III bob bo’yicha xulosa
“Shoira nasrida davr va qahramon masalasi” nomli uchinchi bobida yozuvchining hikoya va qissalarining mavzu ko’lami, ularda ijtimoiy muhit va inson taqdiri, ayollarning ijtimoiy hayotdagi o’rni izchil tahlilga tortilgan. Saida Zunnunova she’riyatda qay darajada lirik bo’lsa, nasriy asarlarida ham shu qadar hissiyotchan shoira sifatida ko’rinadi. Saida Zunnunova turli davrlarda yaratgan hikoyalarining umumiy jihati shundaki, u o’zi yashagan davr muammolarini, ayniqsa, ayollarning shaxsiy hayoti, jamiyatdagi o’rni, burchi va vazifasi bosh masalalardan biri sifatida ko’rinadi. Har bir hikoyaning ijtimoiy g’oyasi ayni vaqtda adibaning badiiy niyati, o’z g’oyasi, xulosasi hamdir. Hikoyalar realistik hikoyachilik an’analari asosida yaratilgan.
Uchinchi bobning ikkinchi fasli “Davr muammolarining qissalardagi tasviri” deb nomlangan. Unda Saida Zunnunovaning “Yangi direktor”, “Gulxan”, “So’qmoqlar”, “Olov”, “Odamlar orasida” singari qissalarining shakli, mazmuni, obrazlari, g’oyasi va mavzusi tadqiq etildi. Hikoyada ayollar obrazi qisqa ko’lamda aks etgan bo’lsa, Saida Zunnunova qissalarida rahbar ayol, shifokor ayol, ishchi ayol kabi obrazlarni kengroq ko’lamda, jonli, hayotiy obraz sifatida tasvirlaydi. Shuningdek, qissalarda jamiyatda urchib ketgan illatlar: poraxo’rlik, ko’zbo’yamachilik, soxtagarlik, firibgarlik, shuhratparastlik, ig’vo, bo’hton, tuhmat, hayosizlik va andishasizliklar tasvirlangan. Adiba qissalarida ijtimoiy masalalar qalamga olingan bo’lib, ularning hayotdagi ayrim prototiplari bo’lganligi, bu esa muallifning realistik metodda ijod qilganligini ko’rsatadi
XULOSA
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan kundan boshlab, Prezidentimiz I.A.Karimov ma’naviyat va ma’rifatni yuksaltirish sohasida ajoyib ishlarni olib bordi. Ayniqsa, komil insonni tarbiyalash, yoshlarning ongida mustaqillik g’oyasini singdirish bugungi adabiyotimizning bosh vazifalaridandir. O’zbek adabiyotining taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan Saida Zunnunova ijodi bugun yanada yuksakroq darajada o’z bahosini olmoqda. Saida Zunnunova o’zbek adabiyotida Oydin, Zulfiya, Ra’no Uzoqova, Muzayyana Alaviya kabi ijodkorlar bilan bir safda turib ijod qildi.
Saida Zunnunova qirq yillik ijodi davrida nazm va nasr sohasida barakali ijod qildi. Saida Zunnunova asarlarining qahramonlari eliga, yurtiga, yoriga vafodor, sadoqatli, iffatli, mehnatkash ayoldir. U bu haqida shunday yozadi:
“Qahramonlarim asosan ayollar, hamma vaqt ularning ko’ngillarini topgim, ular uchun hamisha insoniy huquqni, aqlu – hissiyotni, mehr-zakovatini kuylagim, yozgim keladi. Ularga kirgan tikanning azobini jonimdan tuyaman, quvonch va baxtlaridan baxtiyorman”.
Saida Zunnunova o’z shaxsiy hayotidagi sadoqatni satrlarga tushirdi. “U o’zini Said Ahmadga bag’ishlashga qaror qildi. Uning bu qarori 40-50 yillar Said Ahmad “Xalq dushmani” degan tamg’alar bilan qamalib ketganda yuz berdi. Saidni tamom nohaq jazolaganlaridan so’ng uning bu qarori qat’iy mustahkamlandi. U o’z oldiga Saidni kutish va bu qiyinchilikni yengib o’tish maqsadini qo’ydi. U Saidni haqligi, begunohligiga va o’zining ham haqligi to’g’riligiga ishonardi. Bu yemirilib bo’lmas ishonch Saidaning noyob xarakteriga qo’shilib alohida poetik olamga aylandi va uning endigi yozadigan barcha asarlarini to’qimasiga kirdi”, deb yozadi Ibroxim G’afurov.
O’zbek adabiyotida sevgi va muhabbat, oila va farzand, mavzuyida yozgan she’rlar tor ma’nodagi she’rlar emas, balki keng ma’noni anglatuvchi she’rlardir. Uning bu haqida yozgan jo’shqin asarlari o’quvchilar qalbidan munosib joy olgan.
Shoira she’rlarida o’zbek xotin-qizlariga xos fazilatlar, kamtarlik, hayo va odob, sevgida yashirin kuyish kabi xislatlar bo’rtib turadi. Uning sevgi va muhabbat mavzuidagi she’rlarida ma’shuqaning oshiqqa, oshiqning ma’shuqaga bo’lgan otashin sevgisi, ikki dil va ikki tilning xohishi samimiyat bilan ifodalanadi. Insoniy muhabbatni, ahdga vafodor yoshlarni ulug’laydi. Shoiraning bunday she’rlari kuchli ehtiros bilan yozilgan va lirizmga boy. Saida Zunnunovaning hayotga, she’riyatga nuqtai - nazariy, ijtimoiy - siyosiy, badiiy-estetik qarashlari ham tasviriy til vositasida ifodalanadi. Badiiy asar, shu jumladan she’r shoirning hayotga munosabatining bir ko’zgusi. Voqelikning tushunishi hamda tushuntirilishini ma’naviy borligini so’zlar orqali anglatadi va amalga oshiradi. Ijodkorning onggi, dunyoqarashini tasavvur tushunchalari orqali bera oladi.
Agar badiiy asar so’z san’atkorining yaxlit va butun nutqidan iborat desak, she’r shoirning to’kis va tugal fikrlaridan tashkil topadi. Saida Zunnunova lirikasi shoira xarakteriga monand - hayot oshig’i, hayo kuychisidir. Bu shoira ijodining o’ziga xos xususiyatlarini badiiy talqinlarda ifoda etilishidir.
Shoiraning hayotga munosabati, voqelikni ko’rish, anglash, anglatish usullarida namoyon bo’ladi. Vatan go’zalligi bilan Onaning ko’ngil butunligi yaxlit birlikda anglashiladi. Vatan tarixiga murojaat, o’tmish lavhalarini tiklash va jonlantirish, bugungi Ona timsolini namoyon etuvchi ruhiy omillardir.
Shoirning g’oyaviy - badiiy maqsadini amalga oshirishdagi ifoda usullari, tasvir shakllari va ko’rinishlarida o’ziga xoslikning belgilari namoyon bo’ladi. Saida Zunnunova she’riyatida tasvir va talqin birgalikda olib boriladi. Bir-birini to’ldiradi va boyitadi. Bu esa shoira ruhiyatidan otilib chiqqan go’zal she’riyat manzaralarini bera oladi. Shoira lirikasi o’z dardi - dunyosida o’zini namoyon etadi. Shoira lirikasida uning qalbi, o’z so’zlari orqali namoyon bo’ladi. Bu holdagi psixologik tasvirda asosiy vosita lirik qahramonning aytgan so’zlaridir.
Saida Zunnunova shaxsidan ajralib bo’lmaydigan she’rlarida millat qalbidagi azoblar, qiynoqlar, buhronlar to’g’risida alam bilan fikrlaydi. Voqealikka o’z munosabatini bildirayotgan bezovta ko’ngil izhori namoyon bo’ladi.
Shoira o’ziga zamondosh odamlar ruhiyatini o’z so’zlari, fikrlash tarzi orqali psixologik holatlarni, ichki dunyosini gavdalantiradi. Majoziy obrazlar ruhiyati tasviri yetakchilik qilgan she’rlar ko’proq allegorik xarakterdadir.
Shoira lirikasidagi poetik obrazlar – quyosh, yomg’ir, bahor, barglar, g’ubor, gul, yulduz, dengiz, oftob, osmon, shaydo kabilarda g’oyaviy maqsad ifodalanadi, bu esa xalq ko’nglining ifodasidir.
Bu shoira she’riyatining ruhida, ma’no - mohiyatida mujassamlangan. U lirik qahramon tafakkur tabiatini namoyon etishga ko’ra ijodkorning kimligini, qaysi millatga mansubligini ham ko’z-ko’z etadi. Shoira Saida Zunnunova she’riyatida xalqchilik ruhida milliylik xususiyati ustivor.
Shoira she’rlarining uslubi va badiiyatida ham uning betakror shaxsiyati sezilib turadi. Uning “Ruh bilan suhbat”, “Alla”, “Qo‘shnilarim” va “Lirik nutq” dostonlari ruhiy-psixologik asarlar bo‘lib, ularda urush mavzusi yetakchilik qisqada-da, insonlararo munosabatlar, shaxs taqdiri tahliliga ham keng o‘rin beriladi. Shoira shaxs bilan jamiyatni bir butunlikda idrok etadi va dostonlarida jamiyat fojiasi shaxs fojiasi ekanligi, shaxs fojiasi esa jamiyatning ham fojiasi ekanini mahorat bilan ko‘rsatib berishga erishadi. Saida Zunnunova “Qo’shnilarim” dostoni, asarda lirik qahramonning har bir harakati psixologik harorat mazmunan chuqur, g’oyasi aniq, badiiy puxta asarlarligidan darak beradi. Demak, shoira Zamonaviy mavzularda yozilgan dostonlari bilan o’zbek dostonlichigini boyitishda munosib hissa qo’shdi.
Milliy tafakkurdagi tub yangilanishlar adabiy hodisalarni qayta idrok etish va ijtimoiy ongning bugungi darajasiga muvofiq adabiyotshunoslik ilmining talablari asosida baholash zaruratini taqozo etadi. Istiqlol davri o’zbek adabiyoti ko’p asrlik milliy adabiyotimizning mantiqiy davomi va merosxo’ri sifatida dunyoga keldi. Hikoya janrining taraqqiyotida Saida Zunnunova ham o’ziga xos hissa qo’shdi. Uning “Gulbahor”, “Qissa va hikoyalar”, “Do’stlik”, “Qanot”, “Olov”, “Ko’chalar charog’on”, “Bo’ylaringdan o’rgilay”, “Chakak” to’plamlaridagi hikoya va qissalari fikrimizning dalilidir. Adiba asar qahramonlari xarakteridagi milliy xususiyatlarni ta’kidlash orqali asarning milliy koloritini oshirishga erishdi.
Saida Zununova ayolni tabiatning bir bo‘lagi sifatida tasavvur etadi. Uning murakkab ruhiy olamini butun ziddiyatlari, tebranishlari bilan berishda tabiat hodisalari va manzaralaridan unumli foydalanadi.
Shu bilan birgalikda, shoira hayotda ham, ijodda ham ayol baxti muhabbatda, farzand tarbiyasi va oilada, degan qarashga amal qiladi. Bunday qarash uning ijodini ma’lum mavzular doirasida cheklab qo‘ymadi, balki ana shu uchun tushuncha ayollik olamini, ma’naviy-ruhiy olamini to‘la to‘kis kashf etishning muhim vositasi bo‘ldi. Shoira, ayniqsa, onalik maqomini juda keng talqin etadi, chunki ona borliqdagi hamma narsada, hamma hodisada farzandi taqdiriga aloqador tomonlarni ko‘radi, uning uchun dunyoda ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q.
Saida Zununova lirik asarlari qaysi mavzuda ekanligidan qat’iy nazar shoiraning o‘zigagina xos bo‘lgan tasvir uslubi soddalik va ravonlik, fikr va tuyg‘ular samimiyligi bor. Bu ba’zilar nazarida hozirgi modern she’rlarga xos bo‘lgan o‘ta murakkab obrazlilik oldida jo‘n ko‘rinishi mumkindir. Lekin shoiraning mahorati oddiylik bag‘ridagi go‘zallikni ilg‘ab olib, teran his etishida va undan badiiy qadriyat yaratib, kishilarni hayratga sola olishida ko‘rinadi.
Saida Zunnunova O’zbekiston mustaqillikka erishgan bugungi kunlarini ko’rmadi. Lekin u bu kunlarni ko’rishga orzu qilgan edi. Ularning baxti orzu-umidlari, yuksak insonparvarligi va ularning oliyjanob fazilatlari, ona, muhabbat, oila guli farzand ekanligi uning qalamida sayqal topdi.
Komil insonni tarbiyalab voyaga yetkazishda Saida Zunnunova ijodining o’rni kattadir.
Shoira hayotdan zavq ola bildi. Shoira bo’lib yetishish uchun qalb nimalarnidir seza olishi kerakligini his qildi va she’r yozish uchun “yuragi simobday eriy olishi zarurligini” angladi. Hayotimiz go’zalligini, umrning qanchalar shirinligini nafaqat she’rlarida, balki o’z hayoti davomida his qildi va bu shirin umrdan o’rinli foydalana oldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |