2.MOYLI urug’larni chaqish va mag’izni qobiqdan ajratish
Ko’pchilik moyli o’simliklar urug’larini qayta ishlashda po’stloqni mag’izdan ajratish zaruriyati. Moyli urug’larni chaqishning asosiy usullari. Paxta chigitini chaqish uchun ishlatiladigan diskli va pichoqli chaqish mashinalari. Chaqilmani elashni amalga oshirish. Chigitni qayta ishlashda chaqish va elash texnologik sxemalari. Noan’anaviy moyli urug’larni chaqish va chaqilmani separatlash masalalari.
Moyli urug’larning xususiyatlari va ularni chaqish usullari. Moyli urug’larning xususiyatlari ularning mexaniq qattiqligi, elastikligi va plastikligi bilan belgilanadi. Urug’larning mexaniq qattiqligi deb, shunday kuchga aytiladiki qaysiki, bu kuch ta’sirida yog’li urug’ chaqilishi yoki sinishi lozim. Urug’larning elastikligi yoki plastikligi esa qobiqning biologik va morfologik tuzilishiga bog’liq. Masalan, kungaboqar urug’ining qobiq tolachalari urug’ning uzunligi bo’yicha yo’nalgan bo’lib, qobiqqa o’ta elastik xususiyat beradi. Chigitni oladigan bo’lsak, uning qobiq tolachalari betartib va chambarchas bog’langanligi uchun qobiq o’ziga xos elastiklikka ega va uning mexaniq qattiqligi nihoyatda yuqoridir. Urug’ning elastik va plastikligi uning namligiga ham bir miqdorda bog’liqdir. Nam oshishi bilan urug’ qobig’ining elastikligi kamayib, plastiklik xususiyati ortadi. Shuning uchun moyli urug’ning hususiyatini hisobga olib, ularni chaqishda turli usullar qo’llaniladi. Kungaboqar urug’i o’ta mo’rt bo’lgani uchun bu turdagi urug’lar urish usuli bilan chaqiladi. Maxsus chaquvchi apparat (bicherushka) yordamida chaqilganda chaqilayotgan urug’larga betartib ravishda bir necha marta mashina kurakchalari urilib, shu yo’l bilan kungaboqar chaqiladi. Markazdan qochma kuch asosida ishlaydigan boshqa turdagi chaquvchi mashina yordamida uruqqa faqat bir marta katta tezlikda urish yo’li bilin chaqiladi. Paxta chigitiga kelsak, uning qobig’i juda qattiq bo’lganligi uchun urush usuli qo’l kelmaydi. Bu holda kesish yoki qisman ezish yo’li bilan chigit chaqiladi. Mevali o’simliklar danaklari, ma’lumki, nihoyatda qattiq. Ular katta bosim ostida siqish yoki to’qmoqli chaquvchi mashinalar yordamida urish usuli bilan chaqiladi. O’rta tolali paxta chigiti uchun asosan diskli chaqish mashinasi, ingichka tolali uchun esa valikli yoki pichoqli chaqish mashinalari ishlatiladi. Urug’larning elastikligiga namlik ta’sir ko’rsatganligi tufayli chaqilayotgan urug’larning namligi chaqish jarayoni uchun optimal bo’lishi lozim. Optimal namlik kungaboqar urug’i uchun 6-8 % ni, paxta chigiti uchun esa 9-11% ni tashkil qiladi. Agarda chigit uchun namlikni yadro bo’yicha olinsa 1-3 navlar uchun 8,5 – 9.5 %, 4-nav uchun 9,5 – 10.5 % bo’lishi kerak. Agarda paxta chigitining namligi ko’rsatilgan miqdordan kam bo’lsa, elastiklik oshishi xisobiga chaqilish osonlashadi, lekin chaqilgan mahsulot tarkibida moyli changning miqdori oshib ketib, ajratib olinayotgan shulxa bilan mo’ljaldagidan oshiqroq moy yo’qotiladi. Agarda namlik yuqori bo’lsa, chigitning platikligi oshib, chaqish jarayoni yomon ketadi va chaqilmay ezilib qolgan chigit esa sheluxa tarkibiga o’tib, uning moyliligini oshirib yuboradi. Demak, bu holda ham bir qism moy yo’qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |