Voha landshaftlarini ifloslantiruvchi asosiy manbalar. Kattaqo‘rg‘on vohasi landshaftlari antropogen geosistemalarning inson tomonidan boshqariladigan va tuzatishlar kiritiladigan toifasiga kiradi. Maqsadga muvofiq o‘zlashtirilgan antropogen landshaftlarda tabiiy komponentlar tub o‘zgarishlarga duch kelgan va ular o‘z doirasidagi geokomplekslarni tartibga solishda, sog‘lomlashtirishda yetarli darajada ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Voha geosistemalarining o‘zini-o‘zi tozalash va o‘zini-o‘zi tartibga solish qobiliyati joylarning litologik tuzilishi va relef shakllariga bog‘liq. Nishabligi kam sezilarli darajada bo‘lgan prolyuvial tekislik-larning quyi qismlarida, qayir usti terrasalarida, qayirlarda, yoyilma-larning oralig‘idagi pastqam joylarda rivoj topgan agrolandshaftlarda, ayniqsa paxta plantatsiyalari keng tarqalgan uchastkalarda o‘z-o‘zini tozalash va o‘z-o‘zini tartibga solish jarayoni nihoyatda sust kechadi. Bunday joylarda yer usti va yer osti suvlarining harakati, ularning vertikal va gorizontal almashinishi ham sekin davom etib, bu yerda yuvilib ketish jarayoni emas, balki turli xil moddalarning to‘planish, ya’ni akkumulyatsiya jarayoni hukmronlik qiladi. Natijada qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan ma’danli o‘g‘itlar va zararkunandalarga qarshi qo‘llaniladigan barcha pestitsidlar hamda suvlarning tarkibidagi turli xil tuzlar tuproq qoplamiga singib, asta-sekin to‘plana boradi, agrolandshaftlarning biomassasini va hosildorligini kamaytiradi. Pirovardida sug‘oriladigan agroland-shaftlarda geoekologik muvozanat buzilib ekologik tanglikni vujudga keltiradi, qadimdan madaniylashtirilgan unumdor yerlarni ishdan chiqaradi va ularni cho‘llangan antropogen landshaft komplekslariga aylantiradi.
Kattaqo‘rg‘on voha landshaftlarini kompleks tadqiq etish shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda shahar va qishloq seliteb landshaftlari, sug‘oriladigan agrolandshaftlar, irrigatsion, texnogen va hatto yaylov antropogen geosistemalarda funksional geoekologik holatning yomonlashuvi, atmosfera havosining turli xil zaharli chiqindi gazlar bilan ifloslanishi, tevarak-atrofda ekologik vaziyatning keskinlashuvi, ichki suvlarning kimyoviy moddalar bilan zaharlanishi kabi inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hodisalar ko‘payib bormoqda.
Kattaqo‘rg‘on voha landshaftlarini ifloslantiruvchi va ularning ekologik holatiga salbiy ta’sir etuvchi xilma-xil manbalar juda keng tarqalgan. Bunday manbalarga shaharlarda har kuni katta hajmda to‘pla-nadigan maishiy-xo‘jalik va ishlab chiqarish chiqindilari, kun sayin ko‘pa-yib borayotgan transport vositalari, Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy kombinati, paxta tozalash, asfalt zavodlari, qurilish materiallari kombinati, tog‘-kon sanoati chiqindilari va boshqalar misol bo‘la oladi.
Kattaqo‘rg‘on vohasini katta qismini tashkil etuvchi sug‘oriladigan agrolandshaftlarning ifloslanishi va ularning geoekologik muhitni salbiy tomonga o‘zgarishi mineral o‘g‘itlarning va yuqori toksinli kimyoviy moddalarning me’yoridan ortiqcha ishlatilishi bilan uzviy bog‘liq. Bundan tashqari agrogeosistemalarni, irrigatsion inshootlarni, yer osti va yer usti suvlarini ifloslantiruvchi manbalarga maishiy-xo‘jalik chiqindi suvlari, tog‘-kon sanoatida rudalarni yuvishda ishlatilgan va mikroelementlar bilan to‘yingan suvlar, kollektor-zovurlarning sho‘r suvlari va boshqalar kiradi.
Zarafshon havzasida mavjud bo‘lgan barcha turdagi ifloslantiruvchi manbalar Kattaqo‘rg‘on vohasining tabiiy va antropogen geosistemalariga, tevarak-atrof muhitga, atmosfera havosiga, ichki suvlarga, tuproq-o‘simlik qoplamiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning ekologik holatini, shahar va qishloq seliteb landshaftlarining sanitariya-gigiyena sharoitini turli xil darajada buzilishiga olib kelgan, texnogen geokomplekslar bilan band bo‘lgan uchastkalarda ekologik tangliklar sodir bo‘lgan, infeksion kasalliklar ko‘paygan. Ayniqsa, voha landshaftlarining tarkibiy qismlarini tashkil etuvchi antropogen geosistemalarning barcha turlarida o‘ziga xos mahalliy va regional ekologik muammolar vujudga kelgan. Bu muammolarni yechimini topish uchun ilmiy jihatdan asoslangan va har biri individual harakterga ega bo‘lgan tadbir-choralarni ishlab chiqib, ularni hayotga tadbiq etishni taqazo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |