala cho‘l hududlarida tabiiy holdagi geokomplekslarning chegarasiga nisbatan voha landshaftlarining chegarasi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Bunday farqlanish hozirgi landshaftlarni tabiiy va antropogen komplekslarga ajratishda katta qulaylik yaratdi. Lekin voha landshaftlarni tipologik kartalashtrish, ularning chegaralarini aniqlash va o‘tkazish har doim ham yengil bo‘lavermaydi. Voha landshaftlarini mayda masshtabli kartalashtirishda yirik komplekslarni ajratish va chegaralash birmuncha oson bajariladi.
Vohalarga dastlab nazar tashlaganimizda ular oddiy va bir xilday tuyuladi. Ammo yirik masshtabli kartalashtitirish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, har bir vohaning morfologik strukturasi juda ham murakkab va xilma-xildir. O‘rta Osiyo antropogen landshaftlari dastlab sug‘oriladigan va bahorikor qishloq xo‘jaligi, shahar va qishloq seliteb, antropogen-suv, texnogen kabi sinflardan tashkil topgan. Ular o‘z navbatida voha qayir, voha qayir usti terrasasi, voha delta, voha tog‘oldi tekisligi, voha adir oralig‘i tekisligi joy tiplariga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |