Tadqiqotning ilmiy yangiligi. Mazkur magistrlik dissertatsiyasida shoira va yozuvchi Saida Zunnunova badiiy ijodining mundarijasi va ko’lami, lirik, nasriy asarlarining badiiyati, mavzuviy va g’oyaviy xususiyatlari, asarlardagi milliylik kabi masalalar monografik tarzda ilmiy jihatdan o’rganildi. Shoiraning o’zi haqidagi e’tiroflari, yaratgan asarlari, zamondoshlari, yaqinlari - umr yo’ldoshi Said Ahmad, qizi Nodira, qalamkash do’stlari va shogirdlarining xotiralariga tayangan holda ijodkor ijodiga xos eng muhim jihatlar aniqlandi; shoiraning umr saboqlari, shaxsiyati, tabiati, ma’naviy-ruhiy olamiga xos xususiyatlar u yaratgan asarlarda - lirikasida, dostonlarida qay tariqa namoyon bo’lganligi ko’rsatilib, shoira ijodida biografiyasining o’rni ochib berildi. Shuningdek, liro-epik hamda nasriy asarlar tahlili orqali davr dramasi kabi masalalar bilan bog’liq holda o’rganildi.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligi. Mavzu yuzasidan Andijon davlat universitetida M.Yusuf ijodiga bag’ishlab o’tkazilgan ilmiy anjumanda (2014), Namangan davlat universitetida o’tkazilgan anjumanda (2014), Toshkentda o’tkazilgan “O’zbek va sharq xalqlari an’anaviy epik talqin masalalari” mavzusidagi Xalqaro anjumanda (2014), Farg’ona davlat universitetida Zulfiya ijodiga bag’ishlab o’tkazilgan anjumanda (2015) va Andijon davlat universitetida Zulfiya ijodiga bag’ishlab o’tkazilgan anjumanda (2015) jami 5 ta maqola chop etildi.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Tadqiqot ishi kirish, har biri ikkitadan faslga ajratilgan uch bob, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iboratdir.
I BOB. SAIDA ZUNNUNOVA LIRIKASINING G’OYAVIY – BADIIY MUNDARIJASI
I.1. IJODKOR SHE’RIYATIDA “LIRIK MEN” IFODASI
Adiba Saida Zunnunova adabiyotga asosan urushdan so’ngi yillarda kirib keldi va o’tgan ana shu vaqt ichida kitobxonlarga “Qizingiz yozdi” (1948), “Yangi she’rlar” (1950), “Gullar vodiysi” (1954), “Qizlarjon” (1962), “SHe’rlar” (1964), “Bir yil o’ylari” (1967), “Qo’shnilarim” (1970), “Nilufar” (1972) kabi she’riy to’plamlari, “Gulbahor” (1956), “Povest va hikoyalar” (1957), “Gulxan” (1959), “Do’stlik” (1960), “Qanot” (1961), “Olov” (1962), “Ko’chalar charog’on” (1965), “Bo’ylaringdan o’rgilay” (1972), “Chapak” (1972), hikoya va qissalar to’plamlarini, “Ona” (1966), “Ko’zlar” (1968) pyesalarini taqdim etdi.
Yosh Saidaning adabiyotga mehr qo’yishida dadasi Ergashboy Zunnunovning hissasi katta bo’ldi. Saida Zunnunova o’z tarjimai holida bu haqda hayajonlanib, quyidagilarni yozadi: “Hamza Hakimzodaning she’rlarini birinchi marta uning og’zidan eshitgandim. Dadam menga she’r o’qishdan tortib, konspekt tuzishgacha o’rgatar, nutqimga ahamiyat berar, ertaklar aytar, hatto men muharrir bo’lgan sinf devoriy gazetasining qanday bezatishimgacha maslahatlar berar, rasmlar topib kelardi”.
“Saidaning boshqa yosh ijodkorlardan ajralib turadigan xususiyati shunda ediki, u adabiyot to’g’risida, ijod haqida gap ketganda faol ishtirok etardi, uyalib turmay, o’z o’rnini topishga intilardi. Saida yoshligidanoq she’rlarini puxta ishlaydi, qayta - qayta ishlashdan zerikmaydi, me’yoriga yetgach, she’rini redaktsiyaga olib keladi. Uning she’rlari originalligi bilan, misralarning ravonligi bilan o’quvchiga yoqardi!”3 Keyinchalik Saida she’rlarini Toshkentda chiqadigan gazeta va jurnallarga, respublika yozuvchilar uyushmasiga yuborib turdi.
Tajribali jurnalistlar, adabiyotchilar, shoirlar bu tirishqoq qizdan maslahatlari, yo’l – yo’riqlarini ayamadilar. Natijada Saida shoira sifatida asardan asarga o’sib bordi. Studentlik yillari u “Qizingiz yozdi” (1948), “Yangi she’rlar” (1950) she’riy to’plamlarini nashr ettirdi.
O’zbekiston xalq shoiri G’afur G’ulom Saida Zunnunova haqida quyidagilarni yozgan edi.“ ... Yaqinda o’n besh – yig’irma yillar ilgari adabiyotimiz o’zining yetuk shoirlarini qo’msab kutardi. Ular xalqimiz orasida, xalqimizning ulug’ ijodkor tafakkurini ijod qilg’uvchilar safida bugun mavjuddirlar.
Hozirgi so’zim Saida to’g’risida, chunki bu shoiraning shu voyaga yetib keluvida kaminaning ham ozgina murabbiyligi bo’lgan. Saidaning birinchi kitobini o’qib “Qizingiz yozdi” deb ism qo’yganman. Xalqimizning Saidaga qilgan yaxshi niyati bekor ketmadi. U xotin – qizlarga xos nazokat, ifor taratuvchi lirikasi bilan dillarimizni erkalatib, xordiqlarimizni yozib, mehnatga rag’batimizni toblantirib, idrokimizni go’zalliklar tomon yetaklaydigan fahmli shoiramiz bo’lib yetishdi.”4
Shoira keyinroq “Dadam xotirasiga” she’rini yaratar ekan, adabiyotga o’zgacha mehr uyg’otgan birinchi maslahatchisi va birinchi tanqidchisi bo’lgan dadajoniga mehrini yaqqol ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |