Maysa nish uribdi ariq bo’yida,
Birinchi sevgidek biram beg’ubor...
Bu o’rinda qo’yilgan ko’p nuqta fikrning tugallanmaganligini, yakuniy xulosa chiqarish kitobxon e’tiboriga havola etilganini bildiradi. Shu bilan birga she’r ma’nosida ham serqatlamlilik vujudga kelganki, bu yerda gap faqat muhabbat haqida emas, balki umuman hayot ma’nosida ham borayotibdi. Qo’llanilgan badiiy usul kitobxonni maysa saraton oftobi jaziramasiga kuzning yomg’iri to’zonlariga bardosh bera oladimi-yo’qmi, degan saavollariga javob izlashga, uning kelgusi taqdiri haqida o’ylab ko’rishga undaydi, she’rning ta’sir kuchini oshiradi. Fikr oqimiga keskin burilish yasash yoki so’nggi to’xtamga kelishni kitobxonga qoldirish she’rning uzoq vaqt yodda muhrlanib qolishiga sabab bo’ladi.
Bitmas-tuganmas ilhom va estetik zavq manbai bo’lmish tabiat o’ziga xos badiiy shakllarga kon poetik mo’’jizadir. Har bir ijodkor, xoh u yozuvchi bo’lsin, xoh shoir, musavvir yoki bastakor bo’lsin, tabiat qo’shiqlariga quloq tutib, o’z tuyg’ulariga esh sadolarni, ranglarni izlaydi. D.Quronov aytganidek, peyzaj lirikada tabiatni tasvirlash maqsad emas, balki bir vositadir. Demak, har qanday tabiat manzarasi shunchaki tasvirlanmaydi, bu tasvir asosida ijodkor qismati, his-tuyg’ular olami, uning muayyan ijtimoiy-estetik qarashlari yotadi. Tabiatni chin dildan sevgan pokiza qalbli ijodkorgina undan haqiqiy estetik zavq ola biladi.
Ana shunday tabiatni yuqori darajadagi estetik did bilan badiiy aks ettira olgan ijodkorlardan biri Saida Zunnunovadir. Agar Saida Zunnunova rassom bo’lganida tabiat manzaralarini chizish bilan shuhrat topardi. Chunki shoira tabiatni shunchaki his qilmadi, balki uni muayyan poetik obraz va ramzlar vositasida idrok eta oldi, she’rlaridagi tasvirlangan manzara ramziy obrazga aylandi. Tabiatni jonlantirib, uning sirli qo’shig’iga badiiy shakl berdi, ya’ni tabiatdan olingan tuyg’ularni misralarga ko’chirdi. Shoiraning bahor, yoz, qish, kuz fasllari, shuningdek, qor, yomg’ir kabi tabiat hodisalari, daraxtlar, gullar, bog’ – rog’lar, qushlar vasfidagi she’rlari fikrimizning isbotidir. Shoiraning “Bahor”, “Bahorni qarshilab”, “Bahor she’ri”, “Bahor keldi”, “Kuz”, “Yomg’ir shovillaydi”, “Tomchilar”, “Yoz”, “Qish”, “Qor yog’ar” kabi she’rlari shular jumlasidandir.
Bahor, tabiat mavzulari shoiraning eng sevimli mavzularidan biri edi. Bahor haqida Saida Zununovachalik ajoyib misralar bitgan ijodkor kamdan-kam topiladi. Shoira chin ma’noda bahor va baxt shaydosi edi. Buni shoirning “Bahor” she’rida ham ko’rish mumkin:
Husningning menchalik shaydosi yo’qdir,
Menchalik to’ymagan gadosi yo’qdir.
Ko’kda o’yin qilgan sho’x qaldirg’och ham,
Yaxshilik yugurgan ham o’t, og’och ham,
Bo’tana suvlarning yuzidagi gul,
Qirdagi lola-yu, tog’dagi sunbul
Qalbimga soladi rashksimon tuyg’u,
Qalbimga soladi rashksimon g’ulu.
“Bahorni qarshilab” she’rining esa lirik qahramoni shoiraning aynan o’zidir. Ushbu she’rda shoira bolaligi o’tgan tabiatni tasvirlaydi. Somonli shuvoq qilingan tomlarda bahor kezlari ko’rpadek ochiluvchi lolaqizg’aldoqlar, feruza osmon, latif xush bo’ylik sochpopuk, o’rik shoxlaridagi arg’imchoq, anhor labidagi yalpiz kabi detallar shoiraga beg’ubor yoshlik onlarini esga soladi.
Muncha chiroylisan, fusunkor bahor,
Munchalar qalblarga sirdosh, hamohang,
Bola chog’imda ham etardi maftun,
Sendagi go’zallik, alvon turli rang.
Saida Zunnunovaning “Bahor” turkumidagi she’rlari yoshlik va baxt navolaridan kuylasa, “Yoz” she’rida esa fasllarning tadrijiy ravishda almashinishi, tabiat hodisalarining ketma – ket ro’y berishi barobarida hayotning ham davom etayotgani tasvirlanadi.
“Kuz” she’rida shoira Vatanning tabiatidan lol qoladi. She’rdagi lirik qahramonni kulrang tog’lar etagidan asta ko’tarilayotgan quyosh ham, paxtazordagi qaynoq, serzavq mehnat ham, yo’lga tushgan “oq oltin” karvoni ham, har gul, har yaproq bo’yog’i ham maftun etadi. Shoira atrofiga termulib, go’zallikni ko’radi. “Kuz” nomli yana bir she’rida esa quyosh o’tida sarg’aygan, yashash umidini tark eta olmayotgan barg orqali inson umrini, tiriklikni tasvirlaydi.
Chirt etib uzildi oltinsimon barg,
Kuz, dedim, rangiga termilib ma’yus,
Yo’q, dedi, yo’q, shoir, undaymas afsus,
Yashash umidini etolmasdan tark
Shoiraning 1962-yilda yaratilgan “Tomchilar” she’rining lirik qahramoni tabiat musaffoligi haqida yurakdan qayg’uruvchi jonkuyar inson. U tabiatning musaffo bo’lishini istaydi. Tabiatga qo’ngan har bir gardni kipriklari bilan supirishgada tayyor tabiat shaydosi.
Ey, billur tomchilar, sizlar qay yoqdan,
Qay yoqlardan kelding, aytgin, aziz qor?
Chindan shaffofmisiz, chindan oqmisiz,
Atom zahrasidan yiroq, pokmisiz?
Saida Zunnunovaning “Qor yog’ar, qor yog’ar biram xushhavo” deb boshlanuvchi she’ri orqali qish faslining o’zgacha poetik tasviri ko’z oldimizda namoyon bo’ladi. Shoira qishdagi havoning sofligi tanga davo ekanligini ta’kidlaydi. Shoiraning qish havosidan zavqlanishi kitobxon ko’ngliga ham estetik jihatdan ta’sir etadi. Saida Zunnunovaning poetik olamida tabiat hodisalari boshqa shoirlarda takrorlanmagan holda yuzaga chiqadi:
Daraxtlar shoxida, bo’g’otlarda qor,
Tarnovlar tishlagan novvotlarda qor.
Yuziga billurdan nafis to’r tutib,
Qor qo’ynida jimjit oqadi anhor.
She’rdagi tarnov chetidagi sumalakning novvotga o’xshatilishi va tarnovning sumalakni tishlab turishi o’ziga xos poetik topildiqdir. Anhor yuzasining yupqa muz qoplashini shoira “yuziga billurdan nafis to’r tutgan” deb ifodalaydi. Mazkur she’rda tabiat hodisalari lirik qahramonning ko’tarinki kayfiyati bilan uyg’un holatda berilgan.
Shoira dunyo voqeligidan ilhomlanib, hayotdagi xarakterli xodisalarni o’tkir ko’z bilan ko’rdi yurakdan xis qildi va poetik aks ettirdi. Ana shuning uchun ham Saida Zunnunova poetik ijodiga nazar tashlar ekanmiz, uning ijodida inson qalbini chertuvchi chuqur lirizm bilan sug’orilgan, kishi yuragiga emotsional zavq bag’ishlaydigan badiiy yetuk she’rlarini ko’plab uchratamiz. Ularda vatandoshlarimizning yorqin qiyofasi, o’zbek xotin – qizlari xarakteri yaqqol gavdalanadi.
Shoira o’zining ishq – muhabbat haqidagi she’rida sifatlash, o’xshatish, mubolag’a jonlantirish kabi badiiy vositalarni qo’llab, asarlarning shiradorligini oshiradi, pardozlaydi, sayqal beradi.
Atirgul yuzida kuldirgich porlab,
Biram yashnatibdi jamolin, husnin,
G’uncha bir kulgiga endi ochgan lab,
Rayhon kokillari ufurar isin.
Ko’rinib turibdiki, bu misolda atirgulning yashnab ochilishi obrazli ifodalangan. Shoira rayhon barglarini kokilga, g’unchaning yaproq yozishini esa kulgiga ochilgan labga o’xshatishi original poetik manzara yaratgan va she’rning o’qishli bo’lishini ta’minlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |