Itni qopmaydi deb bo’lmas, azizim,
Tushlaringga kirib, sergak bo’l, deyman.
Odamlar! Dog’ surtmang aql yuziga,
Dunyoning umriga tirak bo’linglar.
Qachon urush oti o’chsa olamdan
Ona tuproq ichra uzatib oyoq,
Xotirjam bo’larkan avlod, bolamdan,
Xayol-xotirangdan ketmay yiroq.
Bu doston yaxlit syujet chizig’iga ega emas. Balki ona va sobiq jangchining xarakterini, ruhiy holatlari, ichki kechinmalari alohida – alohida tasvirlangan pishiq lavhalardan tashkil topgan.
Bu lavhalarda hislar, tuyg’ular juda aniq, haroratli tasvirlangan. Undagi realistik detallarda falsafa, turmush, psixologiya, davr, tabiat, hozirgi kun yorqin ifodalangan. Dostonda ona va sobiq jangchining yoshligi, hayot yo’li, urush tufayli onaning boshiga tushgan azob – uqubatlar, og’ir sinovlar va nihoyat, onaning ma’naviy go’zalligi tasvirlangan. Bu doston onaning nidosi uning yetuk o’y – fikrlarini ifodalagan monologidir. Dostonda urush yillari ko’pgina ayollar qatori zavodga ishga kirgan onaning qalbi, farzandiga mehr – muhabbati, Vatanga sadoqati, oilaga munosabati, tinchlikni olqishlari, kelajakka umid bilan qarashi tasvirlangan va o’zbek ayolining bukilmas irodasi ulug’lanadi. Saida Zunnunova hayotni yaxshi bilgani, chuqur idrok etgani uchun ona timsolini ayollarga xos nozik nafosat bilan tasvirlaydi:
Suratda hali ham o’sha – o’shasan,
Hamon ko’zlaringda yoshlik, kulgi, nur
Hali ham o’shanday chiroyli, yoshsan
Hali ham o’shanday zabardast, mag’rur
Boqishing hali ham o’shanday iliq
Dilingda nelar bor aytmaysan faqat
Qatra ko’z yoshimga turolmasang tek,
Nega indamaysan, oh surat, surat!
Bir nafas tilga kir, mayli bir sekund
Bir nafas tilga kir, mayli bir sekund
Daryo bo’lib oqqan yoshlarim haqqi,
Kuyingda ming toshga urilsa hamki,
Ming toshdan qattiqroq boshlarim haqqi
Bir nafas tilga kir mayli bir sekund.
Dostonda insonning go’zal qalbi va ruhining murakkabligi real tasvirlangan. Asarda tasvirlanishicha, ikkinchi jahon urushi frontida ota halok bo’ladi. Dostondagi har bir detal, har bir so’z asar g’oyasining badiiy ifodalanishiga, ona xarakterining shakllanishiga xizmat qiladi. Asardagi lirik chekinishlar doston husniga husn qo’shgan, orginal badiiy bo’yoqlar orqali psixologik momentlar ochib berilgan. Ona timsoli tipik, yorqin xarakter darajasiga ko’tarilgan. Dostonning tili shirali, xalq tiliga yaqin. Asardagi ajoyib badiiy xarakterlar asar tilining rangdor, jozibador, boy va obrazli chiqishini ta’minlagan. Dostonda inson ruhining butun murakkabligi ishonarli tasvirlangan. Insonlarning ikkinchi jahon urushi yillarida front orqasini mustahkamlashdagi qahramonliklari, o’zbek xalqining boy ma’naviy ichki dunyosi yoritilgan, sof sevgi ulug’langan, sevgiga sadoqatli bo’lish g’oyasi kuylangan. Urush davrida fashistlar tufayli kishilarimiz boshiga tushgan azob – uqubatlar, hali hayot zavqidan qonmagan yigitlar, otalar yostig’ining qurishi oilaga qanchalik katta kulfatlar keltirgani dostonda hayajonli tasvirlanadi. Kelajak avlod baxtiyor umr kechirishi uchun dunyoda mustahkam tinchlikni barqaror etish g’oyasi kuylanadi.
Asardagi har bir epizod, har bir detal, har bir so’z asar g’oyasining badiiy ifodasiga, ona xarakterining shakllanishiga xizmat qiladi. Asarda lirik chekinishlar, xarakterlarning harakatda berilishi, orginal badiiy bo’yoqlar orqali psixologik momentlar chuqurlashtiriladi va ona timsoli yorqin xarakter darajasiga ko’tariladi.
Ona va sobiq jangchining ruhiy holati, kechinmalari kishini hayajonga soladi. Urushga, uning targ’ibotchilariga la’natlar bo’lsin, mustahkam tinchlik doimo barqaror bo’lsin deb hayqiriq keladi.
Etimlik ham gapmi, shu murg’ak jonlar
Ko’ksimga beayov otishgan – ku o’q,
(Jonindan aylanay, oq bolajonlar!
Unutib bo’larmi u kunlarni? Yo’q!)
O’ziga niqtalgan to’pponchani ham
O’yinchoq deb bilgan mitti qo’lchalar,
Shalpayib tushganda qanchalar alam
Aytchi bu alamlar qanday o’lchanar,
Murda ko’kragini beparvo surib
Ingragan go’dakni ko’rganmisan xech
Dostonda halok bo’lgan ota surati:
- urush bor ekan, unga orom yo’qliigni aytadi:
Itni qopmaydi deb bo’lmas, azizim,
Tushlaringga kirib, sergak bo’l, deyman
Odamlar! Dog’ surmang aql yuziga
Dunyoning umriga tirgak bo’linglar
Suratning xitobi javoban kuni
Kechagina Toshkentda Xindu – Pokiston
Tilu – dil topishganini aytib,
Sizlar yuosh qo’ygan bu qutlug’
Tuproqni xo’rlasak yoki bersak birovga
Bo’lganimiz yaxshi o’zimiz ham xok.” deydi.
Asardagi voqealar kishini hayajonlantirib, uni turli ruhiy holatlarga soladi. Shunisi xarakterliki, asar voqeasi kelajakka umid, optimistlik ruh bilan tugallanadi.
Musicha ku-kulab, bulbul sayraydi,
Oynadan nur tushdi ona yuziga
Nurga o’ralganday yashnab, yarqirab,
Kelini jilmayib turar qoshida.
Shoira onaning nutqiy xarakteristikasini yaratish ustida qunt bilan mehnat qilgani sezilb turadi. Shu bilan birga u ona timsoli tilini individuallashtirishida so’z boyligidan yaxshi foydalangan.
Dostonda ishlatilgan badiiy tasvir vositalari ham asar voqealarini yaxshiroq ifodalash, xarakterlarni yorqinroq ochishga yordam beradi. Urushda halok bo’lgan umr yo’ldoshini axtargan sadoqatli yorning harakati quyidagicha tasvirlanadi:
Daryo bo’lib oqdim, ko’sh bo’lib uchdim
Xuzuringga chopdim takror va takror
Juda ham notinchmiz, juda notinchman,
Qanday orom olay yer ko’rpasida
Suv, osmon, avlodim tursa betma – bet,
Hayotu o’limning qoq o’rtasida.
Mana bu poetik parchada tinchlikka tahdid solayotgan mamlakatlar tufayli faqat tiriklik emas, balki o’liklar ham orom ololmasligiga o’xshatish haqqoniy chiqqan:
Kelin ham o’z o’g’liday unga arzanda,
Bir aziz mehmonday kutadi hali.
Qo’shaloq kaptardek ahil va inoq
Shu uyga fayz bo’lib yashasalar bas.
Bu o’rinda kelin-kuyov ikki aziz qo’shaloq kaptarga o’xshatiladi. Bunda ko’rinib turibdiki, shoiramiz hozirgi kunda ham aktual masalalardan bo’lgan qaynona – kelin munosabatiga ham o’z munosabatini bildiradi. Keliniga “o’zganing farzandi” emas, balki o’z farzandi deya nigoh tashlaydi. “Qo’shaloq kaptarlar” unga hamisha baxt hadya etadi. Onaga bundanda ortiq baxt bormi axir!
Do'stlaringiz bilan baham: |