To’lov balansi tuzishning muhim masalalaridan biri - bu, uning sal'dosini o’lchashdir. Ushbu masala keng ko’lamdagi, ya'ni alohida xalqaro bitimlar to’g’risidagi ma'lumotlarning aniqligidan tortib jadval tuzishning tarkibiy tuzilishigacha bo’lgan savollarni qamrab oladi hamda to’lov balansi nazariyasi va amaliyotining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri bo’lib hisoblanadi. To’lov balansining kamomadi yoki aktiv sal'dosining qabul qilingan aniqlash uslubi - bu, to’lov balansini asosiy va balanslovchi moddalarga bo’lishdir. Asosiy moddalarning sal'dosini "to’lov balansining sal'dosi" deb atashadi. Ushbu miqdorning ijobiy yoki salbiy bo’lishiga qarab esa uni to’lov balansining aktivi yoki kamomadi deb atashadi.
To’lov balansining sal'dosi muhim ko’rsatkichlardan hisoblanadi. Uning miqdori yalpi ichki mahsulot va milliy daromad hisob-kitobiga kiritiladi, valyutaning holatiga, ichki hamda tashqi siyosatni olib borish vositalarining tanloviga ta'sir etadi. Bundan to’lov balansi sal'dosini o’lchash paytidagi eng muhim muammo sifatida moddalarni asosiy yoki balanslovchi moddalarga tasniflash muammosi maydonga chiqadi.
To’lov balansi sal'dosi tushunchasi operatsiyalar ma'lum bir to’plamining balans yakuniga aloqadordir. Ushbu tushuncha principial xarakterga egadir. To’lov balansining aktivligi yoki passivligi ko’rsatkichi doim muvozanatda bo’lgan yalpi to’lov balansining xarakteristikasi sifatida qabul qilinishi kerak emas. To’lov balansi sal'dosining ko’rsatkichi tuzilmaviy bo’lib hisoblanadi. Uning katta-kichikligi birinchi navbatda ushbu moddalar yakunini ifodalovchi moddalar tanloviga bog’liq. Bunday tanlov o’z holicha bo’lishi kerak emas. U ma'lum bir maqsadga bo’ysungan va o’zida taalluqli tahliliy yondoshuvni aks ettirmoqi lozim.
To’lov balansi moddalarining XVF uslubiyotiga muvofiq tasnifi uning sal'dosini aniqlashning evolyutsiyasini kuzatib borish imkonini beradi. Ushbu sxemadan foydalangan holda, ma'lum bir guruh operatsiyalarning tagiga chizishning o’zi kifoya qiliadi va bunda ushbu chiziqning yuqorisida joylashgan barcha ko’rsatkichlarning yakuniy ko’rsatkichi bizga ma'lum bo’lgan bir konsepsiyaga binoan to’lov balansi sal'dosiga muvofiq bo’ladi. Ushbu ko’rsatkich chiziqdan pastda bo’lgan teskari ifoda bilan olingan barcha ko’rsatkichlar summalari bilan muvozanatlashtiriladi. Mazkur tasniflashning tarkibiy tuzilishi ma'lum bir me'yorda tarixan xalqaro iqtisodiy operatsiyalar rivoji ketidan boradi.
Joriy operatsiyalar balansining konsepsiyasi. Xalqaro almashuvning tarixan eng rivojlangan shakli sifatida maydonga tashqi savdo chiqadi. Xalqaro savdo bo’yicha hisob-kitoblar dastlabki to’lov balanslari moddalarining asosiy mazmunini tashkil etgan edi. Xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashib borishi bilan xizmatlar xalqaro almashuvda kattaroq rol' o’ynay boshladi.
Savdo balansi va xizmatlar balansi mamlakat ichki iqtisodiyotining holati hamda jahon xo’jaligida egallagan o’rni bilan o’zaro bog’liqdir. Tashqi savdoning kamomadi yoki aktivligi jahon bozorida ushbu mamlakat tovarlari raqobatdoshligini, iqtisodiyotini kuchli yoki kuchsizligini aks ettiradi va jiddiy iqtisodiy choralar ko’rilishiga sabab bo’lishi mumkin.
Tashqi dunyo bilan mamlakat iqtisodiy aloqalarini kengroq ma'noda to’lov balansining joriy operatsiyalar balansi aks ettiradi. Masalan, mamlakat lisenziyalar sotuvi va turizmdan tushumlar, xorijda ishlayotgan ishchilar pul o’tkazmalari hisobiga savdo balansi kamomadini qoplashi mumkin. To’lov balansining joriy operatsiyalar sal'dosi ko’p qollarda mamlakat tashqi iqtisodiy holatining xarakteristikasi uchun ishlatiladi. Joriy operatsiyalar balansi mamlakat tomonidan xorijga berib yuborilgan yoxud xorijdan yalpi ichki mahsulotga qo’shimcha olingan real qimmatliklar qiymatini aks ettiradi deb hisoblanadi.
Tahliliy nuqtai nazardan joriy operatsiyalar balansi xorijiy ekspertlar fikriga ko’ra o’zining ikki xususiyati bilan farqlanadi. Ya'ni, birinchidan, joriy operatsiyalar o’zining tabiatiga ko’ra yakunlangan operatsiyalardir, ular bo’yicha hisob-kitoblar kapitallar bilan operatsiyalar singari javob sifatidagi qo’shimcha operatsiyalarni keltirib chiqarmaydi. Ikkinchidan, qisqa muddatli davrda joriy operatsiyalar nisbatan muvozanatlidir, ularning yakuni esa nisbatan chuqurroq iqtisodiy tendensiyalar ta'sirini aks ettiradi. Bularning oqibatida joriy operatsiyalar balansi hozirgacha katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan ko’rsatkich sifatida ko’riladi. Ushbu ko’rsatkich mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyati yakunlarini hamda ichki iqtisodiy jarayonlar bilan o’zaro harakatlarini aniqlash maqsadida milliy hisob-varaqlarga, "xarajatlar-chiqaruvlar" hisob- kitoblari, boshqa makroiqtisodiy agregatlarga kiritiladi.
Bazis balansining konsepsiyasi. Uzoq muddatli kapital hisobining yuritilishi va uning to’lov balansida to’laroq aks ettirilishini rivojlanishi bilan bazis balansi konsepsiyasi olg’a surilgan edi. U ikkinchi jahon urushidan so’ng AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda keng tarqalgan edi hamda to’lov balansi holatini aniqlashda ishlatilgan. Ushbu konsepsiyaning asl mazmuni shundaki, bunda asosiy moddalarga kiritiladigan bazaviy barqaror bitimlar ajratib olinadi. Ushbu bitimlar, mualliflarning fikricha, vaqt davridagi barqarorlik va iqtisodiy kon'yunktura o’zgarishlariga befarqligi bilan xarakterlanadi. Bundaylarga nafaqat joriy operatsiyalar, balki uzoq muddatli kapital harakatlari ham kiritildi. Balanslovchi operatsiyalarga qisqa muddatli kapital va valyuta zahiralari harakati kiritildi. XVFning tasnifi bo’yicha bazis balansining sal'dosi "A" va "V" guruhlar operatsiyalari yuzasidan sal'do summasi sifatida aniqlanadigan bo’ldi. Ushbu summa "V" guruhidan pastdagi operatsiyalar balansi bilan muvozanatlantirilishi lozim.
Bazis balansi konsepsiyasiga muvofiq joriy operatsiyalar aktivi kapital harakatini muvozanatlashtiribgina qolmay, balki ushbu maqsadga erishish uchun valyutaning oqib kelishini ta'minlaydi. To’lov balansini uzil-kesil balanslashtirishni ma'lum bir chegaralarda valyuta kurslari, foiz stavkalari va iqtisodiy siyosatning boshqa instrumentlarini o’zgartirish orqali boshqariladigan qisqa muddatli kapital harakati ta'minlashi kerak edi. Bunday yondoshuvni ma'lum bir davrgacha qisqa muddatli kapital harakatiga mustaqil jarayon sifatida jiddiy e'tibor berilmaganligi bilan tushuntirish mumkin edi.
Likvidlilik konsepsiyasi. Ushbu konsepsiya 1958 yilda AQShda ishlab chiqilgan edi. O’sha davrlarda AQSh to’lov balansi holatining keskin yomonlashuvi va dollarning inqirozi Savdo vazirligi tomonidan to’lov balansi tuzish hamda uning kamomadini o’lchash uslublarini tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko’rib chiqishga majbur etdi. Qisqa muddatli kapital harakatiga nisbatan munosabat ham qayta ko’rib chiqildi va bunda xorijlik xususiy shaxslar hamda rasmiy organlar qo’lidagi likvid dollarli aktivlarga muhim ahamiyat berildi. Bu esa o’z navbatida yangi yondoshuvning mazmuni va nomini belgilab berdi.
Likvidlilik konsepsiyasi AQSh dollarining zahira valyutasi ekanligi hamda Xalqaro to’lov va zahira vositasi sifatida ishlatilishidan kelib chiqqan edi. Bundan AQSh chayqov maqsadida AQSh dollarlaridan foydalanilishiga qarshi kurashga doim tayyor bo’lib turishi kerak. Buning uchun esa norezident shaxslarda qancha likvidli dollarli aktivlar borligini bilish darkor. Ushbu summaning o’simini esa to’lov balansining sal'dosi ko’rsatishi kerak edi. Shu sababli likvidlilik konsepsiyasiga muvofiq negizli shartnomalar tarafdorlari tomonidan kiritiladigan moddalardan tashqari asosiy moddalar qatoriga yana 3 ko’rinishdagi shartnomalar kiradi: qisqa muddatli xususiy milliy kapital harakati, xorijiy tijorat kreditlari va "xatolar va o’tkazib yuborishlar" moddasi bo’yicha sal'do.
Savdo vazirligining fikri bo’yicha AQShning xalqaro likvidli pozitsiyasidagi o’zgarishlarni aks ettiruvchi moddalar balanslashtiruvchi sifatida olinadi. Balanslashtiruvchi moddalarga quyidagi o’zgarishlar kiradi: Amerika valyuta zahiralari (XVFga badalni hisobga olgan holda), AQShning xorijlik rasmiy tashkilotlar va xususiy shaxslar oldidagi likvidli majburiyatlari. Ushbu konsepsiyaning o’ziga hosligi shundaki, u AQSh davlat valyuta zahiralari va amerika xususiy mulk egalari qo’lidagi valyuta aktivlarini ayirboshlash imkonini beradi.
Iqtisodiy hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (IHTT) tomonidan qabul qilingan tasnifda likvidlilik konsepsiyasi yaqqol aks etgan. Avval u o’zida birmuncha qarama-qarshiliklarni mujassam etgan edi. qisqa muddatli kapital bilan bir qator operatsiyalarni to’lov balansining asosiy moddalari qatoriga kiritilishi yetarli darajada asoslanmagan edi. Xususan, amerikalik xususiy shaxslar qo’lida turgan xorijiy valyutalar aktivlarini to’lov balansiga kiritilishining asosiy sababi shundaki, AQSh qonunchiligi davlat moliya organlariga ulardan, rasmiy zahiralarga qo’shimcha ravishda, dollarni himoyalashda foydalanishni qiyinlashtirib qo’ygan edi. "Xatolar va o’tkazib yuborishlar" moddasi bo’yicha sal'do qisqa muddatli kapital harakati bilan bog’lanmagan bo’lib, ushbu holat xalqaro hisob-kitoblarning hisobini yuritilishidagi kamchiliklar bilan izohlanar edi.
Balanslashtiruvchi moddalar qatoriga AQShning xususiy qisqa muddatli majburiyatlari o’zgarishining kiritilishi ushbu majburiyatlarga dollarga bo’layotgan yaqqol xavf sifatida qarashni aks ettirar edi. Haqiqatda ham AQSh qonunchiligiga muvofiq dollarlarning xorijlik egalari ularni bevosita AQSh g’aznaxonasida oltinga almashtira olmas edilar. Ammo AQSh dollariga ishonch yo’qolgan paytda xorijlik xususiy banklar o’z dollarlik aktivlarini Markaziy banklarga sotish imkoniyatiga ega bo’lgan, Markaziy banklar esa o’z navbatida ushbu dollarlarni AQSh g’aznaxonasiga oltinga almashtirishga taqdim qilar edilar.