To’lov balansini muvofiqlashtirishning asosiy usullari
Xalqaro to’lov balansi tushunchasi va tarkibi
Mamlakatning ko’p qirrali xalqaro munosabatlari uning xalqaro operatsiyalari balans hisobvarag'ida o’z aksini topadi. Ushbu balans an'ana bo’yicha to’lov balansi deb ataladi.
To’lov balansi - bu, xalqaro operatsiyalarning balans hisob-varaqidir. Ya'ni, bu mamlakatning tovarlar, xizmatlar, kapitallar olib kirish va olib chiqish ko’rsatkichlarini nisbati shaklidagi xalqaro xo’jalik aloqalari kompleksining qiymat ifodasidir.
Xalqaro operatsiyalarning balans hisob-varaqi mamlakat tashqi iqtisodiy operatsiyalarining ko’lamlari, tarkibi va xarakterini qiymat jihatidan miqdoriy hamda sifat ifodasidir. Amaliyotda odat sifatida "to’lov balansi" atamasidan foydalanish, barcha operatsiyalar bo’yicha valyuta oqimlarining ko’rsatkichlarini esa to’lov va tushumlar sifatida belgilash qabul qilingan. Matbuotda chop etilayotgan to’lov balanslari nafaqat amalga oshirilgan yoki ma'lum bir sanaga ijro etilishi kerak bo’lgan to’lov va tushumlarni balki xalqaro talablar hamda majburiyatlar bo’yicha kursatkichlarni ham qamrab oladi.
To’lov balanslarining zamonaviy jadvallari barcha qimmatliklarni mamlakatlararo harakati haqida yetarli ma'lumotlarga ega. Bunda majburiyatlarning joriy davrda to’lanmaydigan va kelgusi davrga o’tkazilib yuboriladigan qismi kapital yoki kreditlar harakatini aks ettiruvchi to’lov balansi moddalariga kiritiladi.
So’nggi paytlarda to’lov balansiga qo’shimcha sifatida mamlakatlararo qimmatliklar harakati to’g’risidagi ma'lumotga ega mamlakatning xalqaro aktivlar va passivlar balansi tuziladi. Ushbu balans mamlakatning zahira toifasidagi xalqaro moliyaviy holatini aks ettiradi va mamlakat jahon xo’jaligiga integratsiyalashuvining qanday bosqichida (pog’onasida) turganligini ko’rsatadi.
Mazkur balansda ushbu davrga mamlakat tomonidan taqdim etilgan va olingan kreditlar, investitsiyalar, boshqa moliyaviy aktivlar qiymatining nisbati aks etadi. Ayrim davlatlarda olingan resurslar hajmi xorijdagi aktivlariga nisbatan katta. Boshqa mamlakatlarda bu ikkala ko’rsatkich ham katta, ham turlichadir. Xorijiy moliyaviy resurslarni netto-importyori sifatida AQSh alohida o’rin egallaydi. Xalqaro moliyaviy pozitsiya va to’lov balansi ko’rsatkichlarining o’zlari bir-biri bilan bog’liqdir.
Iqtisodiy mazmuniga ko’ra ma'lum bir sanaga bo’lgan to’lov balansi va ma'lum bir davr to’lov balansi farqlanadi. Ma'lum bir sanaga bo’lgan to’lov balansini statistik ko’rsatkichlar shaklida qayd etishning ilojisi yo’q. Chunki u kundan-kunga o’zgarib turuvchi to’lov va tushumlarning nisbat shakli sifatida mavjuddir.
To’lov balansining ahvoli, ushbu davrga milliy va xorijiy valyutaga bo’lgan talabni belgilab beradi hamda valyuta kursini shakllantiruvchi omillardan biri bo’lib hisoblanadi.
Ma'lum bir davr uchun to’lov balansi (oy, chorak, yil) ushbu davr mobaynida amalga oshirilgan tashqi iqtisodiy shartnomalar bo’yicha statistik ko’rsatkichlar asosida tuziladi va mamlakatning xalqaro iqtisodiy munosabatlarida, uning jahon xo’jaligidagi ishtiroki ko’lamlarida hamda xarakterida sodir bo’lgan o’zgarishlarni tahlil etish imkoniyatini beradi.
Davr uchun to’lov balansining ko’rsatkichlari iqtisodiy rivojlanishning agregat ko’rsatkichlari bilan bog’liqdir (yalpi ichki mahsulot, milliy daromad va shu kabilar) va davlat tomonidan muvofiqlashtirish ob’yekti bo’lib hisoblanadi.
Davr uchun to’lov balansining ahvoli milliy valyutaning uzoq muddatdagi davrga bo’lgan holati, uning barqarorligi yoki valyuta kursining o’zgarish xarakteri bilan uzviy bog’liqdir.
Buxgalteriya hisobi nuqtai nazaridan to’lov balansi doimo muvozanatda bo’ladi. Ammo o’zining asosiy bo’linmalari bo’yicha agar tushumlar to’lovlardan ko’p bo’lsa aktiv sal'doga, aksincha bo’lganda passiv sal'doga ega bo’ladi. Shu sababli to’lov balansini tuzish va sal'dosini o’lchash uslublari mamlakat tashqi iqtisodiy operatsiyalarini xarakterlovchi ko’rsatkichlarni to’g’ri tahlil qilishda muhim rol' o’ynaydi.
To’lov balansi tuzishning nazariyasi va amaliyoti jahon iqtisodiyotida bo’layotgan o’zgarishlarga muvofiq ravishda rivojlanib, takomillashib bormoqda. "Balans" atamasi xalqaro to’lov munosabatlarida bir qator tushunchalarni xususan balans hisobvarag'i, sal'do yoki hisobvaraq qoldiqi, hisobvaraq ahvoli, muvozanat va boshqalarni ifoda etish maqsadida ishlatiladi. Shu sababli to’lov balansi - bu, nafaqat ikki tarafi bir-biriga teng bo’lgan mamlakat Xalqaro operatsiyalari hisobvarag'i, balki o’z ichiga uning asosiy elementlarining sifat va tarkibiy xarakteristikalarini olgan, ushbu operatsiyalarning ma'lum bir ahvolidir.
To’lov balansining tarkibiy tuzilishi. To’lov balansi quyidagi asosiy bo’limlardan iborat:
-savdo balansi, tovarlarni olib kirish va olib chiqish o’rtasidagi nisbat;
-xizmatlar va notijorat to’lovlar balansi ("ko’zga ko’rinmaydigan" operatsiyalar balansi);
-o’z ichiga tovarlar, xizmatlar va bir tomonlama o’tkazmalarni olgan joriy operatsiyalar balansi;
-kapitallar va kreditlar harakati balansi;
-rasmiy valyuta zahiralari bilan operatsiyalar.