5. O‘rta asrlar davri tarixi etnografik ma’lumotlari. Sohibqiron Amir Temur va uning vorislari hukumronlik qilgan davrda O‘rta Osiyo shu jumladan, O‘zbekiston yirik madaniyat markaziga aylanadi va uning boshqa mamlakatlar bilan har tomonlama aloqalari kuchayadi. Bu davrga oid qiziqarli ba’zi etnografik ma’lumotlar ispan elchisi ritsar Rui Gonzales de Klavixoning asarida, rus solnomalarida, mahalliy mualliflar Nizomiddin Shomiy, Abdurazzoq Samarqandiy va boshqalarning asarlarida uchratish mumkin.
Boburning «Voqeatiy Boburiy» yoki «Boburnoma» deb nomlangan asarida etnografiyaga oid ma’lumotlar ham keltirilgan. Mahmud ibn Usmon Ko‘xistoniyning «Tarixi Abdulhaynoma» Kamoliddin Binoiyning «Shayboniynoma» va Abdulhayr Fayzulloh Ruzbehonning «Mehmonnomaiy Buxoro» nomli asarlarida etnografiyaga oid qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
Binoiyning «Shayboniynoma» nomli asarida XV asr o‘rtalaridan to XVI boshlarida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealarni qisqa lekin aniq bayon etgan. U muhim geografik ma’lumotlar ya’ni, Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan Sayram, Signoq, Arnuk, O‘tror, Turkiston, O‘zgan, Oqqo‘rg‘on va Xorazmga tobe shaharlardan Urganch, Buldumsoz, Adoq va boshqalar haqida ham ma’lumotlar beradi.
Ro‘zbexoning «Mehmonnomaiy Buxoro» asari O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning XV asrning II yarmida va XVI asr boshlaridagi tarixni o‘rganishda juda katta ahamiyatga egadir. Asarning biz uchun qiymati shundaki, unda Dashti Qipchoq, Turkiston va qozoq ulusining geografik holati o‘zbek va o‘zbeklarning kelib chiqishi, etnik tarkibi, turish-turmushi, urf-odati, shuningdek, zodagonlarning xo‘jalikda, qo‘l mehnatidan foydalanish hollari haqida benihoya qimmatli ma’lumotlar uchraydi.
Bizga ma’lumki, O‘rta Osiyoda xonliklar davrida markazlashgan Rus davlati bilan ular orasida muntazam ravishda savdo va diplomatik munosabatlar o‘rnatila boshlandi. 1558 yilda Xitoyga O‘rta Osiyo orqali savdo yo‘lini aniqlash maqsadida Rossiyaga kelgan «Moskva» kompaniyasining vakili
Antoni Jenkinson boshlab berdi. U Moskva hukumati yordamida Astraxan va Kaspiy dengizi orqali
Xiva va Buxoroga boradi. U o‘z maqsadiga erisha olmagan bo‘lsa-da O‘rta Osiyo haqida anchagina ma’lumotlar to‘pladi.
Rossiya bilan O‘rta Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar ayniqsa XVIII asrda Buyuk Pyotr I (1689-
1725 yy.) davrida kuchaydi. O‘rta Osiyoni o‘z ta’siri ostiga olish maqsadida Pyotr I ikkita ekspeditsiya uyushtirgan. Biriga knyaz Aleksandr Bekovich - Cherkasskiyni, ikkinchisiga Ivan Buxgolsni boshliq qilib tayinladi. Bu harakatlar muvafaqiyatsizlikka uchradi. Biroq, 1718 yil Kaspiy dengizini tekshirish uchun yangi ilmiy safar tuzilib, 1720 yil Kaspiy dengizining birinchi xaritasi yaratildi.
Buxoroga rus elchisi bo‘lib kelgan, Florino Benevini (1721-1725) Xivaga ham borib, shu mamlakatlar to‘g‘risida qimmatli geografik ma’lumotlar olib kelgan.
Ko‘hna Xorazm aholisining XVIII asr o‘rtalaridagi turmushi to‘g‘risidagi muhim etnografik ma’lumotlarni 1740-1743 yillarda Dmitriy Gladishev va Ivan Muravin boshchiligidagi Orol dengizi va Xiva ilmiy safari hamda 1753 yilda Samara savdogari Daniel Rukovkinning Xivaga qilgan sayyohati davrida to‘plagan ma’lumotlardan olish mumkin.
1774 yilda Orenburg cho‘llarida qozoqlar tomonidan asrga olingan rus zobiti Filipp Yefremov asrlikdan qochib, Qo‘qon, Marg‘ilon, Qashqar, Yorkent, Tibet, Hindiston va Angliya orqali 1782 yilda Rossiyaga qaytib keladi va ko‘rgan bilganlarini yozib qoldiradi.
1781 yilda Buxoroga elchi bo‘lib kelgan Mendiyor Bekturik va 1794-1796 yillarda Buxoroga sayyohat qilgan T. Burnashevning hikoyalari ham bor. Shu davrdagi Xiva xonligiga oid tarixiy va etnografik ma’lumotlar xonning taklifi bilan Xorazmga kelgan ko‘z doktori, mayor Blankennagelning yozib qoldirgan xotiralari ham mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |