Uning butun tasallisi to’lib toshib sayramoqdir,
Ko’m ko’k dala, o’rmonlarni eslab eslab yig’lamoqdir, yig’lamoqdir15.
Adabiyotshunos N.Karimovning fikricha, “Cho’lpon-kechagi somon parcha-shu qush timsolida o’z taqdirini tasvirlagan edi”. Shu o’rinda bir savol tug’iladi: Saida Zunnunova ham “Qush” she’ridagi qush timsolida Cho’lpon singari o’zini tasvirlamayaptimikan? Shoira tilga olgan qush balki Cho’lpon qalamga olgan qushning qafasda dunyoga kelgan va ulg’aygan avlodidir? Shoira salkam qirq yil avval ham ozodlikka talpingan qush haqida she’r bitilganidan xabardormidi? Bizning fikrimizcha, shoira otasi, o’qimishli adabiyot muxlisi bo’lgan Ergashboy Zunnunovdan Cho’lpon va Hamza asarlari haqida ma’lumot olgan bo’lsa kerak. Shundan kelib chiqib, otasi yosh shoirani Hamza bilan bir qatorda Cho’lpon ijodi bilan ham yaqindan tanishtirgan, deb ayta olamiz. “Qushning hadigi” she’ri shoirada katta taassurot qoldirgan, yillar davomida xotirasidan saqlanib, qaysidir sabablarga ko’ra “Qush” she’rining yaratilishiga turtki bo’lgan bo’lishi ham mumkin. Shu bilan she’rda ochiq-oydin istiqlol g’oyasi ilgari surilgan, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin she’r yaratilgan 1963 yillarga kelib shaxs va ijodkor sifatida shakllanib ulgurgan shoira zamondoshlarining erksizlikdan bo’g’ilayotganligini anglab yetgan, hatto buni o’z taqdirida ham sinovdan o’tkazgan edi. Balki shu sababli u shaxs erkini kuylashga o’zida ehtiyoj sezdi, ochiqdan-ochiq erkka tashnalik, erksevarlikdan azoblanish ruhini singdirdi.
Saida Zunnunovaning Pushkin she’rlarini mutolaa qilgani yoki ulardan xabardor bo’lmaganini aniq aytish qiyin. Biroq, bir ijodkor olami, tafakkur dunyosida mavjud badiiy obrazning ikkinchi ijodkorda ham o’xshash mohiyat kasb etishi tabiiy.
Cho’lpon yaratgan qush obrazi erki bo’g’ilgan inson ramzi bo’lsa, S.Zunnunova she’ridagi qush esa ozod etilsa-da, uning ma’nosini tushunib yetmagan, qafasda tug’ilgan mahkumlikdagi inson obrazidir.
Shoira she’riyatining mavzu doirasi keng bo’lib, umuminsoniy fazilatlar tarannumi, vatan, ona, mehr muhabbat, insonlik sha’ni, umr mohiyati, yaxshilik qilish, oqibat kabi masalalar yoritiladi. “So’nggi yo’l” she’rida insonni hayot vaqtida ardoqlash kerakligi haqida go’yo bong urayotganday. Motam kungi tabiatning ham qanday ekanligi odamlarga sezilmasligi, gullarning husni sovuq ekanligi, visol damidagi ko’rki yo’qolgani, motam sukutining og’irligi haqida kuyunchaklik bilan bayon qilinadi. Mana bu so’roqlar esa o’quvchini ham sergaklantiradi:
Dardin eshitdingmi tirikligida?
Biron shodlik kuni gul tutganmiding?
Yoki o’sha kunni unutganmiding?
Qadriga yetdingmi tirikligida?
She’rning xulosasida esa gul ham, muhabbat ham tirikka kerakligi aytiladi. Shoiraning aksariyat she’rlari muayyan voqeiylik asosida yaratilganini ham ta’kidlash mumkin. Lirik qahramon bir do’stining vafoti marosimidan keladi-da, dunyo go’yo do’sti tushgan qabrday tor ekanini his qiladi. Boshqa bir tanishi esa uni to’yga taklif qilib taklifnoma tashlab ketibdi. Shoira bu holatni “Go’yo do’zax, jannat orasida men” deya ta’riflaydi. Shamol derazani ochganda esa qo’shni ayolning bolasiga alla aytayotgani eshitiladi. Bu misralarni o’qigan o’quvchi beixtiyor o’lim, to’y, tug’ilish haqida o’yga toladi. Inson ruhiyati shundayki, o’zaro bir-biriga zid narsalarga tezda ko’nikolmaydi. Shoira ta’kidlamoqchi bo’lgan fikr ana shunda. Biroq, inson o’ziga atrofdan taskin izlab yashaydi. Shu bois ham quyidagicha xulosa beriladi:
Yaxshiki, olamda ko’nikish baxti,
Ulg’ayish, tug’ilish soatlari bor...
Ona tuproq qadri, vatan g’oyasi, do’st-yorlar mehrining qiymati “Archa” she’rida badiiy aks ettiriladi. Bu she’rda ham archa ko’chma ma’noni ifodalab, o’z ona maskanidan qo’zg’atilgan, yurtidan ayro tushgan inson obrazini bildiradi. Yangi yil arafasida o’rmondan keltirilgan archa bezatiladi, u o’n kuncha yashnab turadi. So’ng ninachalarini “ko’z yoshlari kabi duv to’kib yig’laydi”.
Zaminsiz, yog’insiz, do’stsiz, hamrohsiz,
Do'stlaringiz bilan baham: |