Gviana yassi tog‘ligi va Gviana pastekisligi.
Bu tabiiy geografik o‘lka
materikning shimoli-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, ikkita yirik rel’ef
komponentidan – yassi tog‘lik va pastekislik majmuasidan tarkib topgan. Gviana
pastekisligi o‘lkani shimoli-sharqiy qismini, Atlantika okeani qirg‘oqbo‘yi
pastekisliklarini egallagan. Pastekislik Atlantika okeani tomonidan Gviana yassi
tog‘ligiga tomon asta-sekin ko‘tarilib boradi. Uning sohilbo‘yi polosasi
botqoqlangan keng maydonni tashkil etadi. Qirg‘oqdan uzoqlashgan sari
botqoqlangan pastqam yerlar tekis, rovon ko‘tarilib boradi va kristall jinslardan
tarkib topgan plato bilan almashinadi. Janubi-g‘arbga borgan sari yer yuzasi yanada
baland ko‘tarilib tipik kristalli peneplen – Gviana yassi tog‘ligi bilan tutashadi.
Gviana pastekisligi Essekibo, Karanteyn, Maroni, Oyapoki va boshqa
daryolar oqizib keltirgan allyuvial yotqiziqlardan tashkil topgan. Yer yuzasi tekis
bo‘lib, qirg‘oq bo‘ylarida okean sathidan 5-10 m dan janubi-g‘arbda Gviana yassi
tog‘ligi etaklarida 200-300 m gacha ko‘tariladi. Iqlimi subekvatorial issiq va nam
iqlim bo‘lib, eng ko‘p yog‘in qish va bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Yillik yog‘in
miqdori pastekislikning sharqida 3500 mm dan g‘arbida 2500 mm gacha kamayadi.
Harorat yil davomida +26°+28° C atrofida bo‘ladi.
Gviana pastekisligi o‘rmonlarga boy. Atlantika okeani sohillarida mangra
o‘rmonlari yaxshi rivojlangan. Qolgan qismi nam tropik o‘rmon va savannalar bilan
band. Mangra o‘rmonlari tagida botqoq tuproqlar, tropik o‘rmonlar va savannalarda
qizil-laterit tuproqlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Maroni va Oyapoki daryolari
havzalari qimmatbaho yog‘och beradigan qizil, pushti, muskat, mant kabi
daraxtlardan iborat sernam tropik o‘rmonlar bilan qoplangan. Qishloq xo‘jaligida
shakarqamish, kofe, kakao, banan, makkajo‘xori, sholi va boshqa ekinlar
yetishtiriladi.
Gviana yassi tog‘ligi Orinoko va Amazonka pastekisliklari oralig‘ida
joylashgan bo‘lib, g‘arbda And tog‘lari etaklaridan sharqda Atlantika okeanigacha
200 km masofaga cho‘zilgan. Uning eng baland nuqtasi Markaziy Gviananing
janubiy qismida joylashgan va okean sathidan 3014 m ko‘tarilib turgan La-Neblina
tog‘idir. Gviana yassi tog‘ligining poydevori qadimgi Janubiy Amerika
platformasining anteklizasi bo‘lib, kembriygacha bo‘lgan kristall jinslardan tarkib
topgan. Ayrim joylari mezozoyning kontinent qumtoshlari bilan qoplangan. Yassi
tog‘lik tabiiy geografik jihatdan bir-biridan farq qiluvchi uchta qismga bo‘linadi:
G‘arbiy, Markaziy va Sharqiy.
118
G‘arbiy qismi Gviana yassi tog‘ligining eng past qismi bo‘lib, uncha baland
ko‘tarilmagan kristalli platodan tashkil topgan. Uning eng baland joyi uning g‘arbiy
qismida joylashgan qoldiqli Pardaos (910 m) tog‘ massivi hisoblanadi. Sharqqa
tomon plato zinapoya hosil kilib pasayib boradi. Bu yerning nam ekvatorial iqlim
sharoitida rivoj topgan nam ekvatorial o‘rmonlar G‘arbiy yassi tog‘likni qoplab
olgan.
Markaziy qismi Gviana yassi tog‘ligining eng ko‘tarilgan qismi. Uning
hududida qoldiqli qumtosh qoplamlaridan oralariga kirib qolgan intruziv jinslardan
tuzilgan Serra-Pakaraig, Serra-Parima kabi balandligi 2200-2300 m, uzunligi 650
km bo‘lgan tekis tepalikli tizmalar yaxshi saqlangan. Markaziy Gvianada alohida-
alohida orollar shaklida ko‘tarilib turgan tog‘ massivlari Rorayma (2810 m),
Marauka (2579 m), Serra-Duida (2334 m), Auyan-Tepun (2287 m), Anxel
sharsharasi yaqinidagi cho‘qqi (2950 m) va butun Gviana yassi tog‘ligining eng
baland nuqtasi bo‘lgan La-Neblina (3014 m) va boshqalar yassi tog‘likning
morfologik tuzilishini murakkablashtadi, landshaftlarning vertikad zonalligini
vujudga keltiradi.
Markaziy Gviana yassi tog‘ligining baland qumtoshli tog‘ massivlaridan
boshlanuvchi daryolarda sharsharalar va ostonalar juda ko‘p, vodiylari chuqur
kesilgan. Churun daryosining yuqori oqimida suv 1054 m balandlikdam otilib tushib
dunyodagi eng baland Anxel sharsharasini hosil qilgan. Potaro daryosidagi Kayeteur
sharsharasida suv 225 m balandlikdan otilib tushadi. Agar bu sharsharalarni
Shimoliy Amerikaning mashhur Niagara sharsharasi bilan taqqoslasak, u holda
Anxelning 21 marta va Kayeteuri 4,5 marta baland hisoblanadi.
Markaziy Gviana yassi tog‘ligining iqlimi qurg‘oqchil davr 3-4 oy davom
etadigan subekvatorial iqlim. Shuning uchun bu yerda aralash, bargini to‘kadigan va
doimiy yashil o‘rmonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shamolga teskari qismlarda
butazorli savannalar keng tarqalgan. Nam tropik o‘rmonlar daryo vodiylari bo‘ylab
yassi tog‘likning ichki hududlarigacha kirib borgan. Nam tropik o‘rmonlar va
savannalar balandlikka ko‘tarilgan sari tog‘ tropik o‘rmonlari bilan almashinadi.
Tog‘ massivlarining 2000 m dan baland qismida o‘rmonlar tugab, ularning o‘rnini
butazorli va baland bo‘yli dasht o‘tlari egallagan. Baland cho‘qqilarda o‘simliklar
juda siyrak, toshloq tog‘ chala cho‘l mintaqasi bilan almashinadi. Havo harorati
markazda deyarli bir xil bo‘lib, +26°+27°C ni tashkil etadi. Tog‘ massivlariga
ko‘tarilgan sari harorat pasayib boradi va 2000 m balandlikda +10°+15°C dan
oshmaydi.
Sharqiy Gviana yassi tog‘ligi G‘arbiy qismiga nisbatan baland va Markaziy
qismga nisbatan past, uning yuzasidagi qumtosh jinslar kuchli yuvilib ketgan. Yer
yuzasiga chiqqan va peneplenlashgan kristall jinslar daryo vodiylari bilan
parchalanib, bir xil balandlikdagi kryajlarga bo‘linib ketadi. Eng baland nuqtasi
Vilgelmin (1281m) tog‘i hisoblanadi. Bu yertga shimoli-sharqiy passatlar Atlantika
okeanidan ko‘p miqdorda (2200-3500 mm) namlik keltiradi. Kuz paytiga kelib
Braziliya yassi tog‘ligidan esuvchi quruq shamollar tufayli yog‘in kamayadi,
o‘rtacha oylik harorat +26°+28° C.
119
Gviana yassi tog‘ligi hayvonot dunyosiga juda boy. Uning hududida
Neotropik zoogeografik oblastning Braziliya kichik oblastiga mansub bo‘lgan
yapaloq burunli maymunlar, yalqovlar, chumolixo‘rlar, qalqondorlar tapirlar,
pekarlar, opossumlar, yaguarlar va boshqa xil hayvonlar yashaydi. Rang-barang
qushlar, sudralib yuruvchilar, hasharotlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |