Muassasa va davlat arxivlari. O‘zbekiston Respublikasida juda ko‘p arxivlar mavjud bo‘lib, ularni shartli ravishda 2 guruhga bo‘lish mumkin: muassasa arxivlari va davlat arxivlari. Respublikamiz hududida faoliyat ko‘rsatayotgan markaziy va mahalliy boshqaruv organlari (vazrliklar, hokimyatlar va boshqalar) turli tashkilotlar, korxona va jamoat tashkilotlari haqida joriy arxivlar mavjud, bunday arxivlar muassasa arxivlari deb ataladi. Muassasa arxivlarida hujjatlar ma’lum muddat saqlanadi. Shu boisdan bu arxivlarda saqlanayotgan hujjatlarning tarkibi o‘zgarib turadi. Belgilangan muddatdan so‘ng muassasa arxivlaridagi hujjatlar davlat arxivlari fondlariga topshiriladi. Hujjatlarning saqlanishi mazkur muassasalar faoliyati bilan bog‘liqdir.
Davlat arxivlari shaxobchalari respublikamizning ma’muriy tuzilishi nizomida tashkil qilingan. Respublika davlat arxivlari zimmasiga quyidagi arxivlar kiradi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va davlat arxivlari, hamda ularni joylardagi organlari.
Respublika Markaziy davlat arxivlari.
Hozirgi kunda Qoraqalpag‘iston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi, Andijon, Buxoro,
Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxandaryo, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari Davlat arxivlari hamda Toshkent shahar Davlat arxivi mavjud. Joylarda ularning filiallari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Farg‘ona viloyati Davlat arxivi fondlari, Farg‘ona viloyat va Farg‘ona shahar tarixini qisman bir vaqtlar Farg‘ona viloyati tarkibiga kirgan Andijon va Namangan viloyatlari tarixini aks ettiradi. Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida Farg‘ona viloyat davlat arxivining organlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Respublika Markaziy davlat arxivlari tizimiga quyidagi uchta arxiv kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi.
O‘zbekiston Respublikasi kino-foto-fono hujjatlar Markaziy Davlat arxivi (1943 y.).
O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va meditsina hujjatlari Markaziy Davlat arxivi (1962 y.).
Toshkentdagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi (O‘zR MDA) saqlanayotgan qimmatbaho hujjatlarning soni va mohiyati jihatidan O‘rta Osiyo respublikalari Markaziy Davlat arxivlari ichida eng yirigidir. Unda XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlanib, to hozirgi kunimizgacha bo‘lgan juda ko‘p sonli hujjatlar saqlanmoqda.
Turkiston general-gubernatorligiga qarashli hozirgi O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston,
Qirg‘iziston va qisman Qozog‘iston Respublikalari hududidagi viloyatlar, uezdlar, volostlar, muassasalar va korxona faoliyatiga doir barcha hujjatlar mana shu Markaziy arxivda mujassamlashtirilgan.
Arxivda Turkiston o‘lkasidagi Rossiya imperiyasi hukumatining ma’muriy tashkilotlar faoliyatiga doir hujjatlar to‘lig‘icha saqlangan. Bu hujjatlarning ko‘pchiligi chorizmning Turkistondagi mustamlakachilik siyosatiga oid bo‘lib, unda mahalliy aholini ayanchili ahvoli, chorizmning shafqatsiz zulmi, imperiya amaldorlarining xatti - harakatlari, joylarda xalq ommasining milliy ozodlik uchun olib borgan kurashlari, suvsizlik, qurg‘oqchilik, qashshoqlik va huquqsizlikka qarshi kurashlarga oiddir.Arxiv hujjatlari o‘sha davrda tartibli saqlanmagan.
O‘rta Osiyo xonliklari, bekliklari, diniy boshqarmalari faoliyatiga doir hujjatlar deyarli yo‘q bo‘lib ketgan. Ayrim mavjud materiallar esa, o‘lkani Rossiyaning bosib olish jarayonidagi harbiy to‘qnashuvlar davrida yo‘q qilib yuborilgan.
Akademik V.V. Bartoldning so‘zlariga qaraganda, bosib olingan joylardagi hokimlarning kutubxonalari va arxiv hujjatlarini saqlab qolish uchun hech qanday chora tadbir ko‘rilmagan.
Umuman ular O‘rta Osiyo xalqlarining madaniyati va tarixiy yodgorliklarini saqlab qolishga yetarli ahamiyat bermaganlar. Tarixchi A.I. Dobrosmыslovning yozishicha, yerli arxiv ishlari nazoratsiz qolgan, faqat birgina general-gubernator kanselyariyasi arxivi ko‘ngildagidek olib borilgan, xolos.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, 1917 yilgacha arxiv ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Undan keyin saqlanib qolgan hujjatlar esa O‘zbekiston Markaziy davlat arxivining maxsus bo‘limlarida arxiv qoidasiga muvofiq saqlanmoqda.
XIX asrning boshlarida oldingi arxiv fondlari saqlanayotgan hujjatlar uchun tuzilayotgan ko‘rsatkich 8 bo‘limdan iborat. Ular:
Bo‘lim «Davlat ma’muriy boshqaruv organlari» deb ataladi.
«O‘z-o‘zini boshqarish tashkilotlari va oliy martabali muassasalar» deb nomlangan. Unda Toshkent shahar dumasi, shahar boshqarmasi, Samarqand va Yangi Marg‘ilon xo‘jalik boshqarmasi tashkilotlariga doir hujjatlar markaziy arxivning 718, 37, 472, 473, 277, 286, 79 fondlarida joylashgan.
Sud va prokuror fondlari. Bu bo‘lim o‘z navbatida 3 bobdan iborat, ya’ni viloyat sudlari, okrug sudlari va uezd sudlaridan iborat, sud ijrosi, janjalli ishlar komissiyasi, xalq sudlari, qozilar, notariuslar haqidagi hujjatlar (127, 134, 353, 178, 122) va xokazo fondlardan iborat.
Xo‘jalik-iqtisodiy tashkilotlar, muassasalar va korxonalar deb ataladi. 47 bobdan iborat.
«Ilmiy moddiy muassasa va tashkilotlar» deb nomlangan.
«Jamoa tashkilotlari» deb nomlangan va bu bo‘limga tegishli hujjatlar 596, 27, 81, 268, 611, 34, 8, 595, 76, 490, 279 fondlarida saqlanmoqda.
«Diniy nazorat» fondi deb nomlangan va bu haqidagi ma’lumotlar arxivning 182, 85 fondlarida saqlanmoqda. 8. «Kartoteka va adabiyotlar» ni tashkil etadi.
O‘zbekiston Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan bu bebaho hujjatlar XIX asrning ikkinchi yarmida to XX asrning boshlarigacha bo‘lgan O‘rta Osiyo shu jumladan o‘zbek xalqlari tarixini, ayniqsa o‘lka tarixini o‘rganishda katta manba bo‘lib xizmat qiladi.
1931 yil 20 mayda O‘zbekiston Markaziy Ijroiya qo‘mitasining qaroriga asosan O‘zbekiston
SSR Markaziy Davlat arxivi tashkil etdi. O‘sha paytgacha 20-30 yillarga doir hujjatlar O‘zbekiston SSR Markaziy arxivi ishlari boshqarmasining har xil seksiyalarida saqlanib kelinar edi.
1924 yili O‘rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishni o‘tkazilishi munosabati bilan Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm sovet xalq Respublikalari tugatilib, ularning o‘rnida O‘zbekiston SSR tashkil topgach soha arxivlaridagi barcha hujjatlar O‘zbekiston Markaziy Davlat arxiviga topshirildi va arxiv fondlari shu hujjatlar hisobiga boyitildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston SSRning barcha tashkilotlaridagi hujjatlar muntazam ravishda Markaziy arxivga kela boshladi.
O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1958 yil 20 noyabrdagi 750-sonli qaroriga asosan
Markaziy Davlat arxivi qayta tuzilib, uning fondlari asosida o‘lkani industrlash bo‘limi tashkil qilindi. 1959 yilning 1 yanvariga kelib, bu bo‘limdagi fondlar soni 1527 taga va undagi hujjatlar soni 503604 taga yetdi. Bu esa O‘zbekistonda arxiv ishlarini nihoyatda rivojlanib ketayotganligidan darak beradi. Markaziy arxiv fondlaridan joy olgan bu hujjatlar faqat o‘zbek xalqining tarixigina emas, balki turkman, tojik, qirg‘iz, qozoq va boshqa qardosh xalqlar tarixini har tomonlama o‘rganishda katta ahamiyatga egadir.
«O‘zbekiston xalqlari tarixi»ning uch jildini yaratishda ham arxiv hujjatlaridan keng foydalanganlar. Nashrdan chiqqan ko‘pgina yirik ilmiy ishlar shu arxiv hujjatlaridan foydalangan holda maydonga keldi. O‘tgan davrda o‘zbek xalqi erishgan yutuq va kamchiliklar haqida ma’lumotlar olishda arxiv materiallaridan juda ko‘p foydalaniladi va yirik ilmiy ishlar qilindi.
Arxiv hujjatlardan foydalanishni osonlashtirish uchun «Ko‘rsatkich» (Putevoditellar) nashr qilingan. Bular esa arxivda saqlanayotgan fondlarning ma’no va mazmunini ochib beradi, hujjatlarni o‘rganuvchilarga qulaylik tug‘diradi. Ko‘rsatkich 8 bo‘limidan iborat bo‘lib, ular tarmoqlar va sohalarga moslashtirilgan. Har bir bo‘lim va boblarda voqealar tartib bilan tafsivlangan va xronologiyaga asoslangan «Ko‘rsatkich»da ayrim fondlarning ilmiy jihatdan muhimligini aks ettiruvchi individual xarakteristika 4 qismdan, ya’ni fondning nomi, fond haqidagi spravkama’lumotlar, fondning tashkil qilingan vaqti, va materiallarning saxifalari, fond materiallari haqida anotatsiya qismlardan iborat. Ma’lumotlardan fondning raqami, fondi saqlanayotgan ishning hajmi, hujjat yozilgan yil, ilmiy axborot apparatlarining hammasi ko‘rsatkichga kiritilgan. Annotatsiyalar fond materiallarining asl mohiyatini, qisqacha mazmuni, faolligini ochib beradi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, respublikamizning hamma tumanlarida va viloyatlarida tuman va viloyat davlat arxivlari mavjud. Tuman arxivlari o‘z qo‘l ostidagi barcha muassasa va tashkilotlardagi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan hujjatlarni yig‘ib oladi va ma’lum muddatdan so‘ng ularni viloyat davlat arxivlariga, ular esa o‘z soha va tarmoqlari bo‘yicha respublika arxivlariga yoki boshqarma yo vazirliklarga, ular ham o‘z navbatida bir qancha muddat saqlanganlardan so‘ng Markaziy davlat arxivning qonun-qoidalariga rioya qilgan holda hujjatlarni tayyorlab so‘ng Markaziy
Davlat arxiviga topshiradi O‘zbekiston Markaziy Davlat arxividagi hujjatlar o‘z ahamiyatiga qarab, bir umr yoki bir necha yil saqlanadi va yoki akt qilib qo‘yib tashlanadi.
O‘lkashunoslikning asosiy manbalaridan biri hisoblangan arxivshunoslik Vatan tarixini shu jumladan o‘z o‘lka tarixini har tomonlama va chuqur o‘rganishda talabalarga katta yordam beradi.
Arxiv hujjatlari har bir darsning g‘oyaviy siyosiy tomonlarini faktik materiallar bilan boyitishdan tashqari, uning ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyatini oshiradi, yosh avlodni esa vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |