Tuproq va o‘simlik qoplami. Kattaqo‘rg‘on vohasidagi sug‘orma dexqonchilikda o‘tloq, botqoq-o‘tloq, tipik va qoramtir bo‘z tuproqlar keng foydalaniladi. Sug‘oriladigan och-tusli bo‘z tuproqlar prolyuvial qiya tekisliklarining quyi qismida va qadimgi allyuvial tekisliklarida uchraydi. Tuproq qoplamlari mayda zarrali jinslardan, ko‘pincha lyossimon qumoqlardan tashkil topgan. Sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqning yuqori qatlamida chirindi miqdori 1,0-1,5% ni tashkil etadi. Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar prolyuvial qiya tekisliklarining yuqori qismida, baland shleyflarida yaxshi rivojlangan bo‘lib, och tusli bo‘z tuproqlardan chirindiga nisbatan boyligi bilan ajralib turadi. Uning yuqori qatlamida chirindi miqdori 1,5-2,2% ga teng. Haydaladigan qatlamda tuproqning singdirish hajmi 9 mg/ekv. dan 16 mg/ekv. atrofida o‘zgaradi.
Vohaning kuchli madaniylashtirilgan bo‘z tuproqlari tabiiy holdagi o‘zlashtirilmagan bo‘z tuproqlardan chirindi miqdorining haydalgan gorizont bo‘ylab bir xilda taqsimlanishi, profilning tuzilishi, ayrim agrokimyoviy va fizikaviy xususiyatlari bilan farq qiladi. Ming yiilar davomida obikor dehqonchilik qilinib kelayotgan bo‘z tuproqlarda qalinligi 1,5-2,0 metrdan oshadigan alohida agroirrigatsion qatlam shakllangan. Voha hududdagi bo‘z tuproqlarning yana bir haraktekrli xususiyati shundan iboratki, ular sho‘rlanmagan. Shuning uchun bu tuproqlar ikkilamchi sho‘rlanish jarayonida qarshi kurashish tadbir-choralarini talab etmaydi.
Kattaqo‘rg‘on vohasida maydoni jihatdan avtomorf tuproqlardan keyin gidromorf tuproqlar turadi. Sug‘oriladigan gidromorf tuproqlar o‘tloq bo‘z, o‘tloq, botqoq- o‘tloq va botqoqtuproqlardan tarkib topgan. Bu xildagi tuproqlar Zarafshon daryosi va uning irmoqlari bo‘lgan Oqdaryo hamda Qoradaryo vodiylarida, tog‘oldi prolyuvial tekisligining eng quyi chekka grunt yer yuzasiga yaqin yotgan joylarda yaxshi rivojlangan. Gidromorf tuproqlarning hosil bo‘lish jaryonida ishtirok etuvchi yer osti suvlarining gorizontal almashinishi yaxshi bo‘lganligi tufayli o‘tloq, botqoq va o‘tloq-botqoq tuproqlar sho‘rlanmagan.
Gidromorf tuproqlar sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarga qaraganda chirindiga bir muncha boyroq va donador strukturaga ega. Masalan, sug‘oriladigan o‘tloq-bo‘z tuproqlar tarkibida chirindi miqdori 1,5-2,5% atrofida bo‘lsa, daryo qayiridagi allyuvial o‘tloq tuproqlar tarkibida chirindi miqdori 2-4% ni tashkil etadi.
Kattaqo‘rg‘on vohasining o‘simlik dunyosi nihoyat darajada rang-barangligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, uning shahar seliteb landshaflarining dendroflorasi juda xilma-xil turlarga boy. Shahar seliteb landshaflarining biologik strukturasini murakkablashtirib va o‘simliklar formatsiyasini boyitib turgan xiyobonlar, istirohat bog‘lari, yo‘l va ariq bo‘ylaridagi manzarali daraxtzorlar arid iqlim sharoitida vujudga kelgan Kattaqo‘rg‘on vohasiga madaniy o‘rmonlar elementini baxsh etib turadi.
Vohaning madaniy o‘simliklarini kelib chiqishiga ko‘ra, ikki tipga ajratish mumkin. Birinchi avtoxton madaniy o‘simliklar tipi va ikkinchisi alloxtogen madaniy o‘simliklar tipi. Avtoxton madaniy o‘simliklar turlaridan tashkil topgan bo‘lib, ular terak, tol, qayrog‘och, tut, Chinor, turang‘il, jiyda, chilon jiyda, archa, do‘lana va boshqa turlardan iborat. Alloxtogen madaniy o‘simliklar tipi xorijiy mamlakatlardan, boshqa materiklardan keltirilgan va iqlimlashtirilgan o‘simlik turlaridan tashkil topgan. Bunga kaliforniya zarangi, qirim qarag‘ayi, botqoq sarv daraxti, kashtan, xurmo, saur, aylant kabi daraxtlar kiradi. Alloxtogen manzarali daraxtlar Shimoliy va Janubiy Amerkadan, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan, Kavkaz va Qrimdan hamda O‘rta dengizbo‘yi mamlakatlaridan keltirilgan.
Voha geosistemalari inson tomonidan boshqarilish xususiyatiga ega. Shuning uchun voha o‘simliklarini mevali va manzarali daraxt turlari bilan boyitib hamda rekonstruksiya qilib borish muxim amaliy ahamiyatga ega. Ayniqsa, shahar va qishloq seliteb landshaflarini doimiy ravishda ko‘kalamzorlashtirib va daraxtzorlashtirib borilishi jazirama yoz oylarida mahalliy mikroiqlimini shakllantirib, havo haroratini mo‘tadillashtiradi, havoning nisbiy va mutloq namligini oshiradi, insoning salomatligini yaxshilaydi, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtiradi va dendrofloralar tarkibi yangilanib turadi. Shahar va qishloqlarning o‘rmonbog‘ o‘simliklari atrofdagi qishloq xo‘jalik madaniy ekinlari bilan uyg‘unlashib, antropogen voha geosistemalarini hosil qiladi. Bu yerda paxta, bug‘doy, makkajo‘xori, arpa, arahis, poliz ekinlari ko‘pchilikni tashkil etadi.
Hududning tabiiy o‘simliklari kishilarning xo‘jalik faoliyati tufayli ancha o‘zgartirilgan. Shu sababli madaniy voha tuprog‘i tarqalgan obikor yerlarda asosan madaniy o‘simliklar o‘stiriladi.
Zarafshon daryosining qo‘yi qayirlarida va eski qayirlarida hamda, qadimiy o‘zanlarida qamish, ruvok, jing‘il, tol, yovvoyi jiyda, yantoq, sho‘ra jiriq, kampirsoch, itgunafsha, suv rang, yulg‘un o‘sadi.
Hududning bo‘z tuproqli lalmikor rayonlarida qoziquloq, shuvoq, bsg‘doyiq, oq quvroq, kampirchopon o‘sadi. Shuningdek, bu joylarda bahorda efemer va efemeraid o‘simliklar, ayniqsa rang, qo‘ng‘irbosh, lolaqizg‘aldoq, chuchmoma kabilar keng tarqalgan.
Hududidagi jo‘qay landshaftining va u yerdagi o‘simliklarni, xususan jirg‘onoqni hamda hayvonlarni tabiiy holiga saqlab qolish maqsadida 1975 yili Bulung‘ir va Jamboy tumnlari hududida maydoni 2,5 ming gektar keladigan Zarafshon qo‘riqxonasi tashkil etildi. Bu qo‘riqxonada muhofaza ostida olingan jirg‘onoq o‘simligining maydoni qisqarib ketgan edi. Bu o‘simlikning mayda mevasidan tibbiyotda ishlatiladigan oblepixa moyi olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |