To’lov balansining ko’rsatkichlari va uning moddalarini tasniflash usullari
Mamlakat xalqaro hisob-kitoblarining aksi sifatida to’lov balansining tuzilishi o’zaro yaqindan aloqada bo’lgan ham hisob yuritish, ham tahliliy vazifalarni bajarishga qaratilgandir. Tashqi iqtisodiy operatsiyalar ishtirokchilarining davrasi turli-tumandir: alohida mamlakatlar va ularning guruhlari, milliy, xorijiy hamda transmilliy korporatsiyalar, kompaniyalar va banklar, turli milliy hamda xalqaro tashkilotlar va muassasalar, xususiy shaxslar, davlat valyuta organlari hamda boshqa shu kabilar. Bu o’z navbatida nafaqat milliy, balki xorijiy manbalardan kelib tushadigan katta hajmdagi ma'lumotlar hisobini yuritish, qayta ishlash zaruratiga olib keladi. Bunda o'xshash turkumdagi ko’rsatkichlarning hisob-kitob uslublari va mazmunining yahlitligi asosiy talab bo’lib qoladi. Xalqaro Valyuta Fondining (XVF) to’lov balansini tuzish bo’yicha qo’llanmasidagi ko’rsatmalar qo’llanilayotgan ko’rsatkichlarga universal xarakterni va ularni o’zaro solishtirish imkonini beruvchi yahlitlikka erishishga qaratilgan.
Hozirgi kunda ushbu ko’rsatmalar XVFga a'zo mamlakatlar to’lov balanslarini tuzish asosiga qurilgandir. Shu bilan birgalikda ayrim mamlakatlar to’lov balanslarini tuzish qoidalariga o’z iqtisodiyot va jahondagi tashqi iqtisodiy o’rni hamda milliy hisob yuritishining qabul qilingan xususiyatlari bilan asoslangan o’z elementlarini kiritmoqdalar. Shu sababli alohida mamlakatlarning to’lov balanslari ko’rsatkichlarini o’zaro solishtirish jarayoni qutulib bo’lmaydigan, ma'lum bir darajadagi shartlilik va noto’g’riliklarga asoslangandir. Bunday sababga ko’ra ushbu taqqoslashlardan kelib chiqadigan xulosalar, birinchi navbatda tahlil etilayotgan hodisalarning ko’lami kattaligiga, bo’lib o’tayotgan jarayonlarning asosiy yo’nalishlari va oqibatlariga ishora etadi, ammo berilayotgan baholarning mutloq to’la hamda to’g’riligiga da'vogar bo’la olmaydi.
To’lov balansiga turli ta'riflar. Xorijiy iqtisodiy adabiyotlardagi to’lov balansi ta'rifiga murojaat etaylik. Turli ilmiy ishlarda keltirilgan ta'riflar tahlili shuni ko’rsatadiki, ushbu ta'riflarning barchasi to’lov balansini mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyati to’g’risidagi statistik ma'lumotlar taqdim etilishining shakli sifatidagi pragmatik izohlashga aylangan.
Fransuz rasmiy matbuot nashrlarida quyidagi atama berilgan: "Mamlakatning to’lov balansi, muntazam ravishda o’zaro taqqoslanadigan statistik qaydnomadan iborat bo’lib, uning mazmuni ma'lum bir davr mobaynida rezident va norezident shaxslar o’rtasida real hamda moliyaviy oqimlar yig’indisi harakatining hisoblangan ko’rsatkichlari ko’rinishida aks etgan".
GFR to’lov balansi tahlillaridan birida uning atamasi quyidagicha berilgan: "Odatda to’lov balansi deganda mahalliy va xorijiy sub’ektlar o’rtasida ma'lum bir davr mobaynida amalga oshgan barcha iqtisodiy kelishuvlarning tizimlashtirilgan, statistik ko’rinishining alohida rukunlariga bo’lingan balans shakli tushuniladi".
Rezident tushunchasi. Mamlakatning tashqi iqtisodiy operatsiyalarini ichki xo’jalik operatsiyalaridan farqlash zarurligi sababli to’lov balansi tuzilayotgan paytda rezident va shartnoma, hisobga olinishi zarur bo’lgan transaksiyalar tushunchalari muhim ahamiyat kasb eta boshlaydi. Tashqi iqtisodiy operatsiyalar Xalqaro to’lov munosabatlari nuqtai nazaridan ushbu mamlakatning rezidenti yoki norezidenti sifatida maydonga chiquvchi, aniq bir tashkilot, firma yoki xususiy shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Zamonaviy kapitallar va ishchi kuchlarining migratsiyasi iqtisodyot jarayonidagi globallashuv hamda Transmilliy korporatsiyalarning kuchayishi sharoitida ushbu oddiydek tuyulgan masala murakkablashib boradi.
AQShda rezidentlar deb mamlakatda munatazam ravishda mavjud bo’lgan barcha hukumat tashkilotlari, milliy kompaniyalar yoki muhim yashovchi fuqarolar hisoblanadi. Xorijda yashovchi AQSh fuqarolarini (davlat xizmatchilaridan tashqari) rezident shaxsga mansubligi esa ularning xorijda yashash muddatlari va boshqa omillarga bog’liq. AQSh korporatsiyalarining xorijiy filiallari va shu'ba korxonalari AQSh uchun xorijiy firmalar bo’lib hisoblanadi. Huddi shunday amaliyot boshqa rivojlangan davlatlar uchun ham hosdir.
O’zbekiston Respublikasida 1993 yilning 7mayidan harakatda bo’lgan va 2004 yilda qo’shimcha hamda o’zgartirishlar kiritilgan "Valyutani tartibga solish to’g’risida"gi qonunga muvofiq rezidentlar bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
O’zbekiston Respublikasida muhim yashovchi fuqarolar, shu jumladan vaqtincha xorijda bo’lgan fuqarolar;
O’zbekiston Respublikasida joylashgan va O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan yuridik shaxslar;
v)O’zbekiston Respublikasida joylashgan va O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan, yuridik shaxs bo’lmagan korxona hamda tashkilotlar;
g)O’zbekiston Respublikasining xorijda joylashgan diplomatik va boshqa vakolatxonalari;
d)yuqoridagi kichik "b)" va "v)" bandlarda zikr etilgan rezidentlarning O’zbekiston Respublikasi hududi tashqarisida joylashgan filiallari va vakolatxonalari.
To’lov balansi moddalarini tasniflash uslublari. To’lov balansini tuzish uslublari va uning sal'dosini o’lchashni o’rganish xalqaro hisob-kitoblar ko’rsatkichlarini to’g’ri tushunishda katta ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy adabiyotlarda ko’p qollarda to’lov balansi ko’rsatkichlari ularning iqtisodiy mazmunini izohisiz keltiriladi. Bu asosan to’lov balansining sal'dosiga aloqadordir. Masalan, AQSh to’lov balansining 1958 va 1978-yillardagi kamomad ko’rsatkichlari bir-biridan farqli, turlicha iqtisodiy mazmunga egadir; ular turlicha o’lchanadi va ularning matbuotda e'lon qilinishi turli (bir-biriga o’hshamas) oqibatlarga olib kelgan. Shu sababli tahlil va taqqoslashlar maqsadida to’lov balansi ko’rsatkichlaridan foydalanish, iqtisodiy muhit hamda xalqaro valyuta-kredit va moliyaviy munosabatlardagi o’zgarish o’z boshidan bir qator yangilanishlarni kechirgan ushbu ko’rsatkichlarning o’lchanish tamoyillari hamda ularda mujassam bo’lgan iqtisodiy mazmunni bilishni taqozo etadi.
Xalqaro to’lov munosabatlari uzoq rivojlanish davrini o’z boshidan kechirgan. Ular bilan birgalikda to’lov balanslarini tuzish va tahlil etish uslubiyoti ham rivojlanmoqda hamda bir qator o’zgarishlarni o’z boshidan kechirmoqda. To’lov balanslarining zamonaviy shakllari to’lov balansi nazariyasining uzoq davrdagi evolyutsiyasi va tuzilish amaliyotining natijasidir.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar oqibatlari ko’lamlarining hisobini yuritish va ularni baholashning dastlabki xatti-harakatlari XIV asrning oxirida Buyuk Britaniyada paydo bo’lgan hamda ilk merkantilizm iqtisodiy qarashlari bilan bog’liq bo’lgan. Mamlakatdan milliy boylik ramzi bo’lmish oltinning tashqariga oqib ketishini oldini olishga intilish tashqi savdo hamda boshqa tashqi iqtisodiy operatsiyalar tabiatini tushunish va ko’lamlarini baholash zaruratini tug’dirdi. "To’lov balansi" tushunchasi dastlab 1767 yilda Jeyms Styuart tomonidan iqtisodiy nazariyaga kiritilgan. Biroq XX asrning boshigacha to’lov balansini tuzish va uning tarkibiga kirgan operatsiyalarni qamrab olish turli davlatlarda turlicha tushunilgan.
Iqtisodiy fanning A. Smit va D. Rikardodan boshlab ko’zga ko’ringan namoyondalari to’lov balansi muvozanati muammosiga tan berib, to’lov balanslarini tuzish jarayoniga yangi elementlar hamda tasavvurlar kiritgan holda o’z hissalarini qo’shdilar.
Kapitalizmning, kapitalni chetga olib chiqilishi, boshqa xalqaro iqtisodiy operatsiyalarni tez rivojlanishi bilan xususiyatli bo’lgan zamonaviy bosqichga o’tishi to’lov balanslari mazmunining kengayishiga olib keldi. Bir vaqtning o’zida to’lov balanslarini shakllantirish va muvofiqlashtirishdagi davlat rolini kuchaytirilishining oqibati sifatida xalqaro hisob-kitoblar hisobini yuritish amaliyoti takomillashadi hamda unga zarurat ortib boradi. Faoliyati Xalqaro hisob-kitoblar to’g’risidagi ma'lumotlarni yig’ish va tahlil etishni o’z ichiga olgan kaznacheylik, byudjet hamda kredit organlari, bojxona va boshqa tashkilotlar kabi davlat iqtisodiy muassasalarining roli ortib boradi.
AQSh va Buyuk Britaniyada to’lov balansi tuzishning uslublari XX asrning boshiga kelib o’zining to’la rivojini topdi. AQSh to’lov balansining birinchi rasmiy chop etilishi Savdo vazirligi tomonidan 1922 yil ko’rsatkichlari asosida 1923 yilda tayyorlangan edi. Bundan oldingi chop etilishlar ayrim, yakka holdagi izlanuvchilarga tegishli bo’lib, rasmiy tusga ega bo’lmagan.