Bir xayrli ish ishtiyoqida
Achinish, mehr-la qafasni ochdim.
Kechdim ko’nglim yozgan qo’shiqlaridan
Shundan oladigan bahradan kechdim.
Uvishgan qanotlar parvozga mahtal,
Balki tushida ham ko’rar osmonni.
Kishanmas, hatto ip keladi malol,
Bir marta ozodlik ko’rgan insonga
Uchishga yaralgan ojiz jonivor,
Qani yoz chiroyli qanotingni bir.
U bo’lsa beparvo menga jovdirar,
Go’yo shu qafasga mixlabdi taqdir,
O’zi bosh chiqarib, o’zi cho’qiydi.
Sho’rlik ishonmasmi yo shuncha qo’rqoq?
So’ng pirillab ozgina joygacha uchdi,
Lekin ketolmadi qafasdan uzoq.
Uzoq ketolmadi, chunki shu qafas,
Uni yo’rgaklagan,tug’ilgan shunda.
Osmon havosidan olmagan nafas ,
Totsaydi, simlarni parchalarmidi?
O’zbek adabiyotida qush timsoli an’anaviy obrazlardan sanaladi. Zulfiyaning “Uzoqlarda sayraydi bir qush” she’ridagi qush “qor qahriga isyon ko’tarib” sayrashga, kuylashga intiluvchi bukilmas iroda ramzi bo’lsa, Halima Xudoyberdieva she’riyatida qushcha obrazi baxt va qabohat, go’zallik va yovuzlik, yorug’lik va zulmat kabi ma’nolarni yuklaydilar. “Qush” she’ri bilan Cho’lpon qalamiga mansub “Qushning hadigi” she’rini qiyoslash qiziqarli xulosalarga asos bo’ladi.
Aksariyat shoirlar ijodida ozodlik ramzi sifatida qush obrazi gavdalanadi. Rus shoiri A.S.Pushkinning “Qushcha” she’ridagi lirik qahramon bahor bayramida qushchaga erk berib uchirib yuboradi. Shundan uning ko’ngli taskin topadi:
Axir men ozodlik etoldim in’om
Aqalli birgina jonga bu nafas!12
Adabiyotda qush an’anaviy obraz sifatida qat’iylashgan. Nafaqat adabiyotda umuman san’atning boshqa turlari, masalan, rang tasvir, haykaltaroshlik, raqsda ham u erkinlik, ozodlik, parvoz qilish mazmunini ifodalaydi. Qush obrazi Saida Zunnunovaning “Qush” she’rida ham xuddi yuqoridagi she’r mazmuniga uyg’un lavha namoyon bo’ladi. Lirik qahramon qushga “achinish” bilan, “mehr-la” qarab qafasni ochadi, uni uchishga undaydi. Lekin qush qafasda tug’ilgani uchun uchish zavqini bilmaydi, ozgina uchadi-yu, qafasdan uzoq ketolmaydi:
Uzoq ketolmadi, chunki shu qafas,
Uni yo’rgaklagan, tug’ilgan shunda.
Osmon havosidan olmagan nafas,
Totsaydi, simlarni parchalarmidi...13
Agar rus shoirining she’rida qushga ozodlik bag’ishlab, bu ishdan ko’ngli sururga to’lgan lirik qahramon ko’z oldimizda namoyon bo’lsa, shoira she’ridagi lirik qahramon esa qushga ozodlik bersa-da, uning uchishini, parvozini ko’rolmagan g’amgin kayfiyatdagi qahramon gavdalanadi. Filologiya fanlari nomzodi Sh.Ergasheva “Qush” she’riga to’xtalib: “qush mutelikda tug’ilib o’sgan va shunday yashashga o’rgangan, o’z erki uchun kurashmay taqdirida boriga ko’nikuvchi insonning yoki butun bir xalqning ramziy obrazidir”, deb yozadi14.
Bizningcha, she’rning so’nggi misralaridagi “osmon havosidan nafas olgan qush bo’lsa edi, qafasning simlarini parchalarmidi” degan fikrlarda orzu-istak yashiringan, deyish mumkin. Chunki “parchalarmidi” so’zidagi ta’kid orzu ma’nosini ifodalaydi. Demak, shoira nazarda tutgan ozodlik uning uchun orzu, yuksak matlab darajasidadir.
Cho’lpon she’ridagi qafasga mahkum etilgan qush osmon havosidan simirib, erkinlikda ulg’aygani tufayli tor va biqiq hayotga ko’nikolmaydi, ozodlikka talpinadi. Biroq u qanchalik urinmasin, qafasdan ozod bo’lolmaydi. Nihoyat, taqdirga tan beradi, uning ko’m-ko’k dalalarni o’rmonlarni eslab-eslab yig’lamoqdan, to’lib-toshib sayramoqdan o’zga chorasi qolmaydi.
Qush obrazi shoir Cho’lpon ijodida erk va ozodlik ramzini ifodalashi adabiyotshunoslar tomonidan tahlil etilgan. Yuqoridagi she’rlarda qush obrazi qafasdan ozod etilgan ravishda tasvirlansa, Cho’lponning “Qushning hadigi” she’rida ozodlikda yashagan, endilikda qafasga ko’nikolmayotgan qush obrazi beriladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |