47
o’tgan joylarda o’nlab ostonalar va sharsharalar, chuqur va tor vodiylar, daralar hosil
qilib oqadi. Botiqning yassi tekislik qismida esa daryolar keng vodiylar hosil qilib,
ularning o’zani tekislik yuzasini chuqur yemirmagan, qirg’oqlari past va juda sekin
oqadi. Ayrim joylarda daryo o’zanining kengligi 20 km gacha yetadi. Maksimum
yog’in davrida daryolarning suvi o’zanlaridan va qirg’oqlaridan toshib chiqib, katta
masofadagi maydonlarni bosib ketadi. Bir-biriga yaqin joylashgan irmoqlar toshqin
paytida o’zaro tutashib, daryolar oralig’idagi keng maydonlar suv ostida qoladi.
Kongo botig’ining markaziy qismida eng qadimgi qoldiqli ko’llardan Tumba va
Mai-Ndombe ko’llari mavjud. Daryo toshqini paytida ularning ham suv sathi
ko’tarilib, yirik ichki suv havzalariga aylanadi.
Kongo botig’i yog’inning ko’pligi va rel’efning tekisligi tufayli botqoq va
tropik o’rmon landshaft komplekslarining keng tarqalganligi bilan Afrikaning
boshqa tabiiy geografik o’lkalaridan keskin farq qiladi. Suv bosmaydigan katta
maydondagi qadimgi allyuvial va lateritli tuproqlarda nam ekvatorial o’rmonlar
yaxshi rivojlangan. Bu o’rmonlar ekvatordan shimol tomonda, Sharqiy Afrika
tog’ligi etaklarida va Atlantika okeani sohilida keng polosa bo’lib joylashgan.
Janubda va janubi-sharqda esa qurg’oqchil fasl kuzatiladigan joylarda savannalar
uchraydi. O’lkaning janubidagi va baland platolaridagi savannalar qizil-qo’ng’ir
tuproqlar ustida shakllangan. Ular ko’pincha kesib va yondirib yuborilgan o’rmonlar
o’rnida vujudga kelgan. Binobarin, bu tipdagi savannalar kelib chiqishiga ko’ra
ikkilamchi xarakterga ega bo’lib, antropogen savannalarni tashkil etadi.
O’rmonlardan tipik savannalarga o’tish polosasida savannalar o’rtasida bog’ tipidagi
daraxtzorlar u yer-bu yerda takrorlanib, Yevropaning o’rmon-dasht zonasiga
o’xshash o’rmon-savanna o’tkinchi zonasi hosil bo’lgan.
Kongo havzasidagi nam ekvatorial o’rmonlarda yog’ beradigan palmalar, seyba
va muskat daraxtlari, qizil daraxt, kauchuk olinadigan daraxtlar o’sadi. Bu
o’rmonlarda pigmeylar yashaydi. Ular ovchiliq, ozuqa uchun o’simliklar va
mevalarni, yovvoyi asalni yig’ish bilan shug’ullanadilar. Pigmeylar yarim
ko’chmanchi hayot kechiradilar. Hayvonlarni oddiy usul - nayza va yoy bilan
ovlaydilar. Suv bosadigan botqoqliklarda, ko’l atroflarida va Kongo daryo
tizimining vodiylaridagi botqoqlangan yerlarda baland bo’yli qalin botqoq
o’simliklari o’sadi. Ular orasida papiruslar ko’pchilikni tashkil etadi. Nam ekvatorial
o’rmonlar hayvonot olamiga juda boy. Maymunlarning gorilla, shimpanze, gveresa
va boshqa turlari yashaydi. Eng yirik hayvonlardan fillar uchraydi. Qo’rqoq okaplar
qalin changalzorlarni o’ziga boshpana qilgan. O’rmonlarda daraxt damanlari va
yovvoyi cho’chqalar, daryo va ko’l bo’ylarida begemotlar, timsohlar yashaydi.
Kongo botig’ida bulardan tashqari qushlar, sudralib yuruvchilar va hasharotlar
faunasi keng tarqalgan. Afrikaning nam ekvatorial o’rmonlari uchun sese pashshasi
xarakterli. U eng sernam joylarda, daryo va ko’llar atrofida yashab, juda tez
ko’payadi.
Do'stlaringiz bilan baham: