Arbitraj kelishuvi: uning vazifasi va maqsadlari.
Avvalo, arbitraj kelishuvining o‘zi qanday kelishuv ekanligini oydinlab olamiz. Sir emaski, arbitraj taraflar uchun juda katta erkinlik va shu bilan bir qatorda, nizolarini hal etishda qo‘llaniladigan jarayon ustidan nazoratni taqdim etadi. Bunda esa arbitraj kelishuvining o‘rni ahamiyatlidir.
Arbitraj kelishuvi taraflar o‘z nizolarinihal qilish jarayonini tartibga solishga xizmat qiluvchi huquqiy baza uchun asosdir. Bilamizki, arbitraj jarayoni birgina taraflarning roziligi bilan bog’langandir. Zero taraflarning roziligi ularning o‘z nizolarini aynan arbitraj orqali hal qilish vakolatiga eng birinchi asos bo‘lib xizmat qiladi. Arbitraj kelishuvi arbitrlarning vakolatlarini ham cheklaydi. Chunki arbitrlar faqat taraflarning kelishuvi doirasidagina biror qaror qabul qilishlari mumkin. Taraflarlarning arbitraj kelishuvlari ular o‘rtalaridagi asosiy tijoriy shartnomaning bandida bayon etiladi. Taraflar o‘rtasidagi asosiy tijorat shartnomasi – konteyner shartnoma hisoblanadi. Arbitraj kelishuvi bor degani, taraflarning o‘z kelib chiqqan nizolarini va yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizoni hal etishda arbitrajga roziliklarini ifoda etadi. Demakki, arbitraj kelishuvi taraflar tomonidan nizo kelib chiqishidan oldin ham, nizo kelib chiqqandan keyin ham tuzilishi mumkin. Arbitraj kelishuvi agar arbitraj kelishuvi (arbitration clause) nizo kelib chiqqandan keyin tuzilsa, bunday arbitraj kelishuvlari taqdim etish kelishuvi (submission agreement) deb ataladi. Lekin, ko‘pincha, amaliyotda taqdim etish kelishuvlari juda kam holatlarda uchrar ekan. Sababi, taraflar ushbu kelishuvdan juda xavfsirashadi. Chunki nizo kelib chiqqan vaqtda taraflarning o‘zaro “bir yoqadan bosh chiqarib” taqdim etish kelishuvlarini tuzishlari ancha mushkul hol. Shuning uchun ham arbitraj qoidalari arbitraj kelishuvini konteyner shartnoma bandiga kiritib o‘tishni afzal bilishadi. Bu taraflarga ham nizo kelib chiqqanda yengillik tug’diradi. Negaki agar arbitraj kelishuvi mavjud bo‘lsa, bevosita unga nizoni hal etish usuli sifatida qaraladi.
Odatda, tijorat arbitrajiga oid adabiyotlarda arbitraj kelishuvini sodda va aniq tasvirlash maqsadida quyidagi shakldan foydalaniladi:
Xalqaro bitimlar
Xalqaro arbitraj amaliyoti
Milliy qonunlar
Arbitraj qoidalari
31
Ushbu pastga qaragan piramidaning paski yagona nuqtasi arbitraj kelishuviga qiyoslanadi. Chunki ana shu birgina nuqta butun arbitraj jarayonini boshqaradi va unga ta’sir o‘tkaza oladi.
Aytish joizki, taraflar arbitrajni afzal ko‘rganliklari, ularning bevosita har qanday sud tizimini inkor etganliklarini va shu bilan birga shaxsiy ravishda hal qilinishiga roziliklarini anglatadi. Arbitraj kelishuvi konteyner shartnomaning “tijorat bandi”da joylashgan bo‘ladi. Unda taraflar o‘z nizolari yuzasidan o‘tkaziladigan arbitraj jarayonining borish tartibini, arbitraj o‘tkaziladigan joyni, muhokama tilini, arbitrajni tartibga soluvchi qonunni va eng asosiysi, arbitraj jarayonini olib boruvchi arbitrlarni ham tanlab qo‘yishadi. Taraflar uchun bunday erkinlikni, arbitrajdan boshqa holatlarda uchratish qiyin. Sababi, taraflar bunda o‘z arbitraj kelishuvlari orqali hatto, arbitrning vakolatlarini belgilab beradi. Arbitrlar esa taraflar roziligisiz biror-bir qaror qabul qilish vakolatiga ega emas. Yuqorida ta’kidlanganidek, arbitraj kelishuvi taraflar o‘rtasidagi konteyner shartnomaning bandida joylashgan bo‘ladi. Biroq bu uning ham tijorat shartnomasi hisoblanishini anglatmaydi. Arbitraj kelishuvi mutlaqo alohida shartnoma deb hisoblanadi. Arbitraj kelishuvining ushbu o‘ziga xos xususiyati juda ko‘plab yurisdiksiyalarda “arbitraj kelishuvining avtonomiyasi” deb ataladi. Ushbu avtonomiya agar konteyner shartnoma haqiqiy emasligi tufayli bekor bo‘lgan taqdirda, uning tijorat shartnomasidan alohida ekanligini bildirishi orqali ishlaydi. Ya’ni konteyner shartnoma bekor bo‘lganda ham, arbitraj kelishuvi o‘z kuchida qoladi. Arbitraj kelishuvining alohidalik avtonomiyasi ko‘plab arbitraj qoidalarida bayon etilgan, xususan, UNCITRAL qoidalarining 23 (1)- moddasida, LCIA qoidalarining 23 (2)-moddasida.
Taraflar tomonidan beriladigan rozilik bevosita ochiq-oydin, oshkora va vakolatlar doirasida to‘liq ravishda bildirilgan bo‘lishi lozim.32 Bu rozilik bevosita arbitraj kelishuvining haqiqiyligi bilan bog’lanadi. Shu boisdan, haqiqiylik arbitraj kelishuvi uchun juda ahamiyatlidir. Arbitraj kelishuvining haqqoniy ekanligiga yanada ishonch hosil qilish maqsadida juda ko‘p milliy qonunchilik, qolaversa, qator xalqaro hujjatlar uning aynan yozma ravishda tuzilishiga dav’at etadi. Misol tariqasida oladigan bo‘lsak, Nyu York konvensiyasi. Ushbu konvensiya taraflardan arbitraj kelishuvining yozma ravishda tuzilishini talab etadi. Arbitraj kelishuvi yozma ravishda tuzilsa va imzolansa, u haqiqiy hisoblanadi. Uning yozma ravishda tuzilganligi, ko‘pincha, bir taraf arbitraj kelishuvini inkor etishga qaror qilganda qo‘l keladi. Arbitraj kelishuvining tan olinishi ham uning haqiqiyligiga borib taqaladi. “Xalqaro arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g’risida”gi Nyu York Konvensiyasining 2-moddasida yuqoridagi mulohazalarning uzil-kesil tasdig’i berilgan bo‘lib, uni sharhlashga harakat qilamiz.
Xususan, ushbu konvensiyaning mazkur moddasining birinchi qismi har bir ahdlashuvchi davlat o‘rtasida aniq qonuniy munosabat borligini hisobga olgan holda kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan barcha va har qanday kelishmovchiliklarni, agar ushbu masala arbitraj orqali hal qilinsa, arbitrajga topshirishga majbur ekanligini e’tirof etadi.Konvensiyaning 2-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlarida esa, “yozma ravishdagi kelishuv” atamasi taraflar tomonidan imzolangan shartnomadagi arbitraj izohi yoki arbitraj bitimini yoki o‘zaro xatlar, telegrammalar almashinuvini o‘z ichiga olishi, qolaversa, ahdlashuvchi davlat sudi konvensiyaning aynan ushbu moddasi mazmuniga ko‘ra, taraflar kelishuviga asos bo‘lgan masalada harakatlar sodir etilganda, agar shartnoma haqiqiy emas, to‘g’ri tuzilmagan va yoki ijro etishga yaroqsiz deb topilmasa, taraflardan birining iltimosiga ko‘ra, arbitrajga yuborilishi bayon etilgan.33Bu moddadan anglashilib turibdiki, arbitraj kelishuvining haqiqiyligi uchun eng birinchi omil – uning yozma ravishda tuzilishidir. “Yozma ravishdagi arbitraj kelishuvi” deganda esa, nafaqat qo‘l orqali yozilgan kelishuv, balki taraflar o‘rtasidagi o‘zaro xatlar, telegrmmalar, kelishuv tuzilganligini tasdiqlovchi yozishmalar ham tushunilishi kerakligi aytilgan. Ijtimoiy hayotimizda, odatda, shartnomalarning og’zaki tuzilishiga ko‘p marotaba guvohi bo‘lamiz. Negaki, bu turdagi shartnomalar va yoki elektron pochta va faks orqali tuzilgan shartnomalar taraflardan ortiqcha rasmiyatchilikni talab etmaydi. Avvalo, arbitraj kelishuvidan talab etiladigan “yzma ravishda”gi kelishuv qanday kelishuv bo‘lishi kerakligini bilish zarur. Yozma ravishda tuzilgan kelishuv deganda, u faqat taraflar tomonidan qo‘lda yozilgan kelishuvni anglatmaydi, aksincha, taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaning isboti sifatida qaraladi. U xoh telegrammalar orqali bo‘lsin, xoh elektron fakslar orqali bo‘lsin. Biroq ana shu yozma ravishda tuzilgan shartnomani haqiqiyligi taraflarning uni imzolashiga borib taqaladi. Bu borada tijorat arbitraji amaliyotida turli mulohazalar mavjud bo‘lib, bir qator arbitrlar taraflar imzosi faqat arbitraj kelishuvigagina tegishli bo‘lishini ma’qullasa, boshqa guruh arbitrlari imzo nafaqat arbitraj kelishuviga, balki konteyner shartnomaga ham birday tegishli ekanligini olg’a surishadi. Bugungi kunda arbitrajda taraflar o‘rtasida aynan tuzilgan kelishuvning haqiqiyligi borasida juda ko‘p nizolar kelib chiqadi. Shuning uchun bir qator xalqaro hujjatlarda arbitraj kelishuvining yozma ravishda tuzilishiga oid qoidalar o‘z aksini topgan. Misol uchun aytadigan bo‘lsak, UNCITRAL namunaviy qonunining 7-moddasida ham shu yoritilgan. UNCITRAL namunaviy qonuni biror bir hujjatning o‘zgartirilishi lozim deb topilgan joylarini o‘gartirilgan holatini taklif etadi, o‘sha qonunning o‘zgartirilishini sira kutmaydi. Ushbu namunaviy qonun shu xususiyati bilan xarakterlanadi. Qonunning 7-moddasi “ Arbitraj kelishuvining ta’rifi va shakli” deb nomlanadi.
Qonunning 7-moddasida aytilganidek, arbitraj kelishuvining yozma shaklda bo‘lishi haqidagi talab elektron aloqa orqali, agar unda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar keyinchalik havola qilish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lsa, ta’minlanishi mumkin. “elektron aloqa” taraflar ma’lumotlar uzatish orqali amalga oshiradigan har qanday aloqani anglatadi. “Ma’lumot xabari” elektron, magnit, optik yoki shunga o‘xshash vositalar yordamida yaratilgan, yuborilgan, qabul qilib olingan yoki saqlanadigan ma’lumot, shu jumladan, elektron ma’lumotlar almashinuvi, elektron pochta, telegramma, teleks yoki telekopiyani bildiradi.34 Yuqorida ta’kidlaganimdek, UNCITRAL namunaviy qonuni boshqa qonunning o‘zgarishini kutib o‘tirmasdan, unga o‘gartirilishi kerak bo‘lgan joylarini o‘zgartirilgan holda taklif etadi. Yuqoridagi 7-modda ham Nyu York konvensiyasi 2-moddasiga havola etadi. Zero Nyu York konvensiyasining 2-moddasi “aloqa almashinuv vositalari” deb faqat taraflar o‘rtasidagi xatlar va telegramma almashinuvini nazarda tutgan, namunaviy qonun esa “aloqa almashinuv vositasi” deb nafaqat xat va telegrammalarni, balki faks va elektron pochta xabarlari ham ular qatoriga kirishini belgilab bergan.
Bugungi kunga kelib arbitraj kelishuvlarini tezlik bilan ijro etilishini quvvatlash tendensiyasi rivojlanmoqda. AQSHning Э-imzo (E-Sign) deb nomlangan qonunida arbitraj kelishuviga qo‘yiladigan imzo to‘g’risida so‘z boradi. Unda belgilanishicha, agar arbitraj kelishuvi elektron tarzda tuzilsa, uning shu sababdan amal qilinishi va yoki ijro etilishi rad etilishi mumkin emas. Ana shunday kelishuvga qo‘yiladigan elektron imzo ham, uning elektron tarzda tuzilganligi sababidan rad etilishi, qonuniy kuchga ega bo‘lishini rad etish, amal qilinishini rad etish mumkin emas. Xalqaro tijorat arbitraji amaliyotida arbitraj kelishuvining turli xillari uchrab turadi. Bilamizki, arbitraj kelishuvining ijrosi uchun undan yozma ravishda bo‘lishi talab etiladi. Biroq, shunga qo‘shimcha ravishda arbitraj kelishuvi sharhlovchilar va sudlar tomonidan “haqiqiy emas”, “o‘z kuchini yo‘qotgan”, “ijro etib bo‘lmaydigan” deb topilmasligi shart. Bu uchala xususiyat o‘z sharhiga ega bo‘lib, sharhlovchilar uni alohida-alohida ajratadilar.
Arbitraj kelishuvi haqiqiy emas deb topilganda, u bevosita “nol va bekor” holatiga bog’liq bo‘ladi. Xalqaro tijorat arbitrajida “nol va bekor” holatlari deb, xalqaro miqyosda neytral ravishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan firibgarlik, xato va kamchiliklar kabi tushunchalarni o‘z ichiga oladi. Yanada aniqroq qilib aytganda, arbitraj kelishuvi zo‘ravonlik, firibgarlik, xato va chigal ma’lumotlarni berish, asossiz ta’sir va yoki taraflarning voz kechishi tufayli haqiqiy rozilik mavjud bo‘lmasa, haqiqiy bo‘lmagan arbitraj kelishuvi deb topiladi. Bundan tashqari, layoqatlilik masalasi ham arbitraj kelishuvining haqiqiy emasligiga olib kelishi mumkin. Layoqatlilik masalasi – arbitraj kelishuvini tuzishga vakolati bo‘lmagan shaxslar tomonidan tuzilganda, kelishuv o‘zining zarur tasdiqlariga ega bo‘lmaganda vujudga keladi. 35Bundan tashqari, arbitraj kelishuvining haqiqiy emasligiga “patalogik arbitraj kelishuvi” ham ta’sir etishi mumkin.
“Res judicata” atamasi “ta’qiqlangan” degan ma’noni anglatadi. Agar arbitraj kelishuvi sud tomonidan res judicata deb topilgan bo‘lsa, ushbu kelishuv konteyner shartnomadagi nizoga nisbatan o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi. Bunga asos tariqasida, aynan shu taraflarning aynan shunga o‘xshash munosabatlari boshqa huquqiy yurisdiksiyada hal etilganligi olinadi. Taraflar uni bekor qilgan va yoki nizoni hal etish borasida biror kelishuvga erishganliklari bois, u ishlamay qolishi mumkin. Qolaversa, belgilangan muddat tugagan bo‘lsa ham o‘z kuchini yo‘qotgan bitim deb topilishiga asos bo‘ladi. Misol uchun, taraf shartnoma bekor qilinganidan so‘ng, arbitrajga murojaat qilish uchun cheklangan vaqtga ega bo‘lishsa va bu muddat tugagan bo‘lsa, kelishuv o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi. 36Agar arbitraj kelishuvi o‘z kuchini yo‘qotgan va haqiqiy emas deb topilsa, u kelishuv ijro etib bo‘lmaydigan bitim hisoblanadi. Yoki boshqa holatlarda qarasak, deylik, taraflar o‘z kelishuvlarida bitta arbitrni tanlashdi, biroq tanlangan arbitr nizo paytida vafot etib qolsa, yoki boshqa ish bilan band bo‘lsa va taraflar yangi arbitraj haqida kelisha olishmasa, u bitim ham ijro etib bo‘lmaydigan bitim hisoblanadi. Ya’ni bunday vaziyatda taraflarning har qaysisi yana arbitrajga murojaat etish xohishlariga borib taqaladi. Qolaversa, ijro etib bo‘lmaydigan bitim siyosiy inqilobga ham bog’liqdir. Agar taraflar o‘z kelishuvlarida arbitraj joyini tanlashdi deylik, biroq siyosiy inqilob sabab buning iloji bo‘lmay qolsa, bunday bitim ham ijro etib bo‘lmaydigan bitimdir. Bundan tashqari, agar arbitraj kelishuvi juda noaniq, chalkash tuzilgan bo‘lsa ham, uning ijrosiga katta ta’sir etadi.
Yuqorida arbitraj kelishuvining juda ko‘pturlari, xususiyatlari haqida so‘z bordi. Biroq, shuni aytish joizki, taraflar arbitraj kelishuvini tuzishda juda ehtiyotkor bo‘lishlari lozim. Chunki har tomonlama mukammal tuzilgan arbitraj kelishuvi nizoning shunga mos ravishda samarali, adolatli, muvaffaqiyatli hal etilishiga ta’sir etadi. Biroq, juda ko‘p taraflar arbitraj kelishuvini tuzishda bunga ahamiyatsiz bo‘lishadi. Natijada esa ular tuzgan arbitraj kelishuvi “patalogik arbitraj kelishuvi”ni vujudga keltiradi. Patalogik arbitraj kelishuvi deganda, “nuqsonli arbitraj kelishuvi” tushuniladi.37 Agar bitim patalogik arbitraj kelishuvi deb topilsa, u, hatto, kelishuvni bekor qilinishigacha ham olib kelishi mumkin. Ushbu nuqson arbitraj izohining mazmuni va arbitrajning tashkillashtirilishi borasida ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘p turdagi nuqsonlar arbitraj kelishuvining “patalogik” bo‘lishiga olib keladi. Misol uchun, agar arbitraj kelishuvidagi ma’lumotlar noaniq va mavhum bo‘lsa, yoki undagi ma’lumotlar xato berilgan bo‘lishi mumkin. Bunda kelishuvda taraflar arbitraj joyini xato ko‘rsatishlari mumkin, bu esa umuman mavjud bo‘lmagan arbitraj muassasasini tanlashganidan dalolat beradi. Yoki kelishuvda taraflar o‘zlariga ma’qul bo‘lgan arbitrni tanlashadi, biroq, arbitr nizo vaqtigacha vafot etib qolsa, yoki kelishuvda taraflar faqat ma’lum nizoni hal etish uchun arbitraj o‘tkazilishini belgilashadi, undan boshqa nizo kelib chiqqan taqdirda, mazkur nizoni sud yoki arbitrajda hal qilishga kelisha olmasliklari mumkin. Bu taraflar maqsadining noaniqligiga olib keladi. Agar arbitraj kelishuvida katta nuqsonlar bo‘lmasa, ya’ni “patalogik arbitraj kelishuvi” deb topilmasa ham, xato va kamchiliklari bor kelishuvlar taraflarga samarasiz jarayonni taqdim etadi. Albatta, kelishuvning patalogik bo‘lishiga olib keluvchi bir qancha sabablar bor. Birinchidan, juda ko‘p holatlarda arbitraj kelishuvini tijorat shartnomalarini tuzuvchi huquqshunoslar tuzishadi. Ular esa arbitraj jarayoni yoki arbitraj izohining ahamiyati to‘g’risida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmaydi. Ikkinchidanesa arbitraj kelishuvi oddiy kelishuv andozalaridan farq qiladi, u ancha murakkabroqdir. Xalqaro tijorat arbitraji amaliyotida arbitraj kelishuvini to‘g’ri va aniq tuzish uchun bir qancha yo‘naltiruvchi ko‘maklar mavjud bo‘lib, bugungi kunda ulardan juda keng miqyosda foydalaniladi. Mana shunday arbitraj kelishuvini tuzishda ko‘maklashuvchilar qatorida Xalqaro advokatlar assotsiyatsiyasi (International Bar Associaation IBA) birinchilardan bo‘lib tilga olinadi. Ushbu assotsiatsiya xalqaro arbitraj izohini tuzish bo‘yicha o‘zining ko‘rsatmalarini taqdim etgan. Ko‘rsatmalar arbitraj kelishuvini aniq va puxta tuzishga o‘rgatish bilan bir qatorda, samarali natijaga erishish uchun ushbu izohlarga ilova qiladi. Bundan tashqari, Amerika Arbitraj Assotsiatsiyasi ham o‘zining rasmiy veb-saytida “Nizolarni hal qilish izohini tuzish: amaliy qo‘llanma”si nomli (Drafting dispute resolution clauses: a practical guide) qo‘llanma mavjud bo‘lib, u ham arbitraj kelishuvini tuzishda o‘ta zarur ko‘nikmalarni shakllantirishda qo‘l keladi. Qolaversa, Amerika arbitraj assotsiatsiyasining (AAA) Nizolarni hal qiluvchi xalqaro markazi (International centre for dispute resolution, ICDR) o‘zining “Xalqaro nizolarni hal qilish kelishuvlarini tuzishning nizolarni hal qiluvchi xalqaro markazining qo‘llanma”sini chop etgan.
Odatda, amaliyotda qisqa, aniq va puxta arbitraj izohi mukammal hisoblanadi. Ko‘pchilik, hatto, arbitraj tuzuvchi huquqshunoslar ham o‘zlari bilmagan holda, “patalogik arbitraj kelishuvi”ni tuzib qo‘yishlari mumkin. Shuning uchun malakali mutaxassislar tomonidan doimo arbitraj kelishuviga namuna taqdim etiladi. Ushbu namunalar vaqt va sinovdan o‘tgan bo‘lib, undan foydalanish ancha samaralidir. Deylik, taraflar ad hock ya’ni vaqtinchalik arbitrajni tanlashdi. Albattaki, ularga mukammal arbitraj izohi kerak bo‘ladi. Ular jarayonni qanday davom ettirish bo‘yicha yakdil kelishuvga erisha olishmasa va ularning boshqaruvchi instituti mavjud bo‘lmasa, ular sudga murojaat etishlari mumkin. Qaysiki, taraflar o‘zaro hal qila olmayotgan muammo bo‘yicha: bu bo‘lishi mumkin, arbitrni tayinlash, arbitr joyini tanlash, vaqt masalasi va hokazo. Lekin ko‘plab shunga o‘xshash holatlarda, taraflar o‘zaro bir narsa ustida kelishuvga erisha olmasalar, ular UNCITRAL namunaviy qonunini qo‘llashni afzal deb biladilar. Ushbu qonun qoidalariga ko‘ra, agar taraflar arbitrni tayinlash borasida kelishuvga erisha olmasalar, ular Gaagadagi doimiy arbitraj sudining Bosh kotibiyatiga arbitrni tayinlovchi vakolatli organni tayinlashni so‘rab murojaat etishi mumkin.38 Yana shuni ham aytish joizki, yuqorida yoma bo‘lishlik talabi muhokama qilindi. Arbitraj kelishuvi xoh ad hock arbitraj uchun, xoh institutsional arbitraj uchun tuzilsin, yuqoridagi talab har ikki tur uchun amal qiladi. Huquqshunoslar arbitraj kelishuvining haqiqiyligini nafaqat unga qo‘yilgan talablarga, balki arbitraj joyining arbitraj qonuniga bog’lashadi. Boshqa huquqshunoslar esa, taraflar o‘zlari tanlagan huquq arbitrajning haqiqiyligini ko‘rsatadi, degan fikrni yoqlaydilar. Mana shunday turli fikrlar bo‘lganligi bois, Gonkong xalqaro arbitraj markazi (the Hong Kong international center of arbitration, HKIAC) arbitraj kelishuvi uchun namuna qolip (a model clause)ni e’lon qildi. Ushbu arbitraj kelishuviga ko‘ra, ushbu shartnomadan kelib chiqadigan har qanday nizo: kelishmovchilik, tortishuv yoki shartnomaning haqiqiyligi, mavjudligi, uning sharhlanishi, bekor qilinishi borasidagi har qanday nizolar, taraflar tomonidan arbitraj uchun ariza taqdim etilganidan so‘ng, arbitrajga havola etiladi va shubhasiz, Gonkong xalqaro arbitraj markazi (the Hong Kong international center of arbitration, HKIAC) tomonidan boshqariladigan arbitraj orqali amaldagi HKIAC qoidalariga muvofiq tarzda hal qilinadi.39 Gonkong xalqaro arbitraj markazining qonun-qoidalari bo‘yicha arbitraj kelishuvida, eng avvalo, arbitraj jarayoni bo‘lib o‘tadigan joy (Gonkong), arbitrlar soni (yakka tarkibli yoki uch kishi tarkibli) va arbitraj jarayonlari olib boriladigan til belgilanishi joiz. Bularni belgilashda taraflardan bu boradagi o‘z qarorlarini qabul qilishlari talab etiladi. Misol uchun, ular tomonidan yakka tartibdagi yoki uchta arbitrni tayinlashni aniqlash jarayonida, taraflar konteyner shartnomalarining qanchalik darajada murakkabligini, nizodan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy qiymatni hisobga olib, bir to‘xtamga kelishlari kerak bo‘ladi. Biroq, amaliyotda shunday qoida mavjud: agar nizoning ehtimoliy va yoki aniq qiymati $500,000 dan $1,000, 000 gacha yoki undan ham kam qiymatda bo‘lsa, bunday nizolarni hal etishda bitta arbitr yetarli bo‘ladi. Lekin shunda ham nizoning har tomonlama ehtiyojlari o‘rganiladi. Odatda, taraflar uch arbitrdan ko‘ra, yakka tartibdagi arbitr bilan o‘tadigan jarayonni ma’qul ko‘rishadi. Chunki bunda jarayonlarni rejalashtirish oson va tez amalga oshishi bilan bir qatorda, xarajatlar ham ancha kamroq bo‘ladi. Lekin agar taraflarning shartnomasi juda katta nizo bo‘lib, u ancha murakkab va katta qiymatlarni o‘zida birlashtirsa, taraflar uch kishilik arbitrajga murojaat etishni to‘g’ri deb bilishadi. Chunki har qaysi taraf ishning samarali tugashidan-da manfaatliroq narsa yo‘qligini yaxshi anglaydi. Uchta arbitrga ega bo‘lish ancha qimmat va unda jarayonni rejalashtirish mushkul ish bo‘lsa-da, shartnoma ustida katta mablag’ haqida gap ketganda, taraflar bitta arbitrga nisbatan uchta arbitrda jarayonni ishonchli deb hisoblashadi. Arbitraj kelishuviga arbitrni tayinlashda nizoning murakkabligi bilan bog’liqlik holatiga qaraydigan bo‘lsak, albattaki, nizo qanchalik katta bo‘lsa, bir kishidan ko‘ra, uch kishi ushbu nizoni hal qilishga qodir. Chunki uchta arbitrdan uch xil yechim chiqishi mumkin. Aytish joizki, amaliyotda uchta arbitrni tayinlashning ham o‘z usuli mavjud. Ushbu usulga ko‘ra, har qaysi taraf arbitraj izohida bittadan arbitrni tayinlaydi, tayinlangan ushbu ikki arbitr raislik qiluvchi uchinchi arbitrni tayinlashlarini ko‘rsatadi. Agarda arbitrlarni tayinlash masalasida taraflar kelishuvga erisha olmasalar, arbitrlarni tayinlash arbitrajni boshqaruvchi institut tomonidan amalga oshiriladi. Aytish o‘rinliki, taraflar arbitrlarni tayinlash mobaynida, ulardan ma’lum bir soha bo‘yicha mutaxassislikni, qolaversa, ulardan o‘sha sohada tajribasi bo‘lishini, ma’lum bitta tilda so‘zlasha olishi kerakligi kabi malakaviy talablarni qo‘yishadi. Lekin, arbitrlar tayinlanayotganda, ularga haddan ziyod talablar qo‘yilishi kerak emas, aks holda, ular talab etayotgan arbitr topilmasligi va arbitraj izohi bekor bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlanganidek, arbitraj izohida arbitraj amalga oshiriladigan joy (seat of the arbitration) ham tanlanadi. Bu o‘ta ahamiyatlidir. Chunki taraflar arbitraj amalga oshiriladigan joyni tanlashlari bilan bir qatorda, arbitraj jarayonini boshqaruvchi qonunni ham tanlashadi. Arbitraj amalga oshiriladigan joining qonuni arbitraj jarayonini boshqaruvchi qonun (the lex arbitri) hisoblanadi. Taraflar arbitrajni betarafligi uchun afzal deb biladilar. Shu sababdan, ular neytral yurisdiksiyani o‘rnatish maqsadida, arbitraj jarayoni amalga oshadigan joy sifatida bir-birlarining faoliyati umuman bog’liq bo‘lmagan davlatni tanlashadi. Aytish joizki, arbitraj amalga oshiriladigan joy Nyu York konvensiyasining ishtirokchisi bo‘lishi muhimdir. Shu o‘rinda, amerikalik huquqshunos Klaudia Salomonning aytgan gaplarini eslasak, ayni muddao bo‘ladi: “Odatda, arbitrajdagi taraflar, sud arbitraj jarayoniga aralashmaydigan joyni tanlashni xohlaydilar. Shu bilan birga, ular sudning potensial yordamini ham maqsadlariga erishish uchun bir vosita sifatida ko‘rib chiqishlari kerak.” 40Bunday gaplar xalqaro tijorat arbitraji sohasida juda ko‘plab uchraydi, masalan, shunday naql borki, unda shunday mazmunda gap ketadi: sayohatga borib bo‘lmaydigan joyda, arbitrajni oshirmang. Demak, taraflar arbitraj amalga oshiriladigan joyni tanlayotganlarida o‘sha tanlanayotgan davlatda arbitraj infratuzilma yetarli darajada rivojlanganligiga, u yerdagi transport vositalari, texnologiyalar: bu bo‘lishi mumkin, telefonlar, fakslar, internet tarmog’i va boshqalarning yaxshi rivojlanganligiga, qolaversa, siyosiy va iqtisodiy tuzilmasi barqaror davlatni tanlayotganliklariga ahamiyatli bo‘lishlari lozim. Arbitraj izohida arbitrlar va arbitraj amalga oshiriladigan joydan tashqari, arbitraj o‘tkaziladigan til ham tanlanadi. Ko‘pchilik taraflar arbitraj tilini konteyner shartnomaning tili bilan bir xil bo‘lishini taxmin qilishadi, biroq bu xato. Agar taraflar arbitraj izohida tilni belgilamagan bo‘lsalar, tilni arbitrajning o‘zi belgilashga majbur bo‘lishadi. Arbitraj izohini tuzayotgan huquqshunoslar, odatda, arbitraj tilini belgilashmaydi. Chunki ular kutilmagan xarajatlarga tushib qolishdan xavfsirashadi. Bularga qo‘shimcha ravishda, taraflar o‘z arbitraj izohlariga huquqiy to‘lovlar va xarajatlar masalasini ham kiritib o‘tishlaro foydadan holi bo‘lmaydi, ya’ni kutilmagan vaziyat bo‘liq qolsa ham, taraflarda xarajatlar borasida qansay kelishuv mavjud bo‘lsa, shu yo‘sinda hal etiladi. Garchi maxfiylik arbitrajning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlardan biri bo‘lsa-da, ko‘pchilik taraflar maxfiylik siyosatini arbitraj izohida ham qayd etilishini afzal bilishadi. Chunki xoh taraflar, xoh guvoh va xoh ekspertlar bo‘lmasin, ular maxfiylik haqidagi alohida kelishuvga imzo chekmasalar, ularda maxfiylik bo‘yicha majburiyatlar mavjud bo‘lmaydi. Hatto, arbitrlar arbitraj jarayonining biron-bir tafsiloti bo‘yicha taraflar ruxsatisiz hech kimga oshkor etishi mumkin emas. Bundan tashqari, taraflar arbitraj izohiga qanday qoidalarni kiritayotganliklarini bilishi shart, agar ular arbitraj izohiga mahalliy qonunchilikka zid bo‘lgan qonun-qoidani kiritishsa, arbitraj kelishuvi bekor bo‘lib ketishi mumkin. Misol uchun, Fransiyada “Paris Courd’ Appel” xalqaro arbitraj qarorini bekor qilib yuborgan edi, negaki taraflar o‘zlarining arbitraj izohida arbitraj qarori ustidan apellatsiya berish tartibini belgilab qo‘yishgan edi, vaholangku, bu holat Fransiya qonunchiligiga mutlaqo ziddir. Fransiya qonunchiligiga ma’lum asoslar bilangina, mahalliy arbitraj qarori ustidan shikoyat berishni nazarda tutadi, biroq taraflar xalqaro arbitraj susi qarorlari ustidan apellatsiya berish huquqiga ega emas.
Yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, arbitraj kelishuvi arbitraj jarayoni uchun birlamchi kelishuvdir. Chunki arbitraj kelishuvi nizoning arbitrajda ko‘rilishiga rozilikni ifoda etadi. Xalqaro huquqda bo‘lgani kabi, milliy qonunchiligimizda ham unga alohida ta’rif berib o‘tilgan. Xususan, 2021-yilning 16-fevralida qabul qilingan “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-bob (arbitraj kelishuvi) 12-moddasida belgilanib qo‘yilganidek, taraflarning shartnomaviy xususiyatga egaligidan yoki ega emasligidan qat’iy nazar, ma’lum bir huquqiy munosabat bilan o‘zaro bog’liq bo‘lgan, taraflar o‘rtasida yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha yoki muayyan nizolarni arbitrajga topshirish to‘g’risidagi kelishuvi arbitraj kelishuvi hisoblanadi. Ushbu kelishuv esa konteyner shartnomaning arbitraj sharti yoki alohida bitta kelishuv shaklida tuzilishi mumkin. Xalqaro qonunchilikka mos ravishda, ushbu Qonunimizda ham, arbitraj kelishuvining yozma shaklda tuzilishi belgilanib qo‘yilgan. Yuqorida arbitraj kelishuvining yozma bo‘lishlik talabi Nyu York Konvensiyasining 2-moddasi ikkinchi qismida, qolaversa, UNCITRAL namunaviy qonunining 7-moddasida batafsil yoritilgan bo‘lib, “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida ham yozma ravishdalik talabi aynan qanday bo‘lishi belgilangan. Unga ko‘ra, taraflarning harakati asosida yoxud boshqa vositalar yordamida biror-bir shaklda qayd etilgan bo‘lsa, ushbu kelishuv yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.
Arbitraj kelishuvi jarayonning tekis o‘tishida muhim ahamiyat kasb etadi. Uning rasmiy haqiqiyligiga bog’liq masalalar arbitraj amalga oshiriladigan joy huquqi ya’ni lex arbitri orqali amalga oshiriladi. Erk muxtoriyati prinsipi orqali esa taraflar arbitraj kelishuvini tartibga soluvchi huquqni erkin tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Joizki, arbitraj kelishuvining eng asosiy maqsadi – bu taraflar o‘z nizolarini muqobil hal etish usuli sifatida aynan arbitrajni tanlaganliklarini ko‘rsatishdan iborat.
Arbitraj kelishuvi xalqaro tijorat arbitraji jarayoni samarali faoliyat olib borishi uchun eng ahamiyatli bosqichdir. Arbitraj qarorini tan oldirish masalalari, qolaversa, uni ijrosini ta’minlash uchun ma’lum bir qonun talablariga javob beradigan arbitraj kelishuvi mavjud bo‘lishi shart. Uni tuzish jarayonida taraflar bir qancha masalalarni e’tiborga olishlari lozim. Arbitraj kelishuvi bilan aloqador bo‘lgan nizolarga uning haqiqiyligi, qo‘llaniladigan huquq, nizo predmetiga nisbatan ma’lum cheklovlar, arbitraj kelishuvi doirasiga kiruvchi nizolarni kiritish mumkin.41
Do'stlaringiz bilan baham: |