To’lov balansini muvofiqlashtirishning asosiy usullari
To’lov balansi azaldan davlat tomonidan muvofiqlashtiriluvchi ob’yektlardan biri bo’lib sanaladi. Bu quyidagi sabablar bilan asoslanadi.
Birinchidan, to’lov balanslariga ba'zi mamlakatlardagi yirik va uzoq muddatli kamomad, ba'zilariga esa haddan tashqari aktiv saldoda aks etuvchi muvozanatsizlik hosdir. Xalqaro hisob-kitoblar balansining muvozanatsizligi valyuta kursining dinamikasiga, kapitallar migratsiyasiga, iqtisodiyotning holatiga ta'sir etadi. Masalan, to’lov balansining joriy operatsiyalar kamomadini milliy valyuta bilan qoplagan holda, AQSh boshqa mamlakatlarga inflyatsiyaning eksportiga, dollarlarni Xalqaro muomalada keragidan ko’payib ketishiga ko’maklashdi. Bu esa 1970 yillarda Bretton-Vuds valyuta tizimining yemirilishiga olib keldi.
Ikkinchidan, oltin standartining 1930 yillarda bekor qilinishidan so’ng, to’lov balansini baho yordamida muvofiqlashtirish orqali muvozanatlashtirishning stixiyali mexanizmi nihoyatda kuchsiz harakatlanadigan bo’lib qoldi. Shu sababli to’lov balansini muvozanatlashtirish davlatning maqsadli tadbirlariga muhtojdir.
Uchinchidan, xo’jalik aloqalarining globallashuvi sharoitida iqtisodiyotni davlat tomonidan muvofiqlashtirish tizimida to’lov balansining ahamiyati ko’tarildi. Uni muvozanatlashtirish vazifasi iqtisodiy o’sish sur'atlarini ta'minlash, inflyatsiya va ishsizlikni jilovlash bilan birgalikda davlat iqtisodiy siyosatining asosiy vazifalari doirasiga kiradi.
To’lov balansini muvofiqlashtirishning moddiy asosi bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
rasmiy oltin-valyuta zahiralari;
davlat byudjeti orqali qayta taqsimlangan milliy daromad;
v) kapitalning eksportyori, kreditori, kafili, qarz oluvchisi sifatida davlatning tashqi iqtisodiy aloqalarda bevosita ishtirok etishi;
g) me'yoriy aktlar va davlat nazorat organlari yordamida tashqi iqtisodiy operatsiyalarni cheklash.
To’lov balansini muvofiqlashtirishda muammo tug’iladi: qanday mamlakatlar (aktiv sal'do yoki kamomadga ega) muvozanatlashtirish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi kerak. Ushbu masala bo’yicha nazariyotchilar va amaliyotchilarning fikrlari turlichadir. Odatda ichki va tashqi omillar tazyiqi ostida to’lov balansini muvofiqlashtirish muammosi kamomadga ega mamlakatlar oldida nihoyatda dolzarb bo’lib qoladi. Xalqaro hisob-kitoblarning aktiv balansiga ega mamlakatlar yuqorida zikr etilgan davlatlarni o’z uylarida tartibni qaror toptirishga, ya'ni: inflyatsiyani cheklash, deflyatsion siyosatni amalga oshirish, eksportni rag’batlantirish, tovarlar importini qisqartirish va boshqa shu kabilarga undaydilar.
To’lov balansini davlat tomonidan muvofiqlashtirilishi - bu, to’lov balansining asosiy moddalarini shakllantirishga hamda shakllangan sal'doni qoplashga yo’naltirilgan davlatning iqtisodiy, shu jumladan valyuta, moliyaviy, pul-kredit chora-tadbirlarining yig’indisidir. Mamlakatning valyuta-iqtisodiy va xalqaro hisob-kitoblarining holatiga ko’ra tashqi iqtisodiy operatsiyalarni rag’batlantirish yoki cheklashga qaratilgan to’lov balansini muvofiqlashtirish uslublarining turli xildagi to’plami mavjud.
Kamomadli to’lov balansiga ega mamlakatlar tomonidan eksportni rag’batlantirish, tovarlar importini cheklash, xorijiy kapitallarni jalb etish, kapitallarni chetga chiqib ketishini cheklash maqsadida odatda quyidagi chora- tadbirlar qo’llaniladi.
Deflyatsion siyosat. Bunday ichki talabni pasaytirishga qaratilgan siyosat fuqarolik maqsadlari, baholar va ish haqlarini muzlatishga mo’ljallangan byudjet xarajatlari cheklovini o’z ichiga oladi. Uning muhim instrumentlari sifatida moliyaviy va pul-kredit choralari xizmat qiladi: byudjet kamomadini kamaytirish, Markaziy bankning hisob yuritish stavkasini o’zgartirish (diskont siyosati), kredit cheklovlari, pul massasi o’simining chegaralarini belgilash. Iqtisodiy tushkunlik, katta ishsizlar armiyasi va foydalanilmagan ishlab chiqarish quvvatlari zahiralarining mavjudligi sharoitlarida deflyatsiya siyosati ishlab chiqarish hamda aholi bandligining yanada pasayishiga olib keladi.
Devalvatsiya. Milliy valyuta kursining pasayishi eksportni rag’batlantirishga va tovarlar importini pasaytirishga qaratilgandir. Biroq to’lov balansini muvofiqlashtirishdagi devalvatsiyaning roli uni o’tkazishning muayyan bir shart-sharoitlariga hamda ushbu jarayon paytidagi umumiqtisodiy va moliyaviy siyosatga bog’liq bo’ladi. Devalvatsiya faqatgina raqobatbardosh tovarlar va xizmatlar eksporti salohiyatining mavjudligi hamda jahon bozorida yoqimli sharoit bo’lganidagina tovarlar eksportini rag’batlantiradi. Importni pasaytirish omili sifatidagi devalvatsiyaga kelsak, ishlab chiqarishni baynalmilallashuvi va xalqaro ixtisoslashuvning rivojlanishi sharoitida mamlakat tovarlarni olib kirishni to’satdan qisqartira olmaydi.
Devalvatsiya importni qimmatlashtirgan holda mahalliy tovarlar ishlab chiqarilishida xarajatlar va baholarning o’sishiga hamda devalvatsiya evaziga tashqi bozorlarda erishilgan raqobat imtiyozlaridan ayirilishga olib kelishi mumkin. Shu sababli devalvatsiya mamlakatga vaqtinchalik imtiyozlarni bersada, ko’p qollarda to’lov balansining kamomadi sabablarini bartaraf eta olmaydi. Kutilayotgan samaraga erishish uchun devalvatsiya yetarlicha miqdordagi hajmga ega bo’lishi lozim. Aks holda u faqatgina valyuta bozoridagi chayqov operatsiyalarini kuchaytirib yuboradi. Masalan, 1967 yil noyabr oyidagi funt sterlingni 14,3 foizga va dollarni 1971 yilning dekabrida 7,89 foizga devalvatsiyasi ushbu valyutalarga bo’lgan chayqov bosimini bartaraf eta olmadi. Shu bilan birgalikda devalvatsiyaning haddan tashqari katta hajmi boshqa valyutalar kurslari pasayishining zanjirli reaksiyasini keltirib chiqaradi va bunda o’z valyutasini devalvatsiya qilgan mamlakat rejalashtirgan raqobat imtiyozlaridan ayiriladi.
Valyuta cheklovlari. Eksportyorlar valyuta tushumini muzlatish importyorlarga xorijiy valyutani sotishni lisenziyalash, valyuta operatsiyalarini vakolatli banklarda to’planuvi, kapital eksportini cheklash va uni chetdan oqib kelinishini rag’batlantirish hamda tovarlar importini cheklash orqali to’lov balansi kamomadini bartaraf etishga qaratilgandir. 1970-yillarning oxiri va 1980- yillarning boshida joriy operatsiyalarning erkinlashtirilishiga qaramasdan erkin muomalada yuradigan valyutaga ega mamlakatlarning taxminan 90 foizi kapitallarning xalqaro harakati bo’yicha cheklovlarni qo’llagan. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ushbu cheklanishlarni 1990- yillarning boshiga kelib bekor qildilar.
Moliyaviy va pul-kredit siyosati. To’lov balansi kamomadini pasaytirish maqsadida eksportyorlarga byudjet subsidiyalaridan, import bojlarini proteksionistik oshirilishidan, mamlakatga kapitallar oqib kelishi maqsadida qimmatli qog’ozlarning xorijlik egalariga to’lanadigan foizlardan olinadigan soliqni bekor qilinishidan, pul-kredit siyosatidan, ayniqsa hisobni yuritish siyosati va pul massasini targetlashdan (pul massasini har yillik o’sishining maqsadli yo’nalishlarini belgilash) foydalaniladi.
To’lov balansining "ko’zga ko’rinmas" operatsiyalari bo’yicha to’lov va tushumlarni muvofiqlashtirish maqsadida quyidagi choralar ko’riladi:
ushbu mamlakat turistlari tomonidan valyutani chetga olib chiqish me'yorini cheklash;
xorijlik turistlarni jalb etish maqsadida turistik infratuzilmani tashkil etishda davlatning to’g’ridan-to’g’ri yoki bilvosita ishtiroki;
v) "Transport" moddasi bo’yicha xarajatlarni kamaytirish maqsadida byudjet mablag’lari hisobiga dengiz kemalari qurilishiga ko’maklashish;
g) patentlar, lisenziyalar, ilmiy-texnik bilimlar va boshqa shu kabilar bilan savdodan tushumlarni ko’paytirish maqsadida ilmiy-tekshirish ishlariga davlat xarajatlarini kengaytirish;
d) ishchi kuchining migratsiyasini muvofiqlashtirish. Xususan, xorijlik ishchilar pul o’tkazmalarini qisqartirish maqsadida mamlakatga chetdan kelayotganlar kirishini cheklash.
Kapitallar harakatini muvofiqlashtirish bir tomondan milliy monopoliyalarning tashqi iqtisodiy ekspansiyalarini rag’batlantirishga, boshqa tomondan esa xorijiy kapitallarning oqib kelishi va milliy kapitallarning repatriatsiya qilinishini rag’batlantirish orqali to’lov balansini muqobillashtirilishiga qaratilgan. Ushbu maqsadga davlatning xorijiy xususiy investitsiyalar uchun va tovarlarni chetga olib chiqishga yoqimli sharoitlar yaratib beruvchi kapitallar eksportyori sifatidagi faoliyati bo’ysungan. Investitsiyalar bo’yicha hukumat kafolatlari tijorat va siyosiy tavakkalchiliklarni sug’urtalashni ta'minlaydi.
To’lov balanslarini balanslashtirish usullari. Rasmiy asosda to’lov balansi har qanday balans singari muqobillashgan. Chunki asosiy va balanslovchi moddalarning yakuniy ko’rsatkichlari bir-birini so’ndiradi. Agar joriy moddalar bo’yicha to’lovlar tushumlardan ko’p bo’lsa, unda to’lov balansi sal'dosini muvofiqlashtirishning manbalari va uslublarini xarakterlaydigan balanslovchi moddalar hisobiga kamomadni qoplash muammosi tug’iladi. Buning uchun an'anaviy ravishda xorijiy zayomlar va kapitallarni olib kirish ishlatiladi. Bu yerda gap to’lov balansini muvaqqat balanslashtirish uslublari haqida ketmoqda, chunki qarzdor mamlakatlar foizlar va dividendlar hamda zayomlar summasini to’lashga majbur. To’lov balansining kamomadini qoplash uchun XVF zahira (shartsiz) kreditlarni taqdim etadi. Ularning hajmi katta emas va mamlakatlar o’rtasida kvotalarining (badallarining) 25 foizi chegarasida notekis taqsimlanadi. Ushbu zahira pozitsiyasidan ortiq bo’lgan kreditlar XVF barqarorlashtirish dasturlarining qat’iy talablari bilan izohlanadi.
Balans passiv sal'dosini qoplash uchun markaziy banklar tomonidan milliy valyutada o’zaro taqdim etiladigan, "svop" shartnomalari bo’yicha qisqa muddatli kreditlar ishlatiladi.
1970-yillarning o’rtalaridan to 1980-yillarning o’rtalarigacha rivojlangan davlatlar o’z to’lov balanslari kamomadini qoplashda neftdollarlardan, neft qazib chiqaruvchi mamlakatlarning neft eksportidan olingan valyuta tushumini qayta taqsimlash (resiklirovanie) orqali faol foydalangan.
To’lov balansi kamomadini qoplashning muvaqqat uslublariga yana mamlakatning xorijiy yordam yo’nalishi bo’yicha olingan imtiyozli kreditlari kiradi.
Yevropa Ittifoqida to’lov balansining davlatlararo muvofiqlashtirilishi quyidagi asosiy uslublarda amalga oshiriladi:
bojxona bojlarining bekor qilinishi, 1968 yilning 1 iyulidan bojxona ittifoqining yaratilishi va uchinchi davlatlarga nisbatan yagona tashqi tarifning kiritilishi;
soliq tizimini soddalashtirish;
v) tovarlar eksportini kreditlash shartlarini o’zaro kelishish.
Xulosa
To’lov balansi - bu, xalqaro operatsiyalarning balans hisob-varaqidir. Ya'ni, bu mamlakatning tovarlar, xizmatlar, kapitallar olib kirish va olib chiqish ko’rsatkichlarini nisbati shaklidagi xalqaro xo’jalik aloqalari kompleksining qiymat ifodasidir To’lov balansi quyidagi asosiy bo’limlardan iborat: -savdo balansi, tovarlarni olib kirish va olib chiqish o’rtasidagi nisbat; -xizmatlar va notijorat to’lovlar balansi ("ko’zga ko’rinmaydigan" operatsiyalar balansi); -o’z ichiga tovarlar, xizmatlar va bir tomonlama o’tkazmalarni olgan joriy operatsiyalar balansi; -kapitallar va kreditlar harakati balansi; -rasmiy valyuta zahiralari bilan operatsiyalar. To’lov balansi holatiga bir qator omillar ta'sir etadi. Bular quyidagilar: a) Mamlakatlar iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotining notekisligi, xalqaro raqobat. b) Iqtisodiyotning siklli tebranishlari. v) Davlatning xorijdagi xarajatlarining o’sishi. g) Iqtisodiyotning militarizatsiyasi va harbiy xarajatlar. d) Xalqaro moliyaviy bog’liqlikning kuchayishi. e) Xalqaro savdodagi o’zgarishlar. j) To’lov balansiga valyuta-moliyaviy omillarining ta'siri. z) inflyatsiyaning to’lov balansiga salbiy ta'siri. i) Favqulodda holatlar - hosilning bo’lmasligi, tabiiy ofatlar, halokatlar va shu kabilar to’lov balansiga salbiy ta'sir etadi.