Chaqilgan mahsulotni separatlash. Ma’lumki chaqilgan mahsulot tarkibida ozgina butun urug’lar, yirik va mayda qobiq yoki shulxa, butun va oqshoq mag’iz hamda nihoyatda maydalanib ketgan mag’iz – moyli chang bor.
Shartli ravishda moyli chang deb, 1 mm elakdan o’tgan mag’izning mayda fraksiyasi tushiniladi. Demak, chaqilgan mahsulot bir necha turdagi kamponentlardan iborat bo’lganligi sababli, endi asosiy maqsad mahsulotdan to’liq ravishda mag’izni ajratib olishdir. Bu maqsadda quyidagi prinsiplardan foydalaniladi: 1) mahsulot komponentlarining o’lchamlari turlicha bo’lganligi sababli ularni mos keladigan kattalikdagi elaklarda elash usuli; 2) mahsulot komponentlarining aerodinamik xususiyatlariga asoslanib, ularni havo separatorlarida ajratish usuli. Paxta chigitidan tashqari deyarli barcha moyli urug’lar uchun bu ikkala prinsip kombinatsion holda ishlatiladi va bu mashinalarning nomi aspiratsion veyka (havo oqimida ishlaydigan mashina) M1S-50, M2S-50, R1-MST deb belgilangan.
Paxta chigitiga kelsak, bu urug’ chaqilmasi asosan elakli mashinalar yordamida mag’iz va qobiqqa ajratiladi. Bular ikki elakli tebranuvchi mashina va bitter-separatorlardir. Bu uskunalar paxta chigiti uchun qulay hisoblanadi. Ingichka tolali paxta chigiti uchun esa, mag’izdan qobiqni ajratish uchun qisman aerodinamik sharoitda ishlovchi mashina – purifayer ishlatiladi.
O’rta tolali paxta chigitini chaqish va separatsiya qilishning texnologik sxemasi (4.1-rasm). Chaqish uchun kelayotgan chigit 1-taqsimlovchi shnek orqali birlamchi 2-diskli chaqish mashinasiga beriladi. Hosil bo’lgan chaqilma, mag’iz va yarim chaqilmaga ajratish maqsadida 3-ikki elakli tebratgich mashinasiga beriladi. Ajralgan mag’iz 12-shnekga uzatiladi. Yarim chaqilma esa taqsimlovchi shnek orqali birlamchi 4-bitter separatorga beriladi. Bu yerda ham mag’iz ajratiladi va mag’iz 12-shnekga beriladi. Hosil bo’lgan yarim chaqilma esa 5-shnek orqali 6-noriya yordamida 7-taqsimlash shnegiga uzatiladi. Bu shnekdan chigit ikkilamchi 8-diskli chaqish mashinasiga beriladi. Chaqilmani 9-ikki elakli tebratgich mashinada mag’zi ajratiladi. Mag’iz 12-shnekka beriladi. Chaqilma esa 7-taqsimlovchi shnek orqali ikkilamchi 10-bitter separatoriga beriladi. Bu yerda mag’iz shulxadan to’liq ajratiladi. Ajratilgan mag’iz, mag’iz uchun shnekka tushadi va keyingi bosqich uchun uzatiladi. Shulxa esa 11-shnek orqali ishlab chiqarishdan chiqarib yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |