III BOB. SAIDA ZUNNUNOVA NASRIDA DAVR VA QAHRAMON MASALASI
III.1. SAIDA ZUNNUNOVA HIKOYALARIDA YOZUVCHI BADIIY G’OYASINING TALQINI
Saida Zunnunova lirikada yetuk asarlar yaratishdan tashqari nasrda ham barakali ijod qildi. Uning hikoyalarida ishchilar hayoti, oila, turmush va jamiyatdagi turli masalalar yoritilgan. Sevgi, muhabbat, vafo, sadoqat, e’tiqod kabilar asosiy masalalar sifatida bo’y ko’rsatib turadi. Aksariyat hikoyalarining bosh qahramonlari ayollar bo’lib, ularning jamiyatdagi faolligi va oiladagi o’rnining mutanosibligi masalasi qalamga olinadi.
Ma’lumki, o’zbek adabiyoti hikoyachiligining taraqqiyotida ajoyib hikoya ustalari A.Qodiriy, A.Qahhor, G’.G’ulom, Oydin, Said Ahmad va boshqa yozuvchilarning xizmatlari katta. Hikoya janri o’zbek adabiyotida jamiyat taraqqiyoti bilan hayot, turmush voqealarining o’sishi bilan rivojlana bordi.
O’tgan asrda adabiyotimizda hikoyachilik janrida qalam tebratuvchi yozuvchilar soni kun sayin oshib bordi. Keyinchalik safga qo’shilgan S.Anorboev, Mirmuxsin, Shuhrat, Rahmon Fayziy, Hakim Nazir, Saida Zunnunovalar yangi – yangi hikoyalar yaratdilar. Ular asosan zamonaviy mavzuga murojaat qildilar. Yozuvchilarimiz badiiy shaklga jiddiy e’tibor berib, mahoratlarini oshira bordilar. Bu davrda yaratilgan hikoyalarda hayotdan yangicha xislatlarni, ahloq normalarini targ’ib etish, oliyjanoblik, ma’naviy ulug’lik, yuksak insonparvarlik g’oyalarini ifodalashga, yangi insonning shakllanishi, uni tarbiyalash masalasiga e’tibor kuchaydi.
Hikoya janri taraqqiyotiga Saida Zunnunova ham o’ziga xos hissa qo’shdi. So’zlarga hassoslik, siqiqlik, tabiiylik, yasama – sun’iy obrazlardan qochish Saida Zunnunova hikoyalarining husnidir. Uning hikoyalarida ma’naviy poklik tabassum qilib turadi. Uning qahramonlari ma’naviy poklikdan olamga yashnagan bir chehra bilan boqadilar, poklik ularning hayotiga fayz, farog’at, dillarga osuda, o’zgarmas, xiralanmaydigan bir ravshanlik bag’ishlaydi. Adibaning “Gulbahor” (1956), “Do’stlik” (1960), “Qanoat” (1961), “Olov”, “Ko’chalar charog’on” (1965), “Bo’ylaringdan o’rgilay” (1972), “Chakak” (1973) to’plamlaridagi hikoyalar fikrimizning dalilidir.
Ma’lumki, badiiy asar yozuvchining voqelikka g’oyaviy-estetik munosabatidir. Har qanday asar jonli odamlari bilan tirik. Yozuvchi o’z fikr-o’yi, orzu-istagi, harakat-holati va qiyofasiga ega bo’lgan, did va kayfiyatlari o’zgarib turadigan inson obrazi orqali hayot haqida hukm chiqaradi. “Adabiyot – insonshunoslikdir”, deyilishi bejiz emas. Har bir yozuvchining mahorat darajasi u yaratgan xarakterlarga bog’liq.
“Yolg’izlik” hikoyasida “ayol kishining baxti o’z oilasida, yaqinlari, farzandlarining kamolida” degan xulosa ustuvorligi seziladi. Hikoyaga “yolg’izlik” deb nom qo’yilishining o’ziyoq inson baxti o’z hayotini xudbinlik asosiga qurishida emas, balki atrofdagilarning baxti bilan bog’liqligiga ishora qiladi.
Hikoya qahramoni Iqbolxon oliy ma’lumotli, fan doktori, o’g’li To’lqin bor. Biroq, hayotda qilgan xatolari ko’p, yoshi o’tgandagina o’g’li bilan ziddiyatga borgach, ko’zi ochiladi. Bu to’qnashuv Iqbolxonning safarga ketish oldidan ro’y beradi. U o’g’liga kelin olish orzusini aytganda, To’lqin onasining fe’l-atvorini yuziga soladi. Iqbolxon o’g’liga o’rtoqlarini uyga olib kelishiga ruxsat bermas, eshik orqasida tuflini yechib, keyin uyga kirishni talab qilar, qo’ldan to’kilgan non ushog’iga ham bezovta qaraydi. Iqbolxonga o’g’lining “Bizning uyga odam sig’adimi?” degan ta’nasi botib ketadi. U safarda yurarkan, To’lqinning “Bolangizning o’yinchog’ini yig’ishtirmasangiz, eringizning ivirsig’ini tozalamasangiz...” degan gaplari uni tark etmaydi.
Yozuvchi Iqbolxonning o’tmishini tasvirlaydi. Iqbolxon aspirant ekanligida Yo’ldoshaliga turmushga chiqqan edi. Yo’ldoshali dissertatsiyasini yoqlagan, Iqbolxon esa o’g’lini katta qilish bilan band edi. Shu bois uning ilmiy ishi chala qolib ketadi. Bu narsa Iqbolxonga bora-bora ta’sir qilib, eriga ta’na, malomatlar yog’diradi. Er-u xotinning iliq munosabatlari shu yerda uziladi. Iqbolxon: “Boshqa xotin oling. Uyda o’tiradigan, ha, uyda o’tiradiganini oling. Ana shunda har kim o’z o’rnida turadi. ...Ter hidi bijg’igan ko’ylagingizni yuvmasam yuvmabman”, deydi. Ular Iqbolxonning xudbinligi sababli ajralishadi.
Hikoyadagi eng asosiy fikrlar tasdig’i deb quyidagi o’rinlarni keltirish mumkin: “Hozir u o’sha papiros ezg’ilanib yotgan kuldonni ham, joniga tekkan vaqtini olgan ro’zg’or tashvishlarini ham juda-juda qo’msardi. Uning yuragidagi bu ehtiyoj ko’z yoshlariga aylanib, yuzidan oqdi. Bu irodali ayolning umrida birinchi o’kinib yig’lashi edi. Ana shu ehtiyoj – bekalik mashaqqati, bekalik baxti qiz bo’lib tug’ilganida u bilan birga tug’ilganligini endi yaxshi bilardi. U bir tomonlama baxt topdi. Mukammal baxt uchun esa oila va bir-birining tashvishi bo’lishi kerak edi”22.
Hikoya kundalik turmushda uchrab turadigan jonli hayotiy voqeaga bag’ishlanganligi, asardagi voqealar kechishining shiddatliligi, keskinligi hamda ayrim badiiy usullarning qo’llanilishi jihatidan e’tiborga loyiq.
"Obraz-voqelikni badiiy aks ettirish shakli, xarakter esa obraz mazmuniga mansub kategoriyadir", deb yozadi rus adabiyotshunosi N. Dragomiretskaya. Uning ta'kidlashicha, xarakter yaratishda yozuvchilar turli uslublardan foydalanadilar: a) bir toifa yozuvchilar badiiy xarakter xususiyatlarini personaj nutqi orqali aks ettiradilar; b) boshqa yozuvchilarda badiiy obrazning ma'lum predmetga munosabati xarakter yaratish usuli yetakchilik qiladi; v) uchinchi bir toifa yozuvchilar badiiy obrazlarni tabiat qo‘ynida tasvirlash orqali xarakter yaratishga omil bo‘ladilar.
Ba'zan epik asar muallifi rivoyani u yoki bu yo`l bilan badiiy asoslashga harakat qiladi va bunda turli usullardan foydalanadi. Rivoyaning asoslanishi (motivatsiya) o`quvchida "asar voqealari o`ylab chiqilgan emas, haqiqatda yuz bergan" degan tasavvurni uyg`otadi. Masalan, A.Qodiriy har ikki romanida ham rivoyani asoslash uchun ularni go`yo bobosidan eshitgandek, endi esa ularni o`quvchiga qayta so`zlab berayotgandek bo`ladi. Shunga o`xshash, epik asarlarda voqealar ba'zan tasodifan yozuvchi qo`liga tushib qolgan birovning xati, kundalik daftari yoki qo`lyozmasi, tasodifan uchrashib qolgan kishi hikoyasi yoki o`zi tasodifan shohidi bo`lib qolgan voqea va h. tarzida berilishi mumkin. Biroq mazkur usullar epik asarda qo`llanilishi zarur yoki rivoya albatta asoslanishi lozim degan fikrga bormaslik kerak. Aksincha, bu xil usullar zamonaviy nasrchilikda nisbatan qo`llanadi, aksariyat epik asarlarda "ob'ektiv tasvir" yo`lidan boriladi, ya'ni, yozuvchi xolis kuzatuvchi mavqeida turadi va o`zining bosh vazifasi deb o`z-o`zicha sodir bo`layotgan voqealarni tasvirlab berishni tushunadi.
Yozuvchining “O’kinch” hikoyasida ham oilaning muqaddas qo’rg’on ekanligi, uni eru xotin barobar asrashi zarurligi, agar u darz ketsa jabr chekadiganlar begunoh bolalar ekanligi, ularning javdiragan nigohlari esa atrofdagilarning yuraklarini larzaga keltirishiga urg’u beriladi. Asarning bosh qahramoni Malik o’zi sevgan ayol Muyassarga uylangan bo’lsa-da, o’z obro’si va martabasi tufayli kekkayib, dimog’dor bo’lib ketadi. Malik ilmiy ish himoya qiladi, olim unvonini oladi, oliygohda dars beradi. Muyassar esa kombinatda oddiy to’quvchi edi. Malikning shu darajaga yetishiga Muyassar sabab, turtki bo’lgan bo’lsa-da, u buni tushunib yetmaydi. Bora-bora eru xotin o’rtasiga sovuqchilik tushib, Muyassar o’g’lini olib o’z uyiga ketib qoladi. Malik Hamidaga uylanadi. Hamida molparast, barcha narsani ota-onasi va aka-ukalariga tashiydigan o’tkir xotin edi. Malik uni Muyassar bilan solishtirib yuragi siqiladi, xatolarini anglaydi. O’g’li Maqsudni olib kelganda xotini Hamida janjal qiladi.
Ushbu xayollar bilan hovlida aylanar ekan, buvisi bilan yotgan Maqsudni Malik o’z uyiga olib kirib ketadi.
“Ko’chalar charog’on” hikoyasidagi Gulnora esa shunday insoniy poklikni og’ir sinovlar ichidan olib o’tgan, uni muqaddas tutgan, gard yuqtirmagan va shuning uning uchun ham oqibatda chinakam nash’ali hayotga erishgan.
“Buvi” hikoyasi zamonaviy mavzudagi asarlardan biri bo’lib, unda o’zbekona urf-odatlar, qadriyatlar, til, milliy an’analar, millat tarixining qadrlanishi masalasi ko’tarilgan. Umriniso buvi va uning nabiralari Nargis, To’lqinlar katta avlod va kichik avlod vakillaridir. Ularning qarashlari, qiziqishlari va intilishlari, orzu-xayollari o’rtasida tafovut bor. Nargisning o’z otasi yozgan qo’lyozma varag’iga bepisandligini ko’rgan buvi jahli chiqadi. Darhaqiqat, buvining quyidagi ta’nalari o’rinli: “Dadangning topib kelgan nonini yeysan, olib kelgan ko’ylagini kiyasan. Lekin qanday qilib bu pullarni topdi, nimalarni yozdi, uning senga qizig’i yo’q. Shundaymi? Dadangning yozgan narsasini hatto tushunmaysan, ammo puli yaxshi. Uyalmaysanmi, bolam?23”
Hikoyada o’z ona tilini bilish masalasiga ham e’tibor berilgan. Aytish kerakki, totalitar tuzumning sovetlashtirish siyosati urchigan davrda, 1970 yilda ushbu fikrlarni aytishga yozuvchi jur’at topa olgan. Asarda buvi tomonidan aytilgan “O’nta tilni bilsang ham mayli, bilaver. Lekin seni boqayotgan tilni bilmasang, odammisan sen? Agar qaynanang mening ko’nglimdagidek xotin bo’lsa, boring, bolam, avval onangizning tilini o’rganib keling, deydi”24, kabi tanbehlar hamma zamonlar uchun ham tegishlidir.
Asar so’nggida Umriniso buvining o’g’linikidan, ya’ni ko’p qavatli “dom”dan o’z uyiga haftada bir kun borib turishi ma’lum bo’ladi: “Ertaga hech qanday kuch uni bu yerda olib qololmasligini ham biladi. Umrini, mehri, mehnatini bolalariga ulashib yurgan bu kampir, nuragan, jimjit uyi bilan bir kungina sirlashib, o’chgan xotiralarga chiroq yoqib kelishni kanda qilgan emas. Uni charchashga qo’ymagan e’tiqod ham, balki shudir”.
Yozuvchi hikoyalarining har biri alohida-alohida mustaqil asarlar bo’lsa-da, ulardagi ijtimoiy va badiiy g’oyalarning tadriji, ularni bir tizimga birlashtiradi. Jumladan, Umriniso buvi obrazi “Shu uyning bekasi” hikoyasining ham bosh qahramoni bo’lib, o’z uyidan xabar olgani, ya’ni haftaning payshanba kunida kelib, chiroq yoqib, o’tgan yaqinlariga Qur’on tilovat qilishi hikoya qilinadi.
Odatda hikoyada kontrast usulini qo’llash yozuvchining aytmoqchi bo’lgan fikrlariga urg’u berish, ikki narsaning mohiyatini taqqoslash, birining xususiyatlarini ikkinchisidan bo’rttirib ko’rsatish uchun qo’llanadi. Ushbu hikoya bahor faslining tasviri bilan boshlanadi: “Bahor boshlanyapti. Oppoq uvada bulutlarni shamol haydaydi. Osmonning ko’ngillarga yorug’lik to’ldiradigan shaffof rangi ko’rinadi. Quyoshning issig’i nam tuproqdan, ivigan bo’g’otlardan hovur ko’taradi. Daraxtlarning badaniga ham yashillik yugurib qolgan. Qishdan zerikkan odamlar hovli tozalashga shoshiladilar. Bu fasl yoshlarning ko’ngliga muhabbat olib kelsa, keksalarning dilidagi xotiralarni tiriltiradi, g’ayratlarini qo’zg’ab, ruhlarini yengillatganday bo’ladi”25.
Tabiat manzarasi tasviri berilgan ushbu ekspozitsiyada qish va bahor yoshlar va keksalarni ifodalab kelgan. Umriniso buvi hayotini farzandlar kamoli, oila baxti, o’zidan katta avlodlarning e’tiqodi uchun sarflagan ayol. Uning farzandlari uyli, joyli bo’lib o’zlaridan tinchib ketishgan. Shunday bo’lsa-da, onaning yordami, maslahati ularga zarur. Shu bois hali u farzandinikida, hali boshqa birinikida turib keladi. Lekin payshanba kunlikda albatta, o’z uyiga kelib chiroq yoqadi, osh damlaydi. Uyida talaba bolalar ijarada turishadi. Umriniso buvi yigitlar chala tashlagan ro’zg’or ishlarini tugatadi, hovlini yig’ishtirib tozalaydi. Yigitlar bergan go’shtu yog’ni olmaydi. O’zi tayyorlagan oshdan katta tovoqda ularga, kichik tovoqda o’ziga soladi. Buvining mehnatkashligi va sahovatliligida o’zbek ayollarining asl siymosi o’z tajassumini topgan.
Saida Zunnunovaning “Qarz”, “Kechikish” kabi hikoyalarida farzandlarning ota-ona oldidagi burchi masalasi ko’tarilgan. Adiba keksa avlodning umri g’animat ekani, ularning xohish irodasini bajarish burch ekanini ta’kidlaydi. Yana bir o’rinda insonning tarixiy xotirasi masalasi keng yoritiladi.
“Qarz” hikoyasining bosh qahramoni Abdurahmon bo’lib, u qishloqdan shaharga borib qolgan. O’sha yerda uylanib, farzandlari ulg’aygan. O’zining yoshi ancha keksayib qolganda o’z ona uyi, qadrdon tuprog’i, bolaligi o’tgan qishloqni qo’msaydi. Onasi tandirda yopgan oshqovoq somsalarni hadeb maqtayvergani uchun Abdurahmonning qizi unga iddao qiladi.
Yozuvchi ta’kidlamoqchi bo’lgan jihat shundaki, inson o’zligini vataniga bo’lgan muhabbatda deb biladi. Quyidagi jumlalarda bosh qahramonning ichki kechinmalari berilganki, ularni yozuvchining ham dunyoqarashini aks ettiradi, deyish mumkin: “Obod shaharda, shinam, qulay uylarda yashab turib, tomiga oshqovoq chirmashgan pastak ayvonini, pashshasini qo’rigan sigir, qo’ylarni, ajriq ustidan tushgan ingichka so’qmoq yo’llar, yakkacho’p ko’priklarni hadeb gapiraverish, balki chindan ham noshukurlikdir. Lekin o’sha yo’llarda uning bolaligi, qaynayotgan sutdek toshqin, beg’ubor, osuda damlari o’tgan bo’lsa-chi! Yoshlik bilan aloqador hamma narsaning borgan sayin sehri ortib, jozibasi ko’payib boraverar ekan. Oraga yillar suqilgan sayin yurakdagi intilish, sog’inish ortaverar ekan”26.
Abdurahmon o’z qishlog’idan o’ttiz yo qirq yillar ilgari chiqib ketganicha kelmagan, poezddan tushganida esa ko’nglida “kim ham tanirdi?” degan savol aylanardi. U qishloqqa kelib choyxonada to’xtaganda, choyxonachi va so’rida o’tirgan chollar uni yaxshi kutib olishadi. Yozuvchi ana shu o’rinda qishloq odamlarining mehmonnavozligi, o’zbekona sahovat va oqibatni o’zlarida saqlaganlarini tasvirlaydi. Choyxonachi Abdurahmonga ichkaridan to’shak olib chiqib soladi, chollar bilan o’tirganda ularning oldiga patnisda pechak, oq qand, ikkita non, piyola, choynakni olib kelib qo’yadi. Qovun va uzum bilan siylaydi. Abdurahmonning mehmon ekanligini bilib u bilan suhbat quradilar.
Ma’lum bo’ladiki, Abdurahmonning uylari yo’lga tushib buzilib ketgan, uning boradigan joyi ham yo’q. Uning Soliyaxon ismli bir devor qo’shnisi bo’lib, qizning onasi Abdurahmon yetim qolganida boqqan edi. Ana shu ayol qishloqda rais edi. Uning tanish-bilishlari uylariga taklif qilishadi, biroq Abdurahmon yolg’iz qolmoqchi. Chunki “bolaligi o’tgan, ota-onasining qadami tekkan shu ko’chalarda yolg’iz yurmoqchi, yuragini ag’dar-to’ntar qilib yuborgan mehr-oqibat haqida, unga intizor bo’lib yashagan mana shu odamlar haqida yolg’iz, tanho o’y surmoqchi edi. U qarzga botgan odamdek qochishga joy topolmasdi”27.
U onasining qabrini izlaganda, “hech kim xabar olmasa, turarmidi” deb o’ylaydi. Lekin o’z onasi va o’zining ismi yozilgan qabrtoshni ko’rib hayron qoladi. Bu ishni o’sha bolalikdagi o’rtog’i Soliyaxon qildirgan edi. Qabr oldida Abdurahmon o’kinch bilan onasidan kechirim so’raydi.
Mazkur hikoya farzandning ota-ona oldidagi muqaddas burchi borligi, uni bajarish insoniylik vazifasi ekanligi haqida bong uradi.
Ana shunday umuminsoniy qadriyatlarning ardoqlanishi haqidagi fikrlar “Kechikish” hikoyasida ham qalamga olinadi. Unda Xurshidbekning onasi o’tganiga bir oylar chamasi bo’lgani, dastlab keldi-ketdilar bilan bo’lib, u qadar bilinmaganligi, endi onasining yo’qligi tobora bilinib borayotganligi haqida bayon qilinadi. Xurshidbekni onasi hayotligidagi xotiralar vijdon azobiga soladi. Gap shundaki, uning otasi razvedkachi bo’lgan, ikkinchi jahon urushida bedarak yo’qolgan edi. Otasining qabri Belorussiyada borligi, unga aholi tomonidan yodgorlik toshi o’rnatilgani haqidagi gapni o’rtog’i aytib beradi. Xurshidbekning onasi o’g’lidan hayotida biror narsani so’ramagan, faqat ana shu xabardan keyin “dadang musofir yotgandir, deb o’ylayman, bolam. Avval bilmas edim, choram yo’q edi. Endi kuch-quvvatdan qolganimda xabarini eshitdim”, deydi. O’g’il esa unga kelasi yil yozda olib borishini va’da qiladi. O’zi esa xotinini olib Issiqko’lga dam olishga ketadi.
Ona vafot etgach, o’g’il pushaymon qiladi. Uning iztiroblarini quyidagi o’rinlarda kuzatish mumkin: “U (Xurshidbekning onasi –S.M.) sog’ligidan shikoyat qilmadi-yu, birdaniga yotib qoldi. Hammani armonda qoldirib to’satdan bir kechada olamdan o’tdi-qo’ydi. Xurshidbek bunday bo’lishini sira o’ylamagan edi. Bo’lmasa, hamma narsadan kechib, har qanday sharoitda bo’lsa ham onasini otasining qabriga olib bormasmidi. Ona bechora yuragida yig’ilib yotgan hasratlarini o’sha tuproqqa unsizgina to’kib kelsa, balki yengil tortarmidi. Uning bittagina so’rovini, bittagina istagini rad qildi-ya! Qanday ona edi, qanaqa ona edi-ya! O’lib ham unga og’irini solmadi. Hamma narsani tayyorlab, taxt qilib qo’ygan ekan. Hech narsasi yo’q bo’lsa-yu, Xurshidbek qarzga botib ko’mganda ham sal armondan chiqarmidi. Bu gal ham o’g’lini ayadi ona, unga og’irini solmadi”28.
Asarda tabiat manzarasi va bosh qahramon kayfiyati o’rtasida uyg’unlik seziladi. “Dekabr yaqinlashib qolayotgan bo’lsa ham havo issiq, hali hech qanday yog’ingarchilik yo’q edi. Yerga oxirgi xazonlar to’kilar, quyosh ham bota boshlagan, osmon tiniq, havo mo’’tadil bo’lsa-da, tabiatning o’zida ham qandaydir dilni xayolga moyil qiladigan bir kayfiyat bor edi. Xurshidbek yana onasining uyiga qaradi”. Bu parcha asarning boshida kelgan bo’lib, Xurshidbekning g’amginlik holati bilan mutanosib keladi.
Hikoyaning so’nggida ham joy tasviri, tabiat tasviri beriladi: “Xurshidbek shundagina kun botib g’ira-shira bo’lib qolganini sezdi. Uning nigohi yana bir chetdagi uyga tushdi. Xona ichi qorong’i, jimjit, g’alati bir sukut bilan xuddi dardini ichiga yutib turgan jonli vujudday tuyuldi unga. Asta borib, uy eshigini ochdi-yu, chirog’ini yoqdi”. Mazkur xotima ham avvalgi hikoya singari insoniylik mohiyati, qadriyatlar falsafasi, onaga muhabbat va farzandlik burchi to’g’risida ogohnomadek jaranglaydi.
Oila tinchligi va xotirjamligi, ota-onalarning farzand oldidagi burchi va mas’uliyati, farzand taqdiri uchun har ikkisining javobgarligi, farzand baxti va kamolining butun bo’lishining shartlari kabi jiddiy masalalar yozuvchining “Ikki o’t orasida” hikoyasida qalamga olingan. Yigirma yoshli qizning baxt ostonasida turgani, biroq dilini kemirayotgan azoblar girdobining tubsizligi, buning sababi ota va onaning ajrashib, boshqa boshqa turmush qurganliklarida. Vazira o’z onasi va o’gay otasi, ukalari bilan yashaydi. Uning g’amginlik holatlari hikoyadagi boshlanmada kuz tasviri bilan ifodalangan deyish mumkin: “Ertalabki salqin havo badanini junjuktirdi. Kuz boshlanyapti. Daraxtlarning bargi xira tortib qolgan. Osmon biram tiniq, bag’riga singib ketging keladi. Vazira asta xo’rsinib qo’liga supurgi oldi. Xazonlar tusha boshlabdi”29.
Vazira to’yiga o’z dadasining kelishini istaydi, biroq onasi bunga qarshi. Dadasining oldiga borsa, o’gay uka uning qo’lidan shokoladni olmaydi, o’gay ona unga piching qiladi, uning oldida dadasini jerkiydi. Dadasi qiziga o’g’rincha pul berib, baxt tilaydi. Vaziraning to’yi kuni ham chehrasi ochilmadi. Kimdir qadah ko’tarib “Kelin kuyovlarning baxti uchun!” deganda Vaziraning dilidan “Bag’ri butunligi uchun, denglar odamlar! Farzandga ota-ona bag’ridek keng, tinch joy bo’lmaydi. Agar uni kemtik qilib qo’ysanglar, ostonasini tillo qilib bersanglar ham tatimaydi. Bu kemtikni to’ldirolmaysizlar. Bolalaringizga bag’ri butunlikni tilanglar, odamlar!” degan xitob o’tadi.
“Yo’l boshida” hikoyasi zamonaviy mavzuda yaratilgan bo’lib, unda katta avlod va kichik avlodning xohish va istaklari o’rtasidagi ziddiyatlar ochib beriladi. Santalat o’g’li Farhodning yo’qolib qolganidan iztirob chekadi. Holbuki, o’g’li va onasining xohishlari bir-biriga zid keladi. Farhod yoshligidan temir-tersak, yog’och, mix va boshqa narsalarga qiziqadi. Onasi esa uning musiqadan ta’lim olishini xohlab, uyiga hatto musiqa o’qituvchisini yollaydi. Farhod kemasozlikka, dengizga, matros bo’lishga qiziqar edi. Ona esa bu gapni eshitishni ham xohlamas edi. Natijada u uyidan ketib, poezdda Moskvaga ketayotganida militsiya tomonidan ushlanadi.
“O’shanda ham kuz edi” hikoyasida yozuvchi go’dak ko’nglini vayron qilgan hissiz odamlar qoldirgan qalbdagi jarohatlar batamom bitib ketmasligini ta’kidlamoqchi bo’ladi. Nizom ismli bosh qahramon institutdan kelsa, onasi uyda mehmon borligini aytadi. Bu mehmon Lutfixon bo’lib, ularning avvalgi qo’shnisi edi. Nizom uning nomini eshitib rangi oqarib ketadi. Lutfi xolani uylarida ko’rgach, ko’chaga otilib chiqib ketadi. Ana shunda uning yodiga bolalik xotiralari tushadi.
Nizomning onasi Bahri xola o’g’liga mehribon, g’amxo’r edi. U oltinchi sinfda ekanligida otasi vafot etadi. Nizomlarning qo’shnisi Lutfi xolaning o’g’li Sodiq bo’lib, Nizom u bilan o’rtoq edi. Kunlardan bir kun Sodiq ko’chada bir bola bilan mushtlashadi, Nizom unga qo’shilib bolani uradi. Uyga kirganda Nizomni onasi so’kadi. Nizom Sodiqlarnikiga kirganda Lutfixon unga “Sening onang chaqaloqligingda o’lib ketgan. Bu onang o’gay. Agar seni turtkilasa, indamay biznikiga chiqib kelaver”, deydi. Nizom ancha vaqtgacha Sodiqlarnikida yuradi. Lutfi xola Nizomni maktabdan olib qolib bozorda savdo qilishga olib chiqadi. Bahri xola o’g’liga uning haqiqiy onasi haqida sal katta bo’lgach aytib bermoqchi bo’lganini so’zlab beradi. Nizomning onasi u chaqaloqligida vafot etgan edi.
Ana shu xayollar bilan u ko’chada uzoq qolib ketdi. Onasi – uni voyaga yetkazgan chin onasi Bahri xolaning qidirayotganini Nizom eshitgach, uyiga shoshiladi. Hikoyada umumbashariy masalalardan biri ona va bola munosabati, onaga muhabbat masalasi bir oila fonida yoritib berilgan.
“Xotiralar uyg’onganda” hikoyasi erishilmagan orzular, tutashmagan taqdirlar, inson qismati haqidagi asardir. Asar qahramoni Vahobjon shahardagi ukasi to’y qilayotgani uchun borib kelishi kerak. U yo’lda borar ekan, o’spirinlik yillari o’tgan joylarni ko’rib xayollarga beriladi. Vahobjon bolaligida uchuvchi bo’lishni orzu qilardi. Qo’shnisi Zulayhoga ko’nglida iliq tuyg’ular uyg’onganda, qiz yigit ustidan hazil-huzul qilib yuradi. Zulayho unga “sen ham otangga o’xshab bevafo bo’lmasang” deydi. Bu gapning ma’nosini u dadasi o’g’irlik mol ustida qo’lga tushganda, qamoqqa boshqa bir ayol otasiga narsa olib borganda tushunib yetadi. Darhaqiqat, dadasi uyga bir necha kunlab kelmas, onasi esa mahzun tortar, otaning yo’qligiga biror bahona to’qirdi. Vahobjon hali kurtak ochib ulgurmagan ilk sevgi hislaridan ham, ikki xotinlikni istagan va buning kasriga qamalib qolgan otasidan ham, bevafolik jabr sitamiga indamaygina ko’ngan onasidan ham qochib qishloqqa ketib qoladi. U yerda yashab bola-chaqali bo’lib ketadi.
Shaharga ukasining to’yi bahonasida kelgan Vahobjon kichkinagina qizchani ko’rib qoladi. U qo’shnisi Zulayhoning qizchasi edi. Vahobjon shahardan qishloqqa qaytganida qizi unga peshvoz chiqadi, uning qo’lida bir do’ppi yalpiz bor edi.
Xullas, hikoyada milliy xarakterning hayo, vafodorlik, oilaga sodiqlik, poklik kabi qirralari ayolning ichki dunyosi tahlili misolida ochilgan. Muallif estetik ideali har qanday buzuq muhitda bo‘lmasin, haqiqiy o‘zbek o‘zligini yo‘qotmaydi, degan haqiqatni ifodalaydi. Ayollarimizni poklikka undovchi yuksak tarbiyaviy, ma'naviy g'oyani ilgari suradi.
Qozoqboy Yo’ldoshevning mana bu ta’kidi ham shu joyda juda o’rinlidir: “Bozor sharoitida ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ham sezilar-sezilmas o’zgarib borayotir. Ilgari axloqsizlik, vijdonsizlik, o’g’irlik hisoblangan hatti-harakatlar bugun boshqacha baholanyapti”30.
“Baxt” deb atalgan hikoyadagi keksa muallima Oysha xoladan kishilarga yaxshilik meros bo’lib o’tgan va shu meros qolgan yaxshilik uning hayotini toza bir shu’la bilan to’ldirib turadi.
Saida Zunnunova hikoyalarining mavzusi boy va rang – barang. Uning hikoyalarida zamondoshlarimiz mehnatini tasvirlashga alohida e’tibor beriladi, mehnat kishisi timsoli yaratiladi, insoniylik ulug’lanadi. Insonga ishonch bilan qarash, eskilik sarqitlariga qarshi kurash va yangilikning g’alabasini tasvirlash, sevgi va oila, urush va uning oqibatlari, tinchlik madhi, dunyoda eng ulug’ ona va uning qalbini kuylash adibaning sevgan mavzularidandir.
Saida Zunnunova mehnat mavzuiga bag’ishlab bir qancha hikoyalar yozdi. U zamondoshlarimiz hayoti va xarakaterini mehnat, ishlab chiqarish jarayonida ko’rsatishga alohida e’tibor berdi. Insonning mehnatdagi go’zalligini mehnat tufayli baxtga erishganini tasvirlashda adibaning “Baxt”, “Qo’llar”, “Ko’ngil”, “Qaldirg’och”, “Qaytish”, “Rashk”, kabi hikoyalari o’z mazmuni, badiiy tasviri, esda qoladigan obrazlari bilan diqqatga sazovardir.
“Qo’llar” hikoyasida adiba urush kishilar boshiga naqadar ko’p falokat keltirganini tasvirlaydi. Shu bilan birga, asarda qahramonning mehnat tufayli baxtga erishgani aks ettiriladi.
Hikoyadagi to’y qilib kelin tushirib olgan Malika xola onaning psixologik holatlari, ko’rgan bilganlari, eng yaqin kishisini sog’inib qo’msash paytidagi ruhiy holati o’g’li va keliniga yurakdan aytgan so’zlari hayojonli chiqqan. Urush yillarida Malika xola zavodda ishladi, eridan qora xat kelganida ham ishchi dugonalari, opa-singillari unga hamdard bo’lishdi. U hamma vaqt erining xotirasini hurmat qilib yashaydi, yoshligini, butun umrini uning xotirasiga bag’ishlaydi. Ona o’z o’g’lini ana shu mehnatkash qo’llari bilan yediradi, kiydiradi, voyaga yetkazadi va nihoyat to’y-tomosha qilib kelin tushiradi.
Asardagi bosh qahramon Malika xola o’zining mehnatsevarligi, oilasiga sadoqati, farzandiga mehr – muhabbati bilan o’zbek ayollarining tipik timsollari darajasiga ko’tariladi.Malika xola kelinining qo’liga uzuk taqar ekan, “ . . . ziynat uchun emas, hurmat uchun taqing, qo’llaringiz mening qo’llarimdek mehnatkash, halol bo’lsin” – deydi. Bu so’zlar asar g’oyasini ochishda katta ahamiyatga ega.
Asarni o’qigan kitobxon inson baxti uchun qayg’uradi, mehnat baxt keltirishini, uning ulug’ligini yana bir bor his etadi, urushga qirg’inliklarga la’nat o’qiydi, tinchlik uchun kurashayotgan millionlar safiga qo’shiladi. Adiba hikoyalaridagi qahramonlar uchun ijtimoiy mehnat zaruriy ehtiyojga aylanadi. Mehnat ular uchun quvonch, tinch-totuv yashash, o’z baxtini topish manbaidir.
Hozirgi davrda insonning ma’naviy boyligini, uning qalbini, vatanga muhabbati, sevgiga sadoqat bilan qarashini, yoshlar harakatining shakllanishi yo’llarini tasvirlash katta extiyoj – tarbiyaviy ahamiyatga ega. Buni chuqur anglagan adiba Saida Zunnunova bu mavzuda ko’pgina hikoyalar yozdi.
Uning “Qanoat”, “Ko’ngil”, “Bahor kunlarida”, “Mehr”, “Ikkinchi xotin”, “Uzilgan muhabbat ipi”, Chinnigul” va boshqa hikoyalari sevgi, muhabbat va mehr – oqibat mavzusiga bag’ishlangan.
“Qanoat” hikoyasida muallif urushda Stalingrad janglarida bir oyog’idan ajralgan Arslonning gospitaldagi ichki kechinmalari mohirlik bilan tasvirlangan.
Arslon uzzukun hayol suradi-yu, o’yining oxiriga yetolmasdi, xotini uning nomiga, yarashgan jismiga, keng yelkalariga zimdan muhabbat bilan termuladi. Buni Arslon yaxshi bilardi, Endi-chi! Rang-ro’yi ketgan, bu ham yetmagandek, qo’ltiqtayog’ini do’qqillatib kirib borsa, u qandoq ahvolga tushadi. Yana bu oyoq iligidan, yo tizzasidan qirqilgan bo’lsa ham mayli edi, yo’q, butunlay yo’q. Endi nima qiladi? Ish-chi? U usta edi-ku?
Hikoyada xarakter yaratish badiiy asarning eng asosiy shartlaridandir. Yozuvchi qahramonning ichki kechinmasi, tasvirlayotgan voqeadan olgan taassurotini ustalik bilan ifodalaydi. Hikoyada gospitalda yarador yotgan Arslonning holati real tasvirlanadi. “Juftlashib qolgan kipriklari zo’rbazo’r ajraladi-yu, xira parda orasidan unga termulib o’tirgan xotinining mehribon chehrasi ko’rinadi. Bu chehra uning butun es-hushini o’ziga qaytaradi. Tili gapga kelmadi, majolsizlik bilan yana ko’zlarini yumdi. Xayol haligi xira pardani ko’tarib tashladi-da, xotinini unga yaqinroq olib keldi”.
“Vafo” hikoyasida hayotimizda hozirda ham kam uchraydigan, insonlarda o’ziga nisbatan hurmat uyg’otadigan inson haqida tasvirlangan, ko’zlari chuqur qayg’uga to’lgan, muhabbatidan ayrilgan qo’lida yolg’iz farzandi bilan qolgan ota haqida so’z ketadi. Yolg’iz erkak – ota o’z ayoliga hamisha hurmatda, o’z sevgilisiga sadoqatda bu dunyodan o’tadi.
“Bo’ylaringdan o’rgilay” hikoyasidagi Tojixon esa chinakam vafo egasi Jo’ra akasiga va’da bermagan bo’lsada, uni yurak-yurakdan kutib yashaydi. O’zi yolg’iz qolishini his qilsada, vaqtinchalik hoyu-havvasga berilmaydi, balki sadoqat bilan sevgilisini kutadi.
Saida Zunnunova o’z badiiy mahoratini tabora oshirib bordi. Bu sohada mohir navelist A.P.Chexovning, badiiy so’z ustasi Abdulla Qahhor asarlarini qunt bilan o’rgandi, kichik hikoyalar yozish sirlarini o’rgandi. Va bu albatta o’z samarasini berdi. Adiba ilk hikoyalarida oilaviy munosabat, kelishmovchiliklarni tasvirlash orqali yangiliklarning eskilik ustidan ustun kelishini ko’rsatgan bo’lsa, keyingi yillardagi hikoyalarida mehnat va baxt, sevgi va burch, muhabbat va oila, ona va oila guli farzand, insoniy go’zallik, millatlar do’stligini asosiy mavzu qilib oldi. Bu Saida Zunnunovaning bir hikoyasidan ikkinchisiga zanjir bo’lib o’tadi. “Go’dak isi”, “Ona bag’ri”, ”Qizposhsha” hikoyalarida dunyoda eng mo’tabar zot-onalarimizning ajoyib qalbi, issiq mehri, ichki kechinmalari zo’r mahorat bilan tasvirlangan.
Saida Zunnunova o’z hikoyalarida o’zbek ayollari qalbining nozik tomonlarini ochib beradigan Sanobar (“Qanot”), Oysha xola (“Baxt”), Munis xola (“Ona bag’ri”), Marziya xola (“Qizposhsha”), Qanoat buvi (“Umr hisobi”), Tojixon (“Bo’ylaringdan o’rgilay”), Kimsan buvi (“Qaynona”) singari to’laqonli timsollarni olib kirdi.
“Umr hisobi” hikoyasini o’qigan kitobxonda yozuvchi chizgan Qanoatbuvi obraziga achinish hissi uyg’onadi. Boylik, vaqtincha topilgan pullar bari sarobligi, ulardan ko’ra halol mehnat, insoniy qadriyatlar muhim ekanligini yaqqol ko’rsatib beradi.
Saida Zunnunova o’z hikoyalarida oila hayotining g’oyatda nozik tomonlarini olib tasvirlaydi. Ularda zamondoshlarining va ayniqsa, yoshlar hayotining, ma’naviy dunyosining har jihatdan ibrat bo’luvchi masalalarini ko’taradi. Bu jihatdan adibaning hikoyalari o’zbek adabiyotida alohida mavqeda turadi, alohida badiiy va g’oyaviy ahamiyat kasb etadi.
“Qaynona” hikoyasida kelin va qaynonalarga iliq munosabatda bo’ladi. Gulchehra timsolida yangi kelinlar ko’nglidan o’tadigan, qaynonalarga nisbatan cho’chib boqish, qaynonaning har bir harakatiga hadiksirash bilan qarash tasvirlansa, uning qaynonasi Kimsanbuvi obrazi esa oq ko’ngil, mehribon, ziyrak, dilkash, barcha kelinlariga birday sevimli bo’lgan qaynona timsolini yaratadi.
Yozuvchining “Qaldirg’och”, “Qon-qarindoshlar” deb atalgan hikoyalari ham yaxshilikning abadiy o’chmas izlari haqida yozilgandir. Yozuvchi hayotda yaxshilik izsiz yo’qolmaydi, u o’zi bilan izma-iz ertami-kechmi yangi bir yaxshiliklarni boshalab keladi, yaxshilik esa insonda axloqiy yetuklikdan tug’iladi, degan qarashga amal qiladi.
Insonlik sha’nini baland tutish, odam qadrini yerga urmaslik yozuvchining “Olov qiz”, “Gulbahor”, “Birinchi qadam”, “Uzilgan ip” hikoyalarida o’ziga xos soda, lekin hayotiy, jonli voqealar orqali ko’rsatib beriladi.
“Uzilgan ip” hikoyasida Marg’uba Foziljonni halol mehnat qilib yashashga undaydi, qing’ir ish qirq yildan keyin bo’lsa ham ochilmay iloji yo’qligini aytib shunday deydi: - Agar moyanangizga, mehnatingizga, shunaqa soat olib borsangiz bo’yningizga osilib rahmat aytardim, jon-jon deb taqardim. Foziljon o’z yo’lidan qaytmasligiga qa’tiy ishongan Marg’uba bu uyni tashlab chiqib ketadi. Biroq Marg’uba o’z fikrlarini Foziljonga tushuntirish uchun, uni yo’ldan qaytarish uchun izchil kurashishi lozim edi, oiladagi bir to’qnashuvdayoq uning erinikidan ketib qolishi Marg’ubaning oilaga yengil-elpi qarashidek tuyuladi.
Saida Zunnunova o’z hikoyalarida inson qismati, axloqi, jamiyatdagi turli masalalar, muammolarga alohida urg’u beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |