SURXONDARYO-TARIXI
Surxondaryo viloyati – O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1941 yil 6 martda tashkil etilgan (1925 yil 29 iyundan Surxondaryo okrugi bo’lgan). 1960 yil 25 yanvarda Qashqadaryo viloyati bilan qo’shilgan. 1964 yil 7 fevralda qaytadan tashkil qilindi. Respublikaning janubiy-sharqida, Surxon-Sherobod vodiysida joylashgan. Janubdan Amudaryo bo’ylab Afg’oniston, shimol, shimol-sharq va sharqdan Tojikiston, janub-g’arbdan Turkmaniston, shimol-g’arbdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh.
Hududi 20,1 ming km2. Surxondaryo viloyatining tarkibida viloyatga bo’ysinuvchi 14 tuman (Angor, Boysun, Denov, Jarqo’rg’on, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod, Sho`rchi, Qiziriq Qumqo’rg’on), 8 ta tumanga bo’ysinuvchi shaharlar (Boysun, Denov, Jarqo’rg’on, Termiz, Sharg’un, Sherobod, Sho’rchi, Qumqurg’on), 7 ta shaharcha (Angor, Do’stlik, Kakaydi, Sariosiyo, Sariq, Elbayon, Hurriyat), 114 qishloq fuqarolar yig’ini, 698 ta mahalla fuqarolar yig’ini va 847 ta qishloq aholi punktlari bor.
Markazi – Termiz shahri.
Tabiati: Surxondaryo viloyati relefi tog’ va tekisliklardan iborat, shimoldan janubga qiyalanib va kengayib boradi. Tog’lardan oqib tushadigan ko’pdan-ko’p daryo va soylar dara hosil qilgan. Surxondaryo va Sheroboddaryo oqib o’tadigan tekislik shimoliy, g’arb va sharqdan baland Hisor tizmasi (eng baland joyi 4643 m) va uning tarmoqlari (Boysuntog’, Ko’hitang tog’, Bobotog’) bilan o’ralgan.
Tekislik qismining iqlimi quruq subtropik. Yozi jazirama issiq va uzoq, qishi iliq va qisqa. Yilllik o’rtacha temperaturasi 16-180 S. Iyul oyining o’rtacha temperaturasi 28-32, yanvarniki 2,8-3,6. O’zbekistonda eng issiq temperatura ham shu viloyat hududida kuzatilgan. (1914 yil 21 iyunda Termizda 49,50 S issiq bo’lgan).
Aholisi 2 million 52 ming nafar bo’lib, Respublika aholisining 7,3 foizini tashkil etadi. Aholining 80,9 foizi yoki 1647,3 ming nafari qishloqlarda, 19,1 foizi 389,8 ming nafari shaharlarlarda yashaydi. Bular 102 millat va elatlarga mansub kishilardir. Ularning 1699,3 ming nafar (82,9 foizi)ni o’zbeklar, 258,4 ming nafari (12,5 foizi) ni tojiklar, 26,6 ming nafari (1,3 foizi) ni turkmanlar, 24,0 ming nafari (1,2 foizi)ni ruslar, 7,9 ming nafari (0,4 foizi) ni tatarlar, 2,3 ming nafari (0,1 foizi) ni qozoqlar, 0,7 ming nafari (0,03 foizi) ni koreyslar, 32,8 ming nafari (1,6 foizi) ni boshqa millatlar tashkil qiladi.
Transporti. Viloyatda temir yo’l transportining salmog’i katta. Surxondaryoda dastlabki temir yo’l 1915 yilda (Kogon-Termiz) qurilgan. Bu viloyatni boshqa regionlar bilan bog’laydigan dastlabki muhim yo’l bo’ldi. 1925 yilda 248 km.li Termiz-Dushanbe temir yo’lini qurishga kirishildi. Viloyatning ichki transport aloqalarida avtomobil yo’lining ahamiyati juda muhim. Surxondaryo viloyatidagi qattiq qoplamali avtomobil yo’llarining uzunligi 2,7 ming km.ni tashkil etadi. Viloyatning asosiy avtomobil yo’li- Katta O’zbekiston trakti.
Shuningdek, Respublikamizning janubiy viloyatlari Qashqadaryo va Surxondaryoning ijtimoiy – iqtisodiy taraqqiyotini tezlashtirish, temir yo’lda yuk tashishning transport ta’minotini yaxshilash, mamlakat temir yo’li tarmog’ini jonlantirish maqsadida «Toshg’uzor-Boysun-Qumqo’rg’on» yangi temir yo’li ishga tushirildi. Bu temir yo’l Boysun tumani orqali iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan kam rivojlangan tuman qishloqlariga sanoatning kirib kelishiga, yer usti va yer osti boyliklaridan keng foydalanishga, musaffo tog’ havosida qator davolash maskanlari, turistik bazalar, dam olish uylari qurishga katta imkoniyat yaratadi. Eng muhimi yangi zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlar qurilishi, yangi ish o’rinlarining yaratilishi, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun keng yo’l ochildi.
Qisqacha tarixi: Qulay iqlim sharoit va mutlaqo unumdor yerlar uning bu viloyatda qadimgi odamlar tomonidan juda erta o’zlashtirishi, sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilikning intensiv ravishda rivojlanishi, shahar va qishloqlarning yuzaga kelishi va yuksalishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Viloyatdagi qadimgi odamlarning dastlabki manzilgohlari turli yovvoyi hayvonlar va yovvoyi o’simliklar bilan qoplangan tog’ o’rmonlarida, Boysun tog’laridan oqib tushuvchi daryo etaklarining bo’ylarida paydo bo’ldi. Ularning ichida eng qadimiylari sifatida o’rta va yuqori paleolit davriga mansub (100-12 ming yil av.) Teshiktosh va Machay g’orlari e`tirof etiladi. Teshiktosh g’oridan neandertal bolaning suyaklari topilgan bo’lib, ushbu kashfiyot O’rta Osiyo hududi hozirgi odamlarning shakllanish mintaqalaridan biri bo’lgan degan ilmiy xulosaga olib keldi. Ko’hitang tog’larida aniqlangan Zarautsoy qoyatosh rasmlari esa mezolit yoki neolit (12-5 ming yil av.) davriga borib taqaladi. Zarautsoydagi uncha katta bo’lmagan g’or shiftlari va devorlarida 200 dan ortiq rasmlar aniqlangan bo’lib, ular oxra bo’yog’i yordamida g’or devorlarida katta mahorat bilan tasvirlangan. Rasmlarning asosiy qismi yovvoyi ho’kizlarni sehr-jodu yo’li bilan ovlash manzarasini aks ettiradi. Milodga qadar II-ming yillikning I-yarmida O’zbekiston janubida Shimoliy Afg’onistondan o’troqlashgan qabilalar dehqonchilik an’analarini o’zida ifoda etgan Sharq madaniyatini olib kiradi. Ular Ko’hitang va Boysun tog’ oldi hududlarini o’zlashtirib, Sopollitepa, Jarqo’ton, Molalitepa singari muhim aholi manzilgohlariga asos soladilar. Ushbu davrga xos xususiyat sifatida oddiy xom g’isht qo’llanilgan va monumental arxitektura(ibodatxona, saroy) murakkab inshootlar va istehkomlarni qurish, primitiv usuldagi sun’iy sug’orish, uy hayvonlarini saqlash, hunarmandchilikning rivojlanishi (metall va sopol buyumlaridan foydalanish) hamda san’atning paydo bo’lishi singari taraqqiyot bosqichlarini ko’rsatish mumkin.
O’rta Osiyoda milodga qadar I-ming yillikning birinchi yarmi ilk temir asri va davlat shaklidagi yirik birlashmalarning yuzaga kelishi bilan xarakterlanadi. Ushbu jarayon Shimoliy Baqtriya hududida joylashgan Surxondaryo viloyatiga ham to’la taalluqlidir. Milodga qadar 539-330 yillarda O’rta Osiyo, shu jumladan Baqtriya (Bunga Surxondaryo hududi ham kirgan.) satraplik huquqi bilan Ahamoniylar imperiyasi tarkibiga kirgan. Keyinchalik u (Mil.av. 329-327y.) Makedoniyalik Iskandar tomonidan bosib olinadi. Milodga qadar 306-yilda uning tuzgan davlati parchalanib ketgach, Aleksandr Selevka davlati tarkibiga kiradi.
Milodga qadar III-asr o’rtalarida baqtriyadagi Salavkiylar satrapi Diadot fanda Yunon-Baqtriya deb nom olgan mustaqil davlat tuzadi va o’zini podsho deb e’lon qiladi. Uning davlati miloddan avvalgi II asrning o’rtalariga qadar yashab turdi. Ushbu davrda O’rta Osiyoning moddiy va ma’naviy hayotiga sezilarli ta’sir ko’rsatgan ellinizm siyosati keng yoyiladi.
Milodga qadar II-asr o’rtalarida saklar zarbasi ostida Yunon-Baqtriya podsholigi qulaydi, keyinchalik esa yuechji-toxarlar bosqini tufayli butunlay parchalanib ketadi. Yuechji-toxarlarning Kushonlar qabilasidan bo’lmish Kudzula Kadfiz milodiy I asrning birinchi yarmida buyuk Kushonlar imperiyasini tuzadi.
Shimoliy Baqtriya (Surxondaryo) ham kushonlar imperiyasi tarkibiga kiritilib, shimoliy-g’arbiy chegarasidan kirib keladigan tog’ yo’lida ko’chmanchilar hujumidan saqlanish uchun Temir darvoza va qudratli mudofaa istehkomlari quriladi (Temir darvoza hozirgi Boysun tumanida joylashgan) Kushon podsholigi hukmronligi davrida Surxondaryo tarixi hayotining barcha sohalarida taraqqiyotning yuksalganligi bilan xarakterlanadi. Jumladan, Sharq va g’arb xalqlari o’rtasida ma’naviy va madaniy qadriyatlarning o’zaro almashinuvida muhim rol o’ynagan. Buyuk Ipak yo’lining ikki asosiy yo’nalishi kushonlar davlati hududidan o’tgan.
Surxondaryo viloyati hududidagi Kushonlar davriga oid arxeologik yodgorliklar nihoyatda ko’p va xilma-xildir. Dalvarzintepa va Xolchayonda o’tkazilgan qazilmalar kushonlar shahri yuksak madaniyat o’choqlari bo’lganligini ko’rsatadi. Bu davrda xunarmandchilik va qishloq xo’jaligining intensiv ravishda rivojlanishi, tovar-pul munosabatlarining o’sishi arxitektura, monumental haykaltaroshlik va rassomchilik, koroplastika va gliptika san’atining yuksalishi kuzatiladi. Kushon shaharlari shuningdek, yirik targ’ibot markazlari ham bo’lgan. Ayritom, Dalvarzintepa va Ko’hna Termizdan topilgan Budda ibodatxonalari va stupalar, Baqtriya-Toxariston madaniyati ellinistik va hind buddaviylik madaniyatining kuchli ta’siri ostida mahalliy baqtriyaga xos tarzda shakllanadi.
Surxondaryo viloyatining hozirgi hududi milodiy III-IV asrlarda Kushonlar davlati parchalanib ketgach, dastlab xioniylar, so’ngra esa eftaliylar davlati tarkibiga kiradi.
Ilk o’rta asrlarda (mil. V-VIII asr) viloyat hududi ko’pgina mulklardan iborat yirik tarixiy-madaniy mintaqa hisoblangan Toxariston tarkibida bo’lgan. Ulardan ikkitasi: Termizshohlar va chag’oniyonlik xidavatlar turk yobg’ularining hukmronligiga bo’ysunganlar. 667-yilda arablar Chag’oniyon va Termizga birinchi marotaba hujum uyushtirib, VIII asrning ikkinchi yarmidagina to’liq bosib olishga erishdilar. Shu vaqtdan e’tiboran Toxariston Abbosiylar xalifaligi hukmronligi ostiga o’tadi.
XI asr boshlarida Somoniylar davlati parchalanib ketgach, Chag’oniyon va Termiz kelib chiqishi turklardan bo’lgan G’aznaviylar va qoraxoniylar o’rtasidagi kurash maydoniga aylandi. 1008-yildagi Balx yonidagi jangdan so’ng, Maxmud G’aznaviy qoraxoniylar qo’shinlarini tor-mor etadi va Termiz G’aznaviylar davlatiga qo’shib olinadi. Chag’oniyon esa qoraxoniylar hukmronligi ostida qoladi.
XI asrning o’rtalariga kelib bu ikki hudud Saljuqiylar davlati ta’siriga tushadi va XII asrning ikkinchi yarmiga qadar ularning istilosi ostida bo’ladi. XII asrning ikkinchi yarmidan esa Chag’oniyon va Termiz vaqti-vaqti bilan qorluqlar,qoraxoniylar va g’uriylar qo’liga o’tib turadi. 1206 yilda Chag’oniyon va Termiz Xorazmshohlar davlatiga qo’shib olinadi.
1220 yilda Termiz Chingizxon boshchiligidagi mo’g’ul qo’shinlari tomonidan bosib olinadi. Vayron etib tashlangan Termiz shahrining qaytadan tiklanishi XIV-asrning boshlariga to’g’ri kelib, hozirgi Termizning shimoliy tomonidagi Surxondaryoning quyi oqimida sodir bo’ladi. XIV asrning elliginchi yillari oxirida mo’g’ullar davlatining Chig’atoy ulusi inqirozga yuz tutgach, Termizdagi hokimiyat mahalliy ruxoniy feodallar-sayyidlar qo’liga o’tadi. So’ngra O’zbekiston janubidagi yerlar Amir Temur davlati tarkibiga kiradi.Uning vafotidan so’ng Termizni Amir Temur nabirasi Xalil Sulton, 1409 yildan esa o’g’li Shohruh boshqaradi. XV asrning ikkinchi yarmiga kelib, markazi Hisorda bo’lgan, Temuriylarning Hisor viloyati ta’siri kuchayadi. 1504-1505 yillarda Chag’oniyon va Termiz Shayboniyxon boshchiligidagi ko’chmanchi o’zbeklar tomonidan bosib olinadi.
Saffaviylar bilan bo’lgan jangda Shayboniyxon vafotidan so’ng Termiz qisqa vaqt Temuriy Bobur tomonidan egallanadi. 1512 yilda Bobur qo’shinlarining haydab chiqarilishi tufayli Termiz va Chag’oniyon yana Shayboniylar ixtiyoriga, 1598 yildan 1747 yilgacha esa O’rta Osiyoda mustahkam o’rnashib olgan yangi o’zbek sulolasi-joniylar qo’liga o’tadi. Ushbu davrda Chag’oniyon o’zbek beklari tomonidan boshqarilgan Hisor viloyati tarkibiga kirsada, amalda markaziy hokimiyatdan mustaqil siyosat yuritib kelgan.
XIX asr oxiri -XX asr boshlarida Surxondaryo viloyati Buxoro amirligining tarkibiy qismi edi. Uning hududida esa bir necha bekliklar mavjud edi. 1894 yilda Amudaryo bo’ylab, shu jumladan hozirgi Termiz hududida ruslarning chegara bojxona nazorati o’rnatiladi. Termiz shahrining muhim strategik joylashuvini hisobga olgan rus harbiylari tomonidan shaharda doimiy garnizonga ega bo’lgan qal’a quriladi. Termizga Rossiyadan asta-sekin harbiy qo’shinlar va ko’chmanchilar kela boshladi. 1898 yilda esa Buxoro amiri maxsus hujjat bilan qal’a atrofidagi yerlarni qurilish inshootlari va turar-joy binolari uchun rus harbiylari ixtiyoriga topshiradi va bu yerda ko’p o’tmasdan shahar ahamiyatiga ega bo’lgan aholi manzilgohi paydo bo’ladi. Sho’rolar hukumati o’rnatilgach va 1924 yildagi milliy chegaralanishdan so’ng, viloyat O’zbekiston tarkibiga kiradi. 1925 yilda esa Surxondaryo okrugi tuziladi. 1941 yil 6 martda esa ma’muriy markazi Termiz bo’lgan Surxondaryo viloyati tashkil topadi. 1991 yil 1 sentyabrda mustaqillik e’lon qilingach, Surxondaryo viloyati O’zbekiston Respublikasining ajralmas va tarkibiy qismiga aylantirildi.
Hozirgi kunda Surxondaryo viloyati yuksak darajada rivojlangan qishloq xo’jaligi va industiriyaga ega, paxtachilik, chorvachilik, bog’dorchilik va uzumchilik taraqqiy etgan yirik madaniy markaz bo’lib hisoblanadi.
Viloyatda ijtimoiy sohaga ham alohida e’tibor berilmoqda bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 848 ta umumta’lim maktablari 387 ta maktabgacha ta’lim muassalari, 109 ta o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari (5 ta akademik litsey, 104 ta kasb hunar kollejlari), 1 ta oliy o’quv yurti faoliyat ko’rsatmoqda. Bundan tashqari sog’liqni saqlash sohasida 389 ta tibbiyot muassasalari 241 ta qishloq vrachlik punkti, 1 ta shahar vrachlik punkti, 72 ta davolash profilaktika muassasalari aholiga tibbiy xizmat ko’rsatmoqda. Viloyatda 111 ta klub muassasasi, 2 ta muzey, 2 ta teatr, 16 ta bolalar musiqa va san’at maktablari, 2 ta kinoteatr va kino qurilmalar, 3 ta viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tasarrufidagi hamda 15 ta shahar va tumanlar hokimliklari tasarrufidagi istirohat bog’lari aholiga xizmat ko’rsatib kelmoqda. Shuningdek 1 ta Termiz hayvonot bog’i mavjud. Jami viloyatda 3994 ta jumladan, 523 ta sport zallari, 6 ta suzish havzalari, 59 ta tennis kortlar va 242 ta boshqa sport inshootlari mavjud bo’lib, aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |