II BOB. XALQARO TIJORAT ARBITRAJIDA ARBITRLARNING ROLI: ULARNING VAKOLATLARI VA MAJBURIYATLARI.
2.1. Xalqaro arbitraj va milliy hakamlik sudida arbitrlarning roli: ularning vakolatlari va majburiyatlari.
Har bitta mamlakatning qudrati, avvalo, uning iqtisodiyotiga borib taqaladi. Shuning uchun ham bu borada mamlakatlar bir-birlari o‘zaro sherikchiklikni yo‘lga qo‘yishadi, bu aloqalarini esa o‘z shartnomalari orqali mustahkamlashadi. Davlatning qachon o‘z ichki iqtisodiyoti gullab yashnasagina, u xalqaro maydonda faol bo‘la oladi. Bu zamon talabi. Bugungi kunga kelib yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchi islohotlar olib borilmoqda. Ikki mustaqil taraf shartnomaga kirishar ekan, ular oldindan, shartnomadan qandaydir nizo kelib chiqadi, degan taxminga bormaydi, albatta. Lekin yuqoridagi bobda ta’kidlanganidek, taraflar bu haqida oldindan kelishuv o‘rnatishlari foydalidir.
Ma’lumki, idora va korxonalar, muassasalar va tashkilotlar o‘rtasidagi xo‘jalikka oid nizolarni hal etuvchi yagona organlar tizimi deyilganda arbitraj sudi tushuniladi. Mamlakatimizda rasman 1993-yildan buyon arbitraj xo‘jalik sudi deb nomlanib kelinmoqda. Xalqaro tijorat arbitraj sudi esa O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi Ijroiya qo‘mitasining 2011-yilning 1-fevralidagi qaroriga asosan tashkil qilingan va 2011-yil 15-fevralda Adliya organida hisob ro‘yxatidan o‘tgan. Mazkur hakamlik sudi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g’risida”, bundan tashqari, “Hakamlik sudlari to‘g’risida”gi qonun, reglament va nizomga muvofiq tarzda amalga oshiradi. Hakamlik sudi deyilganda, avvalo, uning doimiy yoki muvaqqat tarzda faoliyat yuritishini anglash lozim. “Hakamlik sudi” degan tushuncha arbitraj sudi, xalqaro arbitraji degan ma’nolarni o‘zida mujassam etadi. Mamlakat hududida tadbirkorlik subektlari o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiquvchi hakamlik (arbitraj) sudlarini nizo xalqaro ko‘lamda hal etilishi kerak bo‘ladigan ya’ni xalqaro tijorat arbitrajidan farqlash lozim. Mazkur sudlar fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni, shular qatori, tadbirkorlik subektlari o‘rtasida kelib chiqqan nizolarni hal etuvchi nodavlat organdir. Hakamlik sudlari qonuniylik, mustaqillik, hakamlik muhokamasi ma’lumotlarining oshkor qilinmasligi, hakamlik sudyalarining xolisligi, dispozitivlik, hakamlik muhokamasi taraflarining tortishuvi va teng huquqliligi kabi prinsiplarga rioya qilgan holda o‘z faoliyatini olib boradi. Mazkur sudlar tejamkorlik, nizoni qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqish, hakamlik sudyalarini mustaqil tanlash va nizoni hal qilish atrtib taomilini mustaqil belgilash imkoniyatining mavjudligi, kelishuv bitimiga erishish va hamkorlik munosabatlarini saqlab qolishga sharoit yaratish, maxfiylik, imperativlik kabi bir qator afzalliklarga egaligi bilan xarakterlanadi. Aytish joizki, mamlakatimizda hakamlik sudlari nizoli munosabatlarning subektlariga va, albatta, nizoning predmetiga qarab bir nechta turlarga bo‘linadi:
fuqarolar o‘rtasidagi nizolarni hal etadigan hakamlik sudlari;
tashkilotlar o‘rtasidagi nizolarni hal etadigan nizolar;
tashqi savdoga oid nizolarni hal etadigan va dengiz huquqi bilan tartibga solinadigan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etuvchi hakamlik sudlari.
Biz yuqoridagilardan uchinchisiga to‘xtalmoqchimiz. Xalqaro nizolarni, ya’ni xorijiy firmalar bilan O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy tashkilotlari o‘rtasidagi nizolarni hal etish uchun Savdo palatasi qoshida tashqi savdo arbitraj komissiyasi tashkil etilgan. Ushbu komissiyaning vakolati tashqi savdo arbitraj komissiyasi to‘g’risidagi Nizom bilan belgilanadi.
Umuman ularning nizolarni hal etishi borasida gap ketar ekan, aytish joizki, hakamlik sudlarining nizolarni muqobil hal etishi nafaqat subektlar uchun, balki davlat uchun ham juda ahamiyatlidir. Mazkur sudlarning roli davlat sudlariga nisbatan zid bo‘lish emas, balki nizolarni hal qilishning yangi muqobil usulini taklif etishdir. 2020-yil 17-iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qarori nizolarni sudgacha bo‘lgan vaqt mobaynida ko‘rib hal etishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlarihamda xalqaro arbitrajlarning ahamiyatini tubdan oshirish, ularning fuqarolar va tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan institutlarga aylanishida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu qonunda mediatsiya markazi va nizolarni muqobil usulda hal etish markazining asosiy vazifalari sifatida mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitraj ishlarini ko‘rish bilan bog’liq faoliyatga aralashmaslik prinsipi asosida ish yuritishi va huquqiy jamiyatda nizoni hal etishning muqobil mexanizmlari yaratilishi jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishishning samarali vositasi sifatida baholanishi belgilab qo‘yildi.42
O‘zbekiston Respublikasining 64-sonli 2006-yilning 16-oktabridagi (kuchga kirish sanasi: 01.01.2007) “Hakamlik sudlari to‘g’risida”gi Qonunida hakamlik sudlarining faoliyati bilan bog’liq barcha tartib-qoidalar belgilab qo‘yilgan. Ushbu qonunning 6-moddasida belgilab qo‘yilganidek, doimiy faoliyat yurituvchi hakamlik sudlari yuridik shaxs tomonidan tashkil etilishi mumkin va tashkil etilgan hakamlik sudi yuridik shaxs huzurida o‘z faoliyatini yuritadi. 43 Muvaqqat hakamlik sudlari esa hakamlik bitimi taraflari o‘rtasida kelib chiqqan muayyan nizoni hal etish uchun ular tomonidan tashkil etilib, nizo ko‘rib chiqilib, hal etilganidan keyin, muvaqqat hakamlik sudi o‘z faoliyatini tugatadi. 44 Qonunda, bulardan tashqari, hakamlik sudlari fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolar hal etilishi, ma’muriy, oila va mehnat huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni hal etmasligi belgilangan.45 Hakamlik sudlarida hakamlarga nisbatan bir qancha talablar qo‘yilgan. Misol uchun, hakamlik sudlarining hakamlari 25 yoshga to‘lgan, xolis ishtirok etishga qodir, nizoning hal etilishdan bevosita va yoki bilvosita manfaatdor bo‘lmagan, hakamlik bitimining taraflaridan mustaqil bo‘lgan va hakamlik sudyasi majburiyatlarini bajarishga rozilik bergan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hakamlik sudyasi etib tayinlanishi mumkin. Mediatsiya hakamlik muhokamasida nizoni ko‘rib chiqish jarayonida hakamlik sudining qarori qabul qilunguniga qadar qo‘llaniladi. Biroq xalqaro tijorat arbitrajida taraflar nizoning istalgan bosqichida mediatsiyaga murojaat etishlari mumkin. Agar hakamlik sudida taraflar o‘zaro mediativ kelishuvni tuzib tasdiqlasalar, hakamlik sudlari mediatsiya jarayoni yakunlanguniga qadar hakamlik muhokamasini qoldirish to‘g’risida ajrim chiqaradi. Taraflar mediativ kelishuvni tuzgan taqdirda, hakamlik sudi hakamlik muhokamasini tugatadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g’risida”gi Qonun esa xalqaro tijorat arbitrajlarining faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonunning 33-moddasida belgilanib qo‘yilganidek, arbitraj jarayonida taraflarga nisbatan teng munosabatda bo‘lish ta’minlanadi va har bitta tarafga o‘z fikrini bayon eta olishi uchun oqilona imkoniyatlar taqdim etiladi.46 Arbitraj sudlari nizoni, odatda, taraflar nizo mazmuniga nisbatan qo‘llash uchun tanlab qo‘ygan huquqqa muvofiq hal etadi. Agar taraflar bu bo‘yicha hech qanday normaga havola etmagan taqdirda, arbitraj sudining o‘zi to‘g’ri deb bilgan normani tanlaydi. Yana bir bor ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasining zamirida inson va uning huquqlari yotadi. Biz hakamlik sudi va xalqaro tijorat arbitraji haqida muhokama olib borar ekanmiz, bir gapni eslash maqsadga muvofiq bo‘ladi: “Sud bugungi kunda avvalgidek hukmron kommunistik tizimning qatag’on va jazolash apparati emas, balki u har bir inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini ishonchli tarzda qo‘riqlash va himoya qilishga qaratilgan chinakam mustaqil davlat institutiga aylanmoqda.47 Keling, shu o‘rinda nizolarni iqtisodiy –tijoriy nizolarni iqtisodiy sudlarda va xalqaro tijorat arbitrajida ko‘rib chiqilishi bilan bog’liq farqlar va kamchiliklarni ko‘ramiz. Qiyoslash metodi orqali iqtisodiy sud va xalqaro tijorat arbitrajida nizoni hal etish holatlarini batafsil o‘rganamiz. Bu boradagi eng asosiy va katta farq deb, iqtisodiy sudlarda ishlarning uchta instansiyada ko‘rib chiqilishini aytsak bo‘ladi. Dastavval, nizo birinchi instansiyada ko‘rib chiqiladi. Agar taraf birinchi instansiya sudining qaroridan norozi bo‘lsa, apellatsiya instansiyasiga shikoyat etishi mumkin. Undan ham norozi taraf uchinchi instansiya sifatida kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin bo‘ladi. Xalqaro tijorat arbitrajida esa, taraflar oldida ikkita tanlov turadi: bu o‘z nizolarini institutsional arbitrajda va yoki ad hock arbitrajda hal etilishini tanlashlaridir. Sud muhokamasini shakllantirish borasida ham ancha farqlar mavjud. Masalan, sudlarda ish muhokamasi va yoki ishni ko‘rish uchun sud tarkibi sudyalarning ish hajmini hisobga olgan holda, yagona BAZA (avtomatlashtirilgan axborot tizimi) orqali shakllantiriladi. Biroq xalqaro tijorat arbitrajida arbitraj jarayoni to‘liq arbitraj kelishuvida taraflar belgilagan qonun-qoida asosida boshqariladi. Bunda taraflar arbitraj joyi va vaqti, muhokama tilini, bundan tashqari, nizo uchun qo‘llaniladigan huquqni va arbitrni tanlash vakolatiga ega. Jahon statistikalari eng yirik nizolarning deyarli 80% iga yaqini xalqaro tijorat arbitraji hissasiga to‘g’ri kelishini ko‘rsatyapti. Misol uchun, Qirolicha Mariya nomidagi London universiteti “White & Case” xalqaro yuridik kompaniyasi bilan birgalikda o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 97 %i nizolar hal etilishida xalqaro tijorat arbitraji eng yuqori pog’onada ekanligini ta’kidlashgan. Bu boradagi fikrlarimizga yuridik fanlari doktori, professor Islombek Rustambekovning gapi bilan yakun yasamoqchimiz: “O‘zbeksitonning jug’rofiy tarafdan qulayligi, Buyuk ipak yo‘lida joylashgani, barcha rivojlangan mamlakatlar bilan aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani, zamonaviy mehmonxona va infratuzilmaning mavjudligi, shuningdek, mamlakatimizning betakror iqlimi, qadimiy obidalari, milliy urf-odat, an’analari, turistik salohiyati, shirin taom, meva va sabzavotlarining mashhurligi arbitrlarni jalb etish, nizolarni aynan shu hududda hal etish imkoniyatini oshiradi.”48
Xalqaro tijorat arbitraji sohasida arbitraj jarayoniga hakamlik qiluvchi arbitrlarning o‘rni beqiyosdir. Nafaqat xalqaro doiradagi arbitrlar, balki hakamlik sudlarining hakamlari ham bu borada ular bilan teng pog’onada turadi. Albattaki, har qaysi taraf o‘z nizosini samarali hal etilishi ko‘zlaydi. Shu boisdan ham ular o‘z kelishuvlarida o‘zlari istaganlaridek arbitrni belgilashni xohlashadi. Bu ahcha yaxshi holat deb o‘ylaymiz. Chunki arbitr taraflar tomonidan qancha ko‘p tanlansa, uning mavqeyi shuncha o‘sadi. Bu halol raqobat, nizolarni hal etishda arbitrlarning yanada yetuk bo‘lishiga xizmat qiladi. Aynan shu boisdan arbitrlarga tegishli hujjatlar, xalqaro shartnomalar doimiy ravishda o‘zgarib turadi.
Ushbu bo‘limni muhokama etishdan avval, bir so‘zni sharhlab o‘tmoqchiman. Tabiiy savol tug’iladi: arbitrlarning rolini empirik tushunish deganda nima nazarda tutiladi? Empirik bilim bu haqiqat bilan bevosita aloqada bo‘lishga, tajriba va undan hosil bo‘lgan ongga asoslangan tushunchadir. Empirik bilim ilmiy bilimni egallamagan holda, ma’lum bo‘lgan idrokdir. Demak, arbitrlarning rolini empirik tushunish deganda, shuni eshitishimiz bilan arbitraj jarayonida ularning rolini qanday tushunamiz, shuni ko‘z oldimizga keltirishimiz kerak.
Arbitrlarning roli haqida gap ketar ekan, odatda, ko‘pchilik ularni taraflar izmidagi shaxsga qiyoslashadi. Sababi ular taraflar tomonidan tanlanadi va taraflar ularning vakolati doirasini belgilab beradi, taraflar tanlagan qoidalar bo‘yicha faoliyatini olib boradi. Biroq bu mutlaqo xato fikrdir. Sababi agar arbitrlarning roli uncha ahamiyatsiz bo‘lganda edi, ular taraflar tomonidan ma’lum xususiyatlar bilan tanlb olinmasdi, malakalari bilan bog’liq narsalar o‘rganilmasdi. Chunki arbitrlar nizoni hal etishda va nizoli taraflarni kelishtirishda ko‘maklashuvchi huquqshunoslardir. Bu borada gap ketar ekan, avvalo, milliy qonunchiligimiz doirasida bu mavzuni ko‘rib chiqishni niyat qildik. O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g’risida”gi Qonuni mamlakatimizda hakamlik sudlarining tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Mazkur qonunning 3-bobi hakamlik sudyalari hqida bayon etilgan bo‘lib, 14-moddasida belgilanib qo‘yilganidek, hakamlik sudyasi bo‘lish uchun shaxsdan yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmasligi, nizoning xolis hal qilinishiga qodir bo‘lishi, nizo yakuni bo‘yicha hech qanday manfaatdor bo‘lmasligi, taraflardan mustaqil shaxs bo‘lishi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi va hakamlik sudyasi majburiyatlarini bajarishga rozilik bergan bo‘lishi talab etiladi. Bundan tashqari, nizoni yakka tartibda hal qiluvchi hakamlik sudyasi oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Aytish joizki, taraflar o‘z kelishuvlarida hakamga qo‘yiladigan malakaviy talablar borasida kelishib olishlari mumkin. 49 Biroq, muomala layoqati cheklangan va yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g’risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxs, sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs, o‘zining kasbiy faoliyatiga to‘g’ri kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun sudya, advokat, notarius, tergovchi, prokuror va yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolati qonunda belgilangan tartibda tugatilgan shaxs va qonunda belgilangan mansab maqomiga muvofiq hakamlik sudyasi etib saylanishi mumkin bo‘lmagan shaxslar qonung binoan, hakamlik sudyasi bo‘la olmaydilar. Agar yuqoridagi talablari buzilgan taqdirda, taraflar hakamlik sudyasini rad etish haqida arz qilishlari mumkin bo‘ladi. Deylik, taraflar bir arbitrni tanlashdi, biroq hakam o‘zini rad etishi sabablar borligini biladi. Bunday holatlarda hakam buni darhol hakamlik muhokamasi taraflariga yetqizishi darkor. Agar bunday vaziyat muhokama vaqtida yuzaga keladigan bo‘lsa, taraflarni bu haqida ogohlantirib, o‘zini-o‘zi rad etish to‘g’risida ariza taqdim etishi kerak. Hakamlik sudyasi o‘zini –o‘zi rad etsa, yoki rad etilsa va u vafot etgan taqdirda, uning vakolatlari ham tugatiladi. Vakolatlari tugatilgan taqdirda esa, jarayonga boshqa hakamlik sudyasi tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g’risida”gi Qonunining 5-moddasi belgilab qo‘yganidek, taraflar tomonidan o‘z nizolarini arbitraj orqali hal qilish uchun o‘zaro kelishilgan tartibda tayinlangan jismoniy shaxs arbitrdir. Bunda taraflar o‘z xohishiga ko‘ra, arbitrlar sonini belgilashlari mumkin. Taraflar o‘rtasida bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda esa, uch nafar arbitr tayinlanadi.50 Yakka taribdagi arbitrlik arbitrajida arbitr taraflarning shartnomasi bo‘yicha tayinlanadi, lkin ularda bunday kelishuv mavjud bo‘lmagan taqdirda, har qaysi tarafning iltimosiga ko‘ra, u sud tomonidan tayinlanadi. Uch nafar arbitrlik arbitraj jarayonida esa agar taraflar o‘rtasida kelishuv mavjud bo‘lmagan taqdirda, har qaysi taraf bittadan arbitrni tanlaydi. Tanlangan ikki arbitr esa raislik qiluvchi arbitrni tayinlashi kerak bo‘ladi. Bunda raislik qiluvchi arbitrdan oliy yuridik ma’lumot talab etiladi.Xalqaro tijorat arbitrajida arbitrlar faqatgina uning xolisligiga shubha uyg’otuvchi va tasdiqlovchi faktlar mavjud bo‘lgandagina rad etiladi. Shuning uchun ham xalqaro tijorat arbitrajida arbitrga qo‘yiladigan eng katta talab bu uning xolis va betaraf shaxs bo‘lishidir. Umuman aytganda, arbitraj jarayoni uchun arbitrni tanlash taraflar uchun o‘ta ahamiyatli bosqich hisoblanadi. Chunki arbitrning bilim va tajribasi, mulohazasi arbitraj jarayonidagi har qanday vaziyatdan to‘g’ri olib chiqishga, qolaversa, undagi har qanday qarorni to‘g’ri qabul qilinishiga ta’sir etadi. Bundan tashqari, aytish joizki, arbitraj jarayonidagi arbitrlar sudyalarga nisbatan juda katta vakolatlarga ega bo‘ladi. Sababi, sudyalardan farqli o‘laroq, arbitrlar chiqargan qarorlar biror bir qonun asosida bekor qilinmaydi va mumkin ham emas. Arbitr huquqni talqin etish mobaynida unga noto‘g’ri yondashgan bo‘lishi mumkin, lekin bu ham uning qarorlarini bekor qilinishiga olib kelmaydi. Xalqaro tijorat arbitrajlarida, yuqorida ta’kidlanganidek, bir yoki uch nafar arbitrlar tayinlanadi.51 Taraflar ish mohiyatining miqdoriga qarab, taraflarning sonini hal etadi. Bitta arbitr bilan ishni ko‘rib chiqishning eng afzal tarafi shundaki, bunda taraflar uchun arbitraj xarajatlari kam bo‘ladi, qolaversa, arbitraj jarayonini vaqtini rejalashtirib olish ancha qulay bo‘ladi. Chunki uchta kishining har xil fikrida bitta yakuniy to‘xtamga kelish qiyinroqdir. Shuning uchun ham ko‘p hollarda xalqaro tijorat arbitraji uch arbitr ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Biroq uch arbitr ko‘rib chiqadigan nizo miqdori shunga monand bo‘lishi lozim. Uch arbitr ko‘rib chiqadigan jarayon bitta arbitr ishtirokidagi jarayonga nisbatan ancha qimmat bo‘lsa ham, to‘g’ri qaror qabul qilinishi borasida ustunlikka ega hisoblanadi. Aytish joizki, agar taraflar turli millat vakillari bo‘lgan taqdirda, ular o‘z millatlariga mansub va yoki unga yaqin keladigan arbitrni tanlashlari mumkin. Bu ham taraflar uchun taqdim etilgan afzalliklardan biri sanaladi. Amaliyotda shunday holatlar kuzatiladiki, taraflar jarayon boshlanmasidan avval, arbitraj kelishuviga nizo bitta va yoki uch arbitr ishtirokida ko‘rib chiqilishini aniq qayd etib qo‘yishadi. Biroq bu taraflar yo‘l qo‘yadigan eng katta xatolardan biri hisoblanadi. Chunki arbitraj jarayoni boshlanishidan avval, hech kim nizoning aniq summasini hisoblab ayta olmaydi. Agar nizo kam mablag’li bo‘lsa-yu, kelishuvda uch arbitr ishtiroki belgilanib qo‘yilgan bo‘lsa, bu taraflarga ancha qimmatga tushadi, albatta. Shunin uchun ham arbitrlar sonini tayinlashda taraflar o‘z kelishuvlariga quyidagi mazmundagi qaydni yozib qo‘yishlari foydadan holi bo‘lmaydi:
“Arbitrlar soni nizo miqdoriga bog’liq holda va kelishilgan holda tayinlanadi. Agar nizo miqdori oshib ketsa, uch arbitr ishtirokida, aksi bo‘lsa bitta arbitr ishtirokida ko‘rib chiqiladi.”
Agar taraflar o‘z nizo jarayonlari uchun arbitralarni tayinlash borasida ma’lum to‘xtamga kelisha olishmasa, bu harakat turli arbitraj qoidalari orqali arbitraj tomonidan amalga oshiriladi. Arbitraj jarayoni boshlangan bo‘lib, unda biror murakkabchilik aniqlanmasa, u yakka tartibdagi arbitr ishtirokida ko‘riladi. Biroq arbitraj jarayonida nizoning o‘ta murakkab jihati aniqlanib qolsa, nizoni uchta arbitr ko‘rib chiqadi.52 Lekin boshqa qoidalarda esa, masalan, UNCITRAL, vaziyat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, nizo uchta arbitr tomonidan ko‘rib chiqiladi.53 Arbitrajdek taraflarga qulaylik va afzalliklar taqdim etuvchi institut bo‘lmasa kerak. Uning afzalliklari haqida gapirar ekanmiz, ulardan eng ahamiyatlisi sifatida taraflar o‘z nizolarini ko‘rib chiqadigan arbitrni ham tanlashlari mumkinligini keltirsak bo‘ladi. Ya’ni har qaysi taraf arbitrlarning malakasi, tajribasini solishtirib, o‘zlariga ma’qul arbitrni tanlash imkoniga ega. Xalqaro tijorat arbitraji modulidan yaxshi ma’lumki, arbitrlardan huquqshunos bo‘lish talab etilmaydi. Biroq shunday bo‘lsa-da, taraflar o‘z nizolariga huquqshunos arbitrlarni jalb etishni afzal ko‘rishadi. Chunki arbitraj jarayonida har qaysi arbitr hujjatlar bilan ishlashga to‘g’ri keladi, shartnolarni haqiqiyligini tekshirish, turli qarorlar qabul qilish, huquqni qo‘llay bilish ko‘nikmasi – bularning barchasi arbitrdan yetarli huquqiy ko‘nikmani talab etadi. Lekin uch kishilik arbitrajda taraflar huquqshunos bo‘lmagan arbitrni tanlashsa ham bo‘ladi, lekin tanlangan ikki arbitr albatta oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan raislik qiluvchi arbitrni tanlashlari shart. Misol uchun, qurilish arbitrajidagi aynan shu holatni olaylik. Taraflar biri pudratchini, yana biri esa arxitektorni tanlashlari mumkin. Lekin ular raislik qiluvchi sifatida huquqshunosni tanlashlari shart. Huquqshunos bo‘lmagan arbitrlarning fikriga ko‘ra, nizoli jarayonda nizoning amaliy, texnik jihatlarini chuqur bilish – hammasidan-da ustun jarayon. Hattoki, ba’zi xildagi qarorlarni ishning texnik jihatlariga oid qismini yozib tavsiflab berishda ko‘proq huquqshunos bo‘lmagan arbitrlar jalb etiladi. Shunday bo‘lsa ham, agar nizo mohiyati o‘zida texnik savollarni ifoda etmasa, taraflar nizoga huquqshunoslarni jalb etishni xohlashadi. Huquqshunos bo‘lmagan arbitrlarning salbiy jihati shundaki, ular protsessual va umumiy qonunchilikdan bexabar bo‘lishadi. Bu esa ularning nizoni ko‘rib chiqish muddatini shunchaki uzayishiga olib keladi. Bundan tashqari, bunday arbitrlarda huquqiy temperament ya’ni huquqiy fe’l-atvor, xarakter yetishmaydi. Amaliyotda ularning taraflar ustidan ochiqchasiga mensimaslik holatlari kuzatiladi. Huquqshunos arbitr esa o‘ziga yarasha o‘zining huquqiy temperamentiga ega bo‘ladi. Shu o‘rinda polshalik arbitr va advokat Silvestr Pikovskiyning aytgan gaplarini eslaymiz: “Nizo predmeti Amerikada aroq tarqatish haqidagi kelishuv to‘g’risida edi. Professor-o‘qituvchilarning birortasi na arbitraj sohasida va na aroq tadbirkorligi bo‘yicha tajribaga ega emas edi. Natijada, ular qonunni qo‘pol ravishda buzgan holda qo‘llab qaror qabul qildilar va ushbu qaror oxir-oqibatda bekor bo‘ldi.”54
Bundan tashqari, arbitrlardan tilni mukkamal darajada bilish talab etiladi. Chunki taraflar arbitrlarni tanlayotganlarida arbitrning sud ishlari yuritilayotgan tilni bilish-bilmasligi, ikki yoki undan ortiq tilni bilish jihatlarini inobatga oladi. Agar arbitr ish yuritilayotgan tilni mukammal darajada bilmasa, u jarayondagi muhim tafsilotlarni to‘g’ri anglay olmaydi. Qolaversa, arbitr uchun yana eng muhim xususiyatlardan biri uning nufuzidir. Taraflar o‘z jarayonlariga taniqli, nomi chiqqan arbitrlarni jalb etishni istashadi. Lekin juda ko‘p holatlarda taniqli va mashhur arbitrlarning ish jadvallari doim to‘lib turadi. Shuning uchun ham ularni band etish juda qiyin. Taraflar uchun o‘zining malakasi bilan mashhurlikka erishgan arbitrlarni o‘zining nizoli jarayonlarini hal etishga band qilish ular uchun ahamiyatlidir. Qolaversa, ular uchun o‘bro juda muhimligini aytish joiz. Har bitta arbitr o‘zida adolatlilik, ilmli bo‘lishlik va halollik kabi xislatlarni shakllantirishi kerak, bu nafaqat ularning obro‘siga , balki taraflar uchun foydalidir.55 Chunki arbitraj sudlari to‘liq xolisona va adolatli o‘tishi uchun taraflar o‘zlari tanlagan arbitrning huquqiy iqtidoriga katta ishonch bildirlari muhim. Aytish kerakki, taraflar arbitrni va yoki arbitrlar kollegiyasini tanlayotganlarida u ishni qay paytta ko‘rib chiqishiga va jarayonni qanday taqsimlab, qanday boshqarishiga alohida ahamiyat qaratishadi. Albattaki, bu kabi izchil ma’lumotlar arbitr ma’lumotnomasida yozilmaydi, lekin taraflarning ushbu savoliga arbitr uchun taraf bo‘lgan boshqa shaxslar javob bera olishadi. Bu kabi harakatlar ular o‘zlari uchun eng to‘g’ri qarorni chiqarib beruvchi arbitrni xohlashlaridan dalolat beradi. Chunki taraflar qaror ustidan apellatsiya va kassatsiya tartibida qayta murojaat qila olmasliklarini yaxshi bilishadi.
Aytish joizki, taraflar o‘zaro kelishib qaror qilingan har qanday narsa o‘rtalaridagi arbitraj kelishuvida aks etishi kerak. Misol uchun, taraflar ular tanlagan barcha arbitrlar o‘zbek tilida gaplashishi, ularning barchasi kulolchilik sohasida yetarlicha tajribaga ega bo‘lishi va arbitraj tili – fransuz tili bo‘lishi haqida o‘z kelishuvlarida kelishib olishlari mumkin. Lekin, oldindan arbitrni tanlab qo‘yishning bitta salbiy jihati shundaki, agar tanlanayotgan arbitr uchun talab qilinayotgan xususiyatlar haddan ziyod bo‘lsa, taraflar unday arbitrni topishda ancha qiyin ahvolga tushib qolishadi.
Arbitrlardan taraflarga nisbatan mustaqil va xolis shaxs bo‘lishlari talab etiladi. Bundan tashqari, arbitrning dini, millati, tili qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, undan taraflardagi nizoni ularga nisbatan betaraflik holatida adolatli ko‘rib chiqishi talab etiladi. Ko‘p hollarda raislik qiluvchi arbitr va yakka arbitrlar taraflar millatidan bo‘lishmaydi, chunki institutsional arbitraj qoidalari to‘liq betaraflikni yoqlaydi.56 Misol uchun, ICSID qoidalarining 3.1-qoidasiga ko‘ra, taraflar kelishuvidan tashqari, arbitrlarning hech biri biror tomon bilan bir xil millatga mansub bo‘lishi mumkin emas. Yoki LCIA qoidasining 6.1-moddasiga ko‘ra, raislik qiluvchi yoki yakka arbitr taraflarning yozma kelishuvisiz ular bilan bitta millatga mansub bo‘lishi mumkin emas.57 Lekin taraflar o‘z kelishuvlarida buni inkor etib, o‘z millatlariga mansub arbitrni qiyinchiliklarsiz tanlay oladilar. UNCITRAL namunaviy qonunining 11(1)- moddasida belgilanganidek, hech qaysi arbitr uning millati sababli arbitrlikdan chetlashtirilishi mumkin emas, albattaki taraflar o‘rtasidagi kelishuvda boshqa qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa.58 Agar taraflar arbitrni tayinlash borasida kelishuvga erisha olmaslar, bu vazifani muassasa bajaradi. Chunki taraflar bu masalani o‘z arbitraj kelishuvlariga yozishlari yoki shu borasida o‘zaro kelishishlari kerak. Agar ularning hech biri amalga oshmasa, aritrlar muassasa tomonidan tayinlab olinadi. Yuqorida aytilganidek, uch arbitrli ishda doimiy usul sifatida ikki taraf har qaysisi bittadan arbitrni tayinlaydi, ushbu ikki arbitr esa raislik qiluvchi arbitrni tanlaydi. Agar taraflar shu usul orqali arbitrni tanlashni istasalar, ular, albatta, bu to‘g’risida o‘z kelishuvlarida bayon etmog’i lozim. Biroq, ICC qoidalarida biroz boshqacharoq. Ya’ni, har qaysi taraf bittadan arbitrni tanlashi mumkin, xolos. Agar taraflar uchinchi (raislik qiluvchi) arbitrni bo‘lishini juda xohlasalar, u ICC qoidalariga ko‘ra, ICC arbitraj sudi tomonidan tanlanadi.59 Ruminiya Savdo-sanoat palatasi qoshidagi Xalqaro arbitraj sudining 2014-yilgi arbitraj qoidalariga muvofiq, (CCIR RULES), “bu yerda taraflar arbitrlarning sonini aniqlashmaganligi sababli, nizo uchta arbitr ishtirokida ko‘rib hal etiladi, ikki arbitr taraflar tomonidan, raislik qiluvchi arbitr esa, tanlangan ikki arbitr tomonidan kelishuv bo‘lmagan taqdirda, arbitraj prezidenti tomonidan tayinlanadi.”60
2015-yilgi arbitraj qoidalariga muvofiq, CIETAC, Xitoyning nufuzli arbitraj instituti, taraflar kelishuvi mavjud bo‘lganda va CIETAC raisi tayinlashni tasdiqlasalar, taraflar CIETAC tomonidan boshqariladigan arbitrlar ro‘yxatidan tashqaridagi arbitrlarni ham tanlashlari mumkin. Agar ular raislik qiluvchi arbitr borasida kelisha olmasalar, ularning har biri CIETACga beshtadan bitta nomzodning ro‘yxatini taklif qilishlari mumkin.61 Mabodo ikki ro‘yxat uchun ham nomzod yo‘q bo‘lsa, CIETAC har ikki taraf tomonidan ko‘rsatilmagan shaxsni tayinlaydi.62 Xalqaro tijorat arbitrajida umumiy qoidalarga ko‘ra, agar taraf o‘zaro kelishmasa va kelishilgan muddatda o‘z tanlovini bera olmasa, taraflar arbitraj nizomi ko‘ra, muassasaning o‘ziga murojaat etishadi. Arbitr taraflarning bittasi tomonidan tanlangan taqdirda ham, u xolis bo‘lishga majburdir. Ular hech qanday tomondan ularni tanlagan tomonga yon bosmasligi shart. Xalqaro tijorat amaliyotchilari bu borada arbitrni tayinlash yarayonning eng muhim va ahamiyatli bosqichi ekanligini ta’kidlashadilar. Taniqli arbitr Silvester Piekovskiy ta’kidlaganidek: “arbitr – tribunalning sifatini hal etuvchi ahamiyatga ega va agar siz uni noto‘g’ri tanlasangiz, oqibatlari fojiali bo‘ladi.”63 Bu borada Pekindagi arbitr va advokat Jinjou Tao esa: “Arbitr taraflar ishining yarmidir.”, deya baho bergan.64 Amaliyotda arbitrlarni tanlash borasida juda ko‘p usullar mavjud. Lekin shulardan eng ma’qul tushadigani – bu o‘zlari bilgan, ishongan arbitrni tanlash hisoblanadi. Yuqorida ko‘pchilik taraflar obro‘li va taniqli arbitrlarni tanlashlari haqida gapirib o‘tdik. Biroq kuchli mutaxassislar taraflarga o‘ta taniqli arbitrlardan uzoqroq turishni maslahat berishadi. Negaki, bunday arbitrlarning ish jadvali doimo band bo‘lib, u har bitta ishga mas’uliyat bilan yondashmasligi mumkin. Arbitrlar e’tiborlarini qaratadigan yana bir muhim jihat shundaki, ular arbitrni nizo mohiyatida ancha tajribaga ega, bilimli bo‘lishini istashadi. Chunki arbitr nizo mohiyatini tushunsagina, boshqalarni ishontira oladi. Shu bilan bir qatorda, arbitrlardan qonun hujjatlariga tushunish salohiyati talab etiladi. Amaliyotning bu boradagi yana kichik bir haqiqati shundaki, odatda, javobgar arbitr tanlayotganda, da’vogarning arbitri bilan teng darajadagi arbitrni izlashga harakat qiladi. Ya’ni uning arbitri da’vogar arbitriga bo‘ysunib qolmasligi uchun. Shveysariyalik arbitr Klodiya Kalin-Nauer taraflarga arbitr va rais tanlayotganda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlar haqida maslahat beradi. Da’vogar Avstriyadan tashrif buyurgan deb o‘ylasak, amalda qo‘llanilishi kerak bo‘lgan qonun esa Shveysariya qonuni bo‘ladi. Endi savol tug’iladi: u tanlaydigan arbitr shveysariyalik bo‘lishi joizmi yo avstriyalik? Shu vaqtda da’vogar arbitrni avstriyalik arbitrni tanlashga qaror qilsa, narigi tomon shveysariyalik arbitrni tanlashi ham mumkin. 65
Taraflar arbitrlarni tayinlashda juda o‘xshash bo‘lib, arbitrlarning qatnashgan ishlari yoki nashr etgan asarlarini to‘liq o‘rganmasdan tanlab qo‘yishlari mumkin. Ko‘pincha taraflarning advokatlari shunchaki o‘z ishlarini bajarmaydilar.66 Yuqorida arbitrlarning yakka yoki uch nafarlik talnlash usullari haqida gapirildi. Odatda, taraflarning arbitrlarni tayinlash jarayoni sherik arbitrlarning raislik etuvchi arbitrni tayinlash jarayonidan ancha qiyin kechar ekan. Biroq sherik arbitrlar uchun ham bu ancha mas’uliyatlidir. Londondagi mashhur arbitr Xyu Dundas ham bir ishda sherik arbitrlardan biri bo‘lganligini aytadi. Ular sherigi bilan raislik qiluvchi arbitrni tayinlashlari kerak bo‘lgan ekan. Sherik arbitr Dundasdan o‘zi yaxshi tanigan arbitrlardan tanlovlari bor yoki yo‘qligi haqida so‘raganida, u o‘zi bilgan beshta arbitrni aytib, ularning mashhurligi, tajribaga ega ekanligini va bilimli ekanligini aytgan ekan. Biroq sherik arbitr aynan u aytgan arbitrlar rais bo‘lmasligini ta’kidlaganida, Dundas ularga o‘zining taklifini aytishga biroz muddat bergan ekan. Muddat tugagach, sherik tomon Dundas taklif etgan bitta arbitrni tanlashga qaror qilganini bildirgan. Demoqchimizki, bu borada tanigan, tajribali ekanligini bilinib turgan arbitrni tayinlash ancha yaxshi. 67
Agar jarayonga yolg’iz arbitr tayinlanishi kerak bo‘lganda, taraflar bu haqida oldindan kelishib olishlari joiz. Biroq buni oldindan kelishuvga yozib qo‘yish uncha foydali emas. Chunki muhokamalar boshlangan vaqtda u arbitr band bo‘lib qolishi mumkin va yoki nizo bo‘yicha ko‘nikmaga ega bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun ham taraflar nizo kelib chiqqanidan keyin uni tanlash masalasini hal etishlari kerak. Agar taraflar arbitraj jarayonigacha bu haqida kelishuv tuzmagan bo‘lsalar, har qanday muassasa ham nizo kelib chiqqanidan keyin ham ularga bunday imkoniyatni taqdim etadi. Buning bittagina salbiy jihati shundan iboratki, ko‘p hollarda taraflar nizo kelib chiqqanidan so‘ng biror kelishuvga erisha olmaydilar. Uchta arbitrni tanlash usulini muhokama etdik, tabiiy savol tug’iladi, bitta arbitrni tayinlashda ham usullar mavjudmi? Albatta. Agar taraflar yakka arbitrlik jarayonni tanlashsa, ularning har biri uchtadan beshtagacha arbitrni ro‘yxatini tuzishadi va bir-birlari bilan almashishadi.Agar biror arbitr ikki ro‘yxatdan ham joy olgan bo‘lsa, u tanlanadi. Biroq bitta arbitr ikki ro‘yxatda bo‘lmasa va taraflar bu haqida kelisha olishmasa, arbitraj sudi yagona arbitrni tanlaydi. Arbitrni tanlash ancha ahamiyat kasb etishi bois, taraflar ularni tanlashlaridan avval, advokat arbitrlar bilan gaplashib ko‘rmoqchi bo‘lishadi. Advokatlarning bu istaklari xalqaro tijorat arbitrajida “go‘zallik shaydolari” deb ataladi. Taraflar bu orqali arbitrlardan qimmatli ma’lumotlarni olishga ishonishadi. Arbitrlarning majburiyatlariga to‘xaladigan bo‘lsak, ular birinchi navbatda, xolis va mustaqil shaxs bo‘lishlari shart. Ularga qo‘yilgan ushbu majburiyat ko‘plab hujjatlarda belgilanib qo‘yilgan. Misol uchun, UNCITRAL MODEL LAW, art. 12(1-2), LCIA qoidalari 5.3-modda, ICDR qoidalari 13 (1-2) qoida, ICC qoidalari 11(1)-modda. Arbitrlar uchun xolislik deganda, uning har tomonga birday munosabatda bo‘lishi, bir tarafni boshqasidan ustun yoki pastga qo‘ymasligi tushunilishi kerak. Mustaqillik esa, arbitrning hech qaysi tarafga hech qanday aloqasi bo‘lmasligi kerakligini anglatadi. Bulardan tashqari, arbitr faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi zinhor bo‘lmasligi shart. Bu masala bo‘yicha Xalqaro Advokatlar Assotsiyatsiyasi (IBA) xalqaro arbitrajda aynan arbitrlar faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha 2014-yili o‘z ko‘rsatmalarini ishlab chiqqan.68 Ishchi guruh ishlab chiqqan ko‘rsatmalar asosan, ikki guruhdan iborat bo‘lib, 1-guruhi “Xolislik, mustaqillik va maxfiylik to‘g’risidagi standartlar” deb nomlansa, 2-guruh “Umumiy standartlarni amaliy qo‘llash” deb nomlanadi. Ko‘rsatmalarning birinchi qismi bevosita maxfiylik, oshkor etish, mustaqillik va xolislik haqidagi mavzularni qamrab olgan umumiy 7 ta standartdan iborat. Umumiy tarzda muhokama etadigan bo‘lsak, birinchi standart har bitta arbitrning to‘liq mustaqil va xolis shaxs bo‘lishi kerakligini nazarda tutadi. Ikkinchi standart esa, agar arbitr o‘zida xolislik va mustaqillik kabi jihatlarni rad etishi mumkin bo‘lgan jihatni payqab qolishi bilanoq, o‘zini o‘zi rad etishi kerakligini va yana aksincha, agar taraflar arbitrning xolisligiga shubha uyg’otuvchi jihatni sezib qolsa, arbitr tayinlanishini rad etishi kerakligini anglatadi. Bu vaziyatda har qaysi arbitr o‘ziga aynan taraflar ko‘zi bilan boqishi va taraflar undagi qaysi jihatlarni rad etishi mumkinligini “sintez qilishi” kerak. Ikkinchi guruh bevosita uchga:
qizil (o‘ta jiddiy);
sariq (uch yil – kesish nuqtasi);
yashil (xolislik va mustaqillik).
Bu ko‘rsatmalar haqida parijlik arbitr va advokat Sara Fransua-Ponset: “Ko‘rsatmalar u darajada mukammal emas, chunki amaliyotdagi har qaysi holat bilan bog’lana olmaydi. Lekin ular arbitrajga oid har qaysi qoidadan ustunroqdir. Arbitraj hamjamiyatida ular jam bo‘lishadi, biroq jamoada yo‘q odamlar uchun ular bunday bo‘lmasligi mumkin. Agar arbitr sifatida, nizo haqida qandaydir xavotiringiz bo‘lsa va buni oshkor etsangiz, siz kechasi, albatta, yaxshi dam olasiz. Afsuski, siz yomon vijdon va ishonchni boshqarolmaysiz.” deya o‘z fikrini bildirgan.69Ma’lumki, IBA tomonidan 1987-yilda ham arbitrlar uchun axloq qoidalari shlab chiqilgan edi. Ammo, 2014-yili IBA ishchi guruhi 1987-yildagi hujjatni birlashtirib, yagona hujjat chiqarish o‘rniga, uning sonini bittaga ko‘paytirdi, xolos. Vaholangki, ikki hujjat ham umumiy ma’noda arbitrlarning axloqiga oid kodeksdir. 2014-yilgi ko‘rsatmalarning kirish qismida 1987-yilgi hujjat hali amalda ekanligi va hali bu davom etishi, ushbu hujjat esa uning to‘liqroq varianti ekanligi ma’lum etilgan.70 Arbitrlar uchun juda ko‘p majburiyatlar o‘rnatilgan bo‘lib, bulardan bittasi, arbitr arbitraj bitimini yaxshilab o‘qishi va taraflar undan aynan qanday bo‘lishini talab qilayotganliklarini anglashdir. 1987-yildagi Xalqaro arbitraj sudining Xalqaro arbitrlarning odob-axloq qoidalarining 1- va 2-moddalarida arbitrlar taraflarni adolatli qaror bilan ta’minlash uchun astoydil harakat qilishi, tarafkashlikdan xoli bo‘lishi, uchrashuvni talab etib taraflarga murojaat etmasligi va taraflarning uchrashuvlarini rad etishi, arbitraj sudining tilini bilish, har narsaga oqilona vaqt ichida yondashish, xolis va mustaqil bo‘lish kabi majbriyatlar yuklatilgan.71
Har qaysi taraf muassasa tayinlagan arbitr bo‘yicha o‘z e’tirozlarini taqdim etishi va arbitrlar tarkibini tuzish vaqtida uni rad etishni so‘rab murojaat etishi mumkin. Odatda, arbitrning rad etilishiga asosiy sabab manfaatlar to‘qnashuvi bo‘ladi. Ammo amaliyotda arbitrlarning xatti-harakatlari uchun ham (uxlab qolishi nojoiz suhbatlashishi va hokazo) ularning rad etilish holatlari uchrab turadi.
Xalqaro tijorat arbitrajida arbitrlarning 3 xil vakolatlari nazarda tutiladi:
tezkor vakolatli kuch;
nazarda tutilgan kuch;
o‘ziga xos kuch.72
Arbitrlar uchun tezkor vakolatli kuch taraflar tomonidan belgilab beriladi. Aytilganidek, taraflar o‘z arbitraj kelishuvlari orqali arbitrlarning vakolat doirasini ham belgilab beradilar. Zero, arbitrlar taraflar nazarda tutganidan boshqacha qoida qo‘llay olmaydilar va arbitraj kelishuvi bilangina harakatlanadilar. Xalqaro qoidalarda, shartnomalarda, ko‘rsatmalarda belgilanib qo‘yilgan vakolatlar arbitrlar uchun “nazarda tutilgan vakolatlar” hisoblanadi. Misol uchun, arbitrlar ularning millatlari, dini va irqiga qarab arbitrlik faoliyatidan chetlshtirilmaydi. Arbitrlarning o‘ziga xos kuchi uning nizo bo‘yicha astoydil harakat qilishidagi barcha harakatlarida namoyon bo‘ladi.
Endi arbitrlarni almashtirilishi bilan bog’liq jarayonga to‘xtalsak. Agar arbitrlarga nisbatan jarayonda asosli e’tiroz bildirilsa va yoki boshqa sabab bilan u iste’foga chiqsa, yoki o‘z xohishi bilan arbitrlikdan voz kechsa, uning o‘rnini to‘ldiruvchi boshqa arbitrni tayinlashni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Deyarli har bitta arbitraj institutlari qoidalarida arbitrlarni almashtirish tartibi belgilab qo‘yiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ko‘pchilik arbitrlar immunitetsiz jarayonda ishtirok etishni xushlashmaydi. Immunitet ularning qarorini imperativ bo‘lishiga va yakuniyligiga olib keladi. Aks holda, taraflar arbitrlarni sudga berishga haqli bo‘lib qoladilar. Bu esa arbitrlarning daxlsizlik huquqiga zarar yetkazadi.Ko‘p taraflar buni inkor etishadi, chunki arbitrlarni javobgarlikdan ozod etish ularning o‘z ishiga mas’uliyatsiz bo‘lishiga, beparvolik bilan yondashishiga va samarasiz qaror chiqishiga sabab bo‘ladi, deb hisoblashadi. Lekin bu unchalik ham asosli isbot emas. Chunki har qaysi taraf arbitrni o‘zlari tanlaydi va undan o‘zi xohlaganicha majburiyatlarni yuklaydi. Lekin ba’zi istisnoli holatlar, arbitrlarni ham javobgarlikdan chetlab o‘tolmaydi. Misol uchun, korrupsiya jinoyati. Bunda pora olgan arbitr jinoyat qonunchiligiga bo‘ysunishga majburdir. Arbitrlarning vakolatlariga kelganda, bu borada AQSHning o‘rni beqiyosdir. Amerika arbitrlar uchun deyarli 100 % immunitetni yoqlaydi. Ayniqsa, bunday sharoit qaror chiqaruvchi arbitrlar uchun yaxshi ishlaydi. Hatto, AQSHning ba’zi bir shtatlari o‘z qonunlari bilan arbitrlar immunitetlarini mustahkamlab qo‘yishadi.731974-yilgi Avstraliya xalqaro arbitraj qonunida arbitraj tomonidan vijdonan bajarilmagan har qanday harakat uchun arbitr javobgar emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.74 Biz faqat Amerikani bu borada izchil deb aytishdan yiroqmiz, chunki ko‘pchilik fuqarolik-huquqiy davlatlar arbitrlar uchun mutlaq immunitetni taqdim etmasa-da, uning immunitetlarini tan oladi. Arbitrlar doimo shunchaki beparvolik uchun emas, balki qo‘pol va jiddiy e’tiborsizlik uchungina javobgarlikka tortiladilar. Ular uchun javobgarlik ularning huquqbuzarliklari asosida yoki alohida shartnoma asosida belgilanadi. Agar holat shu darajada jiddiy tus oladigan bo‘lsa, ba’zi taraflar nafaqat arbitrni, balki muassasani ham javobgarlikka tortishni xohlashadi. Bir qator yurisdiksiyalarda muassasalar immunitetga ega bo‘ladi, chunki ular kvazi-sud sifatida faoliyat olib borishadi. Biroq ba’zi yurisdiksiyalar, masalan, Fransiya arbitraj markazlari, agar markazlar taraflar uchun ular kutganidek samarali arbitrlik uchun kerakli vositalarni taqdim eta olmasa, ular javobgar hisoblanishadi.75 1987-yilgi xalqaro arbitrlar uchun axloq qoidalarining 3-moddasida noxolislik belgilari belgilangan.76 Ya’ni bu moddada aytilishicha, arbitrlar uchun noxolislik bilan bog’liq savollarni baholash mezonlari bu betarflik va mustaqillikdir. Arbitrning tarafkashligi, uning bir tomonga yon bosish holatlari kuzatilganda, vujudga keladi. Agar arbitr nizo yakuni bo‘yicha qandaydir manfaatga moyilligi bo‘lsa, u haqiqatdan ham noxolis arbitr sanaladi. Ushbu qoidalar noxolislikni oshkor qlish majburiyatlarini ham belgilagan bo‘lib, uniing 4-moddasida arbitr uning xolisligi va mustaqilligi borasida asosli dalil bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarni taraflarga oshkor qilishi shart. Agar u bularni bila turib, oshkor etmasa, noxolislikni keltirib chiqaradi. 77
Xalqaro tijorat arbitrajidagi barcha arbitrlar kelishuvda taraflar arbitr e’tiborini qaratishi shart deb hisoblagan barcha holatlarga oqilona vaqt ichida, mas’uliyat bilan yondashishi shart. Xalqaro Advokatlar Assotsiyatsiyasining 2014-yil 23-oktabrda qabul qilingan Xalqaro arbitrajda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha ko‘rsatmalarida ham arbitrlarning majburiyatlari belgilab berilgan. Uning kirish qismida ta’kidlanishicha, bu ko‘rsatmalar qachonki arbitrlar tomonidan vijdonan yondashilganda, ta’sir etadi. Agar arbitr o‘zining betaraf yoki mustaqil bo‘lish qobiliyatiga shubha tug’ilsa, tayinlovni qabul qilishdan bosh tortishi, yoki arbitraj allaqachon boshlangan bo‘lsa, arbitr vazifasida davom etishdan voz kechishi lozim.78Shuni aytish kerakki, arbitr nafaqat taraflar uchun, balki to‘liq arbitraj jarayoni uchun javobgar hisoblanadi. Jarayonning qanchalik adolatli va odil o‘tishi, avvalo, arbitrning xulq-atvoriga bog’liq bo‘ladi. Arbitr o‘zida shunday katta mas’uliyati borligini his eta olishi muhimdir.
Shunday qilib, arbitrlar va hakamlar xalqaro tijorat arbitrajida va milliy hakamlik sudlarida beqiyos shaxslardir. Chunki butun arbitraj jarayoni boshidan to oxiriga qadar arbitrlar bilan hamohanglikda o‘tadi. Ularning qanchalik samarali qaror chiqarishi taraflarning ishonchini zabt etadi va kelajakda yana taraflar bilan ishlashga zamin yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |