QUMBOSTI. Tuman markazidan 2,5 km shimoli-sharqda, Tezguzar qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. «Qumbosti» nomi bilan ataluvchi qishloqlar tumanda, qolaversa, viloyat hududida talaygina. Bu qishloqlar XVIII—XIX asrlar oxiri va XX asr boshlaridagi tabiiy ofat—qattiq shamol esib, Jilvon etaklaridagi obod qishloqlarni qum bosishi oqibatida aholining ko’chishi tufayli paydo bo’lgan. Demak «Qumbosti» — «qum bosishi tufayli ko’chib kelganlar» degan ma’noni anglatadi.
QUMBOSTI. Tuman markazidan 5 km g’arbda, Sh. Hamroev nomli qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Ko’hna Vardonzeni qum bosgandan so’ng aholisi turli tomonlarga ko’chib ketgan. Jumladan, qumbostiliklar ham ana shu tabiiy ofat tufayli ko’chib kelganlar. Atrofdagi qishloq aholisi ularni «qum bosgan yurtdan kelganlar» deb atagan. «Qumbosti» nomi ana shundan kelib chiqqan.Qishloqning ko’pchiligi Vardonzening Shexon mahallasidan bo’lgan. Shuning uchun Qumbostining bir qismi hozir ham Shexon mahalla deb yuritiladi.
G’ULOMTE. Tuman markazidan 8 km g’arbda, Jo’ynav qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan qadimiy qishloq. «G’ulomte» atamasining kelib chiqishi haqida turlicha rivoyatlar bor. Bugungi kunda «Chor kitob»ning mualliflaridan biri deb talqin etilayotgan Xoja Sharofiddin shu qishloqda yashagan. U kishi nihoyatda o’qimishli, donishmand bo’lib, fuqarolarga ko’p hamiyat ko’rsatar, xalqni ma’rifatli bo’lishga, diniy va dunyoviy ilmlarni egallashga da’vat etardi. Kunlarning birida uning dargohiga shu qishloqlik bir boyning xizmatkori kelib ilm egallashda yordam berishni so’raydi. Bunga Xoja Sharofiddin rozi bo’ladi. Shunday qilib haligi xizmatkor ulug’ donishmanddan turli ilmlarni o’rgana boshlaydi. Uning xo’jayini nihoyatda zolim bo’lib, o’z xizmatkorlarining ilm olishiga qarshilik qilib yuradi. Bir kun boy qarasa, qarol ish boshida yo’q: qochib ketgan. Bundan jahli chiqib Xoja Sharofiddinning oldiga borib «G’ulomi mana te», ya’ni «Mening g’ulomimni ber, uni nima qilgan bo’lsang sen qilgansan», deb ul zotga zarda qiladi. Uyga qaytgach, og’ir xasta bo’lib koladi. Bu ahvoldan Xoja Sharofiddin xijolat chekadi. Xoja Sharofiddin karomatli kishi edi. Shunda panjalarini ochib qarasalar, haligi qul hamroh bo’lgan karvon Sirdaryo bo’yiga etgan ekan. Ilmu amal bilan uni olib kelib xo’jayiniga topshiribdilar. Boy Xoja Sharofiddinga ozor berganinn sezib, uzr so’raydi va ulzotdan kasalligiga najot istaydi. Xoja Sharofiddin boyga muruvvat ko’rsatib, uni kasallikdan forig’ etadi. Xoja Sharofiddin dafn etilgan joy muqaddas bo’lib, katta qabristonga aylanadi. Qishloqning nomini esa «G’ulomi mana te» (Mening qulimni ber) deb atay boshlaydilar. Davrlar o’tishi, zamonlar o’zgarishi bilan bu so’z G’ulomte bo’lib qoladi. Qadimda bu qishloqda qul bozori bo’lgan. «G’ulomte» so’zi shundan kelib chiqqan deguvchilar ham bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |