NODIRA IJODI
Nodiraning «Doda keldim…» g‘azali necha baytli va qaysi vaznda bitilgan?
⏩ Yetti baytdan iborat oshiqona g‘azal ramali musammani mahzuf (yoki maqsur), ya’ni foilotun—foilotun—foilotun—foilun (yoki foilon) vaznida bitilgan. Taqte’si: - V - -/ - V - - / - V - - / - V - (yoki - V ~). G‘azaldagi 5-baytning birinchi misrasi «begonalig‘» so‘zi bilan tugagani, ya’ni oxirgi bo‘g‘in o‘ta cho‘ziq hijodan tashkil topgani uchun ramali musammani maqsur ( - V - - / - V - - / - V - - / - V ~) vaznida bitilgan.
G‘azalda radif qaysi so‘z?
⏩ Turkiy so‘z «eshit» radifga olingan.
Qofiyadosh so‘zlar qaysi?
⏩ Qofiyadagi so‘zlarning barchasi o‘zbekcha egalik qo‘shimchasi bilan kelgan forscha-tojikcha so‘zlardan tashkil topgan (dodim — faryodim — ozodim — shamshodim — obodim — yodim — parizodim — noshodim).
G‘azalda lirik qahramon gapni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kimga murojaatdan boshlaydi?
⏩ Yorga. Ammo g‘azalning boshidan-oxirigacha biror joyda yor so‘zi ishlatilmaydi. Chunki oshiq ma’shuqqa ey salotin sarvari («ey podshohlar podshohi», 1-bayt), ey sarvi ozodim («ey sarv daraxtidek tik qomatligim», 2-bayt), sarvi nozim («mag‘rur turadigan tik qomatligim», 3-bayt), ey parizodim («ey parilar avlodidun bo‘lganim», 6-bayt), tab’i noshodim («ta’bi xursand bo‘lmaganim», 7-bayt) undalmalari bilan murojaat qiladi.
G‘azalda qaysi san’at qo‘llangan?
⏩ Tazod san’ati: matla’dagi shah bilan benavo (muhtoj, bechora), 3-baytdagi sarvi noz» bilan xam (egilgan), 4-baytdagi vayron (buzilgan) bilan obod, 5-baytdagi oshno (tanish) bilan begona, 5- va 6-baytlarda keigan necha kunlar bilan bir soat.
«Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit, Sen shah-u, men benavo, lutf ayla, faryodim eshit» matla’si mazmunini izohlang.
⏩ Ey podshohlar podshohi, arz qilib, (oldingga) keldim, arzimni eshit,
Sen shahsan-u, men bechoraman, mehr ko‘rsatib, faryodimni eshit (matla’).
«Maddi ohim shu’lasi husning dabiristonida Misrayi barjastadur, ey sarvi ozodim, eshit» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Ohimning cho‘zilgan shu’lasi husning devonxonasi (mirzoxonasi)da (bir) munosib misra (bo‘ldi), ey sarvdek tik qomatli (yorim), eshit (2-bayt).
«Sarvi nozim, sendin ayru naxli ohim bo‘ldi xam, Qomating hajrida sindi shoxi shamshodim, eshit» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Magrur tik qomatli sarvdek yorim, sendan uzoqda xurmo daraxtidek tik ohim xam bo‘ldi, Qomating hajrida shamshod shoxidek shoxim sindi, eshit (3-bayt).
«Har nechakim sabr ta’mirini bunyod ayladim, Ashk selobida vayron o‘ldi obodim, eshit» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Sabrimni bar qancha ta’mirlamayin, Ko‘z yoshlarim selidan (bu) obodim vayron bo‘laverdi, eshit (4-bayt).
«Barcha yor-u oshnodin aylading begonalig‘ Necha kunlar bo‘ldi, hargiz qilmading yodim, eshit» bayti mazmunini izohlang.
⏩ (Ishqing bilan) barcha yor-u oshnodan begona aylading,
Necha kunlar bo‘ldi, hech meni vodga olmaysan, eshit (5-bayt).
«Kelki, bir soat seni ko‘rmoq uchun mushtoqmen, Telba bo‘ldim sendin ayru, ey parizodim, eshit» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Kelki, bir soat seni ko‘rmoq uchun mushtoqman, Seni ko‘rmayotganimdan telba bo‘ldim, ey parizodim, eshit (6-bayt).
«Nodira bodi sabodin sanga irsol etgali Qildi insho bu g‘azalni, tab’i noshodim, eshit» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Nodira sharqdan esadigan yoqimli shamoldan sanga yuborish uchun Bir g‘azalni yozdi, ta’bi xursand bo‘lmaganim, eshit (maqta’).
G‘azalda 1-, 2-baytlarida uchraydigan «salotin sarvari», «dabiriston», «barjasta» so‘zlarining ma’nosi nima?
⏩ Salotin sarvari — podsholar yetakchisi; dabiriston — maktab; barjasta — ko‘zga ko‘rinarli, e’tiborga loyiq, yuksak.
«Doda keldim…» g‘azalida nima aks etgan?
⏩ Yonginasida turgan yorining vaslidan bebahralik. (Bu yerda Amir Umarxonga ishora bor).
«Doda keldim…» g‘azali necha bayt?
⏩ 7 bayt.
«Doda keldim…» g‘azali radifi va qofiyalari qaysi?
⏩ Radif — eshit, qofiyalari — dodim, faryodim, ozodim, shamshodim, obodim, yodim, parizodim, noshodim.
«Doda keldim…» g‘azalida sevishgan kishilar o‘rtasidagi munosabatninig nozik va sirliligi, ko‘pincha tushunarsiz va chigalligi qaysi satrlarda yaqqol ko‘rinadi?
⏩ Matla’da: «Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit,
Sen shahu, men benavo, lutf ayla, faryodim eshit»
Yuqoridagi baytda qanday she’riy san’at qo‘llangan?
⏩ Tazod.
«Doda keldim…» g‘azalining to‘rtinchi baytini izohlang. Unda qanday badiiy san’at qo‘llangan?
⏩ Mubolag‘a: «Har necha sabrimni ta’mir etib, obod qilsam-da, ko‘z yoshim selida vayron bo‘ldi»
«Doda keldim…» g‘azalining qaysi baytida shoira hayotiga bevosita daxldor bo‘lgan hayotiy manzara aks etadi?
⏩ 5-baytda.
«Doda keldim…» g‘azalida qandaydir bir sababga ko‘ra e’tibordan qolgan ma’shuqaning oshig‘iga astoydil murojaati, iltijosi qaysi baytda aks etgan?
⏩ 5-bayt: «Barcha yor-u oshnodin aylading begonalig‘,
Necha kunlar bo‘ldi hargiz qilmading yodim, eshit»
«Vasl uyin obod qildim…» g‘azali necha baytli va qaysi vaznda bitilgan?
⏩ To‘qqiz baytdan iborat ishqiy mavzudagi g‘azal, ramali musammani mahzuf (yoki maqsur), ya’ni foilotun—foilotun—foilotun—foilun (yoki foilon) vaznida bitilgan. Taqte’si: - V - - / - V - - / - V - - / - V - (yoki - V ~). G‘azaldagi ikkinchi baytning binnchi misrasi oshkor so‘zi bilan tugagani ya’ni oxirgi bo‘g‘in o‘ta cho‘ziq hijodan tashkil topgani uchun ramali musammani maqsur ( - V - - / - V - - / - V - - / - V ~) vaznida bitilgan.
G‘azalda radif qaysi so‘z?
⏩ Oqibat so‘zi radifga olingan.
«Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat Seli g‘amdin bu imorat bo‘ldi vavron oqibat»matla’si mazmunini izohlang.
⏩ Vasl uyini obod qildim, (ammo) hijron oqibatda (uni) buzdi, Oxir‑oqibatda g‘am selidan bu imorat vayron bo‘ldi (matla).
«Qildi choki piyrahan dog‘i dilimni oshkor, Qolmadi ko‘nglumda zaxmi ishq pinhon oqibat» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Ko‘ylagimning choki dilimning dog‘ini oshkor qildi.
Oqibatda ko‘nglimdagi ishq yarasi pinhon qolmadi (2-bayt ).
«Ahd-u paymonlar qilib erdi: «Vafo qilg‘um», debon, Ayladi tarki vafo ul ahdi yolg‘on oqibat» bayti mazmunini izohlang.
⏩ «Vafo qilaman» deb ahd-u paymonlar qilgan edi (Ammo) vafoni tark etdi, oqibatda uning ahdi yolg‘on bo‘lib chiqdi (3-bayt).
«Orzu qildim: «Tutarmen» deb visoli domanin, Pora bo‘ldi hajr ilgida giribon oqibat» bayti mazmunini izohlang.
⏩ «Visoli etagini tutarman», deb orzu qilgan edim,
Oqibatda hajr qo‘lida yoqa bo‘lak-bo‘lak bo‘ldi (4-bayt).
«Zohido, ishq-u muhabbat ahlini ma’zur tut, Yor ko‘yida na bo‘ldi Shayx San’on oqibat?» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Ey zohid, ishq-u muhabbat ahlini kechir:
(Axir) yor ko‘yida oqibatda Shayx San’on nima bo‘ldi? (5-bayt).
«Baski, qon bo‘ldi yurokim gavhari ashk o‘rniga, Qatra-qatra ko‘zlarimdin tomdi marjon oqibat» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Bas, ko‘z yoshi gavhari o‘rniga yuragim qon bo‘ldi, Oqibatda ko‘zlarimdan qatra-qatra marjon (dek yosh) tomdi (6-bayt).
«Ohkim, bo‘ldi yana subhi nashotim shomi g‘am, Chehra pinhon etti ul Xurshidi tobon oqibat» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Ohkim xursandligim tongi yana g‘am shomi bo‘ldi, Oqibatda u porloq Quyosh yuzini yashirdi (7-bayt).
«Garchi bor erdi musaxxar devlar farmonida, Poymoli xayli mo‘r o‘ldi Sulaymon oqibat» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Garchi devlar farmonida bo‘ysungan bo‘lsa ham. Oqibatda (oxirida) Sulaymon chumolilar to‘dasi oyog‘i ostida qoldi (8-bayt).
Nodira, bulbul kabi to nola insho ayladim, Navbahor o‘tti, xazon o‘ldi guliston oqibat» maqta’si mazmunini izohlang.
⏩ Nodira, bulbul kabi to nolamni vozib ulgurganimga qadar
Oqibatda navbahor o‘tib, guliston xazon bo‘ldi (maqta’).
G‘azalda qanday badiiy san’atdan mohirona foydalanilgan?
⏩ Tazod san’atidan: «Vasl uyi» bilan «hijron», «obod qildim» bilan «buzdi» va «vavron» (matla’), «oshkor» bilan «pinhon» (2-bayt), «ahd-u paymonlar» bilan «tarki vafo», «vafo qilg‘um» bilan «yolg‘on» (3-bayt), «Orzu qildim: «Tutarmen», deb visoli domanin» bilan «Pora bo‘ldi hajr ilgida giribon oqibat» (4-bayt), «qon» bilan «gavhari ashk» (ko‘z yoshi gavhari, 6-bayt), «subhi nashotim» bilan «shomi g‘am» (7-bayt), «devlar» bilan «xayli mo‘r» (chumolilar to‘dasi, 8-bayt), «navbahor» bilan «xazon» (maqta’).
G‘azalda qo‘llangan talmeh san’ati haqida fikr yuriting.
⏩ Fors-tojik shoiri Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» hamda uning ta’sirida Alisher Navoiy bitgan «Lison ut-tayr» dostonlarida tarso (xristian) qizga ishqi tasvirlangan Shayx San’on (5-bayt), shuningdek, Sulaymon payg‘ambar (8-bayt) bilan bog‘liq voqealarga ishora mavjud.
Keyingi baytlar qaysi badiiy san’at asosiga qurilgan?
⏩ Tazod: Vasl — hijron, vafo qilgum — ahdi yolg‘on, subhi nishotim (shodlik tongi) — shomi g‘am, navbahor — xazon.
G‘azalda yana qanday badiiy san’at qo‘llangan?
⏩ Istiora: (subhi nishotim (shodlik tongi), shomi g‘am, sel g‘amidan imoratning vayron bo‘lishi); talmeh (Sulaymon, shayx San’on), mubolag‘a: (qon yurak), tashbeh (bulbul kabi).
G‘azalning qaysi baytida shoiraning hijrondan o‘rtanishlari ishqning so‘fiyona mohiyatini aks ettirish bilan almashadi?
⏩ Beshinchi bayt: Zohido, ishq-u muhabbat ahlini ma’zur tut, Yor ko‘yida na bo‘ldi shayx San’on oqibat
«Kel, dahrni imtihon etib ket…» g‘azali necha baytli va qaysi vaznda bitilgan?
⏩ To‘qqiz baytdan iborat g‘azal. Vazni mumtoz she’riyatimizda ko‘proq ruboiy bitiladigan an’anaviy hazaji musaddasi axrabi maqbuzi mahzuf, ya’ni maf’ulu mafoilun faulun. Taqte’si: - - V / V - V - / V - -.
G‘azalda radif qaysi so‘z?
⏩ «Etib ket» so‘zlari radifga olingan.
G‘azalda qanday g‘oya ilgari surilgan?
⏩ Kuchli hayotsevarlik tuyg‘usi singdiriladi, umrni mazmunli, unumli o‘tkazish g‘oyasi ham targ‘ib etiladi.
G‘azalda nechta undalma qo‘llangan?
⏩ To‘rt bor undalma ishlatilgan: «Kel» (matla’ning boshi va maqta’ning boshi), «Ey Nodira» (maqta’ning 2-misrasida), «Ey ashk» (4-baytda).
«Kel, dahrni imtihon etib ket, Sayri chamani jahon etib ket» matla’si mazmunini izohlang.
⏩ Kel, dunyoni imtihon etib ket Jahon chamanini sayr etib ket (matla’).
«Bedardlaring jafolaridin Faryod chekib, fig‘on etib ket» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Bedardlaringning jafolaridan Faryod chekib, fig on etib ket (2-bayt).
«Dunyo chamanini(ng) bulbulisan, Gul shoxida oshyon etib ket» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Dunyo chamanining bulbulisan, Gul shoxida oshyon etib (in qurib) ket (3-bayt).
«Ey ashk, ko‘zimni maktabidin Hayrat sabaqin ravon etib ket» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Ey ko‘z yoshi, ko‘zimning maktabidan Hayrat darsini ravon etib ket (4-bayt).
«Olam chamaniki, bevafodur, Bir oh bila xazon etib ket» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Olam chamani — bevafo, Bir oh bilan uni xazon etib ket (5-bayt).
«Ushshoq maqomi bo‘stondur, Azmi rahi bo‘ston etib ket» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Oshiqlar maqomi (erishgan darajasi) bir bo‘ston, Ana shu bo‘ston orqali o‘tib ket (6-bayt).
«Maqsad na edi, jahona kelding? Kayfiyatini bayon etib ket» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Dunyoga kelishdan maqsading nima edi? Shuni aytib, kayfiyatini bayon etib ket (7-bayt).
«Fosh etma ulusqa ishq sirrin, Ko‘ngulda ani nihon etib ket» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Ishq sirini odamlarga oshkor etma, Ko‘ngilga uni nihon etib (yashirib) ket (8-bayt).
«Kel, ishq yo‘lida ko‘zlaringni, Ey Nodira, durfishon etib ket» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Kel, ishq ya’lida ko‘zlaringni, Ey Nodira, dur sochadigan qilib ket (maqta’).
«Dunyoni imtihon etib ket» misrasi haqida fikr yuriting.
⏩ Kishi dunyoni imtihon qilmaydi, aksincha, bu yerda dunyo shaxsni imtihondan o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
G‘azalda qanday fikr ilgari surilgan?
⏩ Dunyo hayratxona. Uning sir-sinoati, go‘zalligi, jozibasidan zavq olish kerak. Shu bilan birga, hayot vaqtincha (bevafo). Shuning uchun unga ko‘p ham bog‘lanmasdan, undan yuksakroq narsaga (Allohga) muhabbat qo‘ygan oshiqlarga ergashish lozim.
Nodiraning «Kel, dahrni imtihon etib ket…» g‘azalidagi «Bedardlaring jafolaridin Faryod etib, fig‘on etib ket» baytini izohlang.
⏩ Lirik qahramon ko‘ngil kishisi, ishq ahlidan, shu bois ham o‘zgalarning g‘amiga befarq emas.
«Dunyo chamanini bulbulisen, Gul shohida oshyon etib ket» baytida qo‘llangan she’riy san’atni aniqlang.
⏩ Istiora (kinoya tashbeh): Dunyo chamani — dunyo, bulbul — oshiq (inson).
«Ey ashk, ko‘zimni maktabidin Hayrat sabaqin ravon etib ket» baytini izohlang.
⏩ Oshiqning faryod-u fig‘oni shu qadar adoqsizki, qahramonning ko‘ngli emas, ko‘zi ham o‘zgalarga saboq berish darajasiga yetgan. Shu bois hatto ko‘z yosh hayrat sabog‘ini uning ko‘zidan «ravon qilishi», ya’ni olishi mumkin.
«Olam chamaniki bevafodur, Bir oh bila xazon etib ket» baytini izohlang.
⏩ Lirik qahramonning ishqi shunchalar kuchliki, uning ko‘nglida tuyg‘u emas, olov porlaydi. U birgina oh bilan bevafo olam chamanini sarg‘aytirib qo‘yishi hech gap emas.
Nodiraning odam umrining mazmuni, tirikligining qadri haqida o‘yga toladigan faylasuf-shoira ekanini ko‘rsatadigan bayt qaysi?
⏩ Maqsad na edi, jahona kelding? Kayfiyatini bayon etib ket.
«Fosh etma ulusqa ishq sirrin, Ko‘ngulda ani nihon etib ket» baytini izohlang.
⏩ Oqillar yuksak tuyg‘ular haqida begonalar bilan sirlashmaydilar, shu bois shoira ishq sirini birovga aytib bo‘lmasligini biladi.
Nazariy ma‘lumot. Talmeh
«Talmeh san’ati» deganda nima tushuniladi?
⏩ Badiiy asarda biror voqea- hodisa, tarixiy fakt, adabiy yoxud afsonaviy qahramon nomini tilga olish yoki unga ishora qilib o‘tish
O‘zbek mumtoz adabiyotida talmeh san’ati bilan bog’liq qanday nomlar tilga olinadi?
⏩ Ko‘pdan ko‘p payg‘ambar alayhissalomlar nomlari, ular hayotida kechgan voqea-hodisalar, Farhod, Majnun, Vomiq yoki Shirin, Layli, Uzro kabi adabiy qahramonlar nomlari
Lutfiyning «Xoh inon, xoh inonma» radifli g‘azalidagi: «Yoqub bikin ko‘p yig‘idin qolmadi sensiz Nuri basarim, xoh inon, xoh inonma», — baytidagi talmehni izohlang.
⏩ Yusuf payg‘ambar alayhissalomni aka-ukalari uzoqlardagi quduqqa tashlab keladi. Yoqub payg‘ambar alayhissalomning eng suyukli o‘g‘lidan ayrilgani, behad aziyat chekib, yig’layverganidan uning ko‘zlari butkul ko‘r bo‘lib qolgan.
Nasriy asardagi jumlada yoki she’rda xalq og‘zaki ijodida mashhur bo’lib ketgan biror maqol, matal yoxud hikmatli so‘z keltirib, nutq ta’sirchanligini oshirish usuliga nima deyiladi?
⏩ «Irsoli masal san’ati»
Eski o‘zbek tilida tamsil, maqol va matallar nima deyilgan?
⏩ «Masal» yoki «zarb ul-masal»
Hozirgi tilshunosligimizda maqol, matal va hikmatli so‘zlar nima deb yuritiladi?
⏩ «Barqaror birikmalar»
Qaysi asarlarda irsoli masal san’atining yuksak namunalariga duch kelamiz?
⏩ XI asr shoiri Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», XII asrda yashab, ijod qilgan Ahmad Yugnakiyning «Hibat ul-haqoyiq» asarlarida
Qaysi ijodkorning asari usluban boshdan oxir irsoli masal san’ati asosida bitilgan?
⏩ XVIII asrda yashab, ijod qilgan Gulxaniyning «Zarbulmasal» asari
Qaysi shoir ijodi irsoli masal san’atini qo’llash jihatdan o‘zigacha bo‘lgan davr shoirlari ichida alohida ajralib turadi?
⏩ Mavlono Lutfiy ijodi
Irsoli masal qo‘llash qaysi shoir ijodiyotining yetakchi uslubiy fazilatlaridan biri, deyish mumkin?
⏩ Mavlono Lutfiy
Qaysi badiiy san’at asli arabchadan olingan so‘z bo’lib, lug‘aviy jihatdan «jinsdosh», ya’ni «shakldosh» degan ma’noni anglatadi?
⏩ Tajnis
Tajnis nima?
⏩ Nutqda shakli bir xil, ammo ma’nosi har xil so‘zlar yoki so‘zlar turkumini qo‘llash
Tildagi omonimlar bilan tajnis o’rtasidagi farq nimada?
⏩ Omonimlar - tilda qat’iylashgan shakldosh so‘zlar. Tildagi omonimlar adabiy asarda tajnis hosil qilish uchun eng asosiy vosita hisoblanadi, albatta. Biroq tajnisni yuzaga keltirish uchun ba’zan muallif bir necha so‘zlar ishtirokida ohoriy (original, ilgari ishlatilmagan, ya’ni bir martalik) shakldoshliklar yaratishi ham mumkin.Masalan, ul Oy, u loy, uloy (ulay) so‘z birikmalari tilda o‘zaro omonim emas.
Adabiyotimizda tajnis ishlatish shart qilib qo‘yilgan alohida, maxsus bir janr nomi nima?
⏩ Tuyuq
Tuyuq qanday janr?
⏩ Unda qofiyaga olingan so‘z yoki so‘zlar turkumi o‘zaro shakldoshlik paydo qilishi shart.
“Yo qoshingdin necha bir o‘q ko‘z tutay, Otki, o‘rusig‘a oning ko‘z tutay.Necha ko‘rgach o‘zga mahvashlar qoshin, Yangi Oy ko‘rgan kishidek ko‘z tutay”. Navoiyning bu tuyug‘i qofiyasida tajnis bo‘lib kelgan so‘zlar ma’nosini izohlang.
⏩ 1. Ko‘z tutay — kutay;
2. Ko‘z tutay — ko‘zimni tutay;
3. Ko‘z tutay — ko‘zimning ustiga qo‘limni qo‘yib qaray.
Navoiyning yuqorida keltirilgan tuyug‘i qofiyasi qaysi so’z?
⏩ Tajnis so‘zlarning o‘zi qofiya vazifasini o‘taydi. Ya’ni ma’nosi har xil bo‘lgani uchun bu yerda tajnis tarkibidagi so‘zlarning takrorlanishi qofiya o‘rnida qabul qilinadi.
She’rda tajnis hosil qilish uchun o‘zaro shakldosh so‘zlar yoki so‘zlar turkumi faqat qofiyada, ya’ni satr oxirida kelishi shartmi?
⏩ Shart emas. Har qanday matnda shakldosh so‘zlar yoki so‘zlar turkumini qo‘llash tajnis san’atini hosil qilaveradi. Shuning uchun tajnis nasriy asarlar uchun ham xos badiiy san’at hisoblanadi.
G‘afur G‘ulom (1903—1966)
Shoir qaysi janrlarda birdek muvaffaqiyat bilan qalam tebratdi?
⏩ Ham she’riy, ham nasriy janrlarda.
G‘afur G‘ulom 2-jahon urushi yillarida qanday mumtoz she’rlar yaratdi?
⏩ «Sen yetim emassan», «Oltin medal», «Kuzatish», «Vaqt», «Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak», «Men yahudiy», «Sog‘inish»
1946-yil qaysi to‘plami uchun Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan?
⏩ «Sharqdan kelayotirman»
G‘afur G‘ulom qaysi ijodkor do‘sti bilan birga akademik unvoniga sazovor bo‘ldi?
⏩ Oybek (1943-yilda).
Shoir nomini abadiylashtirish uchun nima ishlar qilindi?
⏩ Toshkentdagi istirohat bog‘laridan biriga uning nomi berilib, haykali o‘rnatilgan; uning nomi metro bekatini, ko‘plab ko‘cha va xiyobonlarni bezab turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan G‘afur G‘ulomga qanday orden berildi?
⏩ «Buyuk xizmatlari uchun»
Tarixda shuhrat qoldirish uchun Diana ma’badini yoqqan Gerostrat shoirning qaysi she’rida uchraydi?
⏩ «Vaqt»
«Vaqt» she’ri qachon va nima munosabati bilan yozilgan?
⏩ 1945-yilda fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba munosabati bilan.
«Vaqt» she’rida qanday g‘oya ilgari surilgan?
⏩ Butun insoniyat hayoti — uning quvonchi-yu tashvishlari, hatto qismati ham mana shu lahzalarga jo ekanini, inson umrining asosini shu lahzalar tashkil qilishini, uni qadrlay bilish kerakligi, shu lahzalarni ezgu ishlarga sarflash kerakligi, inson har lahzada o‘zligini unutmasligi kerakligi uqtiriladi.
«O‘zbek otasi» ning bo‘rtma, umumiy, hamma uchun tanish, yaxlit siymosini G‘. G‘ulom qaysi she’rida aks ettirgan?
⏩ «Sog‘inish»
She’rda sog‘inch o‘rtagan paytlari lirik qahramon kimning asarlarini o‘qiydi?
⏩ Bedilning.
Nega Bedilni o‘qigach «loyqa xayolotlar chashmaday» tinadi?
⏩ Chunki Bedil she’riyati o‘quvchini o‘tkinchi dunyo g‘am-tashvishlaridan yuqoriroq turib fikrlashga undaydi.
Bedilning shoirga bergan daldasi, yupanchi she’rning qaysi misralarida aks etgan?
⏩
Iblisning g‘arazi bo‘lgan bu urush.
Albatta, yetadi o‘zin boshiga…
«Sog‘inish» she’ri nechanchi yilda yozilgan?
⏩ 1942-yilda.
She’rning qaysi bandlarida avlodlararo azaliy davomiylik o‘z ifodasini topgan?
⏩ «
O‘z bog‘ing, o‘z mevang danagin saqla.
Shu meros bog‘ingni o‘z qo‘lingga ol,
Menga topshirilgan merosiy haq-la»
Shoirlar yarim avliyodirlar. She’rda bu qay darajada o‘z ifodasini topgan?
⏩ She’rda ota o‘g‘li urushdan qaytgan kuni katta savatda to‘latib shaftoli uzib chiqishni niyat qiladi. Buni qarangki, oradan 3-yil o‘tib, urush 1945-yil ayni shaftoli pishig‘ida tugaydi.
She’rlarda o‘zbek otalariga xos qanday fazilatlar namoyon bo‘ladi?
⏩ Ularga xos tantilik, andishalilik.
«Sog‘inish» she’ri qaysi misralar bilan boshlanadi?
⏩ Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek, Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh.
Eng kichik zarradan Yupitergacha O‘zing murabbiysan, xabar ber, Quyosh!
«Sog‘inish» she’rida lirik qahramon o’g’lini qachon urushga kuzatgan?
⏩ Xoki anjir tugab, qovun g‘arq pishgan baxtli tongotar chog‘da.
«Sog‘inish» she’rida urushga jo’nab ketayotgan jangchi qanday ta’riflangan?
⏩ Unda yetuk edi meros mard g‘urur, Ostonani o‘pib, qasamyod qildi.
Ukalarin erkalab, o‘zimday mag‘rur, Ya’ni obod uyimni u dilshod qildi...
«Sog‘inish» she’rida otalik sog’inchi qanday ifodalangan?
⏩ Kutaman, uzoqdan ko‘rinsa bir ot, Kelayapti, deyman ko‘rinsa g‘ubor.
...Kechqurun osh suzsak, bir nasiba kam, Qo‘msayman birovni — allakimimni…
«Sog‘inish» she’rida yuragini vahima bosganda ota hovrini bosish uchun qayerga jo‘naydi?
⏩ O‘rog‘-u gulqaychi, istak ko‘tarib boqqa jo‘naydi
«Sog‘inish» she’rida hasharchi qo‘shni qiz kim?
⏩ O’g’lining sevgani
G’afur G’ulomning “Vaqt” she’ri qaysi misralar bilan boshlanadi?
⏩ G‘uncha ochilguncha o‘tgan fursatni Kapalak umriga qiyos etgulik,
Ba’zida bir nafas olgulik muddat Ming yulduz so‘nishi uchun yetgulik.
G’afur Gulomning “Bilib qo‘yki, seni vatan kutadi” she’ri qachon yozilgan?
⏩ 1941-yil, 18-may
She’rning dastlabki to‘rt misrasida shoir imtihon navbatini besabr kutayotgan o‘quvchi bolaga nimani eslatadi?
⏩ Uni Vatan kutishini, bu imtihon bugungi sinovdan ancha jiddiy, mas’uliyatli ekanini
“Bilib qo‘yki, seni vatan kutadi” she’ridagi «Jabrda masala qo‘sh muammodir. Xuddi shunda bir ulug‘ qurilish jodir» misralarida nima haqida so’z boradi?
⏩ Ulug‘ olim bobomiz Al-Xorazmiy «Al-jabr val-muqobala» — algebra faniga asos solgan. G‘afur G‘ulom «Jabrda masala qo‘sh muammodir» — deganida algebraning murakkab formulalari mavjudligini, biroq ular zamirida ulug‘ qurilishlar hisob-kitobi jo ekaniga ishora qilmoqda. Katta injenerlar esa, algebrani «suv qilib ichvorgan» bo‘lishlari lozim.
“Bilib qo‘yki, seni vatan kutadi” she’ridagi “Fanlar ko‘p, fanlar bor o‘rganishga kuch: Yerda yur, suvda suz, osmonda uch. Hammasidan a’lo, barchadan oldin, Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!” misralarida ko’zda tutilgan ma’noni izohlang.
⏩ Fanlar ko‘p, bu fanlarning piri bo‘lish ham katta sharaf, mas’uliyat. Biroq hammasidan a’lo, barchasidan muhim bir ilm bor — Vatanni anglash, uni sevish va asrash ilmi.
“Bilib qo‘yki, seni vatan kutadi” she’ridagi “Fanlar ko‘p, fanlar bor o‘rganishga kuch: Yerda yur, suvda suz, osmonda uch. Hammasidan a’lo, barchadan oldin, Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!” misralari o‘zbeklarda mavjud qaysi hikmatli so’zlarni yodga tushiradi?
⏩ «Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin»
“Bilib qo‘yki, seni vatan kutadi” she’rida G’afur G’ulomning Ona xalqimizning barcha oqil farzandlariga aytadigan qaysi istagi esa o‘zgarmay qolaveradi?
⏩ «Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!»
OYBEK (1905–1968)
Badiiy adabiyotning deyarli barcha yo‘nalishlarida birdek samarali ijod qilgan, XX asr o‘zbek adabiyotining zabardast vakili kim?
⏩ Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek
Oybekning boy adabiy merosi necha jildli «Mukammal asarlar to‘plami»dan joy olgan?
⏩ 20 jildli
O‘zbek adabiyoti tarixida hozirga qadar faqat ikki ulug‘ ijodkorninggina «Mukammal asarlar to‘plami» 20 jildda nashr etilgan. Bular kimlar?
⏩ Alisher Navoiy va Oybek.
Oybekning ilk she’rlaridan biri qaysi nom ostida qachon e’lon qilingan?
⏩ «Cholg‘u tovushi», 1922-yil
Oybek yaratgan she’riy asarlar qaysi to‘plamlarida jamlangan?
⏩ «Tuyg‘ular», «Ko‘ngil naylari», «Mash’ala», «Baxtigul va Sog‘indiq», «Quyosh qo‘shig‘i», «She’rlar», «Front bo‘ylab», «Olovli yo‘llar», «Ko‘ngil kuylari»
Oybekning shoir sifatida shakllanishida barmoq va erkin vazndagi yangi o‘zbek she’riyati asoschilaridan bo‘lmish qaysi ijodkorning ta’siri juda kuchli bo‘lgandi?
⏩ Cho‘lponning
Oybekning aksariyat she’rlarida asosiy e’tibor nimaga qaratiladi?
⏩ Voqea yoki narsaga emas, balki ulardan hosil bo‘layotgan tuyg‘uga, kayfiyatga, ko‘ngilga
Oybekning «Kuz yomg‘iri...» deb boshlanuvchi she’rida “quvonchlarga baxil” deya nima ta’riflanadi?
⏩ Hayot
Hayotdan ozor topgan lirik qahramonning ezgin holati qaysi tasviriy vositalar evaziga kuchaytiriladi?
⏩ So‘zlar takrori («quy, quy»), da’vatning ketma-ketligi («chert, kel, chal»), ohorli qofiya evaziga kuchaytiriladi: qofiyaning an’anaviy a-b-a-b yoki a-a-a-b shakli emas, balki a-b-b-a tarzi qo‘llaniladi.
«Qoraxat» to’rtligida she’rning ta’sir kuchini oshirishda qanday badiiy san’atlar qo’llanilgan?
⏩ O‘xshatish («Bexosdan uzilgan shoda dur kabi»), istiora («umidning rangli barglari», «quyosh zarlari») va jonlantirish («Yer qochdi»)
“Na’matak” she’ri yaratilgan davr Oybek hayotida qanday davr bo’lgan?
⏩ «Na’matak» she’ri 1936-yilda yozilgan. Bu davr sobiq sho‘rolar davlati, jumladan, O‘zbekistonda ham «sotsialistik tuzumga qarshi kuchlar», «xalq dushmanlari»ni fosh qilish harakatlari avjga chiqayotgan bir palla. Xalq, millat qayg‘usida ijod qilgan va qilayotgan jadid ziyolilari, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat singari erk kuychilarini yoppasiga qoralash oddiy holga aylangan.
Nima uchun 1936-yillarda Oybekka nisbatan ham munosabat nihoyatda salbiy va xavfli edi?
⏩ Chunki Oybek 1927-yildayoq ustozi Cho‘lpon haqidagi bo‘htonlarga qarshi maqola yozgan, 30-yillar o‘rtalarida esa «Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li» degan risolasi bilan ulug‘ yozuvchi himoyasiga chiqqan
Mana shu qaltis sharoitda Oybek o’z ijodida nimaning timsolini yaratdi?
⏩ «Viqor-la o‘shshaygan qoya labida», «quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul», — deya nafis chayqalayotgan na’matakning mag‘rur timsolini. Uning joyi qorong‘i chakalakzorlarda, nur tushmas puchmoqlarda emas, «yuksakda, shamolning belanchagida». Na’matak o‘zining «tog‘lar havosining firuzasidan» mayin tovlanayotgan niholi — nozik tanasi ila mayin raqsga tushmoqda. Niyati ham o‘zidek pok, go‘zal va ezgu: «Quyoshga tutadi bir savat oq gul!»
“Na’matak” she’rida shoir nimaga urg‘u beradi?
⏩ Go‘zal na’matak «vahshiy qoyalarning ajib ijodi» ekaniga
Na’matak timsolida ko‘ringan buyuk qudratning siri nimada?
⏩ Na’matakdagi go‘zallikni vahshiy qoyalar dunyoga keltirgan emas. Ya’ni o‘sha o‘shshaygan, vahshiy qoyalar, metin toshlarga basma-bas, ular iskanjasiga mardona qarshilik na’matakning tabiatida, tomirida mujassamdir.
Oybekning «Na’matak» she’rining ahamiyati qay darajada?
⏩ She’r erksizlik, tutqunlikka bo‘ysunmagan ijodkor ruhning, olamni qutqaruvchi bezavol go‘zallikning so‘nmas timsoli bo‘lib qoldi.
Oybekning «O‘zbekiston» she’ri kitobxonda qanday tasavvur uyg’otadi?
⏩ Shoir go‘yo dunyo ahli qarshisida turib, o‘z yurtini yonib va jo‘shib taqdimot qilayotgandek taassurot tug‘iladi.
«O‘zbekiston» she’rini o’qiganda kitobxon ko‘z oldida nima gavdalanadi?
⏩ She’rda o‘lkaning kechagi va bugungi kuni, tabiati, xalqi, shu xalq qilayotgan tinimsiz mehnat va uning natijalari
«O‘zbekiston» she’rida o’lka kishilari qanday tasvirlanadi?
⏩ Tuprog‘ida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, sal ko‘rmasa darrov Quyoshni qo‘msaydigan bu o‘lka kishilarining g‘ayratidan asabi chaqnaydi. Bu chaqnayotgan asab buzg‘unchilik, shoshqaloqlik, yovuz kuch daragi emas aslo. Uning kuchi baxt toshini chaquvchi, o‘lkaning qiri, tog‘i, cho‘li bag‘rida pinhon xazinalami ochguvchi qudratdir.
“Derdilarki: «uning ruhi injiq va xasta», Biroq, tomchi qoni uning bir kulcha oltin!..”. «O‘zbekiston» she’ridan olingan misralar mazmunini izohlang.
⏩ O‘zbekistonni, uning xalqini «ruhi injiq va xasta» deguvchilar, darhaqiqat, hamma zamonlarda ham topilgan. Yurtimizga bostirib kelgan Aleksandr Makedonskiy va Chingizxondan tortib, chor armiyasi generallarigacha dastlab shu fikrda bo‘lishgan. Faqat kelishgach, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Dukchi eshonlarning mardona ruhi nimalarga qodir ekanini o‘z tanalarida his qilishgan...
«O‘zbekiston» she’rida ta’kidlanishicha, o‘zbek xalqining bir tomchi qonida bahosi osmonga teng kulcha oltinning qudrati yashirin. Shu o’rinda “bir kulcha oltin” ta’rifiga izoh bering.
⏩ Qadimda oltin hozirgidek to‘rtburchak – ruschasiga «slitka» shaklida emas, balki, shoir aytganidek, kulcha nonning zuvalasiga o‘xshash ko‘rinishda quyilgan
“Bolg‘alar-la parchalandi uyqu iloni, Mehnatkash el bukun belin ko‘tardi mag‘rur.” «O‘zbekiston» she’ridagi ushbu misralarda qaysi tarixiy haqiqatga ishora bor?
⏩ XVII—XIX asrlar oralig‘ida Turkiston o‘lkasi har jihatdan qoloqlikka yuz tutgan. Oxirgi xonliklar davrida butun o‘lka go‘yo chuqur uyquga, g‘aflat og‘ushiga ketgan edi. Sanoatlashishdan yiroq bo‘lgan iqtisodiy holat ijtimoiy va ma’naviy sohalarda ham karaxtlikni paydo qilgandi.
Shoir “uyqu iloni» jismini bolg‘alar-la parchalaydi” deyish orqali nimaga ishora qiladi?
⏩ Respublikamizning sanoatlashish yo‘liga qadam bosgani, bu narsa esa yerga ming bora egilib dehqonchilik qilib kelgan o‘zbek mehnatkashining «belini g‘oz» qilganini yorqin ifoda etadi.
Respublikamizdagi o‘sish-o‘zgarish fanda, ilm-u ma’rifatda, demakki, fikr va tafakkurda ham yaqqol sezilishi «O‘zbekiston» she’ridagi qaysi misralarda aks etgan?
⏩ «Xonaqoni tashlab fikr fanlarni mindi, Elektron tekshiradi kechagi cho‘pon...»
«O‘zbekiston» she’rining oxirgi misrasida “O‘qi va sev! Buning ismi yosh O‘zbekiston!” deyish orqali Oybek barchamizni nimaga yonib da’vat etgan?
⏩ O‘zbekiston atalmish yurtni, uning o‘zligini – tarixi, buguni va kelajagini qunt ila o‘qish, tanish va shular asosida sevishga, ardoqlashga
«O‘zbekiston» she’ri qachon yozilgan?
⏩ 1934-yil
Maqsud Shayxzoda (1908—1967)
Ikki xalqning farzandi bo‘lmish Maqsud Ma’sum o‘g‘li Shayxzoda qachon va qayerda tug‘ildi?
⏩ 1908-yilda Ozarboyjonning Agdash (Oqtosh) shahrida shifokor oilasida.
Maqsud Shayxzoda qayerda tahsil olgan?
⏩ Boku Oliy pedagogika institutiga sirtdan o‘qishga kiradi.
Maqsud Shayxzoda 1925-yildan boshlab qayerlarda ishladi?
⏩ Darbanddagi 1-bosqich Ozarboyjon maktabida, Bo‘ynoqdagi ta’lim va tarbiya texnikumida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi.
1927-yilda nima uchun qamoqqa olinib, 1928-yilning fevralida Toshkentga surgun qilinadi?
⏩ Aksilinqilobiy tashkilot a’zosi sifatida
Maqsud Shayxzoda Toshkentga kelgach, qayerlarda faoliyat yuritdi?
⏩ Turli gazeta-jurnallarda adabiy xodim, 1935–1938-yillarda O‘zbekiston Fanlar komiteti qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938-yildan vafotiga qadar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida dotsent vazifasida xizmat qildi.
Shayxzoda qachondan she’r mashq qila boshlagan?
⏩ O‘zi e’tirof etganidek, hali savodi chiqmasidan
Shoirning 30-yillarida chop etilgan she’riy to‘plamlari qaysi?
⏩ «Loyiq soqchi», «O‘n she’r», «Undoshlarim», «Uchinchi kitob», «Jumhuriyat», «O‘n ikki», «Yangi devon», «Saylov qo‘shiqlari»
Ikkingchi jahon urushi yillarida qaysi to‘plamlarni e’lon qildi?
⏩ «Kurash nechun» (1941), «Jang va qo‘shiq» (1942), «Kapitan Gastello» (1941), «Ko‘ngil deydiki»
«Jaloliddin Manguberdi» dramasini qachon yozdi?
⏩ 1944-yil.
«Toshkentnoma» dostonini qachon yozgan?
⏩ 1958-yil.
Shoirning liro-epik turga mansub qanday dostonlari bor?
⏩ «O‘rtoq mulk», «Tuproq va haq», «Chirog‘», «O‘rtoq», «Meros», «Ovchi qissasi», «Iskandar Zulqarnayn», «O‘n birlar», «Jenya», «Oqsoqol», «Ahmadjonning hikmatlari», «Uchinchi o‘g‘il», «Nurmat otaning tushi»
Adabiyotshunoslik va adabiy tanqid sohasida qanday ishlarni amalga oshirdi?
⏩ A. Navoiy ijodi va faoliyatini jiddiy tadqiq etdi.
Maqsud Shayxzoda urushdan keyingi tinch qurilish yillari qanday to‘plamlarini nashr ettiradi?
⏩ «O‘n besh yilning daftari», «Olqishlarim», «Zamon torlari», «Shu’la», «Chorak asr devoni»
Zabardast olimimiz qaysi ijodkorlarga bag‘ishlangan asarlar yaratdi?
⏩ Bobur, Muqimiy, Furqat, Oybek, G‘. G‘ulom, H. Olimjon; jahon adabiyotidan Nizomiy Ganjaviy, Shota Rustaveli, A. S. Pushkin, Nekrasov, N. Ostrovskiy, T. G. Shevchenko, A. P. Chexov.
Qaysi ijodkorlar asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan?
⏩ Shota Rustaveli, A. S. Pushkin, V. Shekspir, M. Y. Lermontov, Nizomiy, Fuzuliy, Mirza Fatali Oxundov, Ezop, Esxil, Gyote, Bayron, Mayakovskiy, Nozim Hikmat va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |