Al’p tog’lari
. O’lka tarkibiga Al’p tog’lari, undan shimolroqda joylashgan
Yura tog’lari, Al’pning janubidagi tektonik cho’kmada hosil bo’lgan Padana
pastekisligi kiradi. Al’p tog’lari yoy shaklida 1200 km masofaga cho’zilgan va
murakkab orografik tuzilishga ega bo’lgan yirik tog’ tizimidir. G’arbda O’rta dengiz
qirg’oqlaridagi Dengizbo’yi Al’pidan boshlanib, sharqda O’rta Dunay
pastekisligigacha davom etadi. Uning kengligi 135 km dan 260 km gacha yetadi.
Al’p tog’lari g’arbdan sharqqa tomon bir necha davlatlar hududini kesib o’tgan.
Shuning uchun bu tog’ tizimini ayrim hollarda uning qaysi davlatlar hududida
joylashganligiga qarab Fransiya Al’pi, Italiya Al’pi, Shveysariya Al’pi, Avstriya
Al’pi, Germaniya Al’pi, Vengriya Al’pi, Sloveniya Al’pi deb ham ataladi. Al’p
tog’larining geologik, orografik va geomorfologik tuzilishi nixoyatda xilma-xil.
Uning tarkibi bir qator tizmalardan tarkib topgan bo’lib, g’arbdan Sharqqa tomon
asta-sekin pasayib boradi. Al’p tog’larini o’rta qismidan chuqur tektonik vodiy kesib
o’tib, uni ikki qismga G’arbiy va Sharqiy Al’pga bo’lgan. Bu tektonik cho’kma
shimolda Boden ko’lidan boshlanib, janubda Komo ko’ligacha davom etadi va
muhim orografik hamda geografik chegara bo’lib xizmat qiladi.
G’arbiy Al’p yoysimon va asimmetrik rel’ef shakllari, tik qoyalari, o’tkir qirrali
cho’qqilari bilan xarakterlanadi. Uning tashqi Fransiyaga qaragan yon bag’iri keng
va nisbatan qiya, ichki Padana pastekisligiga qaragan yon bag’iri tog’ etagisiz tik
tushgan va bahaybat ko’rinadi. G’arbiy Al’p Sharqiy Al’pga nisbatan ancha baland.
U meridional va submeridional yo’nalgan bir guruh tog’ tizmalaridan tarkib topgan.
Bular Dengizbo’yi, Kot, Gray, Pennin, Bern, Lepontin, Glarn Al’plaridir. Al’pning
eng baland cho’qqilari ham shu tizmalarda joylashgan. Masalan, Monblan (4810 m),
Monta-Roza massividagi Dyufur (4634 m), Dom (4545 m), Finsterarxorn (4274 m),
Yungfrau (4158 m), Gray massividagi Gran-Paradizo (4061 m) va boshqa
cho’qqilardir. G’arbiy Al’pda tog’ muzliklari ham yaxshi rivojlangan. Sharqiy Al’p
G’arbiy Al’pga nisbatan past, Sharqiy qismida kengayib yelpig’ichsimon bo’lib
tarqalgan. Bu region Retiy, Bergom, Dolomit, Karniy, Yuliy, Etstal, TSillertal,
Gurktal Al’plaridan hamda Baland va Past Tauernlardan iborat. Bu tizmalarning eng
baland nuqtalari Bernina massivida 4049 m ga, Baland Tauerning Grosglokner
cho’qqisida 3797 m ga, Etstal Al’pida 3774 m ga va Past Tauernda 2863 m ga yetadi.
Baland tog’lar va ularning suvayirg’ich qismlari kristall jinslardan, past tog’lar
ohaktoshlardan, dolomitlardan va flishlardan tuzilgan. Sharqiy Al’pda temir va mis
ruda konlari, magnezit koni, tog’oralig’i cho’kmalarida qo’ng’ir ko’mir va tuz
konlari bor.
Al’p tog’larining orografik tuzilishida va rel’ef shakllarining xilma-xil
bo’lishida mezozoyda va paleogenda yuz bergan burmalanishlar, ko’tarilishlardan
264
tashaqari neogenda hamda antropogenning boshlarida sodir bo’lgan kuchli vertikal
tektonik harakatlar yetakchi rol o’ynagan. Rel’efining shakllanishiga suv eroziyasi
va to’rtlamchi davr muzliklari ham ta’sir ko’rsatgan. Al’p tog’larining shimoliy
qismida Yura tog’i bilan Dunay daryolarining yuqori oqimi o’rtaligida balandligi
400-600 m keladigan tog’oldi platolari joylashgan. Al’p tog’oldi platolari
Shveysariya va Germaniya hududlarida mavjud bo’lib, ular Shveysariya va
Bovariya yassi tog’lari deb ataladi. Al’p va Apenin tog’lari oralig’ida Padana
(Venesiya-Padana) pastekisligi joylashgan. U kaynozoyning Al’p burmalanishida
vujudga kelgan tektonik cho’kmada shakllangan va genetik jihatdan juda yosh
hisoblanadi. Dastlabbu tektonik cho’kma Adriatika dengizining ko’rfazi bo’lgan.
Keyinchalik ko’rfaz dengiz, daryo va tog’ muzliklari yotqiziqlari bilan to’lib,
neogenning oxirida Padana pastekisligi hosil bo’lgan. Uning katta qismi dengiz
sathidan 100 m pastda yotadi. Tog’oldi etaklariga yaqin chekka polosalarda 300-500
m gacha ko’tariladi. Padanada hozirgi paytda yangi tektonik harakatlar natijasida
yer yuzasining asta-sekin cho’kish jarayoni davom etmoqda.
Padana pastekisligining eng sharqiy chekka qismi Adriatika dengizi bilan
chegaralangan joyda lagunali sohilni tashkil etadi. Lagunali sohil qum tillaridan va
orollardan tarkib topgan. Ana shunday lagunalardan birida tarixiy obidalarga boy
shahar Venetsiyaning o’zi 118 ta orollarda joylashgan bo’lib, ular 150 ta kanallar
orqali ajralib turadi. Bu kanallarga 400 dan ortiq ko’priklar qurilgan. Kanallardan
eng kattasi Kanal-Grande hisoblanadi, uning uzunligi 3,8 km. Venesiyadagi barcha
bo’g’izlar va kanallar ko’cha vazifasini bajaradi. Adriatika dengizi tomonidan
qarasangiz Venesiya xuddi suv akvatoriyasi ustida suzib yurgan shahardek tuyuladi.
Bu shaharga har yili 6 mln 200 mingdan ortiq turistlar tashrif buyurishadi.
Venesiyaning materikka eng yaqin oroli temir va avtomobil yo’l ko’prigi orqali
Padana pastekisligi bilan tutashib turadi.
Al’p lanshaft oblastining shimoliy katta tog’li qismi mo’tadil iqlim mintaqaga
va janubiy tekislik Padana qismi subtropk iqlim mintaqaga qaraydi. Al’pning
shimoliy va g’arbiy qismlari Atlantika havo massasi oqimiga ro’para turganligi
sababli qishi yumshoq, yozi salqin bo’ladi. Yiliga 2000-3000 mm atrofida yog’in
tushadi. Tumanli va bulutli kunlar ko’p takrorlanadi. Sharqqa borgan sari iqlimning
kontinentalligi ortib, yog’in miqdori kamayadi, ichki tizmalarda, berk vodiylarda va
botiqlarda yillik yog’in miqdori 500-800 mm ni tashkil etadi. Padana pastekisligida
bu ko’rsatgich 800-1200 mm ga teng. Al’p tog’larining 2000 m dan baland
qismlarida yog’in miqdori ancha kamayadi. Havo harorati shimoldan janubga qarab
ko’tarila boradi. O’rtacha yillik 0°S li harorat shimolda Al’p oldi tizmalarida 2000
m balandlikka to’g’ri kelsa, janubda Dengizyoni va Kot Al’plarida 2600-2700 m
balandlikka to’g’ri keladi. Padana pastekisligida yanvarning o’rtacha harorati
0°+4°S ga, iyulniki +22°+24°S ga teng. Bu yerda atmosfera yog’inlarining aksariyat
qismi yoz va kuz oylariga to’g’ri keladi.
Al’p tog’larida yog’inlarning qor shaklida yog’ish miqdori balandlikka
ko’tarilgan sari orta boradi. Masalan, Fransiya Al’pining 700-800 m balandligida
yillik yog’in miqdorining 20% i, 2000 m balandlikda 80% i qor shaklida yog’adi.
Boshqa regionlarda 2000 m balandlikda 60% i, 2800 m da 86% i va 3600 m da 100%
265
i qor shaklida yog’adi. Natijada nival mintaqada katta qor massasi to’planib
muzliklar hosil qiladi. Al’p tog’larida 1200 ga yaqin muzliklar bo’lib, ularning
umumiy maydoni 4140 km
2
. SHundan 2690 km
2
i G’arbiy Al’pga va 1450 km
2
i
Sharqiy Al’pga to’g’ri keladi. Ulardan eng kattalari Bern Al’pidagi Alech muzligi
(uzunligi 26,8 km, maydoni 160 km
2
), Monblan massividagi Mer-de-Glas (uzunligi
15 km) va Pennin Al’pidagi Gorner muzliklaridir. Al’p tog’larida suv zahirasining
ko’pligi gidrografik to’rni yaxshi rivojlanishiga qo’laylik yaratgan. Shuning uchun
Al’p Yevropaning muhim gidrografik tuguni hisoblanadi. Uning hududida paydo
bo’lgan daryolar Shimoliy, Qora, Adriatika va Tirren dengizlariga quyiladi. Al’p
tog’laridan Rona, Reyn, Adije, Drava daryolari va Po daryosining ko’plab irmoqlari
boshlanadi. Yirik daryolaridan Rona va Reyn Gotard massividagi muzlikdan o’z
suvini olib, birinchisi Jeneva ko’li va ikkinchisi Boden ko’li tomon oqadi. Al’pning
shimoliy yon bag’irlaridan Dunayning bir necha irmoqlari ham boshlanadi.
Tog’likning janubidagi Padana tekisligidan Po daryosi oqib o’tadi. Uning
uzunligi 652 km, havzasining maydoni 75 ming km
2
, o’rtacha yillik suv sarfi quyi
qismida 1460 m
3
/sek. Po daryosining Dora-Ripariya, Dora-Beltea, Tichino, Adda,
Olo, Mincho va boshqa irmoqlari o’z suvini Al’pning janubiy yon bag’irlaridan
oladi. Po daryosi del’ta qismida uchta yirik (Po-di-Goro, Po-della-Dontsella va Po-
di-Tolle) tarmoqlarga bo’linib dengizga quyiladi. Ular Adriatika dengiziga quyilish
joyida maydoni 1,5 ming km
2
ga teng bo’lgan botqoqli del’ta landshaftini hosil
qiladi. Daryoning 540 km masofadagi qismida kemalar bemalol qatnay oladi. Al’p
landshaft oblastida ko’llar ham keng tarqalgan. Ular asosan Al’pning shimoliy va
janubiy tog’ etaklarida joylashgan. Bular shimolda Jeneva (maydoni 581 km
2
),
Boden (538 km
2
), Nevshatel, Syurix, Firvaldshtet va janubda Lago-Madjore, Komo,
Izeo va Garda ko’llaridir. Garda ko’lining maydoni 370 km
2
, maksimal chuqurligi
346 m, Komoning maksimal chuqurligi 410 m ga teng bo’lib, Yevropadagi eng
chuqur ko’l hisoblanadi.
Al’p landshaftlari uchun vertikal va gorizontal farqlanishlar xarakterli. Ikki
yo’nalishdagi tafovutlar balandlik mintaqalik va kenglik zonallik qonuniyatlar
asosida vujudga kelgan. Zonal farqlar ayniqsa quyi tog’oldi mintaqaning 800-1000
m balandlikkacha bo’lgan qismida yaxshi ifodalangan. Quyi mintaqadagi landshaft
komplekslari shimolda mo’tadil xususiyatlarga, janubda Padana tekisligini o’rab
turgan Dengizbo’yi, Kot va Gray Al’plarining tog’ etaklarida subtropik
xususiyatlarga ega. Bu mintaqada o’rmonlar juda siyrak qolgan. Uning g’arbiy
qismida qo’ng’ir o’rmon tuproqlari keng tarqalgan, buk, eman va kashtanlar o’sadi.
Shimoliy qismida podzol tuproqlar aralash o’rmonlar bilan qoplangan. Sharqda
O’rta Dunay tekisligi bilan tutashgan joyda o’rmon-dasht landshaftlari mavjud.
Janubda buk va eman o’rmonlari o’sadi. Quyi mintaqada aholi zich joylashganligi
tufayli tabiiy o’simliklar o’rnini bog’lar, uzumzorlar, manzarali daraxtlar,
agrolandshaftlar egallagan. Shuning uchun bu mintaqani Al’pning madaniy
landshaftlar mintaqasi deyiladi.
Al’pning ikkinchi landshaft mintaqasi tog’-o’rmonlari bo’lib, uning yuqori
chegarasi 1800 m gacha ko’tarilgan. Bu mintaqaning 1200 m balandligigacha keng
bargli o’rmonlar, 1800 m gacha igna bargli o’rmonlar joylashgan. Mintaqaning
266
iqlimi mo’tadil nam va mo’tadil sovuq bo’lib, iyulning o’rtacha harorati +10° +15°S,
yanvarniki -4°-8°S atrofida bo’ladi. O’rmonlarda buk va emanlardan tashqari
Yevropa yeli, Yevropa qarag’ayi, Yevropa tilog’ochi, Yevropa pixtasi o’sadi.
Yovvoyi hayvonlardan olmaxon, rus quyoni, o’rmon sonyasi, yovvoyi mushuk,
O’rta Yevropa bug’usi yaxshi saqlangan. Qo’riqxonalarda qo’ng’ir ayiq va yovvoyi
cho’chqalar uchraydi. Al’p tog’larining o’rmonlar mintaqasidan yuqoridagi 2300 m
balandlikkacha bo’lgan qismida butazorli subal’p mintaqasi, 2500-3000 m gacha
Al’p o’tloqzorlari va undan yuqorda nival mintaqa joylashgan. O’tloqzorlar yozda
yaylov sifatida foydalaniladi.
Al’pning tabiiy landshaftlarini muhofaza qilish maksadida ko’plab milliy
bog’lar, qo’riqxonalar va buyurtmalar tashkil etilgan. Shveysariya, Vanuaz, Gran-
Paradizo milliy bog’lari, Bavariya O’rmoni, Yuqori Bavariya O’rmoni tabiat
bog’lari, Keyra regional tabiat bog’i, Tyuringen O’rmoni landshaft buyurtmasi,
Shumava landshaft oblasti shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |