Har o’tgan umrimga nazar tashlasam,
Qitday g’ubor sezsam ko’nglim g’ashlanur
Ranjitim qo’ydimmi, deb ruhingizni
Jigarimni kabob qilar otashlar5
Bu misralarga nazar tashlasak, har bir o’quvchi, har bir so’z, har bir misraning bexato bo’lishiga javobgar, ma’suliyatli shaxs nafaqat shoira, balki unga hamisha hamnafas, hamdard ota ruhi ekanligini yaqqol xis etadi. Bolalik chog’laridagi otasining ko’rsatgan mehribonliklarini oddiygina tasvirlagan. Bu oddiy misralarni o’qib kitobxon yuziga tabassum yoyiladi:
Goh lentam, gohida botinkamning
Bog’lagan mehribon qo’llaringizni
Chunki bu misralarni bolalikning shirin xotiralaridan biri bo’lib, bolalikni shirin bir orziqish bilan eslagan har bir ayol tilidan aytilganday.
She’riyat voqelikni ko’zgudek faqat o’tkir tomonidan emas, balki inson qalbiga kirish orqali ko’rsatadi. Saida Zunnunova o’z she’rlarida jamiyat qurayotgan fidokor kishilarning his – tuyg’ularini ochib berishga intiladi. Hayotdan muhim masalalarni hozirjavoblik bilan lirika torlariga solib kuylaydi.
She’rlardagi mavzuning rang–barangligi esa shoiraning hayotga munosabati, voqea – hodislarni to’g’ri anglay bilishiga bog’liqdir. Har bir shoir o’z lirikasida insonni hayajonlantiradigan masalalarini lirik qahramon ichki kechinmalari orqali ifodalaydi.
Ma’lumki, lirika adabiyotning eng ta’sirchan janri. Zamondoshlarimizda oliyjanob insoniy fazilatlarni tarbiyalash ma’naviy dunyoni boyitishda lirikaning ahamiyati katta.
She’rda fikr bo’lsa – yu, u chuqur hissiyot orqali berilmasa, yurak qo’ri ko’rinmasa o’quvchiga chuqur ta’sir etmaydi. Shuning uchun ham: “Kishini fikr poeziyasidan yurak poeziyasi ko’proq o’ziga tortadi. “Yurak poeziyasi” – bu lirikadir”, – degan edi N.T.Chernishevskiy.
Lirikada inson sezgisi kechinmasi ustun turadi. Vatanga muhabbat, haqiqiy insoniylik, shodlik va qayg’u, yor vasli, sevgi va hijron, oila, ona va farzand, rashk va ishonch, mehnat va oliyjanoblik, insoniylik, porloq istiqbol, quvonch va boshqalar lirikamizning doimiy mavzularidir. Buni Saida Zunnunova lirikasi ham tasdiqlaydi. Shoira o’zining lirik she’rlarida ona yurtini va fasllar kelinchagi bahorni, tabiat manzarasini, baxt va mehnatni, sevgi va sadoqatni, hijron va bardoshni, tinchlikni ulug’laydi.
Uning she’rlaridagi lirik qahramon turli holatlarda ko’rinadi. Shoira lirikasida hayot va muhabbatni, baxt va mehnatni ulug’lovchi, katta qalbli, teran fikrli, yuksak orzu – umidli zamondoshlarimiz timsoli ishonarli beriladi. Saida Zunnunova qahramonlari qaynoq hayotda yashaydi, shunda o’sadi, ulg’ayadi. San’atkor qahramon timsolini yaratar ekan, uning takrorlanmas xususiyatlariga e’tibor beradi. Bu Saidaning takrorlanmas o’ziga xos xususiyatlaridan biridir.
Shoira o’z davri kishisi ruhini, ichki dunyosini chuqur o’rganish orqali umumlashma lirik timsol yaratadi, uning “men”ida butun bir tarixiy davrning xarakterli xususiyatlari va tendentsiyasi o’z inshosini topadi.
60 – yillarga kelib Saida Zunnunova she’rlaridagi lirik qahramon turli holatlarda ko’z oldimizda namoyon bo’ladi. Shoira she’rlarida mehnatsiz yashash dahshatdir, degan fikr balqib turadi.
Shoira “Ba’zan horib – tolib yumush – tashvishdan . . .” misrasi bilan boshlanadigan she’rida lirik qahramonning ruhiy holatini aniq qilib chizadi. She’rdagi lirik qahramon charchab, bir oz dam olgisi keladi. Uning ko’nliga shu payt na o’yin kulgi va na suhbat yoqadi. Bir oz tinch o’tirgach, uni g’aflat bosadi, qo’llari go’yo ortiqchadek, o’yi ma’nosizdek tuyuladi, u dahshatdan sapchib o’rnidan turadi. Qiynalsam ham mayli, men faqat mehnat bilan bo’lay, deb xitob qiladi:
O mehnat, hayotu, shodlik doyasi,
Badbaxt etma hargiz sen mendan qochib,
Mayli, changalingda piypalasan ham,
Tovonim, qabartsa toshlaring tilib,
Hislar girdobida chipirak qilib.
She’r ishqida dilim qiymalasan ham mayliga.
Saida Zunnunovaning “Hayotdan nolisa birov, so’ylayman” she’ridagi lirik qaharmon, ayniqsa, oyoq-qo’li sog’ bo’la turib, hayotdan noligan odamni yoqtirmaydi. Hayotning goh alami, goh dohi bo’lsada, u insonlarni quvonch, baxt bilan siylaydi – ku! Lirik qahramon umrini sermazmun bo’lishini istaydi, hasdek ojiz aytilishiga toqat qilolmaydi, kurashsiz, mehnatsiz shodlik va kulgini o’g’irlik mol deb hazar qiladi, mehnatni ulug’laydi.
Ona va farzand, ona qalbi va mehri adabiyotning asosiy mavzularidandir. Shoira Saida Zunnunova ham o’z ijodida ona va farzand, onalik baxti va ayolni sharaflash mavzusiga qayta – qayta murojaat qiladi. Shoiraning “Ona” (1949), “Doya”, “Qizimga” (1960, “Alla” (1960), “Muncha yaxshisan qizim” (1961), “Qizim haqida” (1961), “Qizimga”(1963), Chumolining uyasini buzgan bolaga”, “Dadam xotirasi” (1964) kabi ko’pgina me’rlari, qasidalari ona va farzand, onalik qalbi va mehri mavzuiga bag’ishlangan.
Shoira lirikasining, umuman ijodning bosh mavzusi-ayol va uning taqdiri haqida qayg’urish. Saida Zunnunovaning she’rlari qaysi mavzuda ekanidan qat’iy nazar voqea-hodisalar ayol qalbi orqali idrok etiladi, ayollarga xos hassoslik bilan mushohada yuritiladi. U ayol ruhiy olamini butun nozikligi va murakkabligi, his-hayajonlari, qalb tebranishlari, tovlanishlari bilan berishga urinadi, shunga loyiq so’zlar qo’llaydi, obrazlar tanlaydi. Shoira ayol baxtining eng avvalo muhabbatda, farzand tarbiyasi va oilada deb bilganini xotiralaridagi ma’lumotlar tasdiqlaydi. Bunday shaxsiy qarash ijodkorning hayotiy falsafasi darajasiga ko’tarilib, u yaratgan qahramonlar tabiatiga ham ko’chib o’tdi. Shoira yaratgan qahramonlar ham baxtini xuddi uning o’zidek tushinadilar va shunday baxt uchun hamma narsaga tayyor turadilar. Shunga asoslanib o’zbek adabiyotida hali hech bir shoira oilaviy baxt haqida Saida Zunnunovachalik tabiiy va hayotiy yoza olmadi, deya olamiz. Chunki bunday mavzudagi she’rlarning lirik qahramoni oilaviy baxtga muyassar bo’lgan ayol-shoiraning o’zi.
Kuzatishlarimiz asosida shoiralar ijodida muhabbat mavzusiga yondoshish bevosita ularning shaxsiy hayoti bilan bog’liq bo’ladi, degan xulosaga keldik. Nikolay Gumilevning fojeaviy taqdiri Anna Ahmatova she’riyatida “baxtsiz muhabbat” motivining yetakchilik qilishiga va bu mavzu ko’proq lirik qahramon xotiralari orqali yoritilish, voqea-hodisalar, kechinmalar tasavvurda jonlantirilishiga sabab bo’lsa, Hamid Olimjon fojeasi Zulfiya she’riyatiga mangu hijron mavzusini olib kirdi. “Kechir qoldim g’aflatda”, “Deydilarki”, “Ne baloga etding mubtalo”, “Ko’rganmiding ko’zlarimda yosh”, “O’rik gullaganda” kabi qator yetuk she’rlar ayriliq azoblaridan yaralgan. Shoiraning o’zi ta’kidlaganidek, “Baxtiyor sevgini kuylarda sozim, O’lim xanjariga tegdi-yu sindi” Saida Zunnunova lirikasida chin sevgi, yor muhabbatiga munosib bo’lish, u haqida qayg’urish, og’ir damlarda dardini bo’lishish, vafodorlik kabi motivlar ko’proq uchraydi. Shoiralar ijodidagi o’ziga xoslik ular she’riyatidagi fazilatiga aylanadi. Chunki qalamga olganlar o’z dardlari, o’z baxtlari, boshdan kechirganlari. Zulfiya va Saida Zunnunova ijodidagi hayoti va o’lim, insonning turfa tuyg’ulari, ruhiy dunyosi, kechinmalari, onalik baxti va farzand mehri, tabiat haqidagi she’rlarning hamma-hammasida avtobiografik fakt “ruhiy tarix”- tayanch nuqta, uchish maydoni bo’lib xizmat qiladi. Sababi har ikki ijodkor o’zgalar dardu hayajonini xuddi o’zlarinikidek qabul qiladi. Aytmoqchi bo’lgan gaplarini o’sha dardlarga, hayajonlarga esh qilib yuboradi. Buni dunyoni, voqelikni qabul etishda ayol ijodkorlarda aqliy mushohadaga nisbatan hissiyotning kuchliligi va ular tabiatiga xos bo’lgan tasirchanlik bilan izohlash to’g’riroq bo’ladi.
Saida Zunnunova so’z san’atining badiiy mavzusi bo’lgan muhabbat mavzusiga 50-yillarning o’rtalarida murojaat eta boshlagan.
Uning ijodida sevgi va sadoqat tarannumi ham o’ziga xos bo’lib, asosan ikki qahramon “men”-lirik qahramon va “sen” ya’ni yor obrazi ishtirok etadi. Shoira odatda bu obrazlar bilan yonma-yon keladigan “raqib” obrazi ishtirokidagi murakkab kolliziyalarni yaratishga ehtiyoj sezmaydi. Chunki uning lirik qahramoni o’z ishqining pokligiga, yorining ko’ngli ham o’zinikidek pokligiga shubha qilmaydi. Lirik qahramon ichki olami, ruhiy holati, kechinmalarining tabiat hodisalari, manzaralari bilan uyg’un holda berilishi shoira she’rlarining jozibasini, ta’sir kuchini yanada oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |