2.3. Voha landshaftining morfologik strukturasi.
Kattaqo‘rg‘on voha landshaftining kompleks tahlili shuni ko‘rsatadiki, u o‘zining tabiiy geografik sharoiti va geokomplekslarining makondagi farqlanish harakte-riga ko‘ra xilma-xildir. Vohaning landshaft strukturasi bir-biridan muayyan chegaralar bilan ajralib turgan uchta voha joy tipidan tashkil topgan. Bular qayir voha (maydoni 618 km2), qayir usti terrasali voha (1100 km2) va tog‘oldi tekislik voha (456 km2) joy tiplaridir (Abdulqosimov, Abduraxmonova, 1998). Har qaysi joy tipi va uning morfologik strukturasi mustaqil chegaraga ega bo‘lgan va qo‘shni geokomplekslardan o‘zining individual xususiyatlari bilan ajralib turgan urochishalar majmuasidan tuzilgan. Quyida har bir voha joy tipiga alohida-alohida izoh berib o‘tamiz.
Qayir voha joy tipi. Kattaqo‘rg‘on vohasi hududidagi qayir voha joy tipi daryo bo‘ylab 300-500 m dan 800-1000 m gacha bo‘lgan keng maydonni hosil qilib sharqdan g‘arbga tomon cho‘zilgan. Litologik tarkibi shag‘al, qum, mayda zarrachali gil va qumoq jinslardan iborat. Qayirlarning yuzasi allyuvial tekislik relef shakliga ega. Grunt suvlari asosan gorizontal almashinish harakteriga ega bo‘lib, yer yuzasiga juda yaqin joylashgan, ayrim uchastkalarda hatto buloqlar sifatida yuzaga sizib chiqqan. Shu boisdan gidromorf tupoqlar yaxshi rivojlangan va gidrofit o‘simliklarning shakllanishi uchun qulay sharoitlar mavjud. Qayirdagi sug‘oriladigan o‘tloq, botqoq-o‘tloq va botqoq tuproqlar kam va o‘rtacha sho‘rlangan, ular paxta, don va sabzavot ekinlari bilan band. Bu yerdagi manzarali daraxtzorlar, irrigatsiya shaxobchalari, tutzorlar, mevali bog‘lar voha landshaftlari manzarasiga alohida jozibali go‘zallik baxsh etadi.
Qayir voha joy tipining harakterli urochishalari. Kattaqo‘rg‘on vohasi hududidagi qayir voha joy tipining morfologik strukturasi Samarqand voha landshaftidagi kabi murakkab tuzilgan tarixiy genetik hosiladir. Uning tarkibiy qismlarini tashkil etuvchi antropogen urochishalarning harakteri va xususiyatlari qayirning quyi, o‘rta va yuqori uchastkalarida asta-sekin o‘zgarib, bir-biri bilan almashinib boradi.
Tajriba kuzatuv uchastkalarida olib borilgan dala tadqiqot ishlari shuni ko‘rsatadiki, qayirning quyi qismida ko‘pincha sug‘oriladigan kam sho‘rlangan botqoq tuproqli vohalar, sug‘oriladigan o‘rtacha sho‘rlangan botqoq tuproqli vohalar, o‘rta qismida sug‘oriladigan kam sho‘rlangan botqoq-o‘tloq tuproqli vohalar, sug‘oriladigan o‘rtacha sho‘rlangan botqoq-o‘tloq tuproqli vohalar va yuqori qismida kuchli madaniylashtirilgan kam sho‘rlangan o‘tloq tuproqli vohalar kabi antropogen urochishalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Voha hududidagi qayirlarda antropogen urochishalardan tashqari degradatsiyalashgan va dastlabki qiyofasini yo‘qotgan to‘qay landshaft komplekslari ham uchraydi. Bular past qayirdagi botqoqlangan yerlarni qoplab olgan qiyoq-qamishzor formatsiyali to‘qaylar, sho‘rlangan o‘tloq tuproq-larni qoplab olgan ajriq-yulg‘unli to‘qaylar, allyuvial tuproqlarda rivoj-langan shumtol-jiyda-chakandali to‘qaylar, baland qayirdagi tol-turang‘il formatsiyali to‘qaylar, past qayirdagi shag‘al toshlar kompleksi kabi urochishalardir.
Shuni ta’kidlash lozimki, bu regiondagi to‘qay landshaft sistemalari yildan yilga antropogen omil ta’sirida degradatsiyalashib, ularning maydoni keskin qisqarib bormoqda va to‘qayzorlar o‘rnini qishloq xo‘jalik geokomplekslari egallamoqda. Shuning uchun ham to‘qayzorlarning tarixiy shakllangan ekologik muhit mexanizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslikni va ularni noyob landshaftlar qatorida muhofaza qilishni taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |