2.2. Toshkent Xalqaro Arbitraj Markazi (TXAM) va uning xalqaro tijorat arbitraji sohasida egallagan o‘rni.
Xalqaro tijorat arbitrajiga bo‘lgan talab qanchalik ortgani sayin, arbitraj markazlari ham shunga mos ravishda rivojlanib boryapti. Shunga monand yurtimizda inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini, yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini bevosita himoyalashga, buning tijorat va bozor munosabatlariga mos tizimlarini yaratishga yo‘naltirilgan huquq islohotlari keskin ravishda amalga oshirilmoqda. Bunday islohotlar haqida O‘zbekiston Hakamlik sudlari assotsiyatsiyasi raisi, oliy darajali hakamlik sudyasi Mahmudov Hamza shunday deydi: “Islohotlarning eng ahamiyatli yo‘nalishi hisoblangan sud-huquq tizimini liberallashtirishning hozirgi bosqichida hakamlik sudlari nizolarni muqobil hal etishning fuqarolar va tadbirkorlar ishonchiga sazovor bo‘ladigan instituti sifatida qaror topdi.” Bu boradagi islohotlarning eng muhimi deb, Prezidentimizning 2020-yil 17-iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qarorini keltirishimiz mumkin. Ushbu qaror mediatsiya va hakamlik sudlari, qolaversa, xalqaro tijorat arbitrajlarining rolini tubdan oshirish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Xalqaro tijorat arbitrajida Toshkent Xalqaro Arbitraj Markazining ham o‘z o‘rni bor, albatta. Aytish o‘rinliki, ushbu arbitraj markazi hakamlik sudi tarkibidagi to‘liq avtonom organ bo‘lib, unga kelib tushadigan nizolarni TIAC qoidalariga muvofiq, eng avvalo, markazdan, uning direktoridan va boshqa organlardan mustaqil ravishda boshqaradigan yagona organ hisoblanadi. TIAC arbitraj sudiga uning kotibiyati ko‘maklashadi. Ahamiyatli tomoni shundaki, TIAC arbitraj sudi a’zolarining 20 %ini o‘zbek fuqarolari tashkil etadi. Ushbu muassasa prezidentning 2018-yilning 6-noyabridagi “O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazini tashkil etish to‘g’risida”gi qarori asosida shakllangan.TIACning eng asosiy maqsadi bu xalqaro tijorat nizolarini arbitraj orqali hal etishning xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlarini shakllantirish hisoblanadi. Aytish o‘rinliki, ushbu markaz o‘z faoliyati doirasida juda ko‘plab xalqaro hamkorliklarni amalga oshiradi. Qolaversa, undagi nizolarni hal etish uchun xorijiy taniqli arbitrlarni jalb etadi va tijorat, arbitraj, investitsiyaga oid nizolarni sudgacha hal etish borasida yetuk mutaxassislarni tayyorlaydi. Toshkent xalqaro arbitraj markazi tashkil etilguniga qadar, mamlakatimizda xalqaro arbitrajlar faoliyatiga oid normative-huquqiy baza yetarli darajada mavjud emas edi. Tan olish kerakki, bu bevosit axalqaro arbitrlarni jalb etishni cheklab qo‘ygan edi. Bundan tashqari, qonunchiligimizda arbitraj qarorlarini ijro etishning aniq huquqiy mezonlari shakllantirilmagan edi bu esa o‘z-o‘zidan xorijiy investorlarning huquqiy tizimimizga bo‘lgan ishonchlarini susayishiga va investitsiyaviy jozibadorligimizni yo‘qolishiga olib kelgan. Biroq, muassasa o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishni boshlaganidan so‘ng, bularning barchasiga nuqta qo‘yildi. Aytish joizki, Toshkent xalqaro arbitraj markazi O‘zbekiston RespublikasiningSavdo-sanoat palatasi qoshida tashkil etilgan. Turli tijorat tashkilotlari o‘rtaisida va investorlar o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarni xalqaro arbitraj orqali adolatli va odil tarzda ko‘rib, hal etish, nizolarni muqobil hal etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, taniqli xorijiy arbitrlarni jalb etish va ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, nizolarni suddan tashqarida hal etish bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakalarini oshirishga ko‘maklashish kabi muhim harakatlar markaz maqsadlari safidan joy olgan. Ushbu markazda nafaqat o‘zbek arbitrlar, balki ular bilan teng ravishda xorijiy arbitrlar ham jalb etiladi. Undagi arbitrlar qarorlari hakamlik sudlari qarorlarini ijro etish to‘g’risidagi qonunchilikda, shuningdek, xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda ijro etiladi. Gap ketayotgan ushbu markazda barcha yozishmalar va ish yuritish jarayonlari:
o‘zbek;
rus;
ingliz tillarida olib boriladi.
Markaz undagi nizolarni hal etish jarayonida xalqaro hujjatlarda nazarda tutilganidek, nizolarni hal etishni mediatsiya va yoki boshqa muqobil xillarini qo‘llashi mumkin.79Xususan, arbitraj nizolarni hal etishning eng mustahkamlangan va eng oddiy usulidir.80
Umuman olganda, mamlakatimizda mana shunday xalqaro arbitraj markazining faoliyat yuritishi xorijiy arbitrlarning bevosita yurtimizga bo‘lgan qiziqishini va hamkorlik istagini uyg’otadi, qolaversa, davlatning investitsiyaviy nufuzini oshiradi.
Toshkent Xalqaro Arbitraj Markazining Reglamenti 2019-yilda chiqqan bo‘lib, u o‘z ichida jami 33 ta moddani birlashtirgan. TXAMga murojaat etmoqchi bo‘lgan har qanday taraf, o‘z da’vo arizasi bilan TXAM Kotibiyatiga murojaat etadi. Taraflarning da’vo arizasida TXAM reglamentiga muvofiq, nizoni arbitrajga taqdim etish to‘g’risidagi rasmiy talab, taraflar haqida to‘liq ma’lumot, jumladan, telefon raqami, faks raqami va elektron pochta manzili, arbitraj kelishuvining identifikatsiyasi bilan bir qatorda, nusxasi, da’vo uchun asos bo‘lgan nizo xarakteri, da’vo qiymati, arbitraj jarayoni to‘g’risida takliflar bo‘lishi shart. Ushbu markazda arbitrlarni tanlash usuli ham o‘zgacha. Ya’ni markaz reglamentining 9 (9.4)-moddasiga ko‘ra, har bitta taraf bittadan arbitrni tanlaydi. Raislik qiluvchi arbitrni esa, agar taraflarda boshqacha kelishuv mavjud bo‘lmasa, TXAM arbitraj sudi tanlaydi. Reglamentda qat’iy belgilanishicha, TXAM reglamenti asosida ish olib borayotgan har qaysi arbitr odil va taraflardan mustaqil shaxs bo‘lishi shart.81 Shunisi ahamiyatliki, arbitraj jarayoniga tayinlangan arbitr TXAM qoidalariga muvofiq, kotibiyatga u tayinlanganidan so‘ng, o‘zi haqidagi aktual tezyumesini topshirishi shart hisoblanadi. Ushbu jarayondan so‘ng esa taraflar TXAM reglamentida nazarda tutilgan arbitrlarning odil va mustaqil bo‘lishlari haqidagi arizani qamrab olgan deklaratsiyani to‘ldirishlari kerak bo‘ladi. Endi TXAMda arbitrlarning rad etilish jarayoniga keladigan bo‘lsak, bu ham kotibiyatga yozma ravishdagi arizani taqdim etish orqali amalga oshiriladi. Arizada nima uchun arbitrni rad etish va yoki rad etilishi sabablari aniq tarzda yozilishi shart. Kotibiyat tomonidan arbitrni rad etish taqim etilgan, deb hisoblanadigan mmuddat, shu haqidagi arizani qabul qilib olgan sanadan boshlab hisoblanadi. Bilamizki, arbitr o‘zini o‘zi rad etishi yoki taraflar tomonidan rad etilishi mumkin. Agar taraflardan biri arbitrni rad etgan taqdirda, ana shu to‘g’risidagi bildirishnomani va bu bo‘yicha dalillarni boshqa tarafga yuborishi kerak. Ushbu harakatlar arbitr tayinlanishi haqida xabar berilgandan so‘ng, 15 kun ichida amalga oshirilishi kerak. Bildirishnomani olgan taraf, uni qabul qilib olgan kunidan boshlab, 7 kun mobaynida rad etish haqidagi fikrini bildirsa, Toshkent Xalqaro Arbitraj Markazining sudi arbitrni darhol chetlashtiradi. Agar tayinlanayotgan va yoki tasdiqlanayotgan arbitr vafot etib qolgan taqdirda, uning o‘rniga uni o‘rnini bosuvchi boshqa arbitr tayinlanadi. Aytish joizki, agar taraflar arbitraj haqidagi jarayonlar borasida o‘z yozma kelishuvlarida kelishib olishmagan bo‘lsa, bunday qarorlar markaz qoidalariga muvofiq, tribunal tomonidan amalga oshiriladi. TXAMda nizolar taraflar o‘z nizolari mohiyatiga bog’liq holda tanlagan qonunga muvofiq hal etiladi. Aytilganidek, taraflar nizo bo‘yicha uni hal etadigan qonunni tanlamagan taqdirda, bu tribunal tomonidan amalga oshiriladi.
Umuman olganda, O‘zbekistonning jahon bozorida o‘z o‘rnini topishida markazning o‘rni ahamiyatli. O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi tomonidan 2020-yil 5-avgustda “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g’risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun hujjati 2021-yilning 18-avgust sanasida kuchga kirdi. Shu tariqa, mamlakatimiz 1985-yilgi “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g’risida”gi UNCITRAL namunaviy qonuni doirasidagi o‘zining milliy arbitraj haqidagi qonunini rasman qabul qilgan 85-davlatga ya’ni 118-yurisdiksiyaga aylandi. Bu bilan esa, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibasi oshdi. Chet ellik arbitrlar o‘z faoliyatini markazda davom ettirish istagi bo‘lganda, ular, albattaki, qonunchilikka va yaratilgan shart-sharoitlarga baho berishadi.
Xulosa
Tijorat arbitrajiga oid bitiruv malakaviy ishimizga xulosa berar ekanmiz, arbitraj sohasi juda nozik masala bo‘lishi bilan bir qatorda, o‘ta mukammallikni va o‘ta oddiylikni o‘ziga singdirgan sohadir. Bir tarafdan, uning nizolarni hal etish borasida borgan sari xalqaro doiradagi so‘nggi mexanizmlarni qo‘llab, jarayonni qanchalik osonlashtirsa, uning ichidagi jarayonlar u darajada sodda emas, albatta. Shu o‘rinda aytish joizki, 2017-2021-yillar mobaynida mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida huquq ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, biznes va tijorat uchun sharoitlarni yaxshilash va investitsiyaviy jozibadorlikni oshishiga doir bir qancha katta islohotlar amalga oshirildi. Bu esa mamlakatimizda boshqa sohalar singari, arbitrajning rivojlanishi uchun ham katta qadam bo‘ldi, albatta.82 U kishidan alohida sabr va ko‘nikma talab etadi. Bu mavzuni yoritishda shunga amin bo‘ldimki, xalqaro tijorat arbitrajida “jarayon” eng muhimi bo‘lib, u amaliyotning har nuqtasida turli xilda namoyon bo‘ladi. Misol uchun, arbitrlar mavzusini olaylik. Ba’zi hujjatlarda arbitrning to‘liq taraflar kelishuviga monand harakat qilishi, zero taraflar o‘rtasidagi arbitraj kelishuvi bevosita arbitrlarning vakolat doirasini belgilab berishi aytilgan. Biroq, yana ba’zi manbalarda arbitrlarning to‘liq immuniteti va vakolatlari mustahkamlangan bo‘lib, ular doimo birinchi navbatda turishi borasida so‘z yuritilgan. Biz bundan shunday xulosaga keldikki, xalqaro tijorat arbitrajiga oid qoidalar jarayonga bog’liq holatda harakatlanadi. Masalan, arbitr agar o‘zi sodir etmagan harakat uchun immunitetga ega bo‘ladi, ya’ni arbitraj o‘zi vijdonsizlik bilan yondashgan harakatlari oqibatiga arbitr javobgar emas. Biroq arbitr pora bilan qo‘lga tushsa, yoki xolis emasligini o‘zi bilgan taqdirda, taraflarga oshkor etmasa, unga hech qanday immunitet yordam berolmaydi. Lekin bizning arbitraj haqidagi empirik bilimlarimiz,avvalo, nizoni samarali hal etilishini, taraflarga juda katta erkinlik berilishini, xuddiki ular o‘zlarining “xususiy Adliyasi”ni joriy etishlaridek, nizoning muqobil usullar orqali hal etilishini, arbitrlarning xolis va mustaqil shaxs ekanliklarini idrok etadi. Arbitraj sohasida biz institutsional arbitrajga ham, ad hock ya’ni muvaqqat arbitrajga ham bir tomonlama yon bosmaymiz, degan xulosaga keldik. Chunki, har qaysi muassasaning o‘ziga yarasha afzalliklari va kamchiliklari mavjud. Ba’zi taraflarga institutsional arbitrajning qimmatligi ma’qul tushmasa, yana ba’zi taraflarga ad hock arbitrajda ma’muriy institut mavjud emasligi ba’zi noroziliklarni keltirib chiqaradi. Xalqaro tijorat arbitrajida eng muhim bo‘lgan tushunchalardan biri bu “nizo” va “uni hal etishning eng muqobil usullari”dir. Chunki har qaysi taraf arbitrajga, avvalo, samarali va adolatli natija ilinjida murojaat etadi. Arbitraj sohasiga bo‘lgan talab qanchalik ortib borsa, undagi nizolarni hal etish mexanizmlari ham shunga monand yanayam yaxshi tarafga o‘zgarishi mumkin. Nafaqat ushbu tarafi, balki taraflar uchun, umuman olganda arbitraj dunyosi uchun eng yaxshi qoidalarni, ko‘rsatmalarni vujudga kelishi hamma uchun foydalidir. Nizolarni avval taraflarni murosaga keltirish, mediatsiya bosqichlaridan o‘tib hal etilishi ham, albattaki, nizo bu jarayonlarni o‘zida ham hal etilishi mumkin, eng muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Nizolarni muqobil hal etish usuli ham, aslida, aynan shuni maqsad etgan. Bitiruv malakaviy ishini yozishda biz milliy va xalqaro tizimni birgalikda bayon etishga harakat qildik. Misol uchun, xalqaro tijorat arbitraji markazlari bilan bir qatorda, TIACni ham yoritdik. Arbitrlar mavzusi esa ancha muhokama etildi. Chunki biz arbitrni o‘rnini o‘rganish mobaynida uning arbitraj jarayonidagi eng muhim persona ekanligini angladik. U shunchalar muhimki, garchi taraflar ularga nisbatan bir qancha talablarni qo‘ysa ham, har qaysi taraf o‘z jarayoni uchun eng mukammal arbitrni jalb etishni istaydi. Negaki, jarayonning oxiri bevosita arbitrning chiqargan qaroriga bog’liq bo‘ladi. Vaholangki, hamma sheriklar ham samarali jarayonni umid qilishadi. Arbitrlar deganda empirik bilim, eng avvalo, uning xolisligini va taraflardan mustaqilligini idrok etishi kerak. Bugungi kunda arbitrlar uchun juda ko‘plab odob-axloq qoidalari ishlab chiqilgan. Bu qoidalarda ham arbitrlarning mustaqil va xolis bo‘lish majburiyati birinchilardan bo‘lib tilga olingan.83
Ushbu ishimizga xulosa qilib aytar ekanmiz, arbitraj sohasidagi barcha qoidalarni kelib chiqadigan barcha nizolarni tartibga soladi, deb ayta olmaymiz. Demak, hali unga ancha o‘zgartirishlar kerak bo‘ladi. Biroq, arbitrajning o‘zgacha tizimi uni barcha muassasalardan, organlardan farqlaydi. Zero hech qaysi muassasa taraflarga arbitrajchalik katta erkinlikni va maxfiylikni taqdim eta olmaydi, nazarimizcha. Undagi arbitrajning ikkiga bo‘linishi (institutsional, ad hock), taraflarning kelishuvi (erkinliklari), nizolarning muqobil hal etilish bosqichlari va undagi hakamlarning o‘rni nihoyatda qiziqarli va murakkab masaladir. Biz mavzuni o‘rganish mobaynida yuqoridagi kabi arbitrajning afzalliklariga guvohi bo‘ldik. Eng so‘nggi xulosa o‘rnida esa, o‘zimizning bir qancha takliflarimizni keltirib o‘tmoqchimiz. Zero, bu takliflar ham qaysidir bo‘shliqni to‘ldiradi degan umiddamiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |